1.5. Havoni sovutish tizimi
Zamonaviy yo‘lovchi vagonlarining kattagina qismi havoni konditsionerlash tizimiga ega. Havoni konditsionerlash – chora-tadbirlar majmuidan iborat bo‘lib, u o‘z ichiga vagon ventilyasiyasi va isitishni, yilning sovuq davrida ventilyasiya qilishda vagonga uzatiladigan havoning isitilishini, yozgi ekspluatatsiya davrida vagonga uzatiladigan havoning sovutilishini oladi. Qator hollarda qo‘shimcha tarzda havo quritiladi yoki namlanadi. Bu chora-tadbirlar maqsadi – vagon ichida berilgan mikroiqlim hosil qilish.
Vagonlar havosini sovutish uchun elektr yuritmasi bo‘lgan kompressorli sovutish uskunalari qo‘llanib, ularda freon sovutuvchi agent (vosita) vazifasini bajaradi. Sovutish uskunasi (1-rasm) kompressor 8, kondensator 13, ventilyatorlar 12 va 1, kondensator va bug‘latgich 2 dan iborat.
Vagonni ventilyasiyalash (shamollatish) tizimi ventilyatori 1 bilan havo havo quvuriga 6 uzatiladi. Ventilyator va havo quvuri o‘rtasida quyidagilar joylashgan: bug‘latgich (havo sovutgich) 2, tomchi ajratgich 3, kalorifer 4 (vagonlar suv va elektr bilan isitilganida suvli). Havosi shamollatiladigan, hamda suv yoki elektr-suv yordamida isitiladigan ba’zi vagonlarda elektrokalorifer 5 ham o‘rnatilib, u bahor-kuz davrida havoni isitish uchun mo‘ljallangan. Bu kalorifer vagon generatoridan tok bilan ta’minlanadi.
Havo quvuriga kelib tushadigan havoning taxminan 75 % vagondan retsirkulyasiya kanali orqali olinib, uning olish panjarasi vagon yo‘lagi shiftida joylashadi. Havoning qolgan qismi tashqaridan olinadi. Suyuq freon bug‘latgichga (havo sovutgichga) HS kelib tushib, 30°S haroratda qaynaydi va ventilyatordan kelayotgan havoni sovutadi. HS qovurg‘ali mis yoki po‘latdan ishlanib, usti sink bilan qoplangan trubalardan bajarilgan batareyadan iborat. Vagonga uzatiladigan havo sovutiladi. Freon bug‘lari elektr dvigatel 7 bilan aylantiriladigan kompressor 8 yordamida so‘rilib, 12-15 kgs/sm ga qadar siqiladi va kondensatorga 13 haydaladi. Bu erda ular kondensator batareyasi orqali ventilyator 12 orqali haydaladigan havo bilan sovutilishi hisobiga kondensatsiyalanadi. Suyuq freon resiverda 11 yig‘ilib, quvur bo‘ylab filtr quritish apparatiga 10 kelib tushadi. Shundan so‘ng u freon bosimini bug‘latish bosimiga qadar pasaytiradigan drossellash qurilmasi 14 orqali havo sovutgichga yo‘naltiriladi. Shundan keyin sovutish qurilmasining ish sikli takrorlanadi.
1-rasm. Yo‘lovchi vagoni sovutish uskunasining sxemasi:
1 – vagonni shamollatish tizimi ventilyatori; 2 – bug‘latgich (havo sovutgich); 3 – tomchi ajratgich; 4 – suv kaloriferi; 5 – o‘tish davrida havoni isitish uchun elektrokalorifer; 6 – havo quvuri (yo‘li); 7 – kompressor elektr dvigateli; 8 – kompressor; 9 – kondensator ventilyatorining elektr dvigateli; 10 – filtr qurnitish agregati; 11 – resiver; 12 – kondensator ventilyatori; 13 – kondensator; 14 – drossellash qurilmasi.
Havo sovutgichda havoni sovutish bilan birga iliq havodagi mavjud namlik bug‘larining kondensatsiyalanishi hisobiga, u sovuq truba va qovurg‘alarga tegib, kontaktga kirishganida havo yana quritiladi ham. Suv tomchilarining havo quvuriga tushishiga tomchi ajratgich 3 yo‘l qo‘ymaydi.
Havo sovutgich, yuqorida aytilgani kabi, havo quvurida, vagonning qozon joylashgan qismi tomi va shifti orasida joylashadi (2-rasmga qar.). Kompressor va kondensator agregatlari vagon ostida joylashtiriladi. Barcha agregatlar funksional jihatdan umumiy tizimga birlashtirilgan bo‘lib, uning rejimi, odatda, qo‘lda beriladi. Sovutish tizimini berilgan rejimda boshqarish esa avtomatika tizimi tomonidan amalga oshirilib, vagonning turli qismlarida o‘rnatiladigan harorat datchiklari yordamida nazorat qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |