Xizmat jamoasi xodimlari rasmiy munosabatlarining axloqiy asoslari. Xizmat jamoalari xodimlarining rasmiy axloqiy munosabatlari uch xil ko‘rinishda bo‘ladi.
Kattalarning kichiklarga nisbatan rasmiy axloqiy munosabatlari. Bunda katta – kichikka:
buyruq beradi, tayinlaydi, ko‘rsatma beradi;
talab qiladi, taklif etadi;
o‘z oldiga chaqiradi, kelishini talab qiladi;
ruxsat beradi, hujjat yoki takliflarni tasdiqlaydi;
hujjatlar yoki xatlarni ijro uchun yuboradi.
Xizmat mansablari va maxsus unvonlari teng bo‘lgan xodimlarning o‘zaro rasmiy axloqiy munosabatlari. Bunda teng – tengga:
axborot beradi, ma’lum qiladi;
ko‘rsatma yoki yordam berishni iltimos qiladi;
so‘raydi, taklif qiladi;
qo‘shiladi, e’tiroz bildirmaydi;
tegishli hujjatlarni yuboradi.
Kichiklarning kattalarga nisbatan rasmiy axloqiy munosabatlari.
Bunda kichik kattaga:
axborot beradi, rasmiy iltimos qiladi;
ruxsat berishni yoki tavsiya qilishni so‘raydi;
kelishini iltimos qiladi;
bajaradi va bu haqda axborot beradi;
tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Xizmat jamoasi xodimlarining telefon orqali so‘zlashuv odobi.
Hozirgi kundagi eng muhim aloqa vositalaridan biri telefon hisoblanadi. Telefonlarning ikki xili, ya’ni xizmat telefoni va shaxsiy telefonlar bo‘ladi.
Xizmat telefonlaridan foydalanganda, so‘zlashuv odobining quyidagi qoidalariga rioya qilmoq kerak:
Qo‘ng‘iroq eshitilishi bilan telefon go‘shagini ko‘tarib, xizmatdagi vazifangiz, unvoningiz va ismi-sharifingizni aytishingiz, masalan, «bo‘lim navbatchisi kapitan Qodirov eshitadi» deb javob berishingiz lozim.
Agar siz telefon qilgan bo‘lsangiz, avval salom berib, so‘ngra o‘zingizni tanishtirishingiz lozim. Masalan, «Assalomu alaykum! O‘rtoq polkovnik, mayor Pirmatov murojaat etayapti» deyishingiz kerak.
Har ikki holda ham shoshmasdan, dona-dona qilib gapirish, suhbatni qisqa, aniq va tushunarli tarzda olib borish lozim.
Telefonda suhbatdoshning so‘zlarini diqqat bilan eshitish, kerakli ma’lumotlarni yozib olish, bunda suhbatdoshning gapini aslo bo‘lmaslik kerak. Yaxshi ma’lumot uchun tashakkur aytib, xayrlashmoq lozim.
Telefonda xizmat faoliyati bilan bog‘liq sirlar yoki yaqin kunlar ichida o‘tkaziladigan operativ tadbirlar to‘g‘risida gapirmaslik kerak. Bordiyu bunga ehtiyoj sezilsa, hech kim tushunmaydigan maxsus tilda gapirish mumkin.
Telefonda uzoq vaqt gaplashmaslik, uni band qilib turmaslik, ayniqsa xizmat telefonidan shaxsiy maqsadlarda ko‘p foydalanmaslik, telefonlardan foydalanish huquqini suiiste’mol qilmaslik zarur.
Xalqaro va shaharlararo telefon aloqasidan faqat boshliqning ruxsati bilan foydalanish lozim.
Telefondan g‘araz maqsadlarda, birovni aldash, mazax qilish, so‘kish, tuhmat, g‘iybat, chaqimchilik qilish uchun foydalanmaslik kerak.
Telefon raqamini har kimga berish taqiqlanadi.
Telefonda qariyalar, bolalar, ayollar bilan suhbatlashganda nihoyatda ehtiyotkor va kamtarlik bilan muloqotda bo‘lmoq kerak. Umuman, telefonda baqirib gaplashish odobdan emas.
Telefon orqali olib borilayotgan suhbatni tugatish boshliq yoki kattaning ixtiyorida ekanligini unutmaslik lozim.
Ratsiya yoki mobil telefonlardan foydalanganda ham mazkur qoidalarga amal qilish kerak.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmat jamoalaridagi axloqiy- estetik va ruhiy muhitni yaxshilashga xizmat qiluvchi bir qator odob-axloq qoidalari ham mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Har bir xodim ishga o‘z vaqtida, kechikmasdan kelishi va ish joyidagilar bilan ochiq chehra ila salomlashishi zarur. Hatto kayfiyati buzilgan bo‘lsa ham buni xizmatdoshlariga sezdirmasligi, jig‘ibiyron bo‘lib, o‘zgalarni ham bezovta qilmasligi kerak.
Ishxonada xizmatdoshlar bilan ovozni pasaytirib, xushmuomalalik bilan muloyim so‘zlashish, dag‘allikka yo‘l qo‘ymaslik, o‘zgalarning suhbatiga aralashmaslik, so‘zlarini xufiyona tinglamaslik, tasodifan eshitib qolgan so‘zlarni o‘zgalarga yetkazmaslik, qolaversa, sababsiz o‘zgalarning ishlariga aralashmaslik lozim.
Xizmatdoshlarning narsalari – qalam, ruchka, qog‘oz, yelim, ip- igna, xizmat uchun zarur texnika vositalarini ularning ruxsatisiz ishlatish odobdan emas, faqat so‘rab foydalanish zarur.
Maslahat so‘ragan xizmatdoshlarga iloji boricha to‘g‘ri maslahat berish, bilganini sidqidildan o‘rgatish, tushunmagan joylarini tushuntirib berish kerak. Xizmatdoshning ishdagi yoki fe’l-atvoridagi kamchiligi uchun uning ustidan aslo kulish, masxaralashga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Har bir xodim har xil bekorchi ishlar bilan o‘zining ham, qolaversa, boshqalarning ham vaqtini zoye ketkazmasligi zarur. Berilgan va’daning ustidan chiqish lozim.
Betob bo‘lib qolgan xizmatdoshning holidan xabar olish, ko‘ngil so‘rash, kerak bo‘lsa unga yordam berish zarur.
Do‘stlar yoki xizmatdoshlar bilan albatta teatr, konsert, kino va boshqa ko‘ngilochar joylarga borib turish, hordiq chiqarishning faol usullaridan foydalanish kerak. Mahallada o‘tkaziladigan barcha umumiy tadbirlarda albatta qatnashish, iloji bo‘lsa ularga bosh-qosh bo‘lib turish zarur.
Hamkasblarning yutuqlaridan quvonish kerak. Baxillik, chaqim- chilik, hasad qilib emas, havas qilib yashash kerak.
«Kasb madaniyati»da: «Xodimlarning o‘z hamkasblari bilan so‘zlashish odobi va muomalasi xodimning xizmatdoshlar orasidagi nufuzini belgilaydi. Xodim xizmatdoshlari bilan kattalarga hurmat, kichiklarga izzat va tengdoshlariga ehtirom tarzida samimiy so‘zlashadi.
O‘zaro muloqotda kamtar, muloyim, bosiq, vazmin va samimiy bo‘ladi. So‘zlarni aniq, ravon va tushunarli talaffuzda, shoshilmasdan, ifodali bayon etadi.Hamkasblari va boshliqlariga ularning unvonini aytib murojaat qiladi. Rahbarlar tomonidan berilgan topshiriqlarni diqqat bilan tinglaydi. Boshliqlari va o‘zidan katta unvondagi xodimlar bilan munosabatda o‘zini vazmin tutadi. Xizmatdoshlar bilan so‘zlashayotganda bir-birlarining shaxsiyatiga tegadigan qo‘pol so‘zlar aytmaydi. Yoshi kattalarning so‘zini bo‘lmaydi, tengdoshlari va kichiklarning so‘zini oxirigacha tinglaganidan so‘ng, o‘z fikrini aniq va to‘liq bayon etadi»1, – deyilgan. Shunday ekan, ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmat jarayonidagi o‘zaro aloqalari, o‘zlarining shaxsiy munosabatlaridan qat’i nazar, Nizom va qo‘llanmalarda belgilangan qoidalar asosida bo‘lishi talab etiladi va o‘z hamkasblarini kamsitish, shaxsiy ishlariga aralashish va ular haqida turli mish-mish gaplar tarqatish man etiladi.
Shu bilan birga, ichki ishlar idoralarining xodimlari boshliqlarga xushomadgo‘ylik, laganbardorlik qilmaydi, ularning va o‘zining izzat- hurmatini saqlaydi. Ular bilan suhbat chog‘ida faqatgina ishga taalluqli masalalar xususida so‘z yuritadi, boshqa ishlar yoki gaplarga chalg‘itmaydi. O‘zidan yoshi, lavozimi, unvoni kattalarning tanqid va tanbehlarini to‘g‘ri qabul qilib, xato va kamchiliklarini yo‘qotish choralarini ko‘radi. Asossiz vaj-korsonlar izlab, o‘zini oqlashga urinish xodimlar uchun illat hisoblanadi. Bu talablarni bajarish har bir xizmat jamoasi a’zolarining burchi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |