12-modda. Jamiyatning ta’sis shartnomasi Ta’sis shartnomasida jamiyatning muassislari jamiyatni tuzish majburiyatini oladilar va uni tuzish yuzasidan birgalikdagi faoliyat tartibini belgilaydilar. Ta’sis shartnomasida quyidagilar ham belgilanadi:
jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) tarkibi;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va jamiyat har bir muassisi (ishtirokchisi) ulushining miqdori;
jamiyat ta’sis etilayotganda uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalarni qo‘shish tartibi, miqdori, usullari va muddatlari;
hissalarni qo‘shish bo‘yicha majburiyatlarini buzganlik uchun jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) javobgarligi;
jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasida foyda va zararlarni taqsimlash shartlari va tartibi;
jamiyat organlarining tarkibi va jamiyat ishtirokchilarining jamiyatdan chiqish tartibi.
13-modda. Jamiyat ustavi Jamiyat ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
jamiyatning to‘liq va qisqartirilgan firma nomi;
jamiyat faoliyatining predmeti;
jamiyatning pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat organlarining tarkibi va vakolatlari to‘g‘risidagi, shu jumladan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatiga kiruvchi masalalar to‘g‘risidagi, jamiyat organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki kvalifikatsion ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari;
jamiyat ishtirokchisining jamiyatdan chiqish tartibi va uning oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning (ulush bir qismining) boshqa shaxsga o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyatning hujjatlarini saqlash tartibi hamda jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilariga va boshqa shaxslarga axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyatning vakolatxonalari va filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Oldingi tahrirga qarang. qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa ma’lumotlar.
(13-moddaning o‘n o‘chinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)