Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet19/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

Xudoyo, tu in gavhari shahvor
Zi osibe badguharon dur dor.
Zi daryoyi donish ba o‘ ob deh
Zi xurshidi binish ba o‘ tob dex*.

Humoyun o‘g‘liga bu satrlarni o‘qib berdi:


— Mening senga tilagim shu! — dedi. — Ol!
Forsiy tilni ham yaxshi biladigan Akbar o‘rnidan turib, otasining she’rini ta’zim bilan oldi-da, ko‘zlariga surdi:
— Men buni jon o‘rnida asragaymen!
O‘sha kuni kechqurun Akbar o‘zining dastorpechiga buyurib, otasi in’om etgan to‘rt satrni shohi tumorchaga tikdirdi-da, kiyimlari ichidan bo‘yniga bilintirmay taqib oldi.
Mana, hozir u otasining yonida Dehlining eng baland joyiga qurilgan shiypon ustida turganda o‘sha tumorchaning shohisi issiqda terlagan badaniga allanechuk salqin tegayotganini sezdi-da, o‘zicha bir suyunib qo‘ydi.
— Shukurki, ko‘zim tirikligida seni Dehliga olib keldim, — dedi Humoyun. — Bu shahri azimni men ko‘pdan berli poytaxt qilish niyatida edim. Lekin meni bu niyatga yetkazadigan yo‘l yer tagidan o‘tganini bilmas ekanmen.
— Qandoq... yer tagidan? — tushunmay so‘radi Akbar.
Humoyun unga Qazvinda Elbrus tog‘i haqida eshitgan rivoyatini aytib berdi.
— Yer tagiga tushib ketgan o‘sha tog‘ mening yelkamdan bosib tushgandek bo‘ldi. o‘n besh yil davomida shu tog‘ni Sind-u, Qandahor-u, Qazvin-u Kobul orqali ko‘tarib o‘tishga majbur bo‘ldim, uning og‘irligidan ezilib azob tortdim. Nihoyat, bugun shu tog‘ — otam tuzib ketgan o‘sha ulkan davlat — yana yer yuzasiga qaytib chiqdi. Men qurishga ulgurmagan obidalarni endi sening qurmog‘ing uchun imkon bor. Axir ota qismatiga o‘g‘il sherik! Otamning umri menda davom etgan bo‘lsa, mening umrim senda davom etgay. Biz xuddi yuz yillab yashaydigan chinorning alohida shoxlari-yu ildizlariday yaxlit bir oi­lamiz.
Humoyun o‘g‘liga bugun birinchi marta dilini yorib, ko‘nlining tubini ochib ko‘rsatar, Akbarning kamoli jiddiyat bilan tinglayotganidan hamma gapni ko‘ngliga tugayotgani bilinib turardi.
— Chinorning dastlabki ellik-oltmish yildagi o‘sishi bir avlod umriga qiyos etgulikdir, — deb davom etdi Humoyun. — Keyingi ellik-oltmish yillik o‘sishi ikkinchi avlod hisobiga bo‘lgay. Bu orada chinor avvalgidan ikki barobar baland ko‘tarilgay. Uchin­chi avlodning umri bu chinorni eng baland yuksaklikka ko‘tarib, ulug‘ daraxtga aylantirgay. Lekin uning shu ulug‘ligida nihol paytida otgan ildiz­lari-yu o‘rta yasharligida yoygan shoxlarining hissasi bo‘lgaymi, yo‘qmi?
—Bo‘lgay! — dedi Akbar.
— Sen kelajakda eng baland poyalarga ko‘tarilganingda mening shu so‘zlarimni bir eslab qo‘ygin.
— Barcha so‘zlaringiz mening qalbimga toshga bitilgan harflarday naqshlanmoqda, hazrat otajon. Faqat siz... shunday ulkan g‘alabadan so‘ng... nechun ko‘nglingiz o‘ksigan kabi so‘zlamoqdasiz?
— Armonim ko‘p, o‘g‘lim, yoshlikda tuzgan ulkan rejalarim amalga oshmadi. Endi hammasini qaytadan boshlashga umrim yetmasligini sezib turibmen. Odamzod jamiyati hali benihoya nokomil. Alohida komil siymolar bor, ammo butun jamiyat — ato­fimizni o‘rab turgan tabiatga nisbatan g‘oyat xom, betartib. Yer-u ko‘kdagi tartib-u muvozanat meni doim hayratga solur. Oftob vaqtida chiqgay. Oy aniq soat-u daqiqasida to‘lgay. Yulduzlar zo‘r bir tartib bilan aylangay. Bahor ketidan albatta yoz kelgay. Xayol­parast ekanmenmi, yer-u ko‘kdagi mana shu tartib-u muvozanatni jamiyatga tadbiq etmoqchi bo‘libmen. Yilning o‘n ikki oyi, muchalning o‘n ikki yili asosida saroy ahlini o‘n ikki toifaga bo‘lib, har biriga alohida mavqe belgilabmen. Ammo men tabiatda yo‘q jaholat-u xurofot, riyokorlig-u amalparastlik, g‘alamislig-u xoinlik jamiyatda bijg‘ib yotganini unutgan ekanmen. To‘g‘ri, tabiatda yo‘q ilm-u san’at, ma’rifat-u zakovat fozil odamlarda bor. Lekin bizning jamiyatimizda ular hali juda oz. Shuning uchun mening bu yo‘ldagi harakatlarim shamolni tutib tartibga, solmoqchi bo‘lgan xayolparastning ishidek bekor ketdi.
Ota bola suhbatga berilib qorong‘i tusha boshlaganini sezmagan ekanlar. Shiyponning yaqinidagi masjiddan shom namozining azoni eshitildi. Shiy­ponda chiroqlar yoqildi. Humoyun Akbar bilan pastki qavatga tushib tahorat olishdi, so‘ng masjidga birga borishdi.
Shayxulislom Ansoriy oldinda imomlik qildi. Humoyun o‘g‘li bilan yonma-yon turib namoz o‘qir ekan, Akbar sajdaga bosh qo‘yganda Qur’on oyatla-rini o‘smirlarga xos mas’um bir nafas bilan pichirlab aytganidan zavqi keldi. O‘g‘li ulg‘ayib otasi qatorida masjidda namoz o‘qiydigan kunlar kelganidan qalbi yayrab, «alhamdulillo!» deb shukrona aytdi.
Namozdan ruhi yengil tortib chiqqan Humoyun Akbarni o‘zining xonayi xosiga boshlab bordi. Hozir­gi damlar unga allanechuk g‘animat tuyular, xu-dodan tilab olgan o‘g‘lini unutilmas bir in’om bilan quvontirgisi kelardi.
Xonayi xosning to‘rida ustiga silliq charm qoplangan, tagi mustahkam po‘latdan yasalgan og‘ir sandiq turgan edi. Humoyun cho‘ntagidan maxsus kalit olib sandiqni ochdi-da, uning tegida ipak matoga o‘rab, avaylab saqlanadigan oltin sopli qilichni oldi. Uni qinidan sekin chiqarar ekan, ovozini pasaytirib dedi:
— Bu Sohibqiron Amir Temurning qilichidir.
Akbarning ko‘zlari hayajon ichida yaltirab sehrli qilichga tikildi. Humoyun qilichning sopidan past­rogiga quyma harflar bilan qadama qilingan «rosti rusti» degan so‘zlarni o‘g‘liga ko‘rsatdi:
— Bu so‘zlar adolat ramzidir. Sohibqiron bo­bomiz vasiyat qilganlarki, davlat ishining o‘ndan to‘qqiz qismi aql-u zakovat, tadbir-u maslahat, muro­sa-yu madora bilan saranjom bo‘lur. Faqat o‘ndan bir qism ishni qilich bilan hal etmoq adolatdandir. Sen ana shuni hech qachon unutmagin. Bayramxon bilan seni yaqinda Panjobga jo‘natmoqchimen. U yoqlarda Sherxon avlodlari yana tajovuz qilishlari mumkin. Eng xatarli damlarda, adolat uchun jangga chiqqaningda mana shu qilichni ishga sol. Boshqa vaqtda buni asrab-avaylab avlodlaringga yetkazgin, toki ular ham ushbu tabarruk qilich himoyasida bo‘lsinlar.
Akbar o‘ng tizzasini yerga qo‘yib, ta’zim bilan qilichni otasining qo‘lidan ikki qo‘llab oldi-da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini ixlos bilan o‘pdi. Shu payt birdan o‘pkasi to‘lib, ko‘ziga yosh keldi. Yoshli ko‘zlarini otasiga tikib, ovozi titrab dedi:
— Hazrat otajon, inoning! Men sizga ham, bobokaloniomizning vasiyatlariga ham to o‘lgunimcha sodiq qolurmen!

____________


* P u r a n — ko‘hna, degan ma’noni bidiradi. Sakkiz asr burun qurilgan bu qal’a hali ham bor.
* Tarjimasi: Xudoyo, o‘zin bu shoh gavharimni
Yomon ko‘zlardan asra, tagi yomonlardan uzoq tut.
Uni bilim daryosining suviga qondir.
Aqlu mehr oftobi bilan sayqal berib chiniqtir.

* * *


Kuni bo‘yi davlat ishlari bilan band bo‘ladigan Humoyun Dehlining issiq va dim oqshomlarida Puran Qal’aning shabada tegadigan baland joyidagi o‘sha usti ochiq shiyponga chiqib dam olardi. Bu joy unga yoqib qolgani uchun kutubxonasini shiyponning pastki qavatiga ko‘chirib keldi.
Uning farmonini so‘zsiz ado etayotgan amirlar Agra va Ajmir shaharlarini jangsiz ishg‘ol qildilar. Bu ishni qon to‘kmay uddalagan Iskandarxon O‘zbek agra hokimi qilib tayinlandi.
Rajastxon viloyatini urushsiz egallagan Turdibek Turkistoniy Bikanirdan Sind tomonlarga o‘tib keta­yotgan bir turk lashkarboshisini yuzga yaqin odami bilan asir qilib, Dehliga podshoh ixtiyoriga olib keldi. Humoyun bu xabarni Turdibekdan eshitib hayron bo‘ldi:
— Turkiya lashkarboshisi Sind tomonlarda?.. Bu ne jumboq?
— Amiral bahr emish. Kemalarini dengizda farangilar halok etibdir. Endi qurug‘lik yo‘l bilan vatanlariga qaytmoq fikrida ekan. Turkiya podshosi Sulaymon Qonuniy bergan vakolat bilan kelgan emish. Sizning qobulinizga kirish istagini bildirdi. Qayta-qayta iltimos qildi.
— Vakolatini tasdiq etadigan biron dalili bormi?
— Podshosi bergan hujjati bor. Nomi Seydi Ali Rais. o‘ng beshta turk harbiy kemasiga amiral bahr qilib tayin etilgani haqida Sulaymon Qonuniyning muhri bosilgan farmonni menga ko‘rsatdi.
— Undoq bo‘lsa, ertaga nonushtadan so‘ng devoni xosga qabulga boshlab keling.
Seydi Ali Rais qirq yoshlarga borgan, kalta sar­g‘ish soqoli moviy ko‘zlariga mos tushgan yirik gavdali odam edi. Boshiga tushgan falokatlarni Humo­yunga so‘zlab berayotganda kuyunganidan lablari quruqshab, tili og‘zida qiyinchilik bilan aylanardi:
— Bizga sizdek qudratli homiy gerak idi! Gujarat podshosi Sulton Ahmad zaiflik qildi!..
ma’lum bo‘lishicha, Gujarat podshosi Turk sultoniga elchi yuborib, Hindistonning Goa va Daman orollarini bosib olgan Portugallarni quvib yuorish uchun harbiy yordam so‘ragan, buning evaziga sodiq ittifoqdosh bo‘lish haqida katta va’dalar bergan edi. Turk podshosi bu va’dalarga ishonib, o‘n beshta harbiy kemasini Seydi Ali Rais boshchiligida Qizil dengiz orqali Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga jo‘natadi. Ammo turk kemalari Fors ko‘rfaziga kirganda Portugallarning 32 ta eng yaxshi qurollangan harbiy kemalari ularni qurshovga oladi. Kuchlar teng emas edi. Shunday bo‘lsa ham turk dengizchilari dadil jangga kirishadi. Katta talofatlar berib, qurshovni yorib chiqqanlarida sakkizta kemalari omon qoladi. Seydi Ali Rais ularni Hindiston tomonga boshlab ketadi. Lekin Surat bandariga bir kunlik yo‘l qolganda qattiq dovul ko‘tariladi, osmondan sel quyadi, atrof yaxshi ko‘rinmaydi, yo‘ldan adashib, yana portugal kemalariga yaqin borib qolishadi. Ikkinchi marta dahshatli jang bo‘ladi. Seydi Ali Rais bu gal yana to‘rtta kemasini boy beradi. Qolgan to‘rt kemasi va yuztacha odami bilan Surat bandariga yetib keladi. Bu yerda Gujarat podshosi ularni o‘z himoyasiga oladi.
— Endi dengiz orqali vatanlaringga qaytolmaysiz­lar, kemalaringizni biz qo‘riqlab turamiz, quruqlik orqali borib, yangi bir kema karvoni bilan qaytib ke­linglar, — deydi Sulton Ahmad. Seydi Ali Sind va Panjob orqali Turonga, undan Kavkaz orqali Tur­kiyaga qaytmoqchi bo‘lib ketayotganda Turdibekning odamlari ularni qo‘lga oladi.
— Afandim, — dedi Humoyun. — Siz Gujarat viloyatini Turkiyaga tobe qilish maqsadida harbiy kemalar bilan qo‘shin tortib kelmishsiz?
— Hazrati oliylari, Gujarat ilgari sizning mulkingiz bo‘lganidan xabarimiz bor. Axir biz hammamiz bitta turk otaning farzandlarimiz-ku! Gujarat farangilarga tobe bo‘lguncha, siz-u bizga mulk bo‘lsa afzal emasmi?
— Bitta otaning farzandlari maslahatlashib ish qilsalar yaxshi bo‘lmasmidi? Uzoq Istambulda turib Hind ummoni bo‘yidagi Gujaratga egalik qilish mumkin emasligini sizning boshingizga tushgan savdolar ko‘rsatib turibdir. Undan ko‘ra siz avval biz­ning huzurimizga keling edi. Gujaratni Farangilar panjasidan chiqarib olish bizning ham niyatimizdir. Agar birgalashib harakat qilsak siz shuncha kema­laringizni boy berib, bu qadar abgor bo‘lmas edingiz.
— Hazratim, men safarga otlanganimda siz hali Kobulda edingiz. Hindiston taxti bu yil sizga qaytadan muyassar bo‘lgani bizni behad quvontirdi. Menga ruxsat bering, tezroq Istanbulga qaytay, siz­ning g‘alabangizga oid xushxabarni Sulton Sulaymon Qonuniy Hazratlariga yetkazay. Ikki orada ittifoq tuzaylik, Gujarat sohillaridan farangilarni birgalashib quvaylik!
— Mana bu niyatingiz yaxshi, janob Rais! Ammo hozir uzoq safarga chiqadigan payt emas. Sherxon avlodlari bilan urush avjida. Yo‘llar xatarli. Men sizga ko‘nglingiz tilagan vazifani beray. Biror yil bizda xizmat qiling.
— Tashakkur, hazratim, ammo faqir hamon turk sultonining xizmatidamen. Tezroq qaytishim zarur.
— Siz amiral bahr sifatida falakiyot ilmini, yulduz­lar xaritasini yaxshi bilsangiz kerak?
— Mening ota-bobolarim ham amiral bahr bo‘lganlar. Yulduzlar xaritasini bolaligimdan bilurmen.
— Unday bo‘lsa biz uchun «Doirayi Muad­dilunga»* oid risola bilan yulduzlar xaritasidan bir nusxa tayyorlab beraolurmisiz?
— Bosh ustina, hazati oliylari!
Yulduzlar xaritasi va unga oid risola tayyor bo‘lgandan so‘ng Humoyun Seydi Alini kutubxonasi joylashgan o‘sha tosh imoratning uchinchi oshiyonida qabul qildi. Podshoning yonida zar yoqalik yengil havorang to‘n kiygan chiroyli yigitcha ham bor edi. Seydi Ali uning shahzoda Akbar ekanini fahmlab ota-bolaning har biriga alohida ta’zim qildi. Seydi Ali Rais risolaga qo‘shib turkcha yozgan bir she’rini ham Humoyunga taqdim etdi. Humoyun risola uchun minnatdorchilik bildirdi. So‘ng Seyd Alining she’rini Akbar ham eshitsin uchun ovoz chiqarib o‘qidi:

G‘ofil o‘lma, tushdiging yer — mulki Hindistondir.*
Haq budur — dunyoda jannat mulkati Usmondir.
Dush oyog‘ina* Humoyun podshohing, ruxsat ol.
Doimo dushganlara oning ishi ehsondir.*

— Tushundingizmi amirzoda? — deb Humoyun o‘g‘lidan so‘radi. Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘agach, davom etdi: — Janob Rais, «oyog‘ina dushmoq» shart emas, busiz ham biz ehsona tayyor­miz. Faqat bitta savol bor, «Haq budurki, dunyoning jannati — Turkiyadir» debsiz. Qani buning dalilini haq makoni bo‘lmish osmon-u yulduzlar orqali ko‘rsata olurmisiz?


— Hazrati oliylari, osmondagi yulduzlar yaratganning ixtiyoridadur. Ular orqali Turkiyaning jannatli­gini isbot etishga banda ojizmen. Faqat arzim shuki, Qur’oni Karimda aytilganidek, vatanni sevmoq imon­dandur. Agar siz «Dunyoning jannati Turkis­tondir, yoki Hindistondir» desangiz, faqir buni ham haq deb bilurmen. Chunki ota yurtingiz Turkiston bilan hozirgi mulkingiz Hindiston siz uchvn vatandir. Vatanni sevgan odam uni jannat deb e’zozlashi esa tabiiydir.
— Biroq rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar-ku. Nechun siz faqat mulki Usmonni afzal ko‘rursiz.
— Ehtimol bu bizga ota-bobolardan o‘tgan odatdir. Agar sizning bobokaloningiz Amir Temur Turkistonni afzal ko‘rmaganda Anqaraga qo‘shin tortib borib, Yildirim Boyazid bilan urushmagan bo‘lur edi.
— Bu urushda qars ikki qo‘ldan chiqmishdir, janob Rais. Yildirim Boyazid ham o‘z davlatini ulug‘lab, Amir Temurni kamsituvchi maktublar bitmishdir.
— Bu ikki buyuk turk podshosini bir-biriga gij-gijlab urushtirganlar — farangiston josuslaridir. Ehtimol bobokaloningizni kamsituvchi maktublarni Yildirim Boyazid nomidan o‘shal josuslar yozgandirlar? Chunki farangilar Yildirim Boyaziddan mag‘lub bo‘lib, najot izlab yurganlarida Amir Temur ularning najotkori bo‘ldi. Yildirim Boyazid yengilgandan so‘ng farangilar qaddini tiklab, mana endi Hindistonga tajovuz qilmoqdalar.
Humoyun ufqqa bosh qo‘yayotgan yangi oyga o‘ychan tikilib:
— Bu gapingizda jon bor janob Rais, — dedi va o‘g‘liga bir ko‘z tashlab «quloq sol» degandek ishora qildi: — Mening rahmatli otam ham Amir Temur bilan Yildirim Boyazidning urushini anglashilmovchilik oqibati deb hisoblar edilar. Endi biz, keyingi avlod tojdorlari, bunday ishni takrorlamaslikka intilmoqdamiz. Shul sababdan rahmatlik Boburshoh Eron bilan ham, Turon bilan elchilar almashindi, bordi-keldini yaxshi yo‘lga qo‘ydi. turkiyadan Agraga muhandis-u me’morlarni taklif etdi. Afsuski, turk podsholari bilan yaqin aloqa o‘rnata olganimiz yo‘q. Holbuki, qo‘shinimiz safida Mustafo Rumi kabi bahodir to‘pchi-yu to‘fangandoz* turk yigitlari bor. Ular Panipat jangida ham, Sekri jangida ham jasoratlar ko‘rsatib, mukofotlar olmishlar. Biz Turk dasturi bilan arobalar yasatganmiz. Zarbzanlarimiz bu arobalardan yog‘iylarga zo‘r toshlar otib, hatto fillarni yiqiturlar.
Seydi Alining ko‘ziga birdan yosh keldi, ovozi titrab dedi:
— Turk yigitlarining botirligi haqidagi so‘zlarin­gizdan ta’sirlanib, iftixorim zo‘ridan yig‘lab yuborguday bo‘lmoqdamen. Bag‘ri keng ulug‘ podshoh ekanligingizni vatanimga borib so‘zlab berish menga nasib qilsin. Sulaymon Qonuniy ham siz kabi dono sultondir. Ishonamenki, yaqin kelajakda sizga Turkiya­dan elchilar kelgay. Surat bandarida bir necha kemalarim qoldi. Ularning biriga Sulaymoniy deb ataladigan eng ulkan zambarakni yashirib kelmishmen. Zambarakni sizga podshohimiz nomidan in’om eturmen. Toki dengizlarda ham turk dasturi bilan jang qilib, farangilarni Hind ummonidan quvib yuborish sizga muyassar bo‘lsin!
— Omin, aytganingiz kelsin! — deb Humoyun yuziga fotiha tortganda Akbar ham qo‘llarini yuziga surdi.
Oradan ikki kun o‘tgach Seydi Ali Raisga bosh oyoq sarupolar, ot va safar anjomlari in’om etildi va Turkiyaga qaytishga ruxsat berildi.

_____________


* «Doirayi Muaddilun» — ekvator doirasi. Janubiy va Shimoliy yarimsharlar chizig‘i.
* Tushdiging yer — kelib tushgan yering.
* Dush oyogina — «oyog‘iga yiqil» degani.
* Bu satrlar Seydi Ali Raisning «Mir‘oti mamolik» kitobida keltirilgan.
* T o‘ f a n g a n d o z — miltiq otuvchi.
* * *

Akbarni Bayramxon bilan Panjobga jo‘natishdan bir kun oldin Humoyun o‘g‘lini yana xonayi xosga chaqirtirdi. Akbar ketsa Humoyun uni negadir qayta ko‘rolmaydigandek ma’yus bo‘lardi.


Podshoh otasining «Vaqoyi’» kitobini eng yaxshi xattotlarga berib, Akbar uchun tilla suvi bilan bezatilgan maxsus nusxa ko‘chirtirgan edi. Humoyun kutubxonasining kitobdori Xo‘ja Abdusamad kasbdoshi Mirsaid Ali bilan birga «Boburnoma» voqealari bo‘yicha ilk rasmlar ham chizishgan edi. Yoshi ulug‘ Xo‘ja Abdusamad oldinda, o‘ttiz yoshli xushbichim Mirsaid Ali orqada, zinapoyadan chiqib keldilar. Xo‘ja Abdusamad «Boburnoma»ning Akbar uchun ko‘chirtirilgan yangi nusxasini ikki qo‘lida avaylab tutganicha ta’zim qilib kirdi. Humoyun Akbarga yuzlanib dedi:
— Hazrat otam, «bu kitobni avlodlaring ham o‘qisin», degan edilar. Men shu vasiyatni bajo kelti­radigan kunlarga yetishganimdan shodmen. Afsuski, seni andijon-u Samarqandlarga olib borolmadim. Endi otamning bu kitobi seni xayol qanotida Mova­roun­nahrga olib borsin! Akbar, sen ham men kabi, hamisha shu kitobdan ruhiy madad olib yashagin!
Akbar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Umrim oxirigacha o‘gitingizga sodiq qolgumdir, hazrat otajon! — dedi.
— Otamdan menga o‘tgan bir e’tiqodni senga aytmoqchimen. «Xayolparast» deyishlaridan qo‘rqmay, eng ulug‘ maqsadlarni ko‘zlashga o‘rgan. Ammo hech bir ulug‘ maqsad — ulug‘ iste’dodlarsiz, davr­ning eng komil siymolarisiz amalga oshmagay. Shuning uchun atrofingga eng yaxshi odamlarni, eng zo‘r iste’dodlarni iloji boricha ko‘proq to‘plagin. Dunyonging hech bir boyligi, hech qaysi gavhar-u javohiri senga o‘zing to‘plab parvarish qilgan ulug‘ iste’dodlarchalik quvonch-u shuhrat keltira olmagay. iste’dodli odamlarda insoniy nuqsonlar, noz-u firoq­lar bo‘lsa, buni kechirmoq kerak. Sen ularni avaylab kamolga yetkazsang, o‘zingning oliy kamoloting ana shu bo‘lg‘ay. Sen qancha ko‘p odamga yaxshilik qilsang, bu yaxshilik boshqa kutilmagan joylardan o‘shanchalik ko‘payib qaytgay. Dunyoda yaxshi bo‘lish-u yaxshilik qilishdan afzalroq baxt yo‘q, shuni hech qachon unutma, o‘g‘lim!
Humoyun shu so‘zlar bilan o‘g‘liga otasining kitobini taqdim etdi. Akbar kitobdan benihoya mamnun bo‘lsa ham, biroq otasi xuddi boshqa ko‘risholmasliklarini oldindan sezganga o‘xshab gapirgani anchagacha uni hayratga solib yurdi.
Humoyunning o‘zi ham Akbarni jo‘natgandan so‘ng: «Men nechun o‘smir o‘g‘limga bunday gaplar­ni aytdim?» deb, ich-ichidan taajjublanib qo‘ydi. Axir uning ishlari endi o‘nglandi. Qish o‘tib, dovonlar ochilsa, Hamida begim Kobuldan keladi, ikkovlari hali Akbarni uylantirishlari, nevara ko‘rishlari kerak!
Bo‘sh vaqti bo‘lsa u odatdagiday kutubxonaga kelardi. Tik va tor zinapoyadan ko‘tarilib tushish unga xiyla noqulay tuyular, lekin vaqt o‘tishi bilan bunga odatlanib borar edi. Zinapoyalarning nega quduqqa o‘xshatib tor va tik qilib qurilganidan o‘zicha bir ma’no ham topganday bo‘ldi. Zinapoyaga faqat bitta odam sig‘ishi podshoni qo‘riqlash uchun qulay edi. Bu yerda bitta soqchi tursa bas, yuzta odam hujum qilib kelsa ham zinapoyadan yopirilib o‘tolmaydi. Bitta-bitta o‘tib ko‘tarilganini esa yuqorida turgan odam daf qilishi oson. Binoga kiradigan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q. Kirdi-chiqdi kamligi Humoyunning kutubxonada tinchgina mutolaa qilishi uchun ham qulay edi.
Mana shu tarzda u Sherxon qurdirib ketgan zinapoyaning torligi, tikligi va boshqa noqulayliklariga ko‘nikdi. Dehlining quruq va salqin qish kechala­rida osmonni to‘ldirib charaqlab chiqadigan yulduz­larni tepadagi shiypondan tomosha qiladigan ham bo‘ldi.
Kobulda qirchillama qish bo‘ladigan dalv oyida ham Dehlida havo bahor paytidagiday mayin, atrof ko‘m-ko‘k edi. Hajdan qaytgan munajjim mavlono Roziullo Humoyunga sahar paytida Suhayl yulduzini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
— Suhayl yulduzini bir ko‘rgan odam bu dunyo-yu u dunyoda barcha murodlariga yetgay, — dedi mav­lono Roziullo.
Bu so‘zlarning odatdagi mubolag‘a ekanini Humoyun bilardi, lekin u Suhayl yulduzini ko‘rishga ko‘pdan ishtiyoqmand edi. Otasi bu yulduzni umrida bir marta Hindikush tog‘ining baland bir joyida turib tong saharda ko‘rganini «Boburnoma»da yozib ketgan edi. «Toleim otamnikichalik bo‘lsa umrimdan zinhor shikoyat qilmagaymen» degan e’tiqodni ko‘ngliga tukkan Humoyun Suhayl yulduzini albatta bir ko‘rmoqchi bo‘ldi.
U ham Boburga o‘xshab uyqusizlikdan qiynalar, ba’zan afyun qo‘shilgan ma’jun yeb uxlar edi. Bugun kechasi ham ma’jun yeb to‘rt soatcha qattiq uxladi. Asli u kam uyqu odamlardan edi, to‘rt soat uxlasa bir kunga kifoya qilardi. Shuning uchun doim erta turardi. Bugun ham shunday paytda turib bet-qo‘lini yuvdi.
Mavlono Roziullo yana bir munajjim bilan uni kutubxona oldida kutib turishgan ekan. Humoyun ularni ergashtirib, o‘sha tor va tik zinapoya oldiga keldi. Soqchilar ularga yo‘l berdilar. Zinapoya qo­rong‘i bo‘lgani uchun charog‘bon oldinga o‘tdi. Shu orada mavlono Roziullo bilan kelgan munajjim:
— Hazratim, — deb Humoyunga murojaat qildi.— Faqir Makkatulloni tafov qilgandan so‘ng Damashqqa borgan edim. O‘sha yerda iningiz mirzo Komronni ko‘rdim.
Humoyun bu xabardan suyunib:
— Eson-omon ekanmi? — dedi. — Nechun ha­nuz­gacha qaytmabdir?
— Damashqda hovli-joy sotib olibdilar. Tanmah­ramlari Chuchuk begim yonlarida. yana bir qancha vaqt o‘sha joyda istiqomat qilsalar kerak. Sizga salom yo‘lladilar.
— Salomat bo‘lsin, — dedi Humoyun zinapoyaga qadam qo‘yarkan. Inisining tirik ekani haqidagi xabardan yengil tortib, uchinchi qavatdagi shiyponga odatdagidan osonroq ko‘tarildi.
Bugun osmon nihoyatda tiniq, yulduzlar odatdagidan ham ko‘p. Osmonning sharqi endi oqarayotgan paytda uning janub tomonida, ufqqa yaqin bir joyda sariq aralash aqiqday pushtirang yulduz ko‘rindi.
— Suhayl* ana shu! — dedi mavlono Roziullo hayajon bilan.
Humoyun uni usturlob orqali kuzatar ekan, umri davomida ko‘rgan yulduzlarining eng go‘zali shu ekanini sezdi.
Shu payt pastdagi masjidning imomi mezanaga ko‘tarila boshladi. Mavlono Roziullo:
— Hazratim, bomdod namoziga bormoq kerak, — deb qoldi.
Tong endi yorishgan. Suhayl uning nuriga singib ketayotgandek ko‘rinmay qoldi.
Humoyun namozga borish uchun zinapoyaga tomon yo‘naldi. Shu payt tong qorong‘isi ichida yotgan quduqsimon zinapoyaning og‘zi Humoyunning ko‘ziga xuddi o‘n olti juft ho‘kiz sudrab yuradigan eng katta zambarakning og‘ziday qorayib ko‘rindi. Bu zambarakning ichidan hozir o‘q otilib chiqadigandek tuyuldi. Sherxonni halok qilgan zambarak o‘qi Humoyunning xayolida gavdalanib, uni shunday seskantirdiki, boshi muzlab ketdi. «Bema’ni ro‘yo! — deb ichida o‘zini koyidi. — Menga ne bo‘ldi? Kechasi yegan ma’junimda afyun ko‘proq ekanmi?»
U charog‘bonga qarab:
— Oldinga o‘ting, — dedi.
Zinapoyaga chiroq nuri tushgach, odatdagi tosh pillapoyalar ko‘rindi-yu, ro‘yo yo‘qoldi. Uch-to‘rt qadam oldinda charog‘bon, o‘rtada Humoyun, undan uch-to‘rt qadam narida munajjimlar zinalarni bir-bir bosib pastga tusha boshladilar. Boyagi seskanish o‘tib ketgan bo‘lsa ham, Humoyunning tizzalarida ozgina titrog‘i qolgan, oyoqlari avvalgidan madorsizroq tuyular edi. Shu payt masjid tomondan azon tovushi eshitildi. Humoyun namozga kech qolmaslik uchun qadamini tezlatdi.
Zinapoya parmaga o‘xshab o‘ngga burilgan joyda uch-to‘rtta zinaning o‘ng tomoni juda tor, oyoq sig‘mas edi. Humoyun avvallari o‘tganda zinaning chap tomonidagi kenroq qismiga oyoq qo‘yib o‘tardi. Hozir shoshilinchda shu esidan chiqdi-yu, zinaning eng tor va sirg‘anchiq o‘ng tomoniga ustma-ust ikki marta qadam qo‘ydi. har ikki oyog‘i ham zinadan sirpanib ketib, muvozanatini yo‘qotdi, atrofiga qo‘llarini yoydi, ammo ushlab qoladigan hech narsa yo‘q. Oldindagi charog‘bon ham, orqadagi munajjim ham yordamga yetib ulgurolmadi. Munkib ketgan Humoyun peshonasi bilan zinapoyaning tosh devoriga qarsillab urildi. Ko‘zlaridan yashil, qizil uchqunlar sachradi, Kobulda qolgan Hamida bonu, Panjobda yurgan Akbar, Damashqdagi Komron, hatto uzoq Sirdaryo bo‘yida, Axsi jaridan yiqilib halok bo‘lgan bobosi Umarshayx mirzo xayolidan chaqmoqday tez, kamalakday rangin bo‘lib o‘tdi-yu, birdan yo‘qoldi. Humoyun hushidan ketib, gavdasining butun og‘iri bilan zinapoyaga ag‘anab tushdi. Shunda boshi tosh zinalarga yana uch-to‘rt marta qattiq urilib, jarohati battar og‘irlashdi. Uch kun xushiga kelolmay yotib, jon berdi.

______________


* S u h a y l — hozirgi ilmiy tilda Kanopus yulduzi.


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish