Ikkinchi bob bo’yicha xulosalar
Kenja o’g’il obrazining kelib chiqishini patriarxal oilalar negizida monogam, kichik oilalarning yuzaga kelishi va merosning farzandlar o’rtasida taqsimlanishi udumlari bilan bog’lashga qaratilgan bu ilmiy qarash masalaga bir tomonlama yondashuv oqibati ekanligi keyinchalik folklorshunoslar tomonidan tanqid qilingan. Chunki monogam oilalar paydo bo’lgandan keyin ham ayrim xalqlarda, masalan, turkiy xalqlarning ko’pchiligida kenja o’g’ilning ota chirog’ini yoquvchi sifatidagi ijtimoiy mavqei saqlanib qolganligi etnografik tadqiqotlardan ma’lum. O’zbeklarda ham ota-ona yonida kichik o’g’il qoladi va ota merosi asosan unga qarashli bo’ladi. Shuning uchun o’zi xalq ertaklaridagi kenja o’g’il obrazining ideallashtirilishi an’anasi mayorat natijasida kelib chiqmaganligini ko’rsatadi.
Kenja botir haqidagi o’zbek xalq ertaklari o’zining obrazlar tizimi, syujet qurilishi, motivlar tarkibiga xos bir qator epik belgilariga ko’ra boshqa tipdagi ertaklardan farq qiladigan xususiyatlarga ega. Ularning asosiy belgisi bu tip ertaklarning syujeti asosan kenja o’g’il sarzguzashti asosiga qurilishidir. “Xolmirzajon”, “Shamshirboz”, “Sumbul qush”, “Jo’raxon”, “Kenja o’g’il”, “Bulbuligo’yo”, “Tilla behi”, “Sehrli pichoq”, “Uch og’ayni”, “Misr podshosi”, “Abulqosim” kabi ertaklarda kenja bolaning uddaburonligi, topqirligi, mardligi va g’aroyib ko’makchilar yordamida qiyin shartlarni uddalab, maqsadga erishuvi tasvirlanadi.
Kenja botir haqidagi turkum ertaklarning kompozitsion qurilishi va obrazlar tizimi “uchlik mezoni”ga asoslanadi. O’zbek folklorida mavjud bo’lgan epik an’anaga ko’ra, bu tip ertaklarning initsial formulasi aka-uka sonining uchtaligi haqidagi epik ma’lumotni bayon qilishi bilan xarakterlanadi. E.M.Meletinskiy, S.Yu.Nekludov, S.Ye.Novik, D.M.Segallarning fikricha, epik syujetning asosini tashkil etuvchi “uchlik mezoni” – ertaklarga xos bosh belgi. M.Jo’rayevning yozishicha esa, “uch” raqami o’zbek xalq ertaklarining kompozitsiyasini belgilovchi muhim badiiy elementlardan biridir. Deylik, “Uch og’a-ini botirlar” ertagining strukturasi an’anaviy uchlikka asoslangan. Cholning uch o’g’li, uch kecha yo’l yurish, kechani uchga bo’lib, poyloqchilik qilish, uch qiz, uch sinov kabi uchliklar ertakni boshdan –oyoq o’ziga bo’ysundirib olgan. Shuning uchun an’anaviy uchlik ertak poetik strukturasining muhim komponentlaridan biri hisoblanadi.
O’zbek xalq ertaklarida qo’llanilgan “sehrli” raqamlarning tarixiy asoslari va badiiy vazifalarini o’rgangan M.Jo’rayev kenja o’g’il haqidagi ertaklarda ko’p uchraydigan an’anaviy uch yo’l, muayyan voqea-hodisalarning uch marta takrorlanishi kabi motivlarni tadqiq etgan. Uning yozishicha, “uch” raqami o’zbek xalq ertaklarining kompozitsiyasini belgilovchi muhim badiiy elementlardan biridir. Deylik, “Uch og’a-ini botirlar” ertagining strukturasi an’anaviy uchlikka asoslangan. Cholning uch o’g’li, uch kecha yo’l yurishi, kechani uchga bo’lib poyloqchilik qilish, uch qiz, uch sinov kabi uchliklar ertakni boshdan-oyoq o’ziga bo’ysundirib olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |