III-BOB DIPLOMATIK ALOQALAR BO’LIMI HUJJATLARI
Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasining diplomati aloqalar boʻlimi hujjatlari asosan qoʻshni hududlar xususan, Buxoro amirligi, Xiva xonligi, Afgʻoniston, Qoshgʻar va boshqa davlatlar bilan olib borgan diplomatik aloqalari rasmiy hujjatlari jamlangan. Bunda,Turkiston hududida va u bilan chegaradosh hududlarda olib borilgan harbiy harakatlar, siyosiy voqealar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, harbiy amaldorlarning imperatorga bergan axborot va hisobotlari toʻplagan va saqlandi. Shuningdek ushbu boʻlimda Turkiston general-gubernatori fon Kaufmanning habiy yurishlar toʻgʻrisisidagi xatlari, xususan, Samarqand (1868 y.), Kattaqoʻrgʻon (1868 y.) shagʻarlarining bosib olinishi, rus qoʻshinlarining Qoʻqonga yurishlari toʻgʻrisidagi imperatorga yoʻllagan xatlari majmui jamlangan. Bosib olingan hududlarning aholisi va etnik tarkibi, mustahkamlangan aholi punktlari, shahar va qalʼalar, chekka oʻlkalarda joylashgan mayda bekliklar toʻgʻrisidagi axborotlar, Buxoro amiri, Xiva va Qoʻqon xonlarining Turkiston generaral-gubernatori hamda Rossiya imperiyasi imperatori bilan olib borgan diplomatik aloqalari rasmiy hujjatlari ham aynan ushbu fondning qimmatli hujjatlari sirasiga kiradi.14 Kanselyariyaning diplomatik aloqalari bilan bogʻliq hujjatlari ichida Rossiya imperiyasining xonliklarga va xonliklar tomonidan
Rossiyaga joʻnatilgan elchilarining yozishma xatlari, Oʻrta Osiyo xonliklariga, xususan, N.I.Veselovskiy, B.L. Graombchevskiy, A.B.Fedcheko kabi rus sayyoh tarixchi olimlar va harbiy missiyalarining joʻnatilishiga oid, ularning oʻlka xalqlari toʻgʻrisidagi tarixiy va etnografik ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlar, xonliklarda vorislik masalalariga oid, Buxoro amiri va Xiva xonining Piterbug va Kavkazga qilgan tashrifi, Shaxrisabz beklariga berilgan orden va unvonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham koʻrishimiz mumkin15.Turkistondagi milliy ozodlik kurashi va Rossiya mustamlakasiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻalonlar, mahalliy xalqlarning Rossiya imperiyasining ijtimoy-iqtisodiy hamda moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida imperiya hududlarida eng ogʻir ishlarga jalb qilinishi, Turkistonga rus millatiga mansub aholining koʻchirib kelinishi va qoraqalpoq xalqining rus yerlariga koʻchirilishiga oid materiallar fondning diplomatik mazmundagi rasmiy hujjatlari sifatida kanselyariyada saqlanmoqda. Shuningdek, general-gubernatorlikning diplomatik aloqalar boʻlimida saqlanayotgan rasmiy hujjatlar sirasiga Rossiya imperiyasi va Oʻrta Osiyo xonliklari hamda Turkiston oʻlkasida oʻrtasidagi savdo aloqalari, karvon savvdosi, karvon yoʻllaridagi qaroqchiliklar, Turkistonga savdo-sanoat kapitalining kiritilishi, oʻlkada temir yoʻllarning qurilishi tarixiga oid materiallarni kiritish mumkin.Kanselyariyaning aynan shu boʻlimida Turkiston generalgubernatorligining siyosiy boshqaruvi tizimining tashkil etilishi va faoliyati bilan bogʻliq masalalarni yorituvchi hujjatlarni ham uchratishmumkin. Xususan, Turkiston general-gubernatorligi Kengashi, mahkamasi, harbiy okrugi, Toshkent dumasi va boshqalarning tashkil topishi hamda faoliyatiga oid rasmiy hujjatlar Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tizimi, davlat muassasalarining oʻsha davrdagi faoliyati tarixini yoritishda muhim manba hisoblanadi. Arxiv hujjatlarining guvohlik berishicha, 1886-yilgi “Nizom”ga muvofiq, Turkiston general-gubernatorligining maʼmuriy boshqaruvi yangi idora Turkiston general-gubernatori Kengashi bilan toʻldirilgan. Manbalarda keltirilishicha, Turkiston general-gubernatorligi Kengashi “Turkiston oʻlkasini boshqarish toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 1886 yil 12 iyunda tashkil etilgan. Shaxsan general-gubernator rahbarligida boshqarilgan Kengashning doimiy aʼzolari viloyatlar harbiy gubernatorlari, general-gubernator devoni boshqaruvchisi, Turkiston harbiy okrugi shtabi boshligʻi va boshqalardan iborat boʻlgan. Bu idoradan koʻzlangan maqsad hokimiyat qonunchilik asoslarini yaratish boʻlgan. Kengash oʻlkani idora qilishga taalluqli masalalarda qonun chiqarish huquqiga ega boʻlgan. Kengash 1917 yilgacha faoliyat yuritgan. Shuningdek, 1886-yilgi “Nizom” asosida Buxoroda Rossiya siyosiy agentligi taʼsis etilgani, uning ruxsati va roziligisiz Buxoro amiri na tashqi, na ichki siyosat masalalarida biror ishni mustaqil hal qila olmagani, siyosiy agent shu yerda istiqomat qiluvchi nasroniylar Bmanfaatlarini himoya qilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Turkiston general-gubernatorligi devonxonasining diplomatic hujjatlariga sirasiga general-gubernatorlik huzuridagi diplomati amaldor tomonidan yuritilgan rasmiy hujjatlar majmui ham kiradi. Turkiston general-gubernatori S.M.Duxovskiy (1898-1901 yy.) taklifi va Rassiya imperiyasi tashqi ishlar vazirining roziligi bilan 1899 yil 13 fevralda general-gubernatorlik huzuridagi diplomatik amaldor lavozimi taʼsis etilgan va bu rasman tasdiqlanmasdanoq Turkistonga joʻnatilgan. Ushbu lavozim Turkiston xalq komissarlari soveti qaroriga binoan bekor qilingan. Ushbu lavozim xizmat doirasiga Turkiston general-gubernatorligi va u bilan qoʻshni hududlarda koʻtarilgan xalq qoʻzgʻalonlari va noroziliklari hamda ularni bartarf etish borasida loyihalar ishlab chiqish, chora— tadbirlarni amalga oshirish, ular toʻgʻrisidagi maʼruza va hisobotlarni markazga taqdim etishdan iborat boʻlgan. Xususan, kanselyariyaning I-2 jamgʻarmasida Xitoy va Erondagi inqilobiy harakatlar (1912 y.), Buxoro amirligidagi diniy harakatlar (1910 y.), Xiva xonligidagi turkmanlar qoʻzgʻalaoni (1916-1917 yy.) va boshqa ozodlik harakatlari toʻgʻrisidagi qimmatli hujjatlarni uchratish mumkin.Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, Turkiston general-gubernatorligi diplomatik aloqalar boʻlimi hujjatlari orasida oʻlka aholisining etnik tarkibi va soni bilan bogʻliq statistik maʼlumotlar ham mavjud. Bunda quyidagilarni uchratish mumkin. XIX asrning oxirlariga kelib Turkiston general-gubernatorligining umumiy maydoni 1738918m2 ni tashkil etgan. 1897 yilgi birinchi Butunrossiya aholini roʻyxatga olishning maʼlumotlariga koʻra gubernatorlikning beshta viloyati aholisi quyidagicha edi:
1. Kaspiy boʻyi viloyati – 383 000 kishi.
2. Samarqand viloyati – 860 000 kishi.
3. Sirdaryo viloyati 1 478 000 kishi.
4. Fargʻona viloyati – 1 572 000 kishi.
5. Yettisuv viloyati – 988 000 kishi.
Jami – 5 281 000 kishi80.
Rossiya statistika boshqarmasining 1914 yilda toʻplangan maʼlumotlariga koʻra esa, bu koʻrsatkich 6 492 604 kishidan iborat boʻlgan oʻlkada rus ukrain va belorus aholisining soni 1897 yilda 197 240 kishi boʻlgan boʻlsa, 1911 yilga kelib ularning soni 406607 kishiga yetgan. Bundan tashqari, Turkiston aholisining etnik tarkibini tatarlar, boshqirlar, gruzinlar, armanlar, latishlar, litvaliklar polyaklar, qoshgʻarlar, uygʻurlar, taranchilar, forslar, hindlar, kurdlar, afgʻon va boshqa millat va elat vakillari ham toʻldirganlar. Oʻlkaning qishloq joylarida mahalliy aholining 86%, mahalliy boʻlmagan aholining 17% yashagan. Shaharlarda esa mahalliy aholining 14%, boshqa millat va elatlarga mansub aholining 83% istiqomat qilgan. Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonda rus maʼmuriy boshqaruvi va hukmronligini yanada mustahkamlash maqsadida, oʻlkaga rus millatiga mansub nochor aholi vakillari, yaʼni ularning soʻzi bilan aytganda “ortiqcha” aholini koʻchirish ishlariamalga oshirildi. Bu ularning Turkistonda strategik jihatdan mustahkamlanib olish, mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash, oʻlkada siyosiy jihatdan tayanch aholi punktlarini koʻpaytirishlariuchun zarur boʻlgan. Dastlab ruslar Turkistonga majburiy ravishda koʻchirilgan boʻlsa, keyinchalik ixtiyoriy koʻchuvchilarning soni ortib borgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, koʻchib kelganlarning 43,1% molmulksiz, 37,8 %pulsiz nochor aholi vakillari boʻlgan. Oʻlkaga koʻchib kelgan rus millatiga mansub dehqon oilalariga esa oʻrtacha 38,8 soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlangan. Markaziy Rossiyada Turkistonga doimiy yashash uchun koʻchib kelganlarning soni tobora koʻpayib borgan. Arxiv manbalaridagi maʼlumotlarga koʻra 1875 yildan 1890 yilgacha Turkistonga 1300 ta oila koʻchirilib, 19 ta rus qishloqlari barpo etilgan. 1891-1892 yillarda Rossiyadagi ocharchilikning kuchayishi natijasida bu yerdagi qishloqlarning soni 25 taga yetgan. XIX asr oxiriga kelib oʻlkada 116 ta rus posyolkalari qurilib, ularda 70 745 kishi istiqomat qilgan. Oʻlkada yashovchi rusiyzabon aholi vakillariga mahalliy aholi vakillaridan farqli oʻlaroq, juda koʻp imkoniyatlar berilgan. Bunday nohaqliklar, Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosati tartiblari, idora ululi va ruslashtirish siyosatiga nisbatan mahalliy aholi vakillari oʻrtasida ochiqdan ochiq namoyishlar tarzida noroziliklar bildirila boshlagan. Bunday noroziliklar alomatlarini quyi maʼmuriyat saylovlarida, yaʼni amaldor mahalliy aholi vakillari norozilik chiqishlari misolida ham koʻrish mumkin. Mustamlakachilik sharoitidagi milliy va sinfiy tengsizlik, koʻchirib keltirilgan rus millatiga mansub aholiga eng yaxshi yerlarning olib berilishi va ayniqsa birinchi jahon urushi yillarida mahalliy aholiga mansub erkaklarning yoppasiga majburiy xizmatga jalb qilinishi natijasida ommaviy qarshiliklar avjiga chiqqan va milliy ozodlik harakati darajasiga koʻtarilgan. Turkiston general-gubernatorligi diplomatik aloqalarga oid hujjatlar ichida milliy ozodlik harakatlari, oʻlkadagi rus maʼmuriyatiga qarshi qoʻzgʻolonlar va ularni ayovsiz bostirish uchun olib borilgan choratadbirlarni koʻrish toʻgʻrisdagi rasmiy hujjatlar ham mavjud. Turkiston oʻlkasida imperiya maʼmurlarining hukmron siyosatiga qarshi koʻtarilgan harakatlar (turli hududlarda va turli koʻrinish hamda miqiyosda) aslida Rossiya imperiyasi Oʻrta Osiyoni bosib olishni boshlagan paytlardayoq boshlangan. Lekin ular shafqatsizlarcha bostirib kelingan. 1973-1876 yillarda Qoʻqon xoniligidagi Poʻlatxon qoʻzgʻoloni bunga yaqqol
misol boʻladi16.Shunday qoʻzgʻolonlardan yana biri Qurbonjon dodhoh boshchiligida koʻtarilgan boʻlib, 1876 yilning oxirigacha davom etgan. Unga qarshi yuborilgan Skobelev boshchiligidagi rus qoʻshinlari qoʻzgʻolonni butunlay bostirolmagach, Kurbonjon dohoh bilan sulh tuzishga majbur boʻlgan. Ana shunday naroziliklardan yana biri 1878 yilda Mingtepa (Andijon)da Yetimxon boshchiligida boʻlib oʻtgan isyondir. Bu isyon natijasida Fargʻona viloyati harbiy gubernatori viloyatdagi mahalliy aholidan soliq undiruvchi nazoratchilarni ishdan olib tashlashga majbur boʻlgan. 1885-1890 yillarda Andijonning Qoʻrgʻontepa uyezdida Darveshxontoʻra boshchiligida boʻlib oʻtgan boʻlib, bu isyon rus qoʻshinlari tomonidan ayovsiz bostirilgan. 1892 yilda Toshkentda boʻllib oʻtgan “Vabo qoʻzgʻoloni” XIX asrning oxirlarida Turkiston oʻlkasida boʻlib oʻtgan eng yirik qoʻzgʻolon hisoblanadi. Bu qoʻzgʻolon Rossiya imperiyasining oʻlkadagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi qaratilgan milliy ozodlik harakati hisoblanadi. 1898 yil may oyida Andijonda mustamlakachi maʼmurlarning zulmiga qarshi yana bir ozodlik harakati boʻlib oʻtgan. Dukchi Eshon boshchiligidagi ushbu qoʻzgʻolon mahalliy aholining Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi koʻtarilgan norozilik harakati edi. Ushbu qoʻzgʻolon ham rus qoʻshinlari tomonidan vaxshiylarcha bostirilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. XX asrboshiga kelib, oʻlkadagi xalq harakatlari yangi bosqichga koʻtarilgan. Ayniqsa, 1900-1903 yillardagi iqtisodiy inqiroz oʻlkadagi mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatgan va mahalliy dehqonlarning norozilik harakatlariga sabab boʻlgan. Xuddi shunday harakatlar 1904-1907 yillarda Samarqandda ham boʻlib oʻtgan. Namoz Pirimqulov boshchiligidagi ushbu qoʻzgʻolon Samarqand, Kattaqoʻrgʻon, Jizzax, Xoʻjand uyezdlarida keng tarqalganligi va bu qoʻzgʻolonni bostirish uchun general-gubernatorlik mahkamasi alohida farmon chiqarib, qoʻshimcha mablagʻ ajratgani toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Birinchi jahon urushining iqtisodiy asoratlarini mehnatkash aholi zimmasiga yuklanishi va 1916 yil 25 iyunda Rossiya imperiyasi imperatori Nikolay II tomonidan “Imperiyadagi rus boʻlmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonlarida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yoʻlarini qurish uchun zarur boʻlgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida”gi farmoni (mardikorlikka olish) eʼlon qilingan. Ushbu farmonga koʻra, Sibir, Oʻrta Osiyo, Qozogʻiston va Kavkazorti xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan 400 000 kishi safarbar qilinishi rejalashtirilgan. Buning natijasida Oʻrta Osiyoning turli hududlarida keng miqiyosli norozilik harakatlari boʻlib oʻtgan. Bu harakatning eng yirigi Jizzax viloyatida boʻlib oʻtgan va bu qoʻzgʻolon Turkiston general-gubernatorining maxsus farmoniga koʻra ayovsiz bostirilgan. Xullas, Turkiston oʻlkasiga rus millatiga mansub aholi vakillarining koʻchirilishi, ularga mahalliy aholidan farqli oʻlaroq juda koʻp imtiyozlarning berilishi, tengsizlik va nohaqliklar natijasida oʻlkada vuujdga kelgan yuqorida sanab oʻtilgan milliy ozodlik harakatlari, ularni bostirish borasida rus maʼmuriyati tomonidan chiqarilgan farmonlar, qoʻzgʻolon tavsilotlari toʻgʻrisidagi hujjatlarning asosiy qismi Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasining diplomatik aloqalarga oid rasmiy hujjatlar orasidan oʻrin olgan17. Turkiston general-gubernatorligi kanselyariyasi diplomatik aloqalar boʻlimi hujjatlari orasida qoʻshni hujdudlar, xususan, Rossiya imperiyasining Qoʻqon xonligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan olib borgan diplomatik aloqalari masalasiga oid koʻpgina rasmiy hujjatlarni uchratish mumkin. Mazkur hujjatlar ichida 1868 yil 13 fevralda fon Kaufman va Qoʻqon xoni Xudoyorxon oʻrtasida imzolangan shartnoma, unga asosan Qoʻqon xonligining shu paytgacha Rossiya qoʻshinlari tomonidan bosib olingan hududlar Turkiston general-gubernatorligi tasarrufiga oʻtkazilgani, buning natijasida Fargʻona vodiysida xonga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonlar haqida maʼlumotlarni oʻzida jamlagan rasmiy hujjatlar majmui mavjud. Qoʻqon xonligidagi xalq harakatlari hamda Xudoyorxonning qochib ketishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat va rus qoʻshinlarining 1875 yil avgust oyida Qoʻqon xonligi qoʻshinlari bilan boʻlgan harbiy toʻqnashuvi oqibatlari, xususan, xonlik taqdirining hal boʻlishi, 1875 yil 22 sentabrda fon Kaufman va Nasriddinbek oʻrtasida imzolangan kelishuv shartnomasi shunday hujjatlar sirasiga kiradi. Ushbu boʻlimga tegishli hujjatlarda Turkiston general-gubernatori fon Kaufman tomonidan Samarqandning istilo qilinishi, amir Muzaffarning magʻlubiyati va ular oʻrtasida 1868 yil 23 iyunda tuzilgan Zirabuloq shartnomasi hamda buxoro amirligining Rossiya imperatorligi vassaliga aylantirilishi oid maʼlumotlar aks etgan. Bunda shuningdek, Zirabuloq sulhi shartlari va uning oqibatlari, xususan, Buxoro amirining Rossiya hukumatiga katta miqdordagi tovon puli (125 000 tilla) toʻlab, imperatorning roziligisiz tashqi aloqalar olib borishdan mahrum etilishi hamda Zarafshon daryosidan yuqoridagi yerlar, Samarqan, Kattaqoʻrgʻonni Turkiston general-gubernatorligi hududiga kiritilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin. Kanselyariyada mavjud hujjatlarda amirdan norozi kuchlarning chor Rossiyasiga qarshi davom ettirgan kurashlari va ushbu qarshiliklar natijasida erishilgan ijobiy va salbiy oqibatlar toʻgʻrisidagi maʼlmotlar ham keltirib oʻtilgan. Masalan, Amir Muzaffarning oʻgʻli Abdumalik boshchiligidagi beklar Joʻrabek, Bobobek, Sulton Sodiq oʻz kuchlarini birlashtirib, Karmana, Qarshi va Chiroqchi bekliklarini egallaganlari va Abdumalikni amir deb eʼlon qilgani, 1868 yilning kuzida Amir Muzaffar oʻz oʻgʻliga qarshi fon Kaufmandan yordam soʻrab olgani, unga javoban amir huzuriga general Abramov boshchiligidagi qoʻshinlar yuborilgani va 1868 yil 21 oktabrda ular oʻrtasidagi toʻqnashuvda Abdumalik toʻra boshchiligidagi beklar magʻlubiyatga uchraganini haqida bilib olishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |