Xulosa va takliflar
Turmush darajasi konsepsiyasi tamoyillar va ko‘rsatkichlar tizimiga asoslanuvchi hamda aholining turmush farovonligini oshirishga qaratilgan g‘oyani ifodalaydi. Turmush darajasining konsepsiyasi ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirish strategiyasi, yo‘nalishlari va bosqichlarini belgilab beradi.
Sobiq Ittifoq davrida kommunizm qurish va «har kimda qobiliyatiga yarasha, har kimning ehtiyojiga yarasha» tamoyilini amalga oshirish asosiy maqsad sanalar edi. Bu aslida sho‘ro jamiyatining turmush darajasi konsepsiyasi vazifasini o‘tagan. Mazkur konsepsiya mehnatkashlarning muntazam o‘sib borayotgan ehtiyojlarini imkon qadar qondirishni ko‘zda tutgan.
Umuman olganda, sho‘rolar davrida mehnatkashlar ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ularning daromadlari, ish haqlari o‘sib bordi, ammo bu daromadlar salmog‘i, ehtiyojlar tarkibi va hajmi xalqaro o‘lchovlar bilan taqqoslaganda juda past edi.
O‘zbekistonda insonning minimal ehtiyojlarini ta’riflash uchun shunday tirikchilik minimumi belgilanganki, uni hisoblab chiqishda kalloriyalar, oqsillar, yog‘lar va uglevodlar zaruriy iste’molining fiziologik me’yorlaridan foydalaniladi.
Tirikchilik minimumi inson salomatligini saqlash va uning hayotiy faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlar va xizmatlar iste’molining minimal darajasi ko‘rsatkichidir.
Tirikchilik minimumi o‘rta hisobda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qiymat tarzida va umuman respublika bo‘yicha, asosiy ijtimoiy demografik guruhlar bo‘yicha belgilanishi mumkin.
Hozirgi vaqtda qonunchilikdagi tirikchilik minimumiga doir talablarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida aholining asosiy ijtimoiy-demografik guruhlari uchun iste’mol savatini belgilash bo‘yicha yangi Uslubiy tavsiyalar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslanib, uslubiy tavsiyalarga quyidagilar kirishi kerak:
1) asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar uchun, inson salomatligini saqlash va uning hayotiy faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulot- lari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlar minimal turlarini shakllantirish tamoyillari va tartibi;
2) iste’mol savatini belgilashda tabiiy-iqlim sharoitlari, aholining asosiy ijtimoiy-demografik guruhlari nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlar iste’mol qilishidagi milliy an’analar va viloyatlardagi mahalliy xususiyatlarni hisobga olishga asoslanadi;
3) asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar uchun, inson salomatligini saqlash va uning hayotiy faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarning namunaviy minimal turlari va boshqalar.
Insonning Rivojlanish Indeksi integral ko‘rsatkich bo‘lib, unda quyidagi ko‘rsatkichlar mavjud bo‘ladi:
1) kutilayotgan umr uzoqligi;
2) aholining savodliligi foizi bo‘yicha hamda 25 va undan yuqori yoshdagilar- ning o‘qiganlik yillari o‘rtacha miqdori bo‘yicha aniqlanadigan aholining ma’lumot darajasi;
3) muayyan yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining 117-sonli «Iqtisodiy siyosatning asosiy maqsadlari va me’yorlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga muvofiq, maqbul turmush darajasini saqlab borish maqsadida davlatlar oziq-ovqat bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, salomatlik, uy-joy qurish, mehnat sharoitlari, yollanma xodimlar va mustaqil ishlab chiqaruvchilarni taqdirlash, ijtimoiy ta’minot kabi sohalarda taraqqiyotga ko‘maklashish uchun iloji boricha chora-tadbirlar ko‘rishlari lozim23.
Aholining turmush darajasini quyidagi to‘rt ko‘rsatkich bilan ajratish mumkin:
- to‘q turmush darajasi - insonning har tomonlama kamol topishini ta’minlaydigan ne’matlardan foydalanish;
- normal daraja - insonning jismoniy va aqliy kuch-quvvatini to‘la tiklash uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydigan ilmiy asoslangan me’yorlar bo‘yicha oqilona iste’mol qilish;
- kambag‘allik - mehnat uchun resurslarni qayta yaratishning quyi chegarasi sifatidagi ish qobiliyatini saqlash darajasida ne’matlarni iste’mol qilish;
- qashshoqlik - iste’mol qilinishi insonning yashash qobiliyatini saqlash imkoniyatinigina beradigan ne’matlar va xizmatlarning biologik mezonlar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan minimal turlarini iste’mol qilish.
Hozirgi sharoitda davlat ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga butunlay aralashmasligi mumkin emas, chunki bozorning taqsimoti o‘z tabiati bo‘yicha adolatsizdir. Bozor sharoitida «har bir kishiga – iqtisodiy faoliyati natijasi- dan qat’i nazar munosib hayotni ta’minlovchi daromad» tamoyiliga rioya qilinmay- di. SHuning uchun bu jarayonga davlatning aralashuvi zarurat hisoblanadi.
Davlat tomonidan tartibga solishning ob’ektiv imkoniyati iqtisodiy rivojlanishning ma’lum darajaga etishi, ishlab chiqarish va kapital konsentratsiyasida yuzaga keladi. Bu imkoniyatni haqiqatga aylantirish zarurati muammolar o‘sib borgani sayin kuchayadi va ularni davlat tomonidan tartibga solish orqali bartaraf etish lozim.
Aholi turmush darajasini quyidagi ko‘rsatkichlar majmui ifodalaydi.
BMT tomonidan taklif qilingan ko‘rsatkichlar 12 guruhni tashkil qiladi:
- aholining tabiiy harakati ko‘rsatkichlari;
- turmushning sanitar – gigienik sharoitlari;
- oziq - ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish;
- yashash sharoitlari;
- ta’lim va madaniyat;
- mehnat sharoiti va bandlik;
- aholining daromadlari va harajatlari;
- turmush qiymati va iste’mol baholari;
- transport vositalari;
- dam olishning tashkil etilishi;
- ijtimoiy ta’minot;
- kishi erkinligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |