Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet31/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

* D h o t i — keng ishton.
* P a d r e — ota. Ruhoniylar unvoni.
* Har tomonlama sulh, tinchlik.

* * *

Saroyda har chorshanba oqshomi orasta bazmlar va she’riy majlislar bo‘lar edi. Akbar mamlakatning eng sohibiste’dod shoir-u san’atkorlarini o‘z atrofiga yig‘ishga intilardi. Mashhur xonanda Tansen, musav­vir Xo‘ja Abdusamad, malikushshuaro G‘azaliy, uning tarbiyasi bilan yuksak poyalarga ko‘tarilib borayotgan va hozir «Xamsa» yozayotgan Fayzi Fayoziy, ham forsiy, ham hindiy tillarda go‘zal she’rlar bitgan, ajo­yib qo‘shiqlar ham aytadigan xushchaqchaq roja Birbal, she’riy iste’dodi otasi Bayramxonnikidan qo­lishmaydigan Abdurahimxon — bularning hammasini Akbar ma’naviyat gavharlari deb atar edi. Uning saroyida «no‘hratan» — ya’ni «to‘qqiz gavhar» degan ibora mashhur bo‘lgan, fan, adabiyot va san’atning to‘qqizta eng yorug‘ yulduzlari orasidan Abulfazl ham o‘rin olgan edi. Keksa G‘azaliy vafot etganda to‘qqiz gavharning sakkiztasi qoldi, lekin «no‘hratan» iborasi hamon iste’molda edi.


Akbar bir kun saroy tashqarisida devorga ohak bilan rasm chizayotgan yalangoyoq hind yigitchasini ko‘rib qoldi. Yigitchaning qo‘lida mo‘jizasi borday, panjasining uch-to‘rt harakati bilan devorda jonli suratlar paydo bo‘lardi. O‘zi ham surat chizishni yaxshi ko‘radigan Akbar yigitchaning yonida to‘xtab:
— Oting nedur? — deb so‘radi.
— Dasvanta.
— Nechun devorga surat chizmoqdasen, Dasvanta?
— Qog‘oz-qalamim yo‘q.
Akbar surishtirib bilsa, Dasvanta — kambag‘al bir yuk tashuvchi hammolning o‘g‘li ekan, «Ramayana» va «Mahabxorat» dostonlarinnig juda ko‘p joylarini yod bilarkan, chizgan suratlari ham shu dostonlarning qahramonlari haqida ekan. Akbarning o‘zi ham bu dostonlarni yaxshi ko‘rardi. U Dasvantani saroy rassomlarining sardori Xo‘ja Abdusamadning oldiga boshlab keldi:
— Zehni o‘tkir. Bir tarbiyalab ko‘ring, mavlono. Dasvanta Akbar kutgandan ham iste’dodliroq bo‘lib chiqdi. Uning «Mahabxorat» voqealariga chizgan suratlari Akbarga eng mashhur rassomlarnikidan ham kuchliroq zavq berdi. Shundan keyingi chorshanba oqshomida bo‘lgan san’atkorlar majlisida yigirma ikki yoshli Dasvanta eng yetuk ma’naviyat gavharlari — no‘hratan qatoriga qo‘shildi. Akbarning bu haqdagi farmonini Abulfazl san’at ahliga e’lon qilar ekan:
— Gavharlarimiz yana to‘qqizta bo‘ldi! — deb mamnuniyat bildirdi.
Shu kuni kuy va qo‘shiqlar orasida mushoira ham bo‘ldi-yu, yoshi yuzdan oshgan shoir Qosim kohiy o‘zining «Filnoma» degan she’rini o‘qib berdi.
Akbar filni yaxshi ko‘rishi, filbonlik ham qilgani ko‘pchilikka ma’lum edi. Kohiy o‘zini uzoq umr ko‘radigan fillarga o‘xshatgan. Akbarni esa shu fillar­ning suyukli mahavatiga qiyos qilgan edi:

Xok bir sar mekunam chun fil har joy merasam,
Gar nabinam bar sari xud filboni xiyshro.
Didaam to ishqi man afzun shavad on filbon
Medavonad bar saram fildomoni hiyshro*.

Akbar bu to‘rt satrni eshitganda zavq qilib bir kulib oldi. Filga o‘xshab yoshi yuzdan oshgan bu odamda hali ham bolalarcha bir ma’sumlik bor edi. Uning fil singari o‘z boshiga tuproq sochishining sababi ham behad chiroyli ifoda etilgandi. Fil o‘zi yaxshi ko‘rgan filboniga qanchalik suyanib qolgan bo‘lsa, Kohiy ham dil-dildan Akbarga mehr qo‘yganini she’riy nafosatga yo‘g‘irib aytmoqda edi. Asli Samarqand tomonlarda, Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘idagi Miyonqolda tug‘i­lib o‘sgan Qosim Kohiy yigitlik paytida Hirotda yashagan, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy­larning suhbatida bo‘lgan shoir edi. Hozir poytaxtda undan keksa odam yo‘q. Yoshi qamariy hisob bilan bir yuz-u o‘n sakkizga kirgan bu odam bir umr uylanmasdan bo‘ydoq o‘tmoqda edi. Kohiyning siyrak so­qoli paxtaday oppoq, yakkam-dukkam qolgan jag‘ tishlari yeyilib, milkiga tenglashib qolgan, jussasi ham kichkina. Shu yoshdagi odamdan bunday she’r chiqishini kutmagan odamlar uning har bir baytiga qoyil bo‘lib, o‘tirgan joylarida tebranib qo‘yishardi:



Hamchu fili mast mexoham bixurusham har zamon
Oshkor ato kunam rozinihoni xiyshro.
Boz mego‘yam, hadisi ishq xushtarast,
Behki, chun fil nigoh doram zaboni xiyshro*

Shu yoshdagi odamning mast filday jo‘sh-u xurush qilmoqchi bo‘lgani, lekin yana fillarga xos vazminlik bilan tilini tiyib yurishi Akbarning she’rdan olayotgan zavqini yana bir daraja oshirdi. U o‘zi haqidagi oshkora maqtovlar va madhiyalarni ko‘p eshitgan. Bu yerdagi she’riy iffat, kamtarlik va go‘zal bir tabassum Akbarga nihoyatda yoqqani uchun:


— Mavlono, yana bir o‘qisinlar! — deb she’rni ikkinchi marta eshitdi. So‘ng bironta nuqsoni yo‘qli­gini, har bir so‘zi gavharday xillanganini maqtadi va Abulfazlga yuzlandi: — Bir yuz-u o‘n sakkiz yoshda shunchalik mukammal she’r yozish — kamdan kam uchraydirgan mo‘jizadir. Mavlono Kohiyning poyi qadamlari tabarruk. Saroy darvozasidan to shu yerga kelgunlaricha necha qadam qo‘ygan bo‘lsalar har bir qadamlariga yuz rupiydan in’om berilsin! minba’d saroyga har kelganlarida yana ming rupiydan berib turilsin!
Mushoira bo‘lgan joydan saroy darvozasigacha yuz qadamdan ortiq edi. Saroy shoirlaridan hech biri hali bunday qisqa she’r uchun o‘n ming rupiy mukofot olmagan edilar. Qosim Kohiy ta’zim qilib, bu in’om uchun Akbarga minnatdorchilik bildirar ekan, uning allanarsadan ko‘ngli to‘lmagani so‘nik ko‘ringan ko‘zlaridan sezildi.
Ertasi kuni xazina ochilganda Qosim Kohiy kelib o‘n ming rupiyni olib ketishi kerak edi. Lekin oradan bir hafta o‘tdi hamki, keksa shoir saroyga qaytib kelmadi. Akbar uni kasal bo‘lib qolmadimikin, deb Abulfazlni xabar olgani yubordi. Qosim Kohiy kich­kina bog‘ hovlida turar, uy yumushlarini qiladigan mosh-guruch soqolli bitta xizmatkoridan boshqa hech kimi yo‘q.
Abulfazl uning tokchalarida kitoblar turgan xonasiga kirib, hol-ahvol so‘radi-yu:
— Nechun hanuzgacha xazinadan mukofotni olmadingiz? — dedi.
— Muncha pul menga ne kerak, janob vazir? Merosxo‘rim bo‘lmasa!.. Men u she’rni mukofot uchun yozgan emas edim.
— Ehtimol, boshqa tilagingiz bordir? Ayting, men a’lo hazratga yetkazay.
Qosim Kohiyning old tishlari allaqachon to‘kilib, lablari ichkariga botib ketgan, uchi xiyol qayrilgan uzun burni egilib tushib, lablariga tegay deb qolgan.
— Men yoshimni yashab bo‘lganmen, menga mol-dunyodan ko‘ra imon-u e’tiqod azizroq. Navoiydek, Jomiydek ulug‘ siymolarni ko‘rganmen. Ular diniy adovatlarni qanday yo‘qotishning yo‘lini izlab, topolmay ketgan edilar. Akbar hazratlari turli e’tiqodlarni teng ko‘rib sulhi kull e’lon qilish bilan hanuzgacha topilmagan yangi bir yo‘lni kashf qildilar. Men umrimning oxirida ana shu yo‘ldan yurib o‘tmoqchimen. Agar hazratim meni o‘zlariga sodiq maslakdosh deb bilsalar, faqir uchun eng oliy mukofot ana shu bo‘lg‘ay!
Abulfazldan bu gaplarni eshitgan Akbar:
— Mavlono Kohiyning bu javobidan boshimiz ko‘kka yetganini borib ayting, — dedi. — Agar istasalar, payshanba kuni yaqin maslakdoshlarimiz davrasiga marhamat qilsinlar!
Bog‘i Fathning tillakori mehmonxonasiga xufton kech yig‘iladigan shayx Muborak, roja Birbal, Abulfazl, uning shoir akasi Fayzi, Aziz ko‘ka, Abdurahim xoni xononlar qatoriga navbatdagi payshanba kuni Qosim Kohiy ham kelib qo‘shildi.
— Mavlono, — deb Akbar eng avval unga murojaat qildi, — siz ajoyib she’riy muammolar yozmishsiz. Bizning o‘trumizda* mushkul hayotiy muammolar turibdir. Biz sulhi kull e’lon qilib birlashtirmoqchi bo‘lgan turli imon-u e’tiqodlar bamisoli mustaqil qa­yiqlardek har biri alohida suzib o‘rganmishdir. Maqol borki, ikki qayiqning boshini tutgan odam g‘arq bo‘lur. Muxoliflarimiz bizni ham g‘arq qilmoqchilar. Ularning nazarida biz na muslim, na ma’jusiy, na otashparast — bu dinlarning hech biriga to‘liq dil bermagan, ora yo‘lda qolgan dinsizlar emishmiz.
Shayx Muborak bu ta’na-dashnomlarni Akbarga aytishga tili bormay istihola qilib yurgan edi. Endi ularni Akbarning o‘zi aytganidan dadillandi-yu, so‘zlashga ijozat oldi:
— Hazratim, sizdek imoni mustahkam siymoga nisbatan aytilgan bu so‘zlar o‘taketgan tuhmatdir! Bu tuhmatdan qutulishning yagona yo‘li — siz kashf etgan oliy e’tiqodni yangi ta’limot shakliga solib e’lon etmoq­dir. Ibodatxonada aytgan edingizki, turli imon-u e’tiqodlar tog‘ yonbag‘irlari kabi baland bir cho‘qqiga yetganda birlashurlar. Ana shu ma’naviy yuksaklikni siz asos solgan yangi maslak deb atasak arzir!
Akbar o‘zini yangi bir maslakning asoschisi qi­yofasida tasavvur etdi-yu, eti jimirlab, o‘zidan o‘zi seskanib ketdi. Kecha onasini ko‘rgani borganda Ha­mida begim yana xavotirga tushib aytgan gaplar qulog‘iga qayta eshitilganday bo‘ldi: «Shayx Muborak sizni «mahdiy» deb ishontirib, Bhirada ne ko‘ylarga solgani yodingizdan chiqdimi, shoh o‘g‘lim?».
— Xotirjam bo‘ling, onajon, o‘g‘lingiz u ko‘cha­larga qaytib kirmagay. Men o‘zimning mahdiy ham, payg‘ambar ham emasligimga allaqachon imon keltirganmen. Shuning uchun faqat bosh faqihlik — mujtahidlik unvonini qabul qilganmen, xolos.
— Akbarjon, Siz podsholig‘-u sarkardalik yukini qiynalib ko‘tarib yurganingiz ozmiki, shayx Muborak yangi maslakning og‘irini ham sizning yelkangizga ortmoqchi?
Onasining kuyunib bergan bu savoliga Akbar hali javob topa olgani yo‘q. U yangi maslakning og‘ir yukini yelkasiga olishga yuragi betlamay Qosim Kohiy­ga yuzlandi:
— Mavlono, siz ko‘pni ko‘rgan siymosiz, bizga maslahat bering.
— Faqirdan maslahat so‘raganingiz uchun tashakkur, hazratim! Salkam yetmish yil Turon-u, Xu­roson-u, Kobulda yashadim, ellik yildan beri Sind-u Hindda istiqomat qilmoqdamen. Aqlimni taniganimdan buyon men jahonni kezib, goh adashib, goh turtinib, ruhim yayraydigan ma’naviy bir manzil izladim. Nihoyat, yoshim yuzdan oshganda yetib kelgan eng oliy ma’naviy manzilim — siz hozir rahbari bo‘lgan mana shu tabarruk davra bo‘ldi. Umr bo‘yi meni ruhoniylar istibdodi qiynab kelar edi. Siz shu istibdodni yo‘qotganingizdan beri ruhim yayramoqda. Ammo bu istibdodnnig ketidan kun ko‘rgan, boy bo‘lgan, martaba orttirgan ulkan bir guruh ulamo-yu mulla imomlar bor, ular alamzada bo‘lib, qasd olishni o‘ylab yuribdir. Ular uchun bid’at-u xurofot — bamisoli borut solingan ombor. Shunday bir tayyorlik ko‘rmoq kerakki, yangi ta’limotingiz e’lon qilinganda g‘animlaringiz uning uchqunlari bilan borut omborini portlata olmaydigan bo‘lsinlar.
— Rahmat sizga, mavlono, mening dilimdagi gapni aytdingiz! — deb Akbar Kohiyning fikrini davom ettira boshladi: — Faqat ichkarida emas, qo‘shni mamlakatlarda ham muxoliflarimiz bizning xudodan qaytganligimiz haqida dod-voy ko‘tarmoqdalar. Erondan safaviylar, Turondan shayboniyzodalar bizga elchilar yuborib: «Islomdan voz kechganingiz rostmi?» degan ma’noda savollar bermoqdalar. Biz ham ularga elchilar yuborib, «alhamdulillo muslimmiz» degan mazmunda javoblar yozdik. Bizga qarshi ko‘tarilgan xuruj­lar hali-beri bosilmagay. Vi­loyat­lardan kelayotgan maxfiy axbrotlar vaziyat niho­yatda murakkabligidan dalolat bermoqda. Shu­ning uchun yangi ta’limotni kattaroq tayyorlik bilan qulay bir vaziyat kelganda joriy etaylik. Hozircha uni mana shu davradagilar o‘z di­limizga jo qilaylik. Axir chin ix­los-u e’tiqod avvalo dilda yashamog‘i kerak-ku.
— Haq gap! — dedi Abulfazl.
Endi shayx Muborak ham Akbarning so‘nggi fikriga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.

____________


* Tepamda filbonim o‘ltirmasa, men ham shu filga o‘xshab borgan jo­yimda boshimga tuproq sochib izdan chiqaman. Filbonim boshim ustida etagini hilpiratib, meni choptirsa, unga ishqim ortadi.
* Tarjimasi: Mast filga o‘xshab har zamon jo‘shu xurush qilgim kelur
Yashirin rozlarimni oshkor qilgim kelur.
Lekin yana aytaman: ishqning pinhon hadisi xushroqdir,
Fillar kabi tilimni tiyibroq yurganim yaxshiroqdir.
* O‘ t r u m i z — qarshimiz, ro‘paramiz.
* * *

Akbar o‘z maslakdoshlariga mukofotlar bergan o‘sha kezlarda shayx Abdunabi uning qahriga uch­radi.


Besh qo‘lini og‘ziga tiqqan bu badnafs shayx vaqflardan tushgan va haj qiluvchilar uchun ajratilgan pullarning katta bir qismini o‘z sandig‘iga solib olgani aniqlandi. Jinoyatlari bo‘yniga qo‘yilgach, Akbar uni hibs qildirdi. Hibsxonada ham shayx Abdunabining dushmanlari bor ekan. Sadri jahon qatl ettirgan begunoh odamlardan birining o‘g‘li shu yerda qorovul ekan. Boshqa qasoskorlar shayxning qayerda yotganini shu qorovul orqali biladilar. Bu qasoskorlar orasida masjid oldidagi taxtalarni butxona qurilishiga ishlatgani uchun qatl ettirilgan va uchta yosh xotini «sati» odati bo‘yicha o‘zlarini yondirib o‘ldirgan brahmanning qarindoshlari ham bor edi. Qasoskor olomon haligi qorovul yordamida kechasi hibsxonaga bostirib kirdi-da, shayx Abdunabini toshbo‘ron qilib o‘ldirib ketdi.
Ansoriy va shayx Abdunabi boshqarib turgan ula­mo-yu, qozi-yu muxtasiblar ipi uzilgan tasbeh do­nalari kabi turli tomonga tirqirab, sarosima va g‘ul­g‘ula ichida qoldilar. Jizya solig‘i olib boyishga, majusiylarni qul qilib sotishga imkon beradigan diniy istibdod binolari xuddi zilzilaga uchragan eski uylarday birma-bir qulab tusha boshladi.
Zilzila paytida hamma o‘zini noxush sezgani kabi, shu istibdod orqasidan kun ko‘rib kelgan katta guruhning yiqilib-surunib talvasa qilishlari ko‘pchilik saroy ahlida, hatto Akbarning norasida o‘g‘illarida ham og‘ir va murakkab tuyg‘ular uyg‘otdi.
Endi o‘n bir yoshga kirgan shahzoda Salim haddan ortiq o‘ychan va kamgap bo‘lib qoldi. Uning muallimi Farid Buxoriy Akbar huzuriga kirib arz qildi:
— Hazratim, shahzodaning ruhiy holatlaridan xavotirdamiz. Soatlar davomida yolg‘iz o‘ltirib o‘y suradilar. Ilgari ko‘p kitob o‘qir edilar. Hozir kitob ham o‘qimay qo‘ydilar. Ehtimol, shahzodani ovga olib bormoq zarurdir?
— Mavlono, biz ovni taqiq etganimiz yodingizda bormi?
— Yodimda, hazratim! Ammo ota-bobolaringiz o‘smirlikdan ot chopib, ov qilib o‘rganganlar. Qon bilan o‘tgan bu odatni o‘g‘lingiz ham tark etmaganlari ma’qulmikin?
— Men ovni tark etdim-ku. Endi biz chiqargan farmonni o‘g‘limiz buzsa odamlar ne degay! Salim yolg‘iz o‘ltirib o‘y sursa, xalaqit bermang. Demak, unda fikr-mulohaza uyg‘ongan. O‘zi bilan o‘zi musohaba-yu murokaba qilsin.
— Xo‘p, hazratim, xo‘p! — deb, Farid Buxoriy ta’zim qilganicha chiqib ketdi. Ammo ichida: «Oqibatiga o‘zingiz javobgarsiz!» deb qo‘ydi.
Atrofida bo‘layotgan ma’naviy zilzilani va murak­kab ziddiyatlarni Salimning yosh idroki hazm qilolmas, otasi esa o‘g‘li bilan dildan suhbatlashishga va nima bo‘layotganini unga yaxshilab tushuntirishga vaqt topolmasdi.
— Hazratimga mujtahidlikning ne keragi bor? — deb mavlono Farid og‘ir uf tortdi.
Bir vaqtlar u ham Akbarga bag‘ishlab she’rlar yozgan edi. Yaxshi g‘azal va ruboiylari bo‘lgani uchun mavlono Farid sohibqalam shoir hisoblanardi. Gujarat yurishida qirq kunlik yo‘lni Akbar bilan to‘qqiz kunda bosib o‘tgan va Muzaffar Husayn mirzoga qarshi urushda bir o‘zi to‘rtta yov navkarini qilich bilan urib yiqitgan dovyurak odam ham shu Farid Buxoriy edi. Akbar uni «sohibi sayf va qalam» deb maqtab, Farid Buxoriyga mavlonolik unvonini bergan va Salimga tarbiyachi muallim qilib qo‘ygan edi.
Biroq mavlono Faridning shayx Muborak bilan sozi kelishmas, Salimga sirdoshlarcha shivirlab:
— Hazratimni shu shayx ikki o‘g‘li bilan butunlay o‘zlariniki qilib olmoqdalar! — dedi. — «Dohiy», «mahdiy», «mujtahid» — hammasini shular o‘ylab chiqarmishdir. Katta o‘g‘li Fayzi Fayoziy hazratim haqida doston yozib ulkan mukofotlar oldi. Kichik o‘g‘li Abulfazl eng birinchi vazir. Shayx Muborakning o‘zi ashaddiy dushmanlari bo‘lgan ansoriylarni hazratimning yordamida yo‘q qilib qasd oldilar. Bo‘ldi-da endi!
Bu gaplar ta’sirida Salim otasini Shayx Muborak va Abulfazldan qizg‘anadigan bo‘lib borar edi.
Salim otasining diydoriga to‘ymay o‘sayotgan bo‘lsa, mavlono Farid farzandga zor edi. U uch marta uylangan, lekin farzand ko‘rmagan, yoshi qirqdan oshgandan so‘ng taqdirga tan bergan. Endi Salimni o‘ziga farzandday yaqin olib, dilida qatlanib yotgan otalik mehrini butunicha unga sarf qilar edi. O‘smirlarda bo‘ladigan ishonuvchanlik va ota mehriga tashnalik tufayli Salim ham mavlono Faridning mehriga dilini ochib berar va uni o‘zining eng yaqin sirdoshi deb bilardi.
— Amirzodam, endi siz Abulfazldan ehtiyot bo‘ling, — derdi. — Hazrat otangiz shu vazirning maslahatiga kirib, kofir farangilarni saroyga ishga olmoqchi emishlar. Padrelar siz bilan shahzoda Murodga muallim bo‘lib, farangi tilini o‘rgatarmish!
Shayx Farid bu gap bilan Salimni cho‘chitmoqchi edi. Salim boshqa bir olamdan kelgan, kiyimlari ham, yurish-turishlari-yu gapirishlari ham o‘zgacha bo‘lgan farangilarga o‘smirlarcha bir qiziqish bilan qarar edi. Shayx Farid o‘nta gapirganda bitta ham javob aytmay, o‘ychan va xomush yurgan Salim ustozining so‘nggi gapidan allanechuk tetiklandi:
— Qachon... saboq berarmish? — deb so‘radi.
— Sarmunshi Naqibxon aytdi. Ehtimol, erta-indin hazratim sizni chaqirib qolarlar... Kofirdan til o‘rga­nishga rozi bo‘lurmisiz, amirzodam?
— Farangilar forsiy tilda so‘zlarmishlar-ku. Gap­larini eshitib ko‘ray. G‘aroyib sarguzashtlarni bilar­mishlar.
— Ammo sarguzasht aytish bahonasi bilan, sizni o‘z dinlariga... o‘tkazib olsalar-chi?
Salim endi xiyol kulimsiradi:
— Siz menga bergan ta’limlarni dilda mahkam tutgaymen, mavlono. Bobolar e’tiqodiga sodiqmen!
Farid Buxoriy Salimga turkiy tildan dars bergan, Navoiy, Bobur she’rlaridan yuzlab satr yod oldirgan, shular ta’sirida Salimda ulug‘ bobolariga kuchli bir ehtirom paydo bo‘lgan edi. Ayni vaqtda, Farid Bu­xoriy Salimni hind onasi-yu tog‘alari ta’siridan ham uzib olishga intilardi. Salimning tog‘alari Man Sinx va Bhagvan Das botir jangchilar bo‘lsa ham, Ulug‘bek, Bobur kabi noyob kitoblar yozgan emaslar. Shuning uchun Salim ulardan ko‘ra ota ajdodlariga o‘zini yaqinroq oladi va ularning ma’naviy merosiga qalbini kengroq ochadi. Agar Salimni «tog‘alariga tortibdi» deyishsa, izzat-nafsiga tegadi, chunki bu uni yarim hind, yarim muslim qilib ikkiga bo‘lib maydalashtiradigan va yarimta-yurimta qilib ko‘rsatadigandek tuyuladi. U Farid Buxoriy ta’sirida temuriy bobolarining udumini otasidan ham mahkamroq tutishga intiladi. Ustozi ham shu boisdan uni o‘z farzandiday astoydil yaxshi ko‘radi.
— Amirzodam, men aytgan gaplar oramizda qolsin, farangi muallim haqidagi sirni mendan eshitganingizni hazrat otangiz zinhor bilmasinlar.
— Nechun?
— Axir bu hali maxfiy gap. Sirni oshkor qilganim uchun jazo bermoqlari mumkin. Mening ham dushmanlarim ko‘p. Ayniqsa, hamshahrim Ahmad Buxoriy payt topsa, meni ham marhum Ansoriyga o‘xshatib yo‘q qilgay.
Salim otaning sodiq shogirdi bo‘lgan Ahmad Bu­xoriy hozir shayx Muborak va Abulfazlning eng yaqin maslakdoshiga aylangan, Farid Buxoriy va ular­ning yashirin dushmani edi. Ikkita buxorolikning o‘t bilan suvday kelisholmasligi Salimni ham hayratga solardi.
Ertasi kuni Akbar Salimni o‘zining xonayi xosiga chaqirtirib, farangi tilini o‘rganish haqida gap ochganda, shahzoda o‘z ustozining sirini yashirish uchun hech narsadan xabari yo‘qday jim quloq soldi.
— O‘g‘lim, sen nuqul kitob mutolaasiga berilib, xomush yurgan emishsan. Uzoq yurtlarga borging kelgaymi? Hind ummonida kemalarda suzib sayohat qi­lishni istaysenmi?
Salim birdan jonlanib:
— Istaymen! — dedi.
— Men Goa oroliga kemada suzib borganim hech esimdan chiqmaydir. Farangilarning zo‘r kemalari bor ekan. Bizda hali bunday quvvayi bahriya yo‘q. Shu­ning uchun biz bosqinchi farangilarni Hindiston qirg‘og‘idan uloqtirib tashlashga hamon ojizmiz. Yog‘iydan kuchliroq bo‘lish uchun uning ichki sirla­rini bilmoq kerak, tajribasini o‘rganmoq zarur. Farangi padrelarni men ana shu maqsadda saroyimga cha­qirdim. Kaltabin odamlar bizni «Nasora diniga o‘tmoqchi emish!» deb bemaza mish-mishlar tarqatib yurganidan qo‘rqma. Farangilarnnig kema qurishdagi tajribalarini, butun ilm-u ma’rifatini bilmoq uchun ularning tillarini o‘rganmog‘imiz kerak. Shu maqsadda ining Murodni ham chaqirganmen!
Akbar qarsak chalib sarmunshiga buyurdi:
— Murod kirsin!
Ikki o‘g‘li yonma-yon turganda Akbar ularning farqlariga xiyol taajjublanib ko‘z tashladi. Salim ona­sidek qorachadan kelgan, o‘n ikki yoshida bo‘yi cho‘­zilib otasiga tenglashib qolgan, yelkalari tog‘ala­rinikidek keng, mo‘ylabi erta sabza urgan. o‘n bir yashar Murodning soch va qosh mo‘ylari qizg‘ish ol­tinrang, yuzi ra’no guliday oq-sarg‘ish, ko‘zlari esa tiniq zangori rangda. Murod ona tomonidan ham boburiy bo‘lgani uchun barloslarda ko‘p uchraydigan qizg‘ish soch va zangori ko‘z unga meros o‘tgan edi. Fe’li ham Salimnikidan boshqacha — o‘y surib o‘tirishni suymaydi, simobday serharakat, sho‘x. Goh chavandozlikni, goh qilichbozlikni mashq qiladi, merganligi ham bor, suvda suzishga ham ishqiboz, Jamnaning u qir­g‘og‘idan bunisiga suzib o‘tganini Akbar o‘zi ko‘rgan.
Akbar o‘g‘illarini ikki yoniga o‘tkazdi-yu, Murod bilan avval turkiy tilda, so‘ng forscha va hindcha gaplashib ko‘rdi. O‘g‘li hindchani hali uncha erkin gaplasholmasligini payqadi-da:
— O‘rganmog‘ing kerak! — dedi. — Hindiston bizning vatanimiz. Hind ulusining tilini bilmog‘ing — ham qarz, ham farz. Har bir o‘rgangan tiling — se­ning qalb boyligingdir. Mana, bizga kelgan farangilar forscha, hindcha bemalol so‘zlashurlar. Biz esa ular­ning tilini bilmaydirmiz. Holbuki, ularda ham kitob ko‘p, ma’rifat ulkan. Lekin ba’zilar: «Nasoralar — kofirdir, ularning tillarini o‘rganish gunoh», deydir. Sen qanday fikrdasen, Murod?
Murodning tarbiyachisi, ustozi shoir Fayziy edi. Shahzoda Fayziydan bani bashar haqida olgan saboq­lariga suyanib:
— Nasoralar ham Odam Atodan tarqagan-ku, — dedi.
— Albatta-da! — quvonib xitob qildi Akbar. — Biz jahon miqyosiga chiqmoq uchun barcha qit’alarning ilm-u san’atiga bag‘rimizni dadil ochmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim! Buning uchun avvalo, dunyo tillarini o‘rganmog‘imiz zarur. Padrelar bizga Ovrupo degan qit’ada qancha mamlakat-u qancha ulus borligini so‘zlab berdilar. Ko‘pchiligimiz ularni bilmaganimiz uchun hammasini «farangi»lar deb yurar ekanmiz. Ovrupodan narida Amerika degan yana bir yangi qit’a kashf etilmishdir. Ummon bo‘ylab kemada suzganda o‘sha qit’aga olti oyda yetib bormoq mumkin ekan. Farangilar qilgan ulug‘ jug‘rofiy kashfiyotlarni hali hech bir mamlakat qilmagan ekan. So‘zlab beraversalar, «Ming bir kecha» ertaklaridan ham maroqlidir!
Akbar o‘g‘illarini farangi tiliga shu tarzda qiziqtirgandan so‘ng padrelarning oldiga dastlabki mash­g‘ulotga yubordi.
* * *

Asli kataloniyalik ispan bo‘lgan Antoni Monserrate qirq besh yoshlarda. Millati italyan Rudolf Akvaviva esa hali o‘ttizga kirmagan baquvvat yigit. Akbar saroyida Monserrateni yoshi kattaroq bo‘lgani uchun farangilarning boshlig‘i deb ko‘proq ehtirom qilishadi. Lekin aslida Akvaviva Monserratega rahbar qilib yuborilgan edi. Chunki Rudolfning tog‘asi Goa oro­lidagi barcha cherkovlarning peshvosi. Portugaliya qiroli ham Hindiston ishlarida Akvavivani o‘ziga sodiqroq deb biladi. Iezuitlar sulukatida Rudolf eng imtiyozli va fidoyi guruh hisoblanadigan martirlar safiga qabul qilingan. Martirlar o‘z jonlarini katolik cherkovi uchun qurbon etishga qasamyod qiladilar. Ular iezuitlar orasidagi bo‘lajak shahidlar sifatida yuksak obro‘ga ega bo‘ladilar.


Akbar buni bilmasa ham, Akvavivaning o‘z diniga haddan ortiq berilgan qiziqqonroq ruhoniy ekanini sezgan; «ehtimol, yosh bo‘lgani uchun aqli uncha quyulmagandir», deb o‘ylagan va mulohazakor, bosiq Monserrateni undan afzal ko‘rib, muallimlikka taklif qilgan edi.
Monserrate shahzodalarga til o‘rgatish uchun borayotganda Akvaviva unga iezuitlar sulukati nomidan ko‘rsatma berdi:
— Sizning muqaddas burchingiz — saratsin* shahzodalarini katolik diniga o‘tkazmoqdir.
— Akbar barcha dinlarni barobar deb e’lon qilganda biz odamlarni bir dindan ikkinchisiga o‘tkazishimiz ne kerak padre? Axir biz, yevropaliklar, osiyoliklardan orqada emas, oldinda yurmog‘imiz zarur emasmi?
— Oldinda yurganimiz uchun ham ularni o‘zimizga ergashtirmog‘imiz kerak, Antoni! Men qirolga yozgan maktubimda «Akbar «Injil»ni ko‘ziga surib o‘pgani — nasora diniga moyilligini ko‘rsatdi», dedim. Agar biz mahorat bilan ish olib borsak, bu saratsin podshosini o‘z dinimizga o‘tkazishimiz aniq!
Antoni Rudolfning bu niyati xomxayol ekanini sezib turardi. Hatto jo‘n bir tuxumni yorib chiqqan jo‘ja ham shu tuxumning qobig‘iga qaytib kirolmaydi-ku. Antonining tasavvurida ulkan burgutga o‘xshab uchayotgan Akbar qanday qilib katolik dinining qobig‘iga kirsin!
Monserrate mustaqil fikr yuritishni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, katolik cherkovining inkivizitsiyasi o‘rnatgan shafqatsiz istibdoddan juda qo‘rqar edi. Agar Akvaviva uni «katolik cherkoviga xiyonat qilgan dahriy» deb, inkvizitsiyani bunga ishontirsa, Antoni qaytib borganda uni o‘tga tashlab o‘ldirishlari muqarrar edi. Akbar o‘z yurtida mana shunaqa diniy istibdodni ag‘darib tashlagani Antoniga ma’naviy kamolotday tuyulmoqda edi. Portugaliya uchun bunday ma’naviy kamolot hali oldinda ekanini* u ich-ichidan sezardi. Shuning uchun Monserrate axiyri Akvavivaning talablariga yon berishga majbur bo‘ldi. Akbarni va uning o‘g‘lini katolik diniga o‘tkazish orqali butun Hindistonni Portugaliyaning mulkiga aylantirish maqsadida ish olib borajagini Akvavivaga ahd-paymon tarzida aytdi. Shundan keyin Akvaviva unga Akbarning harbiy sirlarini qanday bilish kerakligi to‘g‘risida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata boshladi.
Monserrate josuslikdan hazar qilar edi:
— Padre, men harbiy odam emasmen! — dedi.
— Bo‘lmasa Albert Pereyro doim sizning yoningizda yursin. «Yordamchi xalfam» deb tanishtiring. Domlaning xalfasi bo‘lishi shart, saratsinlarda shunday qoida bor. Pereyro birga yursa, qolgan ishni o‘zi eplagay.
O‘ttiz yoshlardagi xushmuomala, chaqqon yigit Albert Pereyro Goadan padrelar bilan birga kelgan, hozir ham ularni qo‘riqlab yuribdi. Bu yigit bir vaqtlar Humoyun saroyiga kelgan Alvaro Pakaviraning jiyani. Uning asli oti Albert Pakavira. Lekin Akbar Goaga borganda Alvaro Pakavirani suiqasdga qatnashishda ayblagani uchun uning jiyani bu yerga ke­lishda familiyasini «Pereyro» qilib o‘zgaratirib oldi. Aslida Albert ham Pakaviraning tarbiyasini olgan, uning maxfiy ishlarini davom ettirish uchun hind va fors tillarini o‘rgangan. Qilichbozlik, merganlik, chavandozlik, suvda suzish bo‘yicha Goada unga teng keladigan yigit kam.
Monserrate o‘zi josuslik qilgisi kelmagani uchun Albertni xalfa o‘rnida shahzodalarning oldiga birga olib bordi.

Farangi tili mashg‘ulotlari shahzoda Salimga zerikarli tuyulsa ham, ammo Albert Pereyroning de­ngiz sayohatlari haqidagi hikoyalari unga qiziqarli tuyula boshladi. Pereyro o‘ng olti yoshidan beri de­ngizda ko‘p suzgan, yer kurrasini aylanib chiqqan Ma­gellanning tarixini yaxshi bilar, Kolumb Hin­distonga boraman deb adashib, Amerikani qanday ochganini kulgili tarzda hikoya qilardi. Pereyroning dengiz qa­roq­chilari haqida aytib bergan qo‘rqinchli hikoyalaridan esa Salimning sochi go‘yo tikka bo‘lib ketardi. Albert Pereyroning merganligi va chavandoz­ligi ham Salimga yoqib qoldi. Shahzoda uni «Alibek» deb chaqiradigan bo‘ldi. Monserratening saboqlari tugagandan so‘ng Salim Albertni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Hindistonning issiq iqlimida Salim juda tez balog‘atga yetgani uning do‘rillagan ovozidan va lab ustida sabza urgan mayin tuklaridan sezilar edi. Xonayi xosda yolg‘iz o‘ltirganlarida Albert farangi qizlarning go‘zal badanlari va noz-u karashmalaridan so‘z ochdi. Bu mavzu Salimni g‘oyat qiziqtirib qo‘y­ga­nini sezgach:


— Amirzoda, — dedi, — agar hech kimga aytmasangiz, bitta surat ko‘rsatgaymen.
— Sir saqlashga qodirmen! Bu yerda faqat ikkimiz. Qani, ko‘rsating.
Albert qo‘ynidagi yashirin cho‘ntakdan charm ichida avaylab, asralgan kaftday bir rangli surat oldi. Bu suratda hozirgina cho‘milib chiqqan go‘zal bir qizning oppoq sonlari, bo‘liq ko‘kraklari shunday tasvirlangan ediki, Salim suratga tikilib turib entikib ketdi... U Albert Pereyroga bir hamyon oltin berib, bu suratni sotib oldi.
Pereyro uchun eng muhimi — oralarida paydo bo‘lgan yaqinlik edi. U shahzodaga bundan ham g‘alatiroq suratlar topib kelishga va’da berdi...

____________


* S a r a t s i n — portugalcha «musulmon» degani.
* Hatto Fransiyada ruhoniylar istibdodi va erkin fikrli kishilarni o‘tga tashlab o‘ldiruvchi inkvizitsiyaning shafqatsizliklari Volter yashagan XVIII asrgacha davom etgani tarixdan ma’lum.
* * *

Farangistonlik Antoni Monserratening saroyga ishga olingani va shahzodalarga saboq berayotgani atrof viloyatlariga: «podshomiz o‘g‘illarini nasora diniga o‘tkazmoqchi emish!» degan vahimali ovozalar tarzida tarqaldi. Akbar bu ovozalarni bosish uchun sulhi kull nimaligini xalqqa tushuntiruvchi maxsus murojaatnoma yozdirib, uni barcha shahar-u qishloq­larda o‘qib eshittirishni buyurdi.


«Biz Hindistondagi barcha uluslarning ichki urushsiz, tinch yashashlarini istab, hamma tomonlama tinchlik — sulhi kull siyosatini amalga oshirmoqda­miz, — deyilgandi murojaatda: — Odamlarga — tinchlik, saltanatga — xavfsizlik, barcha imon-u e’tiqodlarga — barobar ehtirom!»
Akbar o‘zining bu shioriga qanday amal qilayotganini ko‘rsatish uchun har kuni ertalab ufq ortidan chiqib kelayotgan oftobni ta’zim bilan kutib olardi. Otashparastlarning bu odati tog‘liq joylarda yashaydigan ko‘pgina hind qabilalarida ham saqlanib qolgan edi. Otashparast turkiy ellardan qolgan va Akbarga juda ma’qul tushgan yana bir odat — oqshom qorong‘i tusha boshlaganda chiroqlarni «o‘t og‘asi» deb ataladigan oila yoki qabila boshlig‘ining yoqib berishi edi. Akbar oqshom g‘ira-shirasida saroyni yoritadigan birinchi shamni o‘zi yoqib berar edi. Saroyda chiroqlarga qaraydigan maxsus xizmatkorlar Akbar yondirgan shu mitti olov bilan ulkan saroydagi yuzlab qandillar shamini birma-bir yoqib chiqar edilar.
Gujaratlik otashparast Mexerji Akbarga uch popukli chiroyli kamar taqdim qilgan edi. Kamardagi uch popuk uchta fazilat ramzi sanalardi: biri — «pindori xub», ya’ni yaxshi o‘y, niyat, ikkinchisi — «guf­tori xub», ya’ni yaxshi so‘z, kalom, uchinchisi — «kirdori xub», ya’ni yaxshi ish, axloq. Bu uch fazilat go‘yo bir kamarga bog‘lanib, insonda birga yursa, o‘y, so‘z, ish bir-biridan ajralib qolmasa, murod hosil bo‘lishi Akbar intilayotgan eng baland ma’naviy yuksaklik edi. Shuning uchun uch popukli kamarni chorshanbayi murodbaxsh kunlarida beliga bog‘lab yurardi.
Hindlar peshonaga qo‘yib yuradigan tilak — qizil xol ham eng ezgu-niyatlar timsoli hisoblanardi. Akbar hindlarning imon va e’tiqodlarini ham astoydil hurmat qilishini ko‘rsatish uchun seshanba kuni hindcha kiyinib, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ydirib saroyda ko‘pchilikka ko‘rinish berdi.
Bu hodisa mamlakat aholisi orasida: «Podsho hind dinini qabul qilganmish!» degan ovoza tarzida yashin tezligida tarqaldi. Hindlar bu ovozadan quvonib, Akbarni «maxaguru», ya’ni «ulug‘ pir» deb e’zozlaganlari sari mutassib shayxlar uning majusiy bo‘lganiga johil odamlarni ishontira boshladilar. Bir vaqtlar shayx Ansoriyga tarafdor bo‘lgan va Agradan Jaun­purga surgun qilingan shayx Muhammad Yazdiy Ganga bo‘yida turib Akbarga qarshi isyon boshladi. U ulamo va shayxlar nomidan fatvo yozib, Akbarni «dahriy», «majusiy», «otashparast», «kofir» deb ming maqomga solib aybladi. «Bunday odam musulmon davlatiga podsho bo‘la olmagay!» deb, Jaunpurdagi masjidda va’z aytdi. Uning va’ziga ko‘pchilik qavmlari ham qo‘shilgandan keyin, Muhammad Yazdiy Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakimga odam yubordi. Muhammad Hakim ham Akbarning «Sulhi kulliga» qarshi ekanini aytib, isyonchilarga yon bosgach, Muhammad Yazdiy Jaunpurning jome masjidida o‘qilgan xutbadan Akbarning nomini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Muhammad Hakimni Hindiston podshosi deb e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitdi.
Bixar va Bangolada markaziy davlatdan ajralib chiqishga va yana mustaqil hokimiyat tuzishga tashna bo‘lgan afg‘on amirlari bor edi. Ular darhol Mu­hammad Yazdiy boshlagan isyonga qo‘shildilar.
Muhammad Yazdiy bu xabarlarni o‘z tarafdorlari yordamida Gujaratga, Malvaga, Panjob va Kobulga tarqatdi. Bu viloyatlarda ham Akbarning dahriyligiga ishonuvchilar ko‘p edi. Endi ularning orasida ham Akbarni taxtdan ag‘darish haqidagi va’zlar, musulmonlarni g‘azotga undovchi xitoblar yangray bosh­ladi.
Gujaratda haligacha Akbarga qarshi kurashib yurgan Muzaffarshoh ham Akbarning o‘rniga ukasini taxtga chiqarish harakatiga tushib, Kobulga maxsus vakillar yubordi. Turondagi Abdullaxondan Kobulga kelgan elchilar ham endi faqat Muhammad Hakim Hindiston podshosi bo‘lishi kerakligini uning qulog‘iga quydilar.
Ko‘pdan beri shuni istab yurgan Muhammad Hakim katta qo‘shin to‘pladi-yu, dindan qaytgan akasiga qarshi g‘azot e’lon qilib, Hindiston tomonga yurish boshladi.
Akbarning o‘zi qo‘zg‘atgan ma’naviy zilzila uning toj-u taxtini ham silkita boshlagach, oyoqda mustahkam turish qiyin bo‘lib qoldi, saroyda vahima boshlandi. Akbar eng sodiq odamlarini atrofiga to‘plab:
— Kim haqiqiy do‘st ekani endi bilingay! — dedi. Todar Mal bir qism qo‘shin bilan Bixarga, Aziz ko‘ka— Gujaratga, Man Sinx — Panjobga jo‘nadi. Akbarning o‘zi esa eng katta xavfga aylangan Muhammad Hakimga qarshi qo‘shin tortdi.


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish