Alyuminiyning +3 oksidlanish darajali birikmalari. Alyuminiyning binar birikmalari AlF3, AlCl3, Al2O3, Al2S3, AlN, AlH3 lar oddiy sharoitda polimer moddalar. Ularning barchasi oq rangli qattiq moddalardir.
Alyuminiy oksid Al2O3 bir necha modifikatsiyalarini hosil qiladi. Odatdagi sharoitda α-Al2O3 nisbatan barqaror. Odatda korinda tarkibidagi ba'zi Al(III) atomlari boshqa rang beruvchi elementlar bilan almashgan bo‘ladi. Shaffof va turli rangdagi korundlarga qizil rangli yoqut (tarkibida Cr(III) tutgan), ko‘k rangli feruza (Ti(III) va Fe(III) qo‘shimchalari tutgan) qimmatbaho toshlar misol bo‘ladi. ularni sun'iy ravishda olish ham mumkin.
Al–O–Al bog‘ining mustahkamligi tufayli korund qattiqligi jihatdan olmos, karborunddan keyingi o‘rinda turadi. Undan jilvirlovchi materiallar tayyorlanadi. Sun'iy yoqutdan kvant generatorlar (lazer) sifatida foydalaniladi.
Al2O3 juda inert modda bo‘lib, kislota, asos va suv bilan ta'sirlashmaydi. Uzoq qizdirish mobaynida parchalanishi mumkin.
Al2O3 asosan alyuminiy ishlab chiqarishda ishlatiladi. Uni boksit va nefelin minerallarini boyitish yo‘li bilan olinadi.
Alyuminiy gidroksid Al(OH)3 polimer tuzilishdagi modda. Tabiiy holdagi gidroksid (gidrargillit minerali) qatlamsimon tuzilishni hosil qiladi. Ion-almashinish reaksiyalari natijasida olingan Al(OH)3 iviqsimon oq cho‘kma. Odatda olib boriladigan reaksiya quyidagi yarim-ion tenglama bilan ifodalanadi:
Al3+ + 3OH- → Al(OH)3↓.
Cho‘kmaning uzoq vaqt turishi natijasida suv yo‘qotib kristall holdagi Al(OH)3 ga aylanadi. Kristall holatdagi Al(OH)3 alyuminatlarning ishqoriy muhitdagi eritmalaridan CO2 o‘tkazib olinadi:
Na[Al(OH)4] + CO2 → Al(OH)3↓ + NaHCO3.
Al2O3·nH2O ni kuydirish natijasida suv yo‘qotib avval AlOOH (bemit) so‘ngra Al2O3 hosil bo‘ladi. suvsizlantirilgan Al(OH)3 – alyumogeldan silikogel singari adsorbent sifatida foydalaniladi.
Al(OH)3 amfoter xossaga ega. U asos va kislotalar bilan oson reaksiyaga kirishadi:
Al(OH)3 + 3NaOH → Na3[Al(OH)6],
Al(OH)3 + 3HCl → AlCl3 + 3H2O.
Alyuminiy tuzlari kislotali eritmalardan kristallogidratlar shaklida ajraladi. Masalan, AlCl3·6H2O, Al(NO3)3·9H2O, Al2(SO4)3·18H2O, KAl(SO4)2·12H2O (kvastslar). Alyuminiyning kislorodli tuzlari suvda yaxshi eriydi. faqatgina AlPO4 yomon eriydi. Alyuminiy tuzlari eritmada gidrolizga uchraydi:
AlCl3 + HOH ↔ Al(OH)Cl2 + HCl;
Al(OH)Cl2 + HOH ↔ Al(OH)2Cl + HCl;
Al(OH)2Cl + HOH ↔ Al(OH)3 + HCl.
Gidroliz tufayli alyuminiyning sulfid, karbonat, sianid va ba'zi boshqa tuzlarini eritmada olib bo‘lmaydi. Alyuminiyning tuzlaridan sulfatlari va kvastslar katta amaliy ahamiyatga ega. Ulardan qog‘oz ishlab chiqarishda, terilarni oqartirishda, matolarni rangsizlantirishda foydalaniladi.
Tabiatdagi tarqalgan birikmalarining aksariyat qismi alyuminosilikatlardir. Ulardan asosan dala shpatlari muhim ahamiyatga ega. Ularning asosiy namoyondalari – ortoklaz K[AlSi3O8], albit Na[AlSi3O8] va anortit Ca[Al2Si2O8] minerallaridir. Bundan tashqari amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan va keng tarqalgan birikmalari slyudalar (masalan, muskovit kAl2[AlSi3O10(OH)2]) va nefelin (Na,K)2[Al2Si2O8].
Do'stlaringiz bilan baham: |