YUzlashtirish tergov harakatining turlari. Ushbu tergov harakati ishtirokchilarning tarkibiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi:
ikkita guvohni yuzlashtirish;
ikkita ayblanuvchini yuzlashtirish;
ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirish;
ikkita jabrlanuvchini yuzlashtirish;
guvoh va jabrlanuvchini yuzlashtirish;
jabrlanuvchi va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish;
guvoh va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish;
ayblanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirish.
Ikkita guvohni yuzlashtirish. Bir holat yuzasidan ikki guvohni yuzlashtirish ularning ko‘rsatuvlaridagi qarama-qarshiliklar, tafovutlarni aniqlash va ishning haqiqiy holatlarini ochishga xizmat qiladi.
Ikkita ayblanuvchilarni yuzlashtirish. Ayblanuvchilarni yuzlashtirib so‘roq qilish ixtiyoriylik asosida o‘tkazilib, asosiy e’tibor ayblanuvchilarning o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblovga nisbatan bildirgan e’tirozlariga va ularning bergan ko‘rsatuvlaridagi nomutanosib faktlarga qaratiladi.
Ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirish. Ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirishda avval ular qanday jinoyatda gumon qilinayotganligi bildiriladi. YUzlashtirilayotgan shaxslarning bunga munosabati, shu holat yuzasidan bergan ko‘rsatuvlari taqqoslanadi, ularga o‘zaro savol-javob qilish imkoniyati yaratiladi. YUqoridagi shaxslarning oldindan tanish yoxud notanishligi, o‘rtalarida munosabat mavjud yoki yo‘qligi aniqlanadi.
Ikkita jabrlanuvchini yuzlashtirish. Ikkita jabrlanuvchini yuzlashtirishda ularning ishning haqiqiy holatlaridan xabardorligi, ish bo‘yicha ayblanayotgan shaxsga munosabati solishtirilib ahamiyatga ega ma’lumotlar qayd etiladi.
Guvoh va jabrlanuvchini yuzlashtirish. Guvoh va jabrlanuvchini yuzlashtirishda ularning ishning muayyan holatlardan xabardorligi borasida va qarama-qarshiliklar mavjud holatlar to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berish taklif etiladi. Ular yuzlashtirish tergov harakatini olib borayotgan shaxsning ruxsati bilan bir-birlariga savol berishlari mumkin.
Jabrlanuvchi va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish. Jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirib so‘roq qilishda ham jabrlanuvchi va gumon qilinuvchining ilgari bergan ko‘rsatuvlari va taqdim etgan dalillarining o‘zaro mosligi aniqlanadi. Jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirishni tanib olish tergov harakatidan farqlash lozim. Tanib olishda tanib olinishi lozim bo‘lgan obekt va uning belgilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olinadi. YUzlashtirishning bu turi shunisi bilan ahamiyatliki, bunda jinoyat protsessi ayblov va himoya taraflarining ishtirok etadigan ishtirokchilari qatnashib, ishga doir muhim masalalarga oydinlik kiritiladi.
Guvoh va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish. Bunday yuzlashtirishda aksariyat hollarda ayblanuvining shaxsiga, uni ayblash uchun xizmat qilgan asoslar va dalillarga oid ko‘rsatuv va ma’lumotlar tekshiriladi. YUzlashtirish tugagagandan keyin ham ularni alohida so‘roq qilish maqsadga muvofiqdir.
Ayblanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirish. Ayblanuvchi va gumon kilinuvchini yuzlashtirish kamdan-kam qo‘llanilib, ushbu jarayon haqiqatni aniqlash va yuzlashtirilayotgan shaxslarning qay biri haqiqatda ayblanuvchi ekanligini aniqlashga xizmat qiladi. SHuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, bunda ayblanuvchining aybga asossiz iqror bo‘lishi mumkinligi singari holatlarning oldi olinadi hamda ularning aybi darajasini aniqlash imkoni bo‘ladi.
Ayblanuvchi va gumon qilinuvchiga ularning ko‘rsatuv berish yoki bermaslik huquqlari, jumladan yuzlashtirish tergov harakatida ishtirok etish huquqi tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |