132-modda. Arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish Sudya ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda berilgan arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishi va ish qo‘zg‘atishi shart.
Sudya ushbu Kodeks 130-moddasi birinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan arizani, agar arizaga davlat bojini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi yoki arizachida mavjud bo‘lmagan dalillarni talab qilib olish haqidagi iltimosnomalar ilova qilingan hamda bu iltimosnomalar qanoatlantirilgan bo‘lsa, ish yuritishga qabul qilishga va ish qo‘zg‘atishga haqli.
Sudyaning ushbu Kodeks 130-moddasi birinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan arizani ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi xulosasi arizani ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
133-modda. Arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish Sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) ish ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmasa;
2) ma’muriy sudning ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimi mavjud bo‘lsa;
3) sudning ish yuritishida ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa.
Arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 127 — 132, 134-moddalari. 134-modda. Arizani (shikoyatni) qaytarish Sudya arizani (shikoyatni) va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) arizaning (shikoyatning) ushbu Kodeksning 128-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan bo‘lsa;
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 128-moddasi. 2) o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilgan bo‘lib, ularning ayrimlari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lsa;
3) ariza (shikoyat) imzolanmagan bo‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ism-sharifining bosh harflari ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
4) ish mazkur sudning sudloviga tegishli bo‘lmasa;
5) javobgar va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan bo‘lsa;
6) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa;
7) bitta arizada (shikoyatda) bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan o‘zaro bog‘lanmagan bir nechta talab birlashtirilgan bo‘lsa;
8) arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar arizani (shikoyatni) qaytarib olish to‘g‘risida arizachidan ariza kelib tushgan bo‘lsa.
Arizani (shikoyatni) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Arizaning (shikoyatning) qaytarilishi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin sudga takroran umumiy tartibda murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 127 — 133-moddalari.