Tashqi ko’rinishi. Qum charx ilonlar tanasining uzunligi 760 mm ga teng. Boshi mayda tangachalar bilan qoplangan bo’lib, bo’ynidan keskin ajralgan. Ko’zi vertikal. Ikkita yoki undan ko’p qalqoncha burun teshiklarini ajratib turadi. Boshining yuqori qismida ochiq rangli tangachalar uchrayotgan qushni eslatadi. Gavdasining rangi qum rangida, kulrang bo’lib juda o’zgaruvchandir. Tanasining yon tomonlaridagi tangachalar qora rangda bo’ladi. Ko’pgina sistematiklar bu ilonni kenja tur Echis carinatus (Schneider, 1801) sifatida hisoblashadi.
Hayot tarzi. Qum charx iloni mayda kemiruvchilar, ilon va kaltakesaklar, baqa va qurbaqalar bilan oziqlanadi. Bu ilon xar xir kovaklarda, toshlar tagida, kemiruvchi inlarida qoyalar yorug’ida qishlaydi. Issiq iqlimlarda qishki uyqudan mart oylarida uyg’onadi. Bahor oylarida kunduzi faol hayot kechiradi. Yozda esa kunduzi salqinlab yotib, kechqurunlari ovga chiqadi. Urg’ochisi 3-15 tagacha tuxum qo’yadi.
Qum charx iloni g’azablanganda gavdasini xuddi o’rmalayotganga yoki tisarilayotganga o’xshab qayishtiradi. Bunda tanasidagi tangachalarni bir biriga ishqalanishidan xuddi charxga o’xshab shitirlagan ovoz chiqadi. Shuning uchun ham bu ilonni charx ilon deb atalgan.
Oddiy yoki Pallas qalqontumshuq iloni
Tarqalishi. Qalqontumshuq ilon viperidlarga mansub bo’lib, bu ilon Shimoliy Eron, Mongoliyada, Xitoy va Koreyada, Afg’oniston, Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkmaniston, Qirg’iziston va O’zbekistonda uchraydi.
O’zbekistonda Tyan-Shan tog’lari, Farg’ona vodiysi, Turkiston, Zarafshon va Hisor tog’larida, Toshkent viloyatida uchraydi. Bu ilonlar joy tanlamaydi. Turli joylarda: tog’ va tog’ etaklarida, to’qay va qamishzorlarda uchratish mumkin.
Tashqi ko’rinishi. Qalqontumshuq ilon tanasining uzunligi 80 sm gacha bo’ladi. Ko’zlari, burun teshiklari va yuqorigi jag’ suyaklarining chuqurchasi orasida joylashgan yuz chuqurchasi borligi bu ilonlar uchun xosdir. Shuning uchun ham bu ilonlarni avvallari chuqur boshli ilonlar oilasiga kiritilgan. Boshi katta tangachali qalqonlar bilan qoplangan.
Tanasining rangi och, to’q kulrang yoki jigarran bo’lib, tanasi bilan dumi ustida ko’ndalang qora dog’lari bor. Tanasining yon tomonlarida qora xolchalardan iborat yo’li bor.
Qorin tomoni oqish yoki kulrang bo’ladi. Bu ilonlarning mis ranglisi ham uchrab turadi.
Uzoq vaqtlargacha Gloydius avlodiga mansub oddiy yoki Pallas qalqontumshuq (Agkistrodon halys) ilonini Agkistrodon avlodiga kiritilib kelingan.
Hayot tarzi. Qalqontumshuq ilon har xil kemiruvchilar inida, toshlar orasida qishlaydi. Qishki uyquga oktyabr oylarida ketadi. Bahorda mart oylaridan boshlab qishki uyqudan uyg’ona boshlaydi. Urg’ochisi sentabr, oktyabr oylarida 14-18 sm uzunlikdagi 4-10 tagacha bola tug’adi.
Qalqontumshuq ilon turli kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar bilan oziqlanadi.
Bu ilonni chaqishidan insonlarni nobud bo’lgani haqida ma’lumotlar bo’lmasada, joyli belgilar viperid ilonlar zahariga xosdir. Bu ilonni zahari ko’pincha qishloq xo’jaligi xayvonlarini hayotiga xavf tug’dirishi mumkin. Masalan, qalqontumshuq ilonlar zahari ta’siriga otlar chidamsiz hisoblanadi. O’z vaqtida yordam ko’rsatilmasa, otlar nobud bo’lishi mumkin.
Tarqalishi. Bu ilon Afg’oniston, Afrika, Arabiston, Eronda, Qozog’iston va O’zbekistonda uchraydi.
Bu ilonlar sahrolarda, qumloq, qattiq tuproqli er va sho’r, oq va qora saksovul, buta va chala buta o’simliklar bilan qoalangan erlarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |