Ko‘chirma gaplarning o‘ziga xos xususiyatlari
Ko‘chirma gap nutq jarayonidan oldin aytilgan yoki aytishga mo‘ljallangan o‘zga nutqning ba’zan esa so‘zlovchining o‘zi tomonidan oldin aytilgan gaplarning bo‘lishi asosiy belgi sanaladi. Ko‘chirma gapdagi mazmun tinglovchiga qaratiladi.
O‘zgalar fikrining semantik, leksik, grammatik xususiyatlari saqlangan holda, mustaqil gap shaklida muallif gapi bilan birgalikda ishlatilishi ko‘chirma gap deyiladi.5 Ota yoki ona: “Bolam, endi bozorga yo‘lama, bu sen qiladigan ish emas ekan”,– deyisharmikan? (T.M)
Ko‘chirma gapni xarakterlovchi quyidagi xususiyatlari mavjud:
Ko‘chirma gap qanday shaklda bo‘lmasin, muallif gapi bilan birgalikda ishlatiladi.
Ko‘chirma gap alohida olib qaralganda, ko‘pincha kuzatilgan maqsad anglashilmaydi.
Ko‘chirma gap va muallif gapi o‘rtasidagi grammatik va semantik munosabatlar ularni ayrim-ayrim olib talqin qilishga yo‘l qo‘ymaydi.
Ko‘chirma gapli qo‘shma gaplarning asos, tamal turida muallif gapi yaxlit gapning “sinchi” sifatida ko‘chirma gapni o‘z ichiga oladi.
Ko‘chirma gaplarning bu xususiyatlarini inobatga olib, uning kuzatilishini tahlil qilish lozim. Ko‘chirma gap o‘z tuzilishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
Bir komponentli sodda gaplardan iborat bo‘ladi: “O‘zim”,– dedi, behol, nimjon tovush bilan (M.I), “Gapir”,– dedi Azim tajang Karomatga.
Ko‘p komponentli sodda gaplardan iborat bo‘ladi: “Mana bu bizdan tuxfa”,– deb Ma’suma beka chiroyli gular solingan katchani sotib olib, Xudoydodbekka tutdi. (M), “O‘rtog‘ing qani?”– dedi u salomga alik ham olmay.
Ko‘chirma gap qo‘shma gapdan tashkil topadi: “Haligi gapimni o‘ylab ko‘ring, unutmang, munosabatlarimizni o‘zgartirsangiz birga ishlaymiz”, – dedi Maqsud Soliyev Tal’at xayrlashar ekan (T.M)
Ko‘chirma gap murakkab qo‘shmagapdan tashkil topadi: Doklading ertalabgacha tayyor bo‘lsin raykomdagilar “Kopernik bilan Mendeleyeevni ham qo‘shinglar”,– deyishyapti, – dedi o‘qituvchi”. (T.M)
Ko‘chirma gap o‘zbek adabiy tilida juda ko‘p qo‘llaniladi, chunki u kommunikativ funksiyani bajarib, kishilar jamoasining aloqa qilish qurolidir.
Ko‘chirma gap alohida grammatik qoidalar asosida tuziladi. Ko‘chirma gapni ifodalash uchun leksik, grammatik, intonatsion vaziyatlar qo‘llanib o‘ziga xos konstruksiya hosil qilinadi. Ko‘chirma gap muallif gapidan ajralib turadi.
Ko‘chirma gapda muallifning o‘zi emas, so‘zlovchi suhbatdoshiga o‘z so‘zlari bilan bevosita murojaat qiladi. Bunda u birinchi va ikkinchi shaxs olmoshlari, fe’llar, undov so‘zlar, buyruq mayli shakllaridan va boshqa vositalardan foydalanadi.
Odatda, muallif gapi III shax orqali ifodalanadi, ko‘chirma gap esa I va II shaxs orqali so‘zlovchining o‘z nomidan gapiriladi. Muallif gapi bilan ko‘chirma gapning farqli tomoni shundadir.6
Ba’zan, ko‘chirma gap III shaxda beriladi, bunday vaqtda muallif gapiga o‘xshab ketadi. Agar muallif gapi bo‘lmasa ko‘chirma gapni oddiy gapdan farqlash qiyin bo‘ladi: “Xudo bir asradi”,– dedi Zavrak bilan keta turib Zulfiqor. (M)
“Traktor yurmay qoldi”,– dedi Bashor opaga yuzlanib (O‘.H)
Ko‘chirma gaplar muallif gapidan o‘ziga xos leksik-grammatik xususiyatlar:
1) leksik tomondan – modal so‘zlarning qo‘llanishi orqali;
2) morfologik tomondan – fe’l mayllari modallik yuklamasi orqali;
3) sintaktik tomondan – ko‘chirma gaplarning darak, so‘roq, buyruq, undov gap shakllari strukturasi intonatsiyasi, o‘rni, tartibi orqali farqlanib turadi.
Ko‘chirma gaplarda modal so‘zarning ishlatilishi so‘zlayotgan shaxsning nuqtayi nazarini belgilaydi ko‘chirma gapga turli ma’no ottenkalarini qo‘shadi: “Albatta, bo‘lmasa kimnikiga tushadi”,– dedi mingboshi, cho‘ntagidan kumushband nosqovog‘ini ola turib. (M.I) “Xo‘p, mayli, men ketay dedi”,– Hayot jilva bilan qayrilib.(M.I) “Xo‘sh, yana ne gaplar bor?”– bir qo‘li bilan olma og‘ochiga suyanib kalovlanib so‘radi Majdiddin. (O)
Bu misollarda, xo‘sh, mayli modal so‘zlari vositasida ko‘chirma gapda tasdiq ma’nolari ifodalanmoqda. “Xullas, bu savdolar ko‘p yillar davomida ko‘p kishilarning boshidan kechgan”, – dedi muallif. Bu gapda xullas modal so‘zi orqali fikrni xulosasi va yakun ma’nosi anglashiladi.
Ko‘chirma gapning tarkibida yuklamalar ham qo‘llanilishi mumkin. Bu yuklamalar ko‘chirma gaplarga tasdiq, gumon, noaniqlik kabi ottenkalarni beradi. “Qashlab tursang-chi!” – bobom menga gapiryotganini tushundim. (O‘.H)
“Yo‘q, mayli-ku!” – Shomurod tog‘am tag‘in kuldi.(O‘.H) “Shu-da!” – zakunchi darrov gapni ilib ketdi.(O‘.H) Birinchi misoldagi -chi yuklamasi buyruq ottenkasini, ikkinchi gapdagi -ku tasdiq ottenkasini, uchinchi gapdagi -da yuklamasida ham tasdiq ottenkasi mavjud.
Buyruq maylining qo‘llanishi ko‘chirma gapning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir: “Buyoqqa ol!” – dedi qo‘l cho‘zib, – kaling yuqib qoladi. Nima? – dedi zakunchi qulog‘ini Olimjonning og‘ziga tutib. – Qattiqroq gapir! Odamlar eshitsin. (O‘.H) “To‘xta!” – mingboshi daxshatli tovush bilan qichqirdi (M.I) U ancha jim bo‘lib ketgandan keyin, ping‘i tovush bilan o‘shqirdi: “Tur, ko‘chani supur!” (M.I) “Ota o‘zingizni qo‘lga oling, – dedi Badia oatsining qo‘llaridan ushlab, – otajon biroz sabr qiling”.
Ko‘chirma gap so‘roq shaklida ham bo‘ladi. Bunda so‘roq gap muallif gapidan tarkibida so‘roq olmoshi, so‘roq yuklamasi va o‘ziga xos so‘roq ohangi bo‘lishi bilan farqlanib turadi: “Taqsir, mirshabni chaqirib kelaymi?” – deb so‘rab qoldi. (M.I) “Qayerdan eshitdingiz?” – qiziqsinib so‘radi Dildor. (O.) “Meni tushunmasa kerak, – dedi xo‘rsinib, – uning yaxshi bo‘lgani bilan onamni unutolmayman-ku?” (T.M) “Nima bor bu yerda? – dedi u g‘azab bilan, keyin Asrorning yelkasidan turtdi. –Qani yur bu atrofga kelma devdim-ku! Yana darsdan qochdingmi?”(T.M)
Ko‘chirma gap buyruq yoki undov gap shaklida bo‘lganda, sevinch, qayg‘u, qo‘rqinch, faxrlanish, istak kabi his-tuyg‘ularni bildiradi. Bunday buyruq yoki undov gap tarkibida undalmalar ham qo‘llanadi. Ko‘chirma gap bo‘lib kelgan buyruq yoki undov gaplar kuchli ohangda aytiladi: “Orada hech nima bo‘lgani yo‘q. Bizdan qasos olmoqchilar! – g‘amgin, xorg‘in javob berdi Darveshali. –Taraddudlanmangiz men tezroq qorong‘u makonimga boray!” (O.) Bir muddatdan so‘ng Me’mor o‘rnidan turdi. Badiada, Ma’suma bekada, Zavrag-u G‘avvosga qarab bir nima deb g‘o‘ldiradi: “Men hozir borib cho‘qmor bilan madrasa koshinlarini urib tushuraman! Men hozir borib xammomni ham, ko‘prikni ham buzaman! Men hammayoqni buzaman!!! Men ularni kim uchun qurdim! Kim uchun!!!” –U peshanasiga kaft bilan qarsillatib ura boshladi. (M)
Ko‘chirma gap o‘ziga xos intonatsiyaga ega bo‘ladi. Odatda, ko‘chirma gapning intonatsiyasi muallif gapi yordamida muallif gapi tarkibidagi ayrim leksik elementlar orqali anglanadi: “E, Maqsud aka, bormisiz! Qayoqdan qidirsamikin, deb turuvdim, boshim qotib qoldi”, – dedi Eshboyev (T.M) “Zulmat! Zulmat! – tupurigini sachratib g‘azab bilan qichqirdi mavlono Shahobiddin, – haq so‘zni dedingiz, janob xatib, dalil isbot darkormi?” (O.)
Shunday qilib,ko‘chirma gap barcha leksik-grammatik xususiyatlarini, o‘ziga xos ohangini, modallik ottenkalarini saqlaydi, muallif gapi tarkibidagi xabar ifodalovchi fe’l esa, nutq momentini uning qay holatda aytilayotganini ko‘rsatadi. Ko‘chirma gap so‘zlashuv nutqining barcha xususiyatlarini aks ettirgani tufayli badiiy adabiyotda keng qo‘llanadi.
Ko‘chirma gapli jumlalar tarkibida ko‘chirma gapning o‘z grammatik belgisigina muhim bo‘lib qolmasdan, balki muallif gapi va bu gapni tashkil etgan so‘zlar ham katta rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |