Hurmatli tadbirkorlar!
Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin kredit bo'yicha foiz stavkalarini sun'iy pasaytirsak, pul-kredit bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo'ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo'lmasa, iqtisodiy o'sish bo'yicha ko'zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.
Bu borada foiz stavkalariga bevosita ta'sir etadigan inflyatsiyani, yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to'liq bozor mexanizmlariga o'tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.
Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o'qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa, yoshlarga o'z g'oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag'lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko'makdosh bo'ladi.
Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.
Oltinchidan, islohotlarimiz uchun o'ta muhim bo'lgan oilaviy tadbirkorlik yo'nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta'minotchini qayerdan topaman, deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.
Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish va sotishgacha bo'lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn shaklida hal etiladi. O'z navbatida, ushbu platforma ta'minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion so'mlik bozor yaratadi. Ya'ni, ta'minotchilar uchun o'zlari ishlab chiqargan asbob-uskunalar, xomashyo va tayyor mahsulotlarni to'g'ridan-to'g'ri sotish imkoniyati yaratiladi.
Iqtisodiy kompleks rahbarlari – Bosh vazir o'rinbosari J.Qo'chqorov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni atroflicha tushuntirib, undan samarali foydalanishni yo'lga qo'yishni tashkil etishlari zarur. Bu borada ishni mahallabay tashkil etish bo'yicha Andijon tajribasini butun mamlakat bo'ylab keng qo'llash lozim bo'ladi.
Yettinchidan, ko'plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko'paytirish maqsadida bankdan tashqari kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo'lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so'ralgan. Bu masala Andijondan “Almaz Finans” korxonasi rahbari Olimjon Oxunov va Jizzaxdan “Diamond-N Trade Capital” korxonasi rahbari Sherzod Soatovning murojaatlarida ham ko'tarilgan.
Bu takliflar bizga juda ma'qul. Shuning uchun joriy yil 1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to'liq bekor qilinadi. Endi ular o'z faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya.
Shuningdek, bundan buyon ularga kassa uchun xonalar tashkil etish, hududlarda filiallar ochishda Markaziy bankning roziligini olish shart bo'lmaydi. Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so'm) va mikrolizing (600 million so'm) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag'lar jalb etish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar, xuddi banklar kabi, to'lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo'ladi.
Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo'shimcha 10 trillion so'm mablag' shakllanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |