I BOB. TURKISTON GENERAL-GUBERNATORLIGI
KANSELYaRIYaSI TARIXI
I.1. Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasining
tashkil etilishi
Maʼlumki, XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohalarda bir qator oʻzgarishlar sodir boʻldi. Rossiya imperiyasi tomonidan oʻlkaning kata qismini egallab olinishi va bu yerda oʻziga xos boshqaruv tizimini oʻrnatilishi ham aynan shu davrga toʻgʻri keladi. 1865 yil 2 martda Rossiya senatining Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Orol dengizidan Issiqkoʻlgacha boʻlgan Oʻrta Osiyo xonliklari bilan chegaradosh hududlarda Turkiston viloyatini tashkil qilish toʻgʻrisidagi farmoni eʼlon qilindi5 Shunday bir sharoitda Turkiston viloyatining maʼmuriy qurilishini tartibga solishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish tashabbusi chor harbiy qoʻmondonligi qoʻliga oʻtdi. Shu mazmundagi birinchi hujjat Yangi Qoʻqon liniyasi qoʻmondoni M.G.Chernyayevning shtabida ishlab chiqilib, Peterburgga “Oʻrta Osiy chegara viloyati haqidagi nizom loyihasi koʻrinishida taqdim etildi. Bu loyiha Harbiy vazirlikda qayta ishlandi va1865 yilning 6 avgustida Aleksandr II “Turkiston viloyatini boshqarish haqidagi Muvaqqat Nizom”ga imzo chekdi. Ushbu Nizomga muvofiq, mahalliy maʼmuriyat boshligʻi harbiy gubernator hisoblanib, uning qoʻliga harbiy va harbiy boʻlmagan hokimiyat berilgan edi. Bu lavozimga rus amaldorlari tayinlangan boʻlib, mahalliy aholi egallab turgan biy, oqsoqol, rais, qozi kabi lavozimlari vakillari ustidan umumiy nazorat yuritish va ularning lavozimlarini tasdiqlash, lavozimga tayinlash, boʻshatish, almashtirish vakolatlariga ega boʻlgan6 Mahalliy aholi ustidan nazorat qiluvchi boshqaruvchilarning vazifalari joylarda tinchlikni saqlash, karvonlar xavfsizligini taʼminlash, oʻrmon, suv inshootlarini qoʻriqlash, oʻtroq va koʻchmanchi aholi oʻrtasidagi toʻqnashuvlarni oldini olish, nizolarni hal qilish, aholiga soliq va maajburiyatlarni belgilash, ularni oʻz vaqtida va belgilangan miqdorda undirilishini nazorat qilish, nazorat natijalarni maʼmuriyatga yetkazishdan iborat boʻlgan7. 1866 yil harbiy vazir D.A.Milyutinning tashabbusiga koʻra joylardagi ahvol bilan tanishish uchun, Turkiston viloyatiga maxsus komissiya joʻnatilgan. Uning aʼzolari vaziyatni oʻrganib chiqib, viloyatni Orenburg general-gubernatorligidan ajratish va mustaqil boshqaruvni tashkil qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi. Ushbu masala D.A.Milyutin raisligida, Orenburg gubernatori N.A.Krijanovskiy, bosh shtab boshligʻi, Osiyo departamenti direktori va boshqa amaldorlar ishtirokida oʻtgan Oʻrta Osiyo viloyatlari tuzilishiga bagʻishlangan maxsus komitet majlisida koʻrib chiqilgan. Orenburg general-gubernatorligidan tashqari barcha majlis qatnashchilari bitta fikrga keldilar. N.A.Krijanovskiyning etirozlari quyidagicha boʻldi: Turkiston va Rossiya oʻrtasida “koʻchmanchi aholi yashaydi va shu tufayli viloyatlar hamda imperiyaning ichki qismi oʻrtasida oʻzaro mustahkam aloqa oʻrnatishga imkon boʻlmaydi, bunday sharoitda Turkistondagi boshliqlar “oʻz faoliyatini faqat Oʻrta Osiyodagi turmushga qarab amalga oshiradilar va natijada bir kuni kelib, mazkur faoliyat bilan imperiya manfaatlari oʻrtasida tafovut yuzaga keladi”. Orenburg general-gubernatori “avval Rossiya tomonidan yangi qoʻlga kiritilgan oʻlkada mustahkam oʻrnashish, aloqa yoʻllarini yaxshilash, Turkiston viloyatida ruslashtirishni amalga oshirish va shundan soʻng alohida boshqaruvni joriy qilish lozim” deb hisoblaydi. Ushbu komissiyaning vazifasi bosib olingan hududlardagi sharoitni oʻrganish hamda ularni qanday boshqarish haqida nizom tuzish uchun maʼlumotlar toʻplashdan iborat boʻlgan. Komissiya oʻz ishi jarayonida bosib olingan yerlardan quyidagi qoidalarga asoslangan holda foydalanishni belgilab bergan:
- oʻlkani harbiy va fuqaro hokimiyatini bir qoʻlda toʻplagan holda
boshqarish.;
- siyosiy hokimiyatga ega boʻlmagan barcha ichki ishlarni boshqarishni yerli aholining xulq-atvori va urf-odatlarini hisobga olib, mahalliy aholi qoʻliga topshirish;
- davlat manfaatlariga ziyon yetkazadigan mahalliy boshqarma qonun va urf-odatlarini yoʻqotish;
- imkoniyat darajasida sudni hokimiyatdan ajratib qoʻyish Mazkur komissiya tomonidan ishlab chiqilgan “Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi” boʻyicha Rossiya imperiyasi hukumati qabul qilgan qarorda quyidagilar qayd etib oʻtilgan:
- loyihada koʻrsatilgan hududlarda Yettisuv va Sirdaryo viloyatlari tarkibida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilsin;
- general-gubernatorga oʻlkani boshqarish uchun loyihada nazarda tutilgan shtatlardan kelib chiqqan holda, boshqarish uchun amaldorlar olishga imkoniyat berilsin;
- General-gubernatorga loyida koʻrsatilgan holatlarni oʻlkadagi mahalliy xalqlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda soʻnggi marta qonuniy tartibda koʻrib chiqib, xulosa berish uchun topshirilsin;
- ungacha, oʻlkani tuzilishi uchun favqulodda muhim va foydali hisoblangan choralarni koʻrish uchun vakolat berilsin.
1867 yil 11 aprelda Aleksandr II komissiya aʼzolarining fikrini tasdiqlagan va 1867 yil 11 iyulda Rossiya imperiyasi tarkibida “Turkiston general-gubernatorligini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qonun eʼlon qilingan. Uning birinchi general-gubernatori qilib fon Kaufman tayinlangan Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga Gʻarbiy Sibir generalgubernatorligi tasarrufida boʻlgan Semipalatinsk viloyati hududining bir qismi kiritildi. Chegara chizigʻi Semipalatinsk viloyati cheragasidan Balxash koʻlining oʻrtasigacha, undan Sarisuv daryosiga qadar davom etgan. Orenburg general-gubernatorligi bilan chegara chizigʻi Perovsk koʻrfazi oʻrtasigacha, Termenbes togʻiga, undan Terken, Qalmas, Muzbil, Oqqum, Chubartepa togʻlari boʻylab Moʻyinqumning Janubiy etaklari va Sarisuv daryosi Chu daryosi bilan qoʻshilgan joyga qadar brogan.
Dastlab, Turkiston general-gubernatorligi ikki viloyat: markazi Toshkent boʻlgan Sirdaryo hamda markazi Verniy shahrida boʻlgan Yettisuv viloyatiga boʻlingan. Keyinchalik bosib olingan hududlar himobiga qoʻshimcha tarzda quyidagi maʼmuriy-hududiy birliklar tashkil qilindi: 1868 yilda markazi Samarqand boʻlgan Zarafshon okrugi; 1874 yilda – markazi Petroaleksandrovsk (Toʻrtkoʻl)da boʻlgan Amudaryo boʻlimi; 1876 yilda Qoʻqon xonligining tugatilishi hisobiga – markazi Yangi Margʻilon (Fargʻona) shahrida boʻlgan Fargʻona viloyati. Yettisuv viloyati Sergiopolsk, Koʻpal, Verniy, Issiqkoʻl va Toʻqmoq uyezdlariga boʻlingan. 1882 yili u Turkiston general-gubernatorligi tarkibidan chiqarilgan Tadqiqotchilarning eʼtirof etishlaricha, Turkiston generalgubernatorligi maʼmuriyati imperiyaning boshqa oʻlkalari boshqaruvidan oʻzining keskin harbiylashgani bilan alohida ajralib turadi. Rossiya hukumatining Turkiston oʻlkasi uchun 1865-1916 yillar oraligʻida ishlab chiqqan va amalga tadbiq etgan oʻnta qonun loyihalari (1865, 1867, 1971, 1873, 1882, 1884, 1886, 1908, 1912, 1916 yillar)da adliya, moliya, harbiy hamda ichki ishlar va boshqa vazirliklar kiritgan oʻzgarishlarda ana shu holat oʻz aksini topgan. Arxiv manbalarining guvohlik berishicha, chor hukumatining 1867 yilgi manifestiga koʻra, Aleksandr II tomonidan fon Kaufmanga oʻlkani boshqarish uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda amalga oshirish huquqi berilgan. Manbalarda keltirilishicha, general-gubernatorga siyosiy, chegaraviy va savdo ishlarini hal qilish, qoʻshni mamlakatlar bilan Rossiya imeriyasining oʻzaro aloqalariga tegishli muzokaralar olib borish va bitimlar imzolash, oʻzaro kelishuvga erishish, qarorlar qabul qilish uchun ishonchli vakillarni joʻnatishda cheklanmagan vakolatlar berilgan. Turkistonning birinchi general-gubernatori uddaburon va ayyor general fon K.P.Kaufman oʻziga berilgan “Turkiston oʻlkasida tartib oʻrnatuvchi” degan nomni oqlab, 15 yil (1867-1882 yy.) davomida Rossiya imperiyaning oʻlkadagi mustamlakachilik siyosatini mustahkamlashga sadoqat bilan xizmat qilgan.8 Turkiston oʻlkasida 1867 yildan 1917 yilgacha oʻn beshta generalgubernator hukmronlik qilgan boʻlib, ular quyidagilar edi: 1. K.P.Kaufman – 1867-1882 yy.
2. M.G.Chernyayev – 1882-1884 yy.
3. N.O.Rozenbax – 1884-1888 yy.
4. A.B.Vrevskiy – 1889-1898 yy.
5. S.M.Duxovskiy – 1898-1901 yy.
6. N.A.Ivanov – 1901-1904 yy.
7. P.N.Tevyashov – 1904-1905 yy.
8. D.I.Subotich – 1906 y.
9. N.I.Grodekov – 1907-1908 yy.
10.P.I.Mishenko -1909 y.
11.A.B.Samsonov – 1909-1913 yy.
12.Flug, Martson va Yerofeyevlar – 1913-1916 yy.
13.A.N.Kuropatkin – 1916-1917 yy.
Rossiya imperiyasi hukumatining Turkiston oʻlkasi borasidagi 1867 yilgi nizomi loyihasida Turkiston oʻlkasining harbiy vazirlik tarkibida boʻlishi, oʻlka harbiy hokimiyat orqali boshqarilishi, oʻlka boshqaruvini imperiyada mavjud boshqaruv tizimiga yaqinlashtirish, uning maʼmuriyhududiy boʻlinishida imperiyaning siyosiy, iqtisodiy va strategi maqsadlaridan kelib chiqib ish koʻrillishi va boshqalar koʻrsatib oʻtilgan
Turkiston general-gubernatorligini boshqarish boʻyicha ilk dasturiy hujjatlarning ishlab chiqilishida harbiy vaziyat omili hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan. Ular yangi hududlar bosib olinishi bilan yuzaga kelgan va qoida tarzida “muvaqqat” xususiyatga ega boʻlgan. Chunonchi Sirdaryo va Yettisuv viloyatlaridagi “Boshqaruv toʻgʻrisidagi Nizom” 1867 yili tajriba tarzida uch yilga joriy qilingan. Undan tashqari, 1868 yilning iyunida “Zarafshon okrugini boshqarish Muvaqqat Qoidalari”, “Fargʻona viloyatini boshqarish boʻyicha 1873 yil Muvaqqat Nizom”, “Amudaryo boʻlimini boshqarish boʻyicha 1874 yil 21 may nizomi” ham ishlab chiqilgan Rossiya imperiyasining 1968, 1871, 1873 , 1874 yillarda Turkiston oʻlkasini boshqarishga oid nizomlari tasdiqlanmagan boʻlsada, ularda keltirilgan tartiblar 1876 yilda yangi tashkil etilgan Fargʻona viloyatida joriy etilgan. Viloyatlar boshqaruvida bosh rolni oʻynovchi moliya va xoʻjalik boʻlinmasiga quyidagi muhim vazifalar yuklangan edi: oʻtroq va koʻchmanchi aholi oʻrtasida yer taqsimoti, vaqflar bilan bogʻliq ishlarni yuritish, suvdan foydalanish va tub aholiga soliq solish ishlarini boshqarish; mahalliy pul majburiyatlari smetasini tuzish va mahalliy sarfxarajatlarni boshqarish, boj yigʻimlarining nazorati va nizom ishlarini hal qilish; turli shartnomalarni koʻrib chiqish va tasdiqlash, yakka shaxslarning iltimosiga koʻra, viloyat xom ashyo manbalari bilan ish olib borish, sanoat korxonalari va firmalar ochishga litsenziyalarni rasmiylashtirish; savdo bitimlari va pudratlarini rasmiylashtirish va h.k. 1882 yil 8 mayda imperatorning “Turkiston generalgubernatorligini taftish qilish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilinadi. Taftish ishlariga rais etib Turkmiston oʻlkasini bosib olish va boshqarish boʻyyicha komiyassiyaning sobiq raisi, maxfiy maslahatchi F.K.Girs tayinlangan. 1883 yilda Girs taftish ishlarini tugallab, imperatorga general-gubernatorlik va unga qarashli tashkilotlarning umumiy ahvoli toʻgʻrisidagi hisoboti bilan birga “Oʻlkani boshqarish toʻgʻrisidagi Nizom” loyihasini taqdim etadi. Mazkur Nizomning qayta ishlangan soʻnggi loyigʻasini tayyorlash maqsadida 1884 yil 21 yanvarda imperator koʻrsatmasi bilan Davlat Kengashi aʼzosi, general-adʼyutant, graf N.Ignatev boshchiligida komissiya tuziladi. 1886 yil 12 iyunda “Turkiston oʻlkasini boshqarish toʻgʻrisidagi Nizom” Rossiya imperatori tomonidan tasdiqlanadi. Oʻlkani boshqarish boʻyicha qabul qilingan shu va boshqa hujjatlarning barchasi rasmiylashtirilgan va ularning ijrosini taʼminlanishi qatʼiy nazorat qilingan. 1886 yilgi “Nizom”ga koʻra, Turkiston oʻlkasini boshqarish quyidagilarga boʻlingan:
- Bosh boshqarma;
- turli tarmoqlarning alohida qismlarini boshqarish;
- mahalliy maʼmuriy boshqaruv: viloyat-uyezd-volost-qishloq;
- sud boshqaruvi.
Turkiston general-gubernatorligi huzurida Kengash, maxsus topshiriqlarni bajarish uchun amaldorlar, tarjimon va bunda faoliyat yuritayotgan kanselyariyaning rasmiy hujjatlarini yurituvchi xodim faoliyat yuritgan. Turkiston general-gubernatori huzuridagi kanselyariya generalgubernatorlik rasmiy hujjatlarini yuritish va jamlash maqsadida 1867 yilning noyabr oyida oʻlkaga tashrif buyurgan fon K.P.Kaufman tomonidan tashkil etilgan. Unda oʻlkaning Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlakaga aylantirilishi, Turkistonda rus harbiy-maʼmuriy boshqaruv tizimining oʻrnatilishi, oʻlkada maʼmuriy-hududiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda qabul qilingan huquqiy hujjatlar va ularning amalga oshirilishi borasidagi chora-tadbirlarga oid rasmiy hujjatlar, oʻlka aholisi va ularning etnik tarkibiga oid statistik maʼlumotlar, mahalliy aholini ruslashtirish masallariga oid, oʻsha davrda tashkil etilgan davlat muassasalari tarixiga oid va boshqa rasmiy hujjatlari toʻplangan. Bunda shuningdek, general-gubernatorlikning Rossiya imperiyasi imperatori, Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan olib borgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalariga oid hujjatlar ham oʻrin olgan. Ushbu kanselyariya dastlab toʻrtta boʻlimdan iborat boʻlib, ularning biri yaʼni sud ishlari boʻlimi bir necha yilgina faoliyat yuritgan. Shuningdek, kanselyariya tarkibida vaziyat taqozosi bilan vaqtincha togʻ-kon boʻlimi, harbiy yurishlar boʻlimi, qochoqlar stoli kabi boʻlimlar tashkil etilgan9
Ushbu muhim masalalar kannselyariyaning doimiy mavjud boʻlgan va qimmatli hujjatlarga boy 1-3 boʻlimlarida jamlangan. Birinchi boʻlim maʼmuriy boshqaruv va ikspektorlik xizmati masalalari bilan shugʻullangan boʻlib, bunda jami hujjatlar toʻrtta stolda taqsimlangan. Ushbu toʻrtta stolning uchtasi asosan shaxsiy tarkib hujjatlarini, toʻrtinchi stol esa “sud ishlari va chet elliklar haqida”gi hujjatlarni yuritish va jamlash bilan shugʻullangan.
Ikkinchi boʻlim oʻlkaga hamda majburiyatlarga oid savollar masalasi bilan shugʻullangan boʻlib, hujjatlari beshta alohida stolda taqsimlangan. Ushbu boʻlinmada shuningdek, moliya va xoʻjalik boʻlinmasi faoliyat yuritgan. Bunda yuqorida keltirilgan alohida yoʻnalishlar boʻyicha hujjatlar yuritilgan va jamlagan. Uchinchi boʻlim yer mulk va soliq ishlari boʻyicha hujjatlarni yuritish bilan shugʻullangan. Bunda shaharlar qurilishi va ularning hisob-kitob ishlarini yuritish alohida uchta stolda taqsimlangan. Keltirib oʻtilgan boʻlimlardan general-gubernatorlik kanselyariyasida nazorat palatasi boʻlimi ham faoliyat koʻrsatgan. Bunda Turkiston general gubernatorligi hududida moliyaviy ishlarni nazorat qilish uchun tashkil etilgan komissiya aʼzolarining ishlari toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi hujjatlar majmui jamlangan. Ushbu boʻlim gubernatorlikda oʻlkaning moliya va soliq masalalari bilan shugʻullanuvchi amaldorlari ishlarini nazorat qiluvchi taftishchilarning imperatorga bergan xabarnomalari, maʼruzalari, hisobotlari, oʻrnatilgan tartib qoidalarni buzgan rus va mahalliy amaldorlarni javobgarlikka tortish bilan shugʻullangan.Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasining eng muhim boʻlimlaridan biri bu diplomatik aloqalar boʻlimi boʻlib, unda Gubernatorlikning qoʻshni davlatlar, xususan, Buxoro va Xiva xonliklari, Afgʻoniston, Qashgʻar va boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalariga oid
masalalar bilan shugʻullangan. Kanselyariyaning ushbu boʻlimida shuningdek,
diplomatik aloqalarga oid hujjatlar, xususan, Turkiston general gubernatorligi qoshidagi diplomatik amaldor faoliyatiga oid rasmiy hujjatlar yuritilgan va saqlangan Shuningdek general-gubernatorlik kanselyariyasi huzurida Turkiston ommaviy bibliotekasi, muzeyi, “Turkestanskiye vodomosti” gazetasi va uning bosmaxonasi (1872-1881-y.) faoliyat yuritgan.
Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasi soʻnggi general gubernator Kuropatkinning isteʼfoga chiqishi munosabati bilan oʻlkada yangi tashkil etilgan Turkiston Muvaqqat hukumati kanselyariyasiga aylantirilgan (1917-yil aprel oyida) .Shunday qilib, Turkistonning birinchi general-gubernatori fon Kaufman tomonidan XIX asrning ikkinchi yarmida tashkil etilgan,Oʻzbekiston tarixini yoritishda muhim ahamiyatga ega qimmatli manbalarni oʻzida jamlagan hujjatlar majmui – Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasi fondi bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. Ushbu kanselyariya hujjatlari hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi I-1 Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasi fondida saqlanmoqda. OʻzR MDAda saqlanayotgan eng katta hajmli fondlardan biri hisoblangan ushbu jamgʻarma 35 ta roʻyxat (opis)ga kiritilgan hujjatlardan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |