Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet32/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

L A X O‘ R , K O B U L
DO‘STDAN KO‘P DUShMAN

Hindikush tog‘laridan tushib kelayotgan Kobul daryosi tor tangilardan o‘tib, janubga shoshiladi. Hi­molay tog‘laridan boshlanadigan Hind daryosi sharqdan Panjob tekisligiga otilib tushadi-da, Pesho­varning kunbotish tomonida Kobul daryosi bilan qo‘shilib, ayqashib ketadi.


Akbardan to‘rt yosh kichik bo‘lgan inisi Mu­hammad Hakim milodiy 1581-yilda mana shu dar­yolardan o‘tib, Panjobga yigirma besh ming qo‘shin bilan bostirib kirdi. Bu yerda uni Akbarning islohotlaridan norozi bo‘lgan shayxlar va ularning qavmlari quchoq ochib kutib oldilar. Muhammad Hakim Laxo‘rni yo‘lakay ishg‘ol qilish umidida edi. Mas­jidlarda shovqin-suron ko‘tarib, Akbarni dinsizlikda ayblab yurgan imomlar Muhammad Hakimni allaqachon podsho e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitmoqda edilar.
Lekin Panjob aholisining ko‘pchiligi bu diniy isyon­ga qo‘shilmay sukut saqlab turadi. Chunki Panjob­da ham musulmonlardan ko‘ra g‘ayridinlar ko‘p, ular jizya solig‘ining bekor qilinganidan mamnun, Akbar­ning barcha imon-u e’tiqodlarni teng­lashtirishga intilayotgani ko‘pchilikka manzur.
Ravi daryosining baland qirg‘og‘ida turgan va so‘nggi o‘n yil ichida devorlari qaytadan mustahkamlatilgan Laxo‘r qal’asini Man Sinx boshliq qo‘riqchi askarlar ichkaridan mahkam bekitib oldilar.
Bu orada Akbar qirq besh ming otliq qo‘shin, besh ming fil, o‘n ming piyoda askar bilan Dehli va Panipatdan o‘tib, Panjobga yaqinlasha boshladi.
Qo‘shin safida uning o‘g‘illari Salim va Murod bilan birga farangi tili muallimi Antoni Monserrate ham o‘z xalfasi Albert Pereyro hamrohligida kelmoqda. Rudolf Akvavivani Akbar Fathpurda qoldirdi — bu padrening nasora dinini haddan ortiq ehtiros bilan maqtashlari unga xush kelmadi.
Albert Pereyro esa Salimga gohi-gohida portugal harbiy kemalarining suratlarini chizib ko‘rsatadi va uni amiral bahr bo‘lishga qiziqtiradi. Albert bu ishlarni ataylab shahzodaning atrofidagi odamlarning ko‘zi oldida qiladi. Chunki u ketiga maxsus poyloqchi qo‘yilganini, Pereyro va Monserratening nimalar qila­yotganini Akbarga yetkazib turuvchi xufiyalar borligini biladi.
Akbarning asl maqsadi ham farangilarning quvvayi bahriyalariga oid tajribalarini o‘g‘illariga o‘rgatish bo‘l­ganligi uchun Albert Pereyroning Salim bilan dengiz va kema mavzularida uzoq-uzoq suhbatla­shish­­la­riga yo‘l berib qo‘ygan.
Monserrate esa shahzodalarga til o‘rgatishdan vaqt orttirganda chodirda o‘ltirib esdaliklar yozib boradi. U hali hech bir farangi umrida ko‘rmagan joylarni ko‘rayotgani, Akbarday ulug‘ sarkardaning harbiy yuri­shiga ishtirok etayotgani uchun o‘z toleyi­dan mamnun. Monserrate Yevropa uchun hali butunlay noma’lum bo‘lgan bu yerdagi hayot tarzini va Akbar shaxsiga oid o‘z taassurotlarini yozib bormoqda. Portugaliyada o‘sha davrlarda esdaliklarni «Kommen­tariya», ya’ni «Izohlar» — degan sarlavha bilan yozish odat bo‘lgan edi. Monserrate ham o‘z esdalik daftarini shu nom bilan atadi. Akbar padrelarni har haftada bir marta qabul qilib, uzoq-uzoq suhbatlashgan edi. Monser­rate Akbar­ning qalbi his-tuyg‘ularga boyli­gini suhbat paytida ko‘zlaridan ham sezdi. Akbarning ko‘zlari unga dengiz to‘lqinlarining quyosh nurla­rida jilvalanishini eslatgan paytlari bo‘ldi. Bu ko‘z­larda dengizning teranligi ham, bag‘ri kengligi ham, to‘fon paytida dahshatli kuchga aylanib ketishi ham aks etayotganday tuyulardi. Monserrate faqat bir narsani afsus bilan qalamga oldiki, Akbar hazrati isoning umuman otasi bo‘lmaganiga, Bibi Maryam osmon­dagi ilohiy ruhdan homilador bo‘lganiga hech ishonmadi.
Monserratening butun e’tiqodi esa muqaddas uchlik — ota, o‘g‘il va ilohiy ruh birligiga asoslangan. Cho‘qinganda boshga va ikki yelkaga uch barmoqni tekkizib olish ham shu uchlikni tan olishdan kelib chiqadi. Biroq Akvaviva va Monserratelarning oylar davomida katolik dinini jon-jahdlari bilan targ‘ib qi­lishlariga qaramay, Akbar bu uchlikni «afsona» deb atadi va tan olmadi.
— Otasiz farzand bo‘lishi mumkin emas! — deb turib oldi.
— Axir biz keltirgan kitobni ko‘zga surtib, o‘pib qabul qildingiz-ku, hazrati oliylari! — dedi Akvaviva iltijo bilan. — Endi muqaddas uchlikni ham tan olib bir marta cho‘qina qolsangiz biz murodga yetgan bo‘lardik.
— Kitob — jaholat tunini quvg‘uvchi chiroq­dir,— dedi Akbar. — Shuning uchun men uni nondek e’zozlab ko‘zga surdim. Yetti iqlimdan kelgan haqiqat izlovchilar bilan ibodatxonada yillar davomida suhbatlashdim. Haqiqat turli ellarda turfa liboslar kiyib, bo‘linib-bo‘linib yashamoqda ekani menga endi ayon bo‘ldi. Men uning bo‘laklarini bir qalbda birlashtirmoq uchun «sulhi kull» siyosatini amalga oshirmoqdamen. Cho‘qinish esa haqi­qatning faqat bir bo‘lagini tan olish, ya’ni sulhi kulldan chekinish bo‘lgay!
Akbarning bu gaplari dindor Monserratega shak­koklik va dahriylik bo‘lib ko‘rindi, esdaliklarida uni lotincha «ateist!» degan so‘z bilan urishib, qora­lab ham qo‘ydi.
Monserrate daftarining sahifalarini Akbarga oid taassurotlari bilan to‘ldirib borar ekan, yozayotgan esdaliklari yevropalik vatandoshlari uchun kutilmagan bir yangilik bo‘lishini o‘ylab, hayajonli orzular qiladi.
Antoni bu yangi olamni G‘arbda birinchi bo‘lib kashf etsa, uning nomi tarixda qolmaydimi? U o‘zi­ning «Izohlar»ini kitob qilib chiqarsa, faqat Por­tugaliyada emas, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar qiziqib o‘qishlari mumkin-ku. Portu­galiya qiroli ham Antonini o‘z saroyiga chaqirib, suhbatlar qilishi turgan gap.*
Monserrate o‘z yurtining eng mashhur odamlaridan biriga aylanishini xayoliga keltirganda yuragi ilhom bilan urib, qalami daftar ustida shahdam harakatlanadi.
Akbar qo‘shinida uni «kofir» deb suymaydiganlar ham oz emas. Lekin shahzodalarga va ularning ixti­yoridagi minglab bek-u navkarlarga farangi mehmonlarni tun-u kun qo‘riqlab yurish topshirilgan. Harbiy yurish paytida til bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish ham oson emas. Biroq qarorgohda uzoqroq to‘xtab qolsalar, Monserrate ularga ikki-uch soat til o‘rgatadi. Bu ishga Murod ko‘proq qunt qiladi. Shahzoda Salimni esa Albert Pereyroning sarguzasht hikoyalari va «anti­qa» suratlari ko‘proq qiziqtiradi.
Albert bu suratlarni ko‘rsatish bahonasida goho Salim bilan uning xos chodirida yolg‘iz qoladi va so‘nggi yangliklarni bilib olishga intiladi. Chunki Akbar qo‘shinidagi odat bo‘yicha, harbiy yurish paytida to‘ng‘ich shahzoda o‘z bek-u a’yonlari bilan podsho yaqinida boradi, qarorgoh tanlanganda ham Salim­ga Akbar turgan chodirlarning yaqinrog‘idan o‘rin beriladi. Shuning uchun otasiga kelib turgan yangi xabarlarni Salim boshqalardan oldinroq eshitadi.
Sharqdagi isyonni bostirishga yuborilgan Todar Malning chopari bugun qanday yangi gap olib kelganini ham Albert Salimdan eshitdi. Jaunpur va Biharda shayxlar isyoniga qo‘shilgan afg‘on sipohilar xazinadan beriladigan moyananing ozligidan norozi bo‘lib yurgan ekanlar. Todar Mal darhol ularning moyanalarini bir yarim barobar oshirish haqida podshoning nomidan farmon chiqartiradi. Akbar bu farmonni tasdiqlaydi. Shundan so‘ng sharqdagi ko‘pchilik sipohilar Muhammad Yazdiy boshliq bo‘lgan xurofotchilar g‘alayoniga qatnashmay qo‘yadilar. Yakka­lanib qolgan xurofotchilar Todar Malning qo‘shiniga turish berolmay taslim bo‘ladi. Qozikalon Muham­mad Yazdiy va uning salaflari bo‘lgan o‘ndan ortiq ruhoniy qo‘lga olinadi. Todar Mal ularni kemalarga solib, suv yo‘li bilan Akbar huzuriga afv so‘rashga yuborgan ekan, Gangada qandaydir falokat yuz beradi-yu, kemadagi Muhammad Yazdiy bilan uning salaflari g‘arq bo‘lib o‘ladilar...
Ertasi kuni kechki payt Pereyro yana Salimning xos chodiriga kirdi-yu:
— Amirzodam, Gangada yuz bergan falokatni men boshqalardan ham eshitdim, — dedi.
— Kema ag‘darilgan ekanmi? Qozikalon nechun g‘arq bo‘libdilar?
— Todar Mal o‘zi ularning bo‘yinlariga tosh bog‘latib Gangaga cho‘ktirgan emish. U haqda hazrat otangizdan Todar Malga maxfiy ishora bo‘lgan ekan.
— Sizga kim aytdi?
Pereyro ovozini pasaytirib dedi:
— Kimligini aytsam... hazrat otangiz jazoga buyu­rishlari mumkin...
— Otamga bildirmagaymiz. Gap shu yerda qolgay... Chodirda ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q-ku!
— Chopar menga tanish edi. Sekrida farangi sov­g‘alar bergan edim. «O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!» deb aytdi.
— Ob-bo sho‘rlik Yazdiy!..
Muhammad Yazdiy ilgari Agraning taniqli ulamolari orasida yurganda Salim uni bir necha marta ko‘rgan, va’zlarini ham eshitgan edi. Endi Yazdiyning oppoq soqoli Ganga tubidagi loyqalarga botib yotganini ko‘z oldiga keltirganda yosh o‘smirning yuragi bir seskandi. Nahotki otasi shu qadar beshafqat bo‘lsa?!
— Hali bu faqat boshlanishi, — deb davom etdi Albert. — Erta-indin bundan dahshatliroq halokatning guvohi bo‘lursiz, amirzodam.
— Yana ne halokat?
— Mirdevon Shomansur degan bormidi?
Salim qirq yoshlardagi serg‘ayrat, hushmuomala, istarasi issiq moliya vaziri Shomansurni ko‘z oldiga keltirdi. Asli kambag‘al bir oiladan chiqqan Shoman­surni Akbar tarbiyalab yuksak martabalar bergan edi. Uning hisob-kitobni yaxshi bilishini, moliya bobida iste’dodi tengsizligini ko‘p odam maqtar edi. Hatto Todar Mal ham hisob-kitob ishida unga bas kelolmay qolgani uchun Akbar mirdevonlikni Shomansurga bergan edi. Bundan Todar Malning tarafdorlari norozi bo‘lib yurar edilar. Salim Shomansurning hibsga olinganini kecha eshitgan edi. Yo‘lda kelayotganlarida go‘yo uning josusligi ma’lum bo‘lgan emish. Shoman­sur Muhammad Hakim bilan maxfiy aloqa o‘rnatgan emish. Uning Muhammad Hakimga yozgan maktubi Panjobdagi janglarda halok bo‘lgan kobullik amir Shodmonning kissasidan topilgan emish. Birov bu gapga ishonsa, birov: «Todar Malning tarafdorlari mirdevonlik lavozimini Shomansurdan tortib olish uchun shu tuhmatni o‘ylab topishgan», deyishardi.
Hozir Pereyro ham shahzoda Salimga shivirlab:
— Amirzodam, Shomansurni qatl ettirmoqchi emishlar! — dedi. — Axir siz adolatni yaxshi ko‘rursiz! Xatni Shomansurning dushmanlari yozib, o‘lgan amirning cho‘ntagiga solib qo‘ygan bo‘lishlari mum­kin emasmi?
— Kim solib qo‘yishi mumkin? — deb so‘radi Salim.
Albert Pereyro Salim bilan Abulfazlning orasi yaxshi emasligini, shahzoda doim podshoga yaqin yuradigan bosh vazirdan otasini qizg‘anishini allaqachon sezgan edi. Endi ularning orasidagi darz ketgan joyga pona urgisi kelib pichirladi:
— Shomansurni, ayniqsa Abulfazl yomon ko‘rar ekan. Otangiz Shomansurning iste’dodiga qoyil bo‘lib, bosh vazir qilish fikriga ham borgan ekan-da.
Abulfazl tilga olingach, Salimda Shomansurni tuhmatdan qutqarish istagi uyg‘ondi. Albert bu istakni ustalik bilan Akbar tomon yo‘naltirdi.
Oradan yana bir kun o‘tgach, kechqurun to‘xtaganlarida Salim otasining huzuriga kirishga ruxsat oldi. U borgohda endi Shomansur haqida so‘z och­moqchi bo‘lganda Abulfazl keldi-yu, kirlangan va ezg‘ilangan bir maktubni olib kirib, Akbarga ta’zim bilan tutdi:
— Hazratim, xoinning bu maktubi ilmi siyoh usuli bilan o‘qildi.
— Shomansurning o‘zi yozgan ekanmi?
— Dastxat o‘ziniki. Faqat sir saqlash uchun harf­larni xiyla o‘zgartirib yozgan. Ko‘rnamak, tuzingizni ichib yurib, yana sizni surbetlarcha yomonlabdir.
— Qani, o‘qing-chi, — dedi Akbar va o‘g‘li Salim­ga «eshitib qo‘y!» degandek qilib qaradi.
Abulfazl Shomansurning maktubidan bir-ikki joyini ta’kid bilan o‘qidi:
— «Podshomiz Abulfazl va Todar Mal ta’sirida dindan chiqib beimon kofir bo‘ldi. Endi bizning pushtipanohimiz o‘zingizsiz, amirzodam! Panjobni olgan zahotingiz poytaxtdagi ixlosmandlaringiz ham bosh ko‘targusidir. Ilohim pok musulmonchilikni dah­riy og‘angiz tajovuzidan asrab qolish, siz, Muham­mad Hakim hazratlariga nasib bo‘lsin!»
Akbar o‘g‘li Salimga qarab:
— G‘addor muhitning tuhmatini ko‘rdingizmi? — dedi. — Badmast inim tun-u kun may ichib, qusug‘iga qorishib yotsa ham, mendan pokroq musulmon emish! U faqat otamning tashqi suratini meros olgan... Ulfat beklari uni ichirib mast qilgan holda bizga qarshi g‘azotga ko‘ndirgan. Men uch yildan berli mayni og‘zimga olganim yo‘q, faqat doruvor giyoh-­lar-u meva sharbatlaridan tayyorlangan «obiha­yot» nomli ichimlik ichib yuribmen. Besh vaqt namoz o‘qurmen, ro‘za tutamen. Jonivorlarning uvoliga qolmaslik uchun ovni man etganmen. Ilkimdan kelgan barcha savob ishlarni qilsam-u Shomansur mening xizmatimda yurib, buning hammasini unutsa? Bilib turib qanchalik xiyonat qilgan odam qay darajada g‘alamis!..
— Hazrat otajon, — dedi Salim, — balki bu maktubni Shomansur yozmagandir? Ehtimol, boshqalar yozib... o‘lgan amirning kissasiga yashiriqcha solib qo‘ygandir?
Akbar yalt etib o‘g‘liga qaradi:
— Ajabo! Senga bu shubhani kim o‘rgatdi?
—O‘zim... o‘zimning xayolimga keldi. Axir... Sher­xon shunday hiylalarni ko‘p ishlatgan, deb bizga o‘zingiz so‘zlab bergan edingiz-ku.
Akbar o‘g‘lining chigal, murakkab narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolganidan sergaklanib, Abulfazlga savol nazari bilan tikildi:
— Mavlono, Shomansur aybini bo‘yniga oldimi?
— Qiynoqqa solinganda bo‘yniga olgan edi. Keyin yana tondi. Ammo dastxat uniki ekanligi aniq.
Abulfazlga so‘zsiz ishonadigan Akbar:
— Dastxat eng ishonarli dalildir, — dedi-da, o‘g‘li Salimga yuzlandi: — Sen Shomansurga achinmoqdamisen?
— Gangada g‘arq etilgan mo‘ysafid Yazdiyga ham... rahmim keldi.
— Rahmdil bo‘lmoq yaxshi, ammo g‘animlarim murodlariga yetsalar, meni ne ko‘ylarga solishlarini o‘yladingmi? Butun mamlakatda menga qarshi isyon ko‘targan johillar g‘olib chiqsalar, meni kofirdan olib, dahriyga solib, o‘n jonimdan birini ham tirik qo‘ymagaylar-ku!
Akbar belidagi kamariga olmos sopli xanjarini qistirib olgan. Salim uni ko‘pdan beri bugungidek qat’i­yatli va shiddatkor qiyofada ko‘rmagan edi.
— G‘animlarim mamlakat ichidagina emas, tashqarida ham bizga qarshi qancha xurujlar qilayotganidan xabaring bormi? — so‘radi u Salimdan. — Mavlono Abulfazl, shahzodaga Adandan kelgan maktubni ko‘rsating!
Abulfazl Adanda g‘animlar asoratiga tushib qolgan Gulbadan begimning maktubini Salimga berdi. Maktubni o‘qigan sari shahzodaning iztirobi osha bordi.
«Dunyoda yagona najotkorim bo‘lgan hazrati Akbarjon! — deb yozgan edi Gulbadan begim. — Yoshim oltmish birga kirganda bunday qora kunlar boshimga tushar deb hech o‘ylamagan edim. Bobu­riylar xonadonining eng keksa kayvonisi men bo‘lganim uchun Arabistonga borib, og‘am Komron mirzoning qabrlarini ziyorat qilmoqchi edim. Hazrat otamning tabiatlaridagi sayyohlik ishtiyoqidan ozginasi menga ham o‘tgan ekan, dengizda suzish, ko‘rmagan yurtlarimni ko‘rish orzusida yo‘lga chiq­dim. U paytlarda hali isyonlar boshlanmagan edi. Siz bizga «Tezrov» degan yaxshi dengiz kemangizni bergan edingiz. Arab dengizidan eson-omon suzib o‘tganimizdan so‘ng eshitdikki, Hindistonda sizga qarshi isyonlar boshlanibdi. Sizdan zarba yeb qochgan bir talay alamzada shayx-u imomlar Adanga panoh istab kelgan ekanlar. Ular johillarni bizga qarshi qo‘zg‘otdilar. Adan hokimi go‘yo bizni tashqi tajovuzlardan himoya qilmoqchi bo‘lgandek, ko‘rimsiz bir binoga kiritib, atrofimizga soqchilar qo‘ydirdi. «Tezrov» kemamiz­ni ham allaqayoqqa olib ketib, ko‘rfaz burchagiga yashirib tashladilar. Kunlar, haftalar o‘tdi. Biz hibs­ga tushganimizni sezib, hokimdan darhol bo‘sha­tishlarini talab qildik. Shunda Adan hokimi bizning huzurimizga shayxulislomini yuborib, dah­shatli gaplarni ayttirdi. Go‘yo siz kofir bo‘lgan emishsiz, biz shuning uchun sizdan voz kechmog‘imiz kerak emish. Muhammad Hakimni Hin­diston taxtiga eng munosib tojdor deb shayxulislomga kafolat bermog‘imiz kerak emish! Ulug‘ Boburning far­zand­lari orasida tirik qolgani birgina menman! Nahotki oltmishdan oshganimda shunday xiyonat yo‘liga kirsam?! Xoin bo‘lib yashagandan ko‘ra, sizga, otamning ruhiga sodiq turib jon berishni afzal deb bilurmen. Shayxulislomga buni ro‘yirost aytdim.
Men-ku, yoshimni yashaganmen. Siz yonimga qo‘shgan qo‘riqchi yigitlarga, yosh kanizlarimga rahmim kelur. Hazrati Akbarjon, oxirgi nafasim qolguncha men sizga sadoqat saqlagaymen. Ilojini topsangiz, bizni bu yovuz odamlarning asoratidan qutqaring! Maktubni yig‘lab yozgan ammangiz Gulbadan begim».
Maktub Salimga qattiq ta’sir qilganini Akbar uning yaltirab ketgan ko‘zlaridan payqadi.
— G‘animlarimizning noinsofligini ko‘rdingmi?— dedi. — Kobuldagi mayparast inimni menga qarshi qo‘zg‘atganlari oz ekan! Endi hajga ketgan ammamni ham dushmanimga aylantirmoqchi ekanlar! Ammo bizning tarafdorlarimiz ham oz emas. Adandan bu maktubni bizga Qilichxon Andijoniy yetkazib keldi. Qilichxonni turk kemachilari dengizdan o‘tkazib qo‘yibdi. Ular Seydi Ali Raisni yaxshi bilar ekanlar. Biz Dehlida Seydi Alining hurmatini joyiga qo‘yib jo‘natganimizdan Turk podshosi mamnun ekan... Yodingda bormi biz Surat bandaridan ulkan bir turk zambaragini arobalarga ortib Fathpur Sikriga keltirgan edik.
— Sulaymoniy zambaragimi?
— Ha, keyin biz bu zambarakni eng katta daryo kemasiga o‘rnatdik, Bangolada Dovudxon bilan jang qilganimizda bu zambarak bizga zafar keltirgan eng zo‘r qurollardan biri bo‘ldi. Hozirgi Turkiya podshosi Sulton Murod otasi Sulaymon Qonuniy nomidagi bu zambarakni biz qutqarib olganimizdan xabardor ekanlar. Biz endi turk kemachilariga qo‘shib Qilichxon Andijoniyni katta sovg‘alar bilan elchi qilib yubor­moqdamiz. Ammamiz Gulbadan begim asira bo‘lib turgan Adan shahri turk sultonining ta’sir doirasiga kirar ekan. Inshoolloh, bizning Turkiyaga boradigan elchi­miz yolg‘iz qaytmagay. Sadoqatda tengsiz ammamiz Gulbadan begimni asoratdan qutqarmaguncha tin­chimagaymiz!
Otasining bugungi shiddatkorligiga bunaqa sabab­lar ham borligini endi bilgan Salim:
— Hazrat ammam qaytsalar, men peshvoz chiqib kutib olgaymen! — dedi.
— Tangrim seni shu niyatingga yetkazsin, o‘g‘lim! Dushmanlar bizga hatto uzoq Adanda shunchalik shafqatsiz muomala qilmoqda ekan, biz nechun ularni ayamog‘imiz kerak? Hayot-mamot kurashida yum­shoq­lik qilib bo‘lmagay!
Akbar Abulfazlga yuzlandi:
— Barcha ichki-tashqi g‘animlarga saboq bo‘l­mog‘i uchun xoin Shomansur baland bobul daraxtiga osib o‘ldirilsin! Toki bizning yaxshiligimizga yomonlik bilan javob bergan ko‘rnamaklar buni uzoq-uzoqlardan ko‘rsin! Barcha qo‘shin Shomansur osilgan daraxtning oldidan olib o‘tilsin!
Ertasi kuni ertalab damoma degan katta naqoralar tahdidli yo‘g‘on tovush bilan gum-gum qila boshladi. Jallodlar baland bobul daraxtiga dorning sirtmog‘ini bog‘ladilar. Qo‘li bog‘loqlik Shomansurni sirtmoq ta­giga olib kelganlarida u jon achchig‘i bilan qichqirdi:
— Men xoin emasmen! Tuhmat qilganlarni begunoh qonim tutsin!
U yana nimadir demoqchi edi, lekin jallodlar bo‘yniga tez sirtmoq solib, arqonning uchini tortdilar. Shomansurning gavdasi yerdan uzilib, o‘lim talvasasida bir-ikki marta g‘ujanak bo‘lib, qisqarib ko‘rindi. U jon bergandan keyin esa gavdasi cho‘zilib, avvalgidan xiyla uzun ko‘rina boshladi.
Salimning ta’sirchan qalbi bu hodisadan shunday dahshatga tushdiki, u kechalari bosinqirab uyg‘onadigan va Abulfazldan ham, otasidan ham hayiqib o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi.

_________________


* Ammo A. Monserrate tirikligida esdaliklarini chop etishga muyassar bo‘lmadi. Chunki katolik cherkovi undan kitob emas, missionerlik ishini talab qilar edi. Uning yozuvlari portugal ma’murlari tomonidan faqat razvedka maqsadlarida foydalanildi va maxfiy tutildi. Oradan uch yuz yil o‘tgandan so‘ng «Izohlar»ni esdalik tarzida avval ingliz tilida to‘liq chop etdilar. Keyinchalik boshqa tillarda ham chiqdi-yu, Monserratega o‘zi orzu qilgan shuhrat uch asr kechikib keldi.
* * *

Muhammad Hakim o‘ttiz yoshga kirib, birorta katta jangda qatnashmagan edi. Akbar unga qarshi ikki barobar ko‘p qo‘shin bilan Panjobga kirib kelgani, Shomansurni daraxtga osib o‘ldirgani, Gangada esa Yazdiyning suvga g‘arq qilingani Muhammad Hakimni vahimaga soldi. Kobuldan birga kelgan uning ulfat beklari ham talvasaga tushdilar. Mash­varatlarda:


— Tezroq Nilobdan o‘tib, Kobulga qaytaylik! — degan takliflar tushdi.
Muhammad Hakim Laxo‘r qamalini to‘xtatib, shimolga yo‘l oldi. Bu orada kunlar to‘satdan isib, tog‘larda muzlar va qorlar birvarakay erishga tushdi. Yomg‘ir fasli ham odatdagidan uch hafta oldin boshlandi. Tiniq paytida nil qo‘shib oqizilgandek ko‘kimtir ko‘rinadigan va shuning uchun bir nomi Nilob bo‘lgan Hind daryosi endi kulrang selday toshib, ulkan toshlarni yumalatib, vahima bilan hayqirib oqar edi. Muhammad Hakim uch-to‘rt kun daryo suvining pasayishini kutdi, ammo oqim pasayish o‘rniga ko‘ta­rilib, kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar.
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen», degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbar­ning qo‘shini hali-beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi. Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi.
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar:
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! — dedi.
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi.
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar ham ishondi.
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi:
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen.
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering.
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen!
Akbar hayron bo‘lib so‘radi:
— Umringiz oxirigacha? Demak, Farangistonga qaytmoqchi emasmisiz?
— Albatta, tug‘ilgan yurtim Portugaliya menga behad aziz! Ammo biz tomonlarda jaholat kuchli, sal boshqacha fikr yuritsangiz, gulxanga tashlab o‘ldirgaylar. Farangi qulfurushlarning ishlaridan ham bezor bo‘lganmen. Sizning dargohingizda ruhim yayramoqda. Bu yerda barcha imon-u e’tiqodlar barobar. Turli millat vakillari yakdil. Sulhi kull menga behad yoqdi. Sizga sodiq fuqaro bo‘lmoqchimen!
Akbar farangilarning xufiya ish olib borishda qanchalik ilgarilab ketganini va qanaqa yangi usullar kashf qilganini hali bilmas edi. Albert hatto o‘z nomini Alibek qilib o‘zgartirib, Akbarga astoydil ixlos qo‘yganiga uni ishontirdi.
— Padrelar bizni o‘z dinlariga o‘tkazmoqchi edilar, aksincha bo‘ldi-ku! — deb, Akbar ich-ichidan quvonib qo‘ydi.
Shundan keyin Alibek Salimning xos navkarlari qatorida Kobul yurishiga birga olib ketildi.
Jang-u jadalga ko‘proq qiziqadigan Murod Man Sinx boshchiligidagi ilg‘or qismlar bilan oldinda borar edi. Muhammad Hakimning askarlari Kobul bo‘sa­g‘asida Man Sinx va Murodning o‘ng ming kishilik otliq qo‘shinlari bilan qattiq jang qilib ko‘rdilar. Man Sinxning rajput yigitlari va Murodga saralab berilgan otliq jangchilar Muhammad Hakim askarlarining qarshiligini yengib, Kobulga birinchi bo‘lib yorib kirdilar. Orqadan Akbarning o‘zi yana qirq ming askar bilan kelmoqda edi. Unga bas kelolmasligini sezgan Muhammad Hakim qal’aning narigi darvozasidan chiqib, shimol tomondagi tog‘larga qarab qochdi. Yo‘lda undan ajralib, orqaga qaytgan singlisi Baxtiniso begim eri Xo‘ja Hasan Badaxshiy bilan birga Akbar kelib tushgan O‘rta Boqqa bordi.
«Akbar kofir bo‘lib, salla ham o‘ramay qo‘yganmish!» degan ovozalarni Baxtiniso begim ham ko‘p eshitgan edi. «Hazrat og‘am brahman kiyimida peshonasiga qizil xol qo‘ydirib kelgan bo‘lsalar, qandoq ko‘rishgaymiz?» degan iztirobli o‘ydan begimni g‘am bosmoqda edi.
Lekin uni ko‘shk ayvonida kutib olgan Akbar avvalgiday ipak to‘n kiygan, boshiga simobi salla o‘ragan edi. Baxtiniso begim birdan o‘zini uning oyog‘i tagiga tashladi-yu, yig‘lab gapirdi:
— Gumroh singlingizni, kechiring, hazrat og‘ajon! Sizga peshvoz chiqolmadim! Sodda bo‘lmasam, yomon ovozalarga ishonarmidim?!
Akbar singlisini yelkasidan olib oyoqqa turg‘izdi, uning yoshli ko‘zlariga tikilib:
— Hayriyat, siz o‘zingiz keldingiz, — dedi. — Lekin inimiz nechun qochib yuribdir? Muhammad Hakimda sizdagichalik ham jur’at yo‘qmi?
— Iningizni ulfat beklari qo‘rqitib birga olib ketdi. «Sizni hajga yuborib o‘ldirgaylar, Komron mirzoday ko‘r qilgaylar!» desalar Muhammad Hakim shunga ishonib qochdi!
— Ammo o‘sha beklarni tuttirib tilka-pora qildir­mog‘im kerak. Inimizning ketidan quvg‘inchi yuborsam, hammasini tutib kelgay!
— Hazrat og‘ajon, iningizning niyati yomon, sizga tutqich bermay, Balxdagi shayboniyzodalar tomoniga o‘tib ketgay. Ulardan shunday taklif bilan elchi ham kelgan edi. To‘polon sal bosilguncha quv­g‘inchi yubormay turing, battar malomatga qolmaylik!
O‘ttiz to‘rt yoshga kirgan Baxtiniso Kobulning eng aqlli va mulohazali ayollaridan sanalar edi. Katta momolari Mohim begimni ko‘rgan keksa odamlar Baxtinisoni o‘sha dono ayolga o‘xshatishardi. Onalari Norchuchuk begim o‘lib ketgandan beri Kobulni idora etishda mayparast Muhammad Hakimga mana shu singlisi yordam berib yurganini, biroq keyingi paytlarda u Baxtinisoning maslahatlariga kirmay qo‘ygani uchun shuncha falokatlar yuz berganini Akbar xufiyalar axborotidan ham bilar edi.
— Baxtiniso, bugundan e’tiboran mening inim ham siz o‘zingizsiz! — dedi. — Muhammad Hakim men uchun o‘ldi. Siz haqsiz, uning ketidan quvg‘inchi yuborishga ham arzimaydir!
Akbar Kobulda uzoq turolmasligini bilardi. Sunbula kirib, atrofdagi tog‘larga qor tushgan, kechalari sovuq edi. Dovonlar bekilmasdan tezroq janubga qaytib ketishi kerak edi. Lekin inisining o‘rniga kimni Kobul hokimi qilib tayinlashi mumkin? Asosiy ishni olib boradigan amirlar topiladi. Ammo podsho oilasidan kim bu ishga munosib? Akbarning o‘g‘illari hali yosh...
Kechasi xonayi xosda u Abulfazl bilan shu haqda maslahatlashar ekan, yana Baxtinisoni ko‘z oldiga keltirdi. Faqat uni ayol kishi deb pisand qilmasliklari mumkin.
— Biroq jannatmakon Bobur bobongiz Hindis­tonga ketganlarida Kobul ixtiyorini Mohim begimga berib ketganlari tarixdan ma’lum, — dedi Abulfazl. — Baxtiniso begim ham o‘sha ulug‘ momolariga o‘xshar emishlar. Munimxon shunday dedi.
— Baxtiniso Muhammad Hakimdan o‘n chandon aqlliroq, — dedi Akbar. — Faqat uning baquvvat bir amir muovini bo‘lmog‘i lozim.
Ikkovi kengashib bu ishga Man Sinxni munosib ko‘rdi. Uni besh ming rajput yigiti bilan Kobulda qoldirsa, shimoldagi shayboniyzodalar ham tajovuz qilolmaydi. Mutassib shayxlar ham Man Sinxni yo‘ldan ozdirolmaydi. Man Sinx Akbarning dushmanlariga bas kela oladi. Odamlar uni bekorga «Akbarning qilichi» deb atagan emaslar.
Akbar singlisi Baxtiniso begimni Muhammad Hakimning o‘rniga Kobul hukmroni qilib tayinlagach, Man Sinx shahar kutvali va lashkarboshi bo‘ldi. Sal oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Akbar Hindistonga qaytib ketgandan so‘ng Muhammad Hakim tog‘lar orasidan singlisiga odam yubordi, yalinib-yolvorib, Kobulga qaytishga ruxsat oldi. Lekin Man Sinx uni hokimiyat ishlariga yaqin keltirmadi. Amalidan tushib, hammaning nazaridan qolgan Muhammad Hakim avvalgidan battar mayxo‘rlikka berildi. Oxirgi marta ikki kecha-yu ikki kunduz surunkasiga chog‘ir ichib, mastlikda jon berdi. Baxtiniso begim borib ko‘rganda, uning jasadi ko‘mirday qorayib ketgan edi.

____________


* O d i n a p u r — keyinchalik Jalolobod bo‘lgan.
* * *

Kobulda o‘tkazilgan bir haftaning Salim uchun eng unutilmas kuni — Bobur bobolarining maqbarasiga borgan paytlari bo‘ldi. Panjobda Salim bilan otasining orasida paydo bo‘lgan chigallik o‘sha kuni bir qadar tarqadi. Salim otasiga Abulfazldan ham yaqinroq bo‘lishni istardi. Bugun Akbar Abulfazlni pastda qoldirib, faqat o‘g‘illari bilan Guzargohdagi Bog‘i Boburga chiqib kelgani, to‘ng‘ich o‘g‘ilga juda yoqib tushdi.


— Mening bu yerlarga kelmaganimga... yigirma yetti yil bo‘libdir! — dedi Akbar va oxirgi marta shu maqbara oldida ko‘zi ko‘r amakisi Komron mirzo bilan qanday uchrashganini o‘g‘illariga aytib berdi. Undan oldin Humoyun o‘z inilari bilan yarashgan kuni ekilgan to‘rtta chinordan ikkitaginasi qolibdi. Bobur bobolarining o‘zi qazdirgan ariq ham bekilib, qurib yotibdi. Bog‘i Bobur tashlandiq ahvolda, daraxtlar sarg‘aya boshlagan.
— Muhammad Hakimni arvoh urgani bejiz emaski, shunday aziz joyni qarovsiz qoldiribdir! — deb, Akbar inisidan yana bir koyindi.
Salimning ko‘ziga maqbara ham mung‘ayib turganday ko‘rindi. Qabr ustidagi qora mavjlik qizil marmarga chang o‘tirgan edi. Akbar marmarning changini sekin barmoqlariga oldi-da, peshonasiga surdi. Shu bilan bobosining xotirasini nechog‘li muqaddas deb bilishini, uning ruhini qay darajada e’zozlashini o‘g‘illariga ko‘rsatgan bo‘ldi. Avval Salim, undan so‘ng Murod ham bobokalonlarining qabri ustidan changni barmoqlariga olib, peshonalariga e’zoz bilan surdilar.
Uchovlari maqbarani ziyorat qilib chiqqanlaridan so‘ng, Akbar o‘g‘illariga shimol tomondagi tog‘larni ko‘rsatdi:
— Hazrat bobomiz o‘sha tog‘lar ortidan kelganlar. Samarqand, Andijon, Toshkent. Tengi yo‘q joylar!..
— Siz Turonga qachon borgansiz, hazrat otajon?— deb so‘radi Murod.
— Bolaligimda... tushimda ko‘rganmenmi yoki qonimda bormi... bobolar yurtini qo‘msab yashamoqdamen. Turon haligacha shayboniyzodalarning tasarrufida. Qani edi, Kobul-u Fathpurda qurgan obidalarimizni Farg‘ona-yu Buxoroda ham qursak!
— Turonda bizga xayrixoh odamlar ko‘p emish-ku!— dedi Salim. — O‘shalar «keling» deb taklif qilmaslarmi?
— Taklif qiluvchilar ko‘p. Samarqandda shoir Abdurahmon Mushfiqiy bizga atab qasida yozib yuborganidan xabaring bor-ku.
Salim bu qasidani o‘qigan, uning ikki satri yodida qolgan edi. Hozir shuni esladi:

Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish