Mikroorganizmlardan antibiotiklar olish
Antibiotiklarni (antibiotik moddalar) turli xil guruh organizmlar (bakteriyalar, zamburug’lar, yuksak o’simliklar, hayvonlar) ishlab chiqaradi. Ilmiy adabiyotlarda antibiotik atamasi 1942-yil Vaysman tomonidan kiritilgan. Bu atama ma’lum bir mukammallikga ega ( so’zma-so’z tarjimasi-,,hayotga qarshi’’ degani) bo’lmasa ham faqat ilmiy leksikongagina mustahkam kirib olmasdan, kundalik muloqotda ham keng ishlatilib kelinmoqda.
Antibiotiklar-tirik organizmlar hayot faoliyatining maxsus mahsuloti yoki ularning modifikatsiyasi, ayrim mikroorganizmlarga (bakteriyalar, zamburug’lar, suv o’tlariga, sodda hayvonlarga), viruslarga va boshqalarga nisbatan yuqori fiziologik faollikka ega bo’lgan, ularning o’sishini to’xtatadigan yoki taraqqiyotini butunlay yo’qotadigan moddalardir.
Mikroorganizmlar modda almashinuvida hosil bo’ladigan bu mahsulotning o’ziga xosligi quyidagilar bilan belgilanadi: birinchidan, antibiotiklar boshqa moddalardan, masalan, spirtlardan, organik kislotalardan va ayrim boshqa mikroorganizmlarning o’sishini to’xtata oladigan moddalardan farqli o’laroq, yuqori biologik faollikka ega bo’lgan moddalardir. Fikrimizni tasdig’I uchun bir misolga murojaat qilamiz: grammusbat bakteriyalar (mikrokokklar, streptokokklar, diplokokklar va boshqalar) ning o’sishini to’xtatish uchun 0.01-0.25 mkg/ml eritromitsin kifoya, ammo shunday konsentratsiyadagi spirt yoki organik kislotalar bakteriyalarga hech qanday ta’sir ko’rsata olmasligi mumkin. Ikkinchidan, antibiotic moddalar tanlangan (spesifik) ta’sirga ega. Bu degani, antibiotik bilan aloqada bo’lgan organizmlarning hammasi ham uning ta’siriga sezgir bo’lavermaydi. Shu sababli mikroorganizmlar ikkiga bo’linadi: ma’lum antibiotiklarga sezgir va unga rezistent (chidamli) mikroorganizmlar.
Ayrim antibiotiklar mikroorganizmlarning uncha ko’p bo’lmagan turlarining o’sishini to’xtatadilar, boshqalari esa ko’p turga mansub bo’lgan mikroorganizmlarning rivojlanishini chegaralaydilar. Antibiotiklarni shu mohiyatidan kelib chiqan holda ular ikki guruhga bo’linadi:
Tor spektrli biologik ta’sirga ega bo’lgan antibiotiklar;
Keng spektrli biologic ta’sirga ega bo’lgan antibiotiklar.
Birinchi guruhga benzilpenisillin (penisillin G), novobiosin, grizeofulfin va boshqa antibiotiklar mansub bo’lsa, ikkinchi guruh antibiotiklarga ta’sir spektri keng bo’lgan tetrasiklinlar, xloramfenikol, trixotetsin va boshqalar kiradi.
Hozirgi vaqtda 6000 ga yaqin antibiotiklar mavjudligi aniqlangan. Eng ko’p miqdordagi antibiotiklarni (3000 dan ortiq) aktinomisetlar hosil qiladi. Aktinomisetlar sintez qiladigan yangi antibiotiklarning qatori kengaymoqda. Antibiotiklar-turli xil sinflarga mansub kimyoviy birikmalarning vakillari-ancha oddiy asiklik birikmalardan birmuncha murakkab tarkibli polipeptidlar va aktinomisinlar tipidagi moddalardir.
Antibiotik moddalar kimyoviy tuzilishining xilma-xilligi tufayli biologic ta’sirning turli xil mexanizmlariga ega, shunga asosan ularni quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:
Modda almashinuvi jarayonida raqobatli ta’sirga ega bo’lgan antibiotiklar (puromisin, D-sikloserin, aktitiazoin kislota)
Hujayra qobig’I sintezini to’xtatuvchi antibiotiklar (penisillinlar, basitratsin, vankomisin, sefalosporinlar).
Membranalar funksiyasini buzuvchi antibiotiklar (polienlar, valinomisin, gramisidin, trixomisin va boshqalar).
Nuklein kislotalar sintezini (almashinuvini) to’xtatuvchi antibiotiklar, ularning o’zi ikki guruhga bo’linadi:
RNK sintezini to’xtatuvchilar (anzomisinlar, grizeofulvin, kanamisin, neomisin, novobiosin, olivimisinlar va boshqalar);
DNK sintezini to’xtatuvchilar aksinomisin D (aktinomisin C11, bruneomisin, mitomisin, novobiosin, sarkomisin va boshqalar).
Bulardan tashqari, biokimyoviy ta’sir mexanizmlariga ko’ra antibiotiklar quyidagicha klassifikatsiyalanadilar:
Azot asoslari: purinlar va pirimidinlar sintezini to’xtatuvchilar (azaserin, dekoinin, sarkomisin vaboshqalar).
Oqsil sintezini to’tatuvchi antibiotiklar (basitroain, aminoglikozidlar, metimisin, tetrasiklinlar, xloramfenikol, makrolidlar va boshqalar).
Nafas olishni to’xtatuvchi antibiotiklar (oligomisinlar, potulin, piosianin va boshqalar).
Fosforlanishni to’xtatuvchi antibiotiklar (valinomisin, gramisidinlar, kolisinlar, oligomisinlar va boshqalar).
Antimetabolit xossaga ega bo’lgan antibiotiklar (aktinomisinlar va zamburug’larning ayrim turlari sintez qiladigan antibiotic moddalar). Bu birikmalar aminokislotalar, vitaminlar va nuklein kislotalarning antimetabolitlari sifatida ta’sir ko’rsatadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |