3-kazus
Ijtimoiy normalar kishilar, ularning jamoalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy xulq-atvor qoidalari bo‘lsa, huquq davlat tomonidan o‘rnatiladigan yoki maʼqullanadigan, o‘zida erkinlik, tenglik va adolat tamoyillarini ifodalaydigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, bajarilishi umummajburiy bo‘lgan yurish-turish qoidalari yig‘indisi hisoblanadi. Shu bilan birga, huquq va boshqa ijtimoiy normalar bir-biridan turli jihatlariga ko‘ra, xususan, shakllanish usullari va manbalari bo‘yicha, taʼminlash usullari va ifoda etish shakliga ko‘ra, kishilar ongiga taʼsir etish xususiyati va usullariga ko‘ra, javobgarlik mohiyati va tartibi bo‘yicha hamda amal qilish sohalari bo‘yicha farq qiladi. Ayrim manbalarda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda huquqning ahamiyati yuqori ekanligi qayd etilsa, boshqalarida ijtimoiy normalar munosabatlarni tartibga solishda samarali vosita ekanligini bildiriladi.
Huquq va boshqa ijtimoiy normalarning bir-biridan farqli jihatlarini yoritish orqali vaziyatga baho bering.
Oraliq nazorat mustaqil ishi
“Shakl buyumga hayot baxsh etadi”
qadimgi rim matali
Kirish.
Ma’lumki, huquq normasi hamda normativ-huquqiy hujjat bir-biriga bog’liq, biri-ikkinchisini taqazo etadigan tushunchalar hisoblanishiga qaramay, mazkur tushunchalar bir-biridan farq qilib, turli mazmun va ahamiyat kasb etadi. Quyida huquq normasi tushunchasiga atroflicha yondashgan holda ushbu tushunchalarni bog’lab turgan xususiyatlar hamda farqli jihatlariga aniqlik kiritamiz.
Huquq o’z ichki tuzilishiga ega. Yaxlit bir tizim sifatidagi huquq tizimi o’z ichiga huquq tarmoqlarini, huquq institutlarini oladi. Huquq tizimining eng kichik, birlamchi tarkibiy unsuri bo’lib, huquq normasi hisoblanadi. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor X.B.Boboyevning huquq normasi haqidagi fikrlari hamda o’xshatishlari e’tiborga loyiq: agar huquqni, huquq tizimini bir bino deb qaraydigan bo’lsak, huquq normasi uning bir gashti sifatida yoki bir jonli organizmning eng kichik bir hujayrasi sifatida namoyon bo’ladi. Shu bois, unda huquqqa xos bo’lgan muhim belgilar jamlangan bo’ladi. Huquq normasi hokimiyat tepasida turgan siyosiy kuchlarning amr-irodasini ifodalaydi; davlat tomonidan o’rnatilgan yoki sanksiyalangan bo’ladi; barcha huquq sub’yektlari tomonidan bajarilishi majburiy; aks holda davlatning majburlov kuchi bilan ijrosi ta’minlanadi; normativ aktlarda va boshqa huquq manbalarida ifodalanadi1. Mazkur institut yuridik fanning, jumladan davlat va huquq nazariyasining fundamental ilmiy kategoriyalaridan, shuningdek, respublikamiz qonunchiligining ajralmas bir bo’lagi hisoblanadi. Ayni paytda, huquq normasiga yaxlit bir tizimning eng kichik bo’lakchasi sifatida o’ziga xos jihatlar ham tegishlidir.
Mazkur tushunchaning etimologiyasiga nazar tashlaydigan bo’lsak, aslida «norma» so’zi lotincha bo’lib, u o’zbekchada «qoida», «namuna» ma’nolarini anglatadi. Darhaqiqat, har bir norma o’zida biron-bir xatti-harakat, xulq-atvor qoidasini, muayyan yurish-turish modelini ifodalaydi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasiga binoan, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar, - bu huquqiy norma fuqarolarning amaldagi qonunchilikka nisbatan qanday xatti-harakat qilishi to’g’risidagi qoidalarni o’zida mustahkamlagan.
Yuridik fanlari doktori X.T.Odilqoriyev huquq normasi masalalarini ilmiy tadqiq etishning muhimligi haqida quyidagicha fikr bildiradi: huquq normasi huquqiy tizimning barcha elementlari bilan chambarchas bogliq: bir tomondan, huquq normasi huquq ijodkorligi, shu jumladan qonunchilik jarayonining mahsuli bo’lsa, ikkinchi tomondan, u huquqni qo’llash jarayoni orqali amalga oshirilib, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish vositasiga aylanadi, uchinchidan, huquq normasi huquqiy munosabatlarning andozasi, modeli sifatida maydonga chiqadi2.
Huquqiy normaning yana bir muhim jihati uning davlat erki-irodasini, amrini ifoda etishida ko’rinadi. Shu bois, huquq normasi - muayyan munosabatlar ifodasi yoki muayyan harakatni sodir etishni maslahat beruvchi tavsiyanoma tarzidagi qoida bo’lmay, balki, shu normada ko’rsatilgan holatlar yuzaga kelganda qanday harakat qilish lozimligini belgilovchi hokimona amr - buyruqdir. Zero, har qanday huquq normasi vakolatli davlat organi tomonidan o’rnatiladi yoki sanksiyalangan bo’ladi, shu bois davlat amri-irodasini ifodalaydi, umummajburiy qoida tariqasida amal qiladi. Huquq normasida belgilangan lozim xatti-harakat qoidasi mabodo bajarilmasa, uning bajarilishini ta’minlovchi davlatning majburlov choralari harakatga kiradi. Masalan: huquq sub’yekti tomonidan qonunga xilof harakatlar sodir etilishi tegishli yuridik javobgarlikning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi, demak, huquq normasi davlatning salohiyatiga, kuchiga tayanadi.
Shunday qilib, huquq normasi - barcha huquq sub’yektlari uchun majburiy bo’lgan, davlat tomonidan o’rnatilgan va sanksiyalangan xatti-harakat qoidasi, xulq-atvor namunasi bo’lib, unda ijtimoiy munosabat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari mustahkamlanadi.
Huquq normasi yaxlit normativ-huquqiy hujjatdan farqli o’laroq, huquq tizimining boshlang’ich elementi, ya’ni kichik tizim sifatida huquq normasi o’z ichki tuzilishiga ega, ya’ni huquq normasi mazmunan o’zaro bir-biri bilan bog’liq bir necha tarkibiy qismlardan iborat. Takidlash joizki, adabiyotlarda huquqiy normaning tuzilishi masalasida turlicha yondashuvlar mavjud. Lekin huquqiy normaning uch elementdan iboratligi haqida fikrlar huquqshunoslikda keng tarqalgan. Huquqiy normada, avallambor, norma qo’llaniladigan sharoitga oid qism bor, so’ngra xulq-atvor qoidasining o’zi bayon qilinadi, oxirida esa ushbu qoidani bajarmaganlik uchun kelib chiqadigan yuridik oqibat nazarda tutiladi3.
Shunday qilib, huquqiy norma quyidagi 3 unsurdan iborat:
gipoteza;
dispozitsiya;
sanksiya.
Bizga berilgan muomoli vaziyatda huquq normasi hamda normativ-huquqiy hujjat o’rtasida tafovut so’ralganligi bois, huquq normasining tarkibiy tuzilishiga alohida to’xtalish maqsadga muvofiq emas deb topdik. Shu o’rinda normativ-huquqiy hujjat tushunchasiga to’xtaladigan bo’lsak, bizga davlat va huquq nazariyasidan ma’lumki, normativ-huquqiy hujjat huquqning asosiy manbayi hisoblanadi. Boshqa roman-german huquq oilasiga mansub davlatlarda bo’lgani kabi mamlakatimizda ham huquqni ifodalashning asosiy shakli – normativ-huquqiy hujjatlardir. Normativ-huquqiy hujjatlar davlar organlari tomonidan o’rnatiladigan yoki ma’qullanadigan, majburiy yurish-turish va xulq-atvor mezonlarini belgilaydigan huquqiy hujjatlarning alohida turi hisoblanadi. E’tiborli tomoni boshqa mamlakatlarda bo’lgani kabi O’zbekistonda ham normativ-huquqiy hujjatlar bilan bog’liq munosabatlar maxsus qonun bilan tartibga solinadi. O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 3-moddasida normativ-huquqiy hujjat tushunchasiga shunday ta’rif beriladi: normativ-huquqiy hujjat ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko’rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o’zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir. Mazkur hujjatda normativ-huquqiy hujjatlarning turlari, ularing o’zaro nisbati, shuningdek, hujjat loyihalarini tayyorlash, ularga qo’yiladigan asosiy talablar, normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilish, ularning kuchga kirishi va amal qilishi bilan bo’g’liq munosabatlarni tartibga soladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar o’zining quyidagi uch xususiyati bilan ijtimoiy normalarning boshqa turlaridan ajralib turadi:
1) normativ-huquqiy hujjatlar vakolatli davlat organlari tomonidan yaratilib, barcha uchun umummajburiy qoidalarni o’rnatadi, o’zgartiradi yoki bekor qiladi;
2) ularda huquqiy qoidaning mazmuni, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining huquq va burchlari ifodalangan bo’ladi;
3) normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan qoidalar bajarilmagan yoki buzilgan taqdirda muayyan huquqiy oqibatlar kelib chiqadi, qoida bo’yicha davlatning majburlov kuchi ishga solinadi4.
Demak, normativ-huquqiy hujjat bu huquqni ifodalashning asosiy shakli bo’lib, jamiyat huquqiy tizimining o’zagi hisoblanadi.
Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilishimiz mumkinki, huquq normasi hamda normativ-huquqiy hujjat mazmun jihatdan turli tushunchalar hisoblananib, huquqiy norma normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan qonunlarning tarkibiy qismi sifatida maydonga chiqadi. Shu sababli ham mazkur ikki tushunchalar bir-birini taqazo etadi. Huquq normasi – davlat tomonidan o’rnatiladigan, hamma uchun majburiy hisoblangan yurish-yurish turish qoidasi bo’lsa, mazkur qoidalar normativ-huquqiy hujjatda ya’ni davlat organlari tomonidan o’rnatiladigan yoki ma’qullanadigan, majburiy yurish-turish va xulq-atvor mezonlarini belgilaydigan yaxlit bir huquqiy hujjatda o’z ifodasini topadi.
Shunday ekan, mazkur tushunchalar davlat uchun nafaqat nazariy, balki birinchi darajali amaliy ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |