ME’DA
Me’da (ventriculus, gaster) hazm kanalining eng kengaygan qismi bo‘lib, qorin bo‘shlig‘ining yuqori sohasida joylashgan. Uning ko‘p qismi chap tomondagi qovurg‘a osti sohasida, oz qismi esa qorin bo‘shlig‘i tepa bo‘lagining o‘rta qismida joylashgan.
Me’daning shakli nokka yoki laboratoriyadagi retorta (idish)ga o‘xshaydi. O‘rta yoshdagi odamlarda hajmi taxminan 1–3 litr (ba’zida undan ko‘proq) bo‘ladi. Me’daning old – paries anterior va orqa devorlari – paries posterior, yuqorida kichik – curvatura ventriculi minor, pastda katta egriliklar – curvatura ventriculi major ni hosil qiladi.
Me’daning kirish va chiqish qismlari tafovut qilinadi. Uning kirish – kardiya (pars cardiaca) qismidagi teshik – ostrum cardiacum (cardia – yurak) XI ko‘krak umurtqasi qarshisida bo‘lib, yurakka yaqin joylashgan. Me’daning chiqish (pars pylorica) qismi I bel umurtqasining ro‘parasida, o‘ng tomonda o‘n ikki barmoq ichakka qo‘shilib ketadi. Me’daning chiqish qismi ikkiga ajralgan: kengaygan qismi (antrium pyloricum) g‘orcha deyilsa, uning teshigi (ostrum pyloricum), torayib davom etgan joyi kanal – canalis pyloricus bo‘lagi deyiladi.
Ovqat bilan o‘rtacha to‘lgan me’da yuqoridan jigar chap bo‘lagining pastki yuzasiga va diafragmaning chap gumbaziga, pastki tomondan ko‘ndalang chambar ichak va uning tutqichiga tegib turadi. Me’daning oldingi devori qorinning oldingi devoriga, orqa devori me’da osti bezi, chap buyrak va uning ustki beziga hamda taloqqa tegib turadi. Me’da atrofdan qorin parda bilan o‘ralgan.
Me’da devori quyidagi 3 pardadan iborat: 1)tunica mucosa – shilliq parda bo‘lib, uning shilliq osti qavati – tela submucosa juda yaxshi rivojlangan, 2) tunica muscularis – muskul parda, 3) tunica serosa – seroz parda.
Tunica mucosa ning asosiy vazifasi ovqatni kislotali muhitda parchalashga moslashgan bo‘lib, bir qavatli prizmatik shilliq ishlab chiqaruvchi epiteliy bilan qoplangan. Shilliq pardada juda ko‘p katta-kichik burmalar – plicae gastricae mavjud, ularning yo‘nalishi va miqdori katta amaliy ahamiyatga ega. Ushbu burmalardan ikkitasi kichik egrilikka parallel holda joylashib, turli tomonga yo‘nalgan bo‘ladi, qolgan burmalar me’daning qolgan qismlarida o‘ziga xos shaklni tashkil qiladi. Odatda, me’dada uzoq saqlanmaydigan moddalar (suv, choy, mineral suv) mana shu kichik egrilik bo‘ylab joylashgan burmalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘n ikki barmoq ichakka o‘tadi (“me’da yo‘li”). Shilliq pardada burmalardan tashqari me’da maydonchalari – areae gastricae mavjud. Tepachalar orasida me’da chuqurchalari – foveolae gastricae bo‘lib, ularga me’da bezlari ochiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |