Ey pari paykarki, umri jovidonimsen* mening,
To tirikmen, sendan ayrilmonki, jonimsen mening.
she’rni yaxshi ko‘radigan va o‘zi ham g‘azal mashq qila boshlagan Salima begim Bayramxonning bu haroratli baytidan astoydil zavq olgani uning parpirab yongan ko‘zlaridan bilindi. Shunda Bayramxon avvalgidan ham haroratliroq ovoz bilan yana bir bayt aytdi:
Yo‘q sencha kishi sevguluk el ichraki, yo‘qtur,
Sendek sevarim, xoh inon, xoh inonma.
Bayramxonning bu g‘azali kuyga solib aytiladigan mashhur ashulalardan ekanini Salima bilardi. Onasi Gulrang begimga atalgan bu satrlarni Bayramxon endi uning shoirtabiat qiziga tikilib aytganda, eski muhabbati go‘yo yangilandi-yu, el ichida endi unga Salima begimdan suyukliroq qiz yo‘qday tuyuldi.
Bayramxonday katta shoir bilan suhbatlashganidan xursand bo‘lgan Salima keyinroq payt topib unga o‘zining she’riy mashqlarini ko‘rsatdi. Qiz bolaning ishqiy she’rlar yozishi mutaassib odamlar tomonidan uyat sanalardi, shuning uchun Salima o‘z she’rlariga «Mahfiy» deb imzo chekar edi.
Salima bir vaqtlar Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab yurgan paytlaridan beri Akbarni bolalarcha bir mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Uning ishqiy she’rlari Akbarga bag‘ishlangan, lekin buni hech kimga, shu jumladan, Bayramxonga ham aytmas edi.
Qizning she’rlaridagi bu yashirin olov Bayramxonning unga bo‘lgan mehrini yanada alangalantirganday bo‘ldi. she’r bahonasi bilan ular bog‘da bir necha marta suhbatlashdilar.
Bayramxon Salimaga uylanish va podshoh oilasiga kuyov bo‘lish niyatini ko‘ngliga mahkam tukkan edi. Humoyun va’dasini bajarishga ulgurmay olamdan o‘tdi. Salimaning ham otasi, ham onasi o‘rnida Hamida begim qoldi.
— Endi, hazrat begim... xudo bizni osuda kunlarga yetkazdi. Katta qurilishlar, orzu-havasli to‘ylar qiladigan paytlar keldi...
Xonbobo bugun Salima begimga yosh ko‘ringisi kelib, soqol-mo‘ylovini bo‘yattirganini Hamida begim endi payqadi. Lekin uch kam oltmish yillik umr mashaqqatlari uning yuziga, peshonasiga, hatto, bo‘yinlariga chuqur ajinlar solib ketgan edi. Bo‘yalgan soqol-mo‘ylov bilan bu ajinlar bir-birini fosh qilishini Bayramxon o‘zi ham sezayotganday qimtinib, o‘ng‘aysizlanardi. Xonboboni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan Akbar gap nimadaligiga tushunmay, goh unga, goh onasiga hayron bo‘lib qarardi. Hamida begim iztirob ichida qolganini sezgan Bayramxon uning biron sovuq gap aytib qo‘yishidan cho‘chidi va so‘zini tezroq tugatishga intildi:
— Qolgan gapni bugun oqshom shayx Gadoyi kelib aytgay, begim. Men Sherxon asirligidan qochib yurganimda bu shayx meni uyiga yashirib, naqd o‘limdan olib qolgan. Shuning uchun uni munosib ko‘rdim... Men o‘ttiz yil davomida shu xonadonga qilgan xizmatlarimni o‘zingiz bilursiz. Bizga shu inoyatni munosib ko‘rsalaringiz, men uchun eng oliy mukofot bo‘lg‘ay. Shu vaqtgacha qilgan xizmatlarim daryodan tomchi. Daryoning o‘zidek katta xizmatlarni qon-qarindosh bo‘lganimizda qilgaymen!
— Janob vakili saltanat! Hali dilimizdan qayg‘u arigani yo‘q. Shayx Gadoyi shoshmasinlar. Keyinroq...
— Qachon? — sabrsizlanib so‘radi Bayramxon.
— Yana uch-to‘rt oy o‘tsin.
Bir vaqtlar Qazvinda elchilik qilib yurgan kezlarida juda bardoshli va mulohazakor odam bo‘lgan Bayramxon keyingi yillarda xiyla o‘zgarib qolgan. Qandahorda o‘n yil hokim bo‘lgan va so‘nggi paytlarda Akbarni ham o‘z izmiga bo‘ysundirgan tojsiz podshoga aylangandan beri avvalgi sabr-bardoshi va mulohazakorligi uni go‘yo tark etgan. Hozir ham «uch-to‘rt oy» degan so‘zlardan ozorlanib:
— Hazrat begim, paysalga solinsa gap ko‘paygay!— dedi. — Mayli, bir hafta o‘tsin. Shayx Gadoyini kelgusi chorshanbada qabul qiling...
Akbar bu orada gap nimadaligini fahmlay boshlagan edi. U hozir onasining yonini olsa, gap battar chigallashishini sezgan Bayramxon:
— Amirzodam, — deb Akbarning xayolini boshqa yoqqa burdi, — siz mendan Panjob bilan Mankot viloyatiga borish uchun ijozat so‘ragan edingiz. Mana, yomg‘ir fasli tugadi.
— Endi jo‘nasak bo‘lg‘aymi? — qiziqib so‘radi Akbar.
— Ha, Laxo‘rda atkangiz Shamsiddin Muhammad sizni kutib olg‘ay. U hozir Panjob hokimi. Mankot ham bizga xayrixoh viloyat. Bu yerdan mingta bek-u navkar Pirmuhammad atka boshchilig‘ida sizga hamroh bo‘lg‘ay. Shu hafta yo‘lga chiqmog‘ingiz mumkin. Barcha tayyorliklar ko‘rilgay.
Bayramxon Salima begimning Akbarga mehri borligini ishonchli odamlardan eshitgan edi. Endi sovchi keladigan nozik paytda Akbarni uzoqroqqa yuborib, qiz tufayli ikki oraga tushishi mumkin bo‘lgan nizoning oldini olmoqchi edi. Bayramxon o‘z niyatiga tezroq yetish uchun hamma narsani oldindan o‘ylab, astoydil tayyorlanib kelganini sezgan Hamida begim og‘ir va tahlikali tuyg‘ular girdobida qoldi.
— Onajon, men Mankotga ketsam, sizga qiyin bo‘lmagaymi? — deb so‘radi Akbar.
Hamida begim Salimani o‘ziga kelin qilmoqchi edi. Qiz ham shuni juda istaydi, Akbarga duch kelib qolsa, bo‘lajak kelinchakday uyalib qimtinadi. Akbar hali uylanish to‘g‘risida o‘ylamaydi. Lekin vaqt o‘tishi bilan u ham o‘zining Salimaga ko‘ngli borligini fahmlab qolishi mumkin.
Hamida begim hozir shuni Bayramxonga aytadigan bo‘lsa, qiziqqonli otaliq olovlanib ketishi aniq. Axir u Humoyunning va’dasiga orqa qilyapti. Bir vaqtlar Gulrang begimni unga bermaganlarining alamini unutolmay yuribdi.
Ikki orada nizo chiqsa, Akbar ayovsiz kurash girdobiga tortiladi-yu, hayoti xavf ostida qoladi.
Yo‘q, Hamida begim yolg‘iz o‘g‘lini bunday xavf-u xatardan uzoqroq tutmog‘i kerak. Akbarning o‘zi ham qachondan beri Mankot tomonlarga safar qilish orzusida yurardi. O‘g‘li hozir shuni istab turganini ko‘rgan Hamida begim:
— Mayli, Akbarjon, sizni sog‘inib qiynalsam ham, bardosh berurmen! — dedi.
Akbar safar ishtiyoqi va tayyorgarligiga berilib, Bayramxon bilan onasi orasida bo‘lib o‘tgan g‘alati va sirli gaplarning sababini uncha surishtirmadi. Lekin u jo‘naydigan kuni ertalab onasining xonayi xosiga xayrlashish uchun kirganida rangi so‘lg‘in, ko‘zlari yig‘idan qizargan Salima begimni ko‘rib qoldi.
Akbar yarim yosh katta edi va qizga «sen» deb gapirardi:
— Ha, Salima, senga ne bo‘ldi?
Hamida begim «aytma» deganday labini tishlab qaradi. Lekin Salima ichki tug‘yonini Akbardan yashirolmadi:
— Men ham sizdek... xonbobo deb... bobom o‘rnida ko‘rsam... nevarali odam menga oshiq bo‘lganmish!.. Uylanmoqchi emish.
Akbar Bayramxonning o‘tgan kuni odatdan tashqari iymanib aytgan so‘zlarining ma’nosini va shayx Gadoyi kelishining sababini endi tushundi.
— Nahotki? Yo‘g‘-ey! Salima, balki xonbobo hazil qilgandir?..
— Hazil emish!.. Mana, xonbobo o‘zi menga arzi hol qilib yozgan she’ri.
Ikki yoshga iztirob bilan tikilib nima deyishini bilmay turgan Hamida begim ularning bir-biriga qanchalik munosibligini ko‘rib, yuragini alam timdaladi. Akbar — mo‘ylabi ko‘zga tashlanib qolgan, durkun gavdali, jozibali yigit. Balog‘atga yetib, pushtirang baxmal nimchasining ko‘kraklari bo‘rtib turgan xipcha bel, nafosatga to‘la qiz Salima. Nahotki ularning taqdirlari qo‘shilmagan bo‘lsa?
Akbar oltin suvi yugurtirilgan ipak qog‘ozdagi satrlarga ko‘z yugurtirdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |