Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar
Omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish, respublika bank tizimi likvidligi va uning barqaror rivojlanishini ta'minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan banklarning moliyaviy holati ustidan tizimli nazorat amalga oshirib borildi.
Tijorat banklari va ularning muassasalari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida kapital etarliligi, likvidlilik, aktivlar sifati va diversifikatsiyasi hamda bank Boshqaruv organlarining faoliyati muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.
Aktivlar bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarga qarshi etarli zaxiralarning to'liq shakllantirilishini ta'minlash maqsadida banklar aktivlarining holati qat'iy nazoratga olingan.
Bank operatsiyalarini amalga oshirishda operatsion va bozor tavakkalchiliklarini baholash bo'yicha har bir bankda bevosita bank Kengashiga bo'ysunuvchi Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qo'mitalari tashkil etilib, ularning faoliyati doimiy monitoring qilinmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 mayda qabul qilingan «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va resurs bazasini shakllantirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-2344-sonli Qarori talablariga muvofiq, banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, kapital etarliligi, likvidlik bo'yicha talablarni kuchaytirishni, Bazelь III tavsiyalarini bosqichma-bosqich joriy etishni ko'zda tutuvchi Markaziy bankning bir qator me'yoriy hujjatlari yangi tahrirda qayta ishlab chiqildi, 1 ta nizomga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Jumladan, ushbu hujjatlarda:
– regulyativ kapital etarlilik darajasining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich 10 foizdan 14,5 foizga etkazish, I darajali kapital etarlilik darajasining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich 5 foizdan 11 foizga oshirishni ko'zda tutuvchi me'yorlar belgilandi;
– aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish mexanizmi takomillashtirildi, investitsiya portfelining sifatini tasniflash tartibi joriy etildi;
– bankka aloqador bo'lgan shaxslar bilan bitimlarga qo'yiladigan talablar kuchaytirildi, bankka aloqador bo'lgan shaxslar tarkibi va bankka aloqador bo'lgan bitta shaxsga to'g'ri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasi aniqlashtirildi;
– banklarning likvidliligini boshqarishga talablar kuchaytirilib, likvidlilikni qoplash va sof barqaror moliyalashtirishning yangi me'yorlari o'rnatildi.
Aholi omonatlari xavfsizligini va depozit operatsiyalar shaffofligini ta'minlash maqsadida:
– omonatlar bo'yicha kunlik hujjatlarning to'g'ri rasmiylashtirilishini qo'shimcha ravishda tekshiruvdan o'tkazish maqsadida yakuniy nazorat xizmati joriy etildi;
– omonat mablag'larining but saqlanishini ta'minlash maqsadida har bir tijorat banki veb-saytida «shaxsiy kabinet» xizmati tashkil etildi.
«Tijorat banklari tomonidan jalb qilinadigan depozitlar (omonatlar) bo'yicha foiz stavkalarini shakllantirish mexanizmi to'g'risida»gi Nizom qabul qilinib, tijorat banklari tomonidan jalb qilinadigan depozitlar bo'yicha foiz stavkalarining o'zgarish dinamikasini doimiy ravishda monitoring qilib borish orqali foiz stavkalari asossiz o'sishining oldi olindi.
Tijorat banklarining korporativ boshqaruviga talablar kuchaytirilib, bank Kengashlari va Boshqaruvlarining vakolat va majburiyatlari qayta ko'rib chiqildi, kasbga oid etika hamda oshkoralik va axborotni oshkor qilish borasida me'yoriy talablar o'rnatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |