II BOB. IQTISODIY O’SISHNING TAHLILLARI
2.1 Milliy boylik tushunchasi va uning tarkibiy tuzilishi
Milliy boylik insoniyat jamiyati taraqqiyoti davomida ajdodlar tomonidan yaratilgan va avlodlar tomonidan jamg‘arilgan moddiy, nomoddiy va intellektual hamda tabiiy boyliklardan iboratdir.
Milliy boylikni shartli ravishda quyidagi uchta yirik tarkibiy qismlarga ajratish mumkin:
1. Moddiy-buyumlashgan boylik.
2. Nomoddiy boylik.
3. Tabiiy boylik.
Moddiy-buyumlashgan boylik oxir-oqibatda ishlab chiqarishning, unumli mehnatning natijasi hisoblanadi. U ishlab chiqarish yaratilganda mahsulotlarning joriy iste’mol qilishdan ortiqcha qismini jamg‘arish oqibatida vujudga keladi va o‘sib boradi.
Ammo moddiy-buyumlashgan boylikni qator yillardagi yillik yalpi mahsulotlar yig‘indisi sifatida tasavvur qilish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki bu boylikning bir qismi har yili ishdan chiqarib, qaytadan yangilanib turadi (ishlab chiqarish vositalari, iste’mol buyumlari). Shu sababli ishlab chiqarish vositalarining o‘rnini qoplash bilan bir vaqtda yalpi mahsulotning faqat bir qismi moddiy-buyumlashgan boylik sifatida jamg‘arilib boriladi. Demak, qoplash fondi va moddiy buyumlashgan boylikning o‘sishi yalpi milliy mahsulot hisobiga amalga oshiriladi.
Milliy boylikning inson mehnati bilan yaratilgan moddiy qismi qiymat shakliga ega bo‘lib, tarkibiy tuzilishi bo‘yicha qo‘yidagilarni o‘z ichiga oladi:
- ishlab chiqarish xususiyatidagi asosiy kapital (fondlar);
- noishlab chiqarish xususiyatidagi asosiy kapital (fondlar);
- aylanma kapital (fondlar);
- tugallanmagan ishlab chiqarishning moddiy-buyumlashgan qismi;
- moddiy zahiralar va ehtiyojlar;
- aholining uy, tomorqa va yordamchi xo‘jaligida jamg‘arilgan mol-mulk.
Moddiy-buyumlashgan boylik o‘sishining asosiy omillari sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
Moddiy-buyumlashgan boylik ishlab chiqarishning natijasi va shart-sharoiti hisoblanadi. Buning ma’nosi shuki, bir tomondan mahsulotdan milliy boylik tomon harakatda boylikning iste’mol qilingan qismining qoplanishi va uning ko‘payishi ro‘y beradi. Boshqa tomondan milliy boylik ishlab chiqarishning moddiy shart-sharoiti, uning moddiy-texnikaviy asosi hisoblanadi. Bunda ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati va miqyosi milliy boylikdan foydalanish xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Milliy boylikning boshqa qismi tabiiy boyliklar ishlab chiqarishning omili bo‘lib ishtirok etadi, uning shart-sharoitini va inson faoliyatining tashqi muhitini tashkil qiladi. Tabiiy boylikning asosi tabiat mahsuli bo‘lib, uning vujudga kelishi tabiat qonunlari asosida ro‘y bersada, ulardan foydalanish jamiyat rivojiga ham bog‘liq bo‘ladi. Foydali qazilma boyliklar, o‘rmonlar, suv va yer resurslari tabiatan mavjud bo‘lsada, ishlab chiqarishda faol qatnashadi.
Tabiat in’omlari o‘zlarining dastlabki ko‘rinishida tabiiy boylik bo‘lib, shu holatida inson faoliyatining natijasi hisoblangan ijtimoiy boylik tarkibiga kirmaydi. Buning ma’nosi shuki, tabiiy boyliklar jamiyat uchun faqatgina potensial boylik hisoblanadi. Ular inson mehnatining ta’siri oqibatida real boylikka aylanadi.
Milliy boylik nafaqat moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratiladi. Uning bir qismi nomoddiy ishlab chiqarish sohalarida vujudga keltiriladi va jamiyatning nomoddiy boyligi hisoblanadi. Nomoddiy sohalarda ashyoviy-buyum shakl bilan bog‘liq bo‘lmagan alohida turdagi iste’mol qiymatlar hosil qilinadi. Ular ham moddiy ishlab chiqarish sohalarining faoliyat qilishi va rivojlanishi uchun, shuningdek bevosita aholining turmush darajasini ta’minlash va oshirib borish uchun zarur bo‘ladi. Bunday boyliklarga ta’lim, sog‘likni saqlash, fan, madaniyat, san’at, sport sohalarida vujudga keltiriladigan nomoddiy qimmatliklar kiradi. Uning tarkibida tarixiy yodgorliklar, arxitektura obidalari, noyob adabiyot va san’at asarlari alohida o‘rin tutadi.
Jamiyatning nomoddiy boyliklarida madaniyat va san’atning rivojlanish darajasi, jamiyat a’zolarining to‘plagan ilmiy bilimlari va intellektual darajasi, ishlovchilarning ixtisosligi va malakaviy bilim darajasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportning rivojlanish darajasi o‘z ifodasini topadi.
Shunday qilib, milliy boylik moddiy buyumlashgan va tabiiy boyliklardan ancha keng tushuncha bo‘lib, o‘z tarkibiga jamiyatning nomoddiy tavsifdagi qimmatliklarini ham oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |