Erkin A’zam qissalari
Erkin A’zam adabiy jarayonga o‘tgan asrning 70 yillarida kirib keldi. Ilk hikoyalar to‘plami “CHiroqlar o‘chmagan kecha” bilan kitobxonlar nazariga tushdi. Qirq yillik ijod yo‘li davomida rang barang xarakterlar yaratdi. “Anoyining jaydari olmasi”da Ramazon, “Otoyining tug‘ilgan yili”da Asqar SHodibekov, “Javob”dagi Nuriddin Elchiev, “Bayramdan boshqa kunlar”dagi Bakir obrazlari o‘z xarakter xususiyatlari bilan kitobxonni befarq qoldirmaydi.
San’atkor yaratgan qahramon zamirida muallif obrazi ham namoyon bo‘ladi. “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasini o‘qir ekanmiz, ikki do‘stning munosabatlari zamirida mehr-oqibat tuyg‘ularining sayozlashib berayotganligini his qilamiz. Sodda, ochiqko‘ngil, jaydari jo‘rasining qiliqlaridan zada bo‘lgan do‘sti nega undan voz kechdi? Nega o‘zgardi? Dunyoda yashab nima topdi? Nima yo‘qotdi? ... Sog‘inch... Do‘stning do‘stga bo‘lgan sog‘inchini. Bir maromdagi hayot joniga tekkan qahramon nimanidir, kimnidir qo‘msab kutib yashaydi. Endi u yo‘q. Endi bolalikning qaytmas, go‘zal, g‘amgin xotiralari hayolda jonlanadi: “Bir haftalik batayin, kuydi pishdilar oqibati – shanba kunlari turgim kelmay to‘shakda uzoq cho‘zilib yotaman, gangib, karaxt yotaveraman, kutib-nimanidir, kimnidir... Mana, hozir sen kirib kelasan. To‘satdan. Tashvish bilan, to‘polon bilan. Olma olib kelasan. Jaydari olma. “CHantrimore” deysan qulochingni keng yozib. “Kalamakatori” deyman men...”
“Otoyining tug‘ilgan yili” qissasini adibning o‘zi shartakilik qissasi deb ataydi. Uning qahramoni Asqar SHodibek o‘g‘li “sharttaki”, “beandisha” yigit. Buni o‘zi ham e’tirof etadi. “Hamma men otasini tanimaydigan sharttaki, beandisha deydi. Bu gapda qanchalik jon bor-yolg‘iz xudoga ayon. Lekin shunisi aniqki, nima haqda bo‘lmasin kimga, qaysi, sharoitda ekanidan qat’iy nazar doimo ko‘nglimdagi gapni indallasini aytib qo‘yishga oshiqaman. Dastlabki tanishuvdayoq suhbatdoshimning yuziga “ko‘zgu” tutaman – marhamat qilib asl basharasini ko‘rsin”. Asqar shu odati tufayli ko‘p pand eydi. Mutlaqo iqtidorsiz, lekin o‘ziga behad bino qo‘ygan kursdoshi Bo‘stonning imtihonga kirmasa-da, hamisha a’lochilar ro‘yxatida turadigan chalamulla Maratning, domlalar ortidan soyaday ergashib yuradigan Jovliboy Meliboevning xushomadgo‘yligi Asqarning ensasini qotiradi. Nihoyat, adabiyot tarixi o‘quvchisichi – Ziyoxon Ahmadhonov, fransuz tili muallimasi Dilora Jo‘raeva. Qissadagi har bir epizodik obrazlar ham aniq portretiga, xarakter xususiyatlariga ega.
Asqar “bir yil o‘qishni yig‘ishtirib yakkash muhabbat devonaligi bilan mashg‘ul” bo‘ladi. Adabiyot tarixi darslariga qatnashmay imtixondan yiqiladi. SHu sababdan adabiyot tarixini puxta o‘rganadi. Domlaning o‘ziga nisbatan adolatsiz munosabatini ko‘rib ensasi qotadi, sharttakiligi ko‘zg‘aydi.
YOzuvchi Asqar SHodibekov tilidan gapirib, asardagi har bir persanajning o‘ziga xos xarakter-xususiyatlarini mahorat bilan qalamga oladi. Bo‘ston, Marat, Jovliboy, Madhiddin, Ziyoxon Ahmadhonov qaysi bir jihatlari bilan Asqar xarakterining yorqinroq chiqishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, talabalar orasida “Savlatxonov” deb nom chiqargan Ziyoxon Ahmadxonov kabi “adabiyot muallimlari” har qadamda topiladi. Ubaydullaev domladek domlalar afsuski kam. Asqar oxiriga qadar e’tiqodidan qaytmaydi. Va o‘zi kutgan, istagan, ro‘y berishi muqarrar bo‘lgan baxtga erishadi. Asqarning hayot haqidagi xulosasi: adolat, haqiqat uchun kimdir kurashishi kerak-ku?
YOshlik ilhomi, jo‘shqin navqironlik kuchi bilan yozilgan asar odamni zeriktirmaydi. “Latif lirizm, serzavq yumor, g‘aroyib diltortar kinoya, piching, istehzolar” (U.Normatov) asarning jozibali chiqishini ta’minlaydi. Adibning yurtdoshi Nodir Normatov e’tiroficha “Erkin (A’zam) qaysidir ma’noda o‘zi yozgan “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasidagi shartaki qahramonning ijobiy ko‘rinishi. Erkin nimaiki yozgan bo‘lsa, uni o‘zi izlab topgan usul-badiiyat deb atalgan “ko‘zgu”siga solib yozdi”. Asar qahramoni bilan muallif orasida mushtaraklik bo‘lishi tabiiy. CHunki har bir asar qahramoni tasvirida muallif obrazi turadi.
“Javob” qissasining markazida Nuriddin Elchiev obrazi turadi. Nuriddin Elchiev qanday odam? degan savolga asar boshida muallifning o‘zi javob beradi “Elchievga o‘hshagan odam hamma joydan, hamma idoradan topiladi. Ular majlisu mashvaratlarda hadeb ko‘zga chalinavermaydi, hal qiluvchi ovozga ham ega emas, lozim paytdagina el qatori qo‘l ko‘tarib yoki chapak chalib qo‘yadi, xolos. Bayram kunlariyu biron bir yorug‘lik tegadigan taqdimot chog‘larida ham bunaqalarni kamdan-kam tilga olamiz. Lekin, barchani shularsiz tasavvur etib bo‘lmaydi: ommaviy sahnalarga odam kerak-ku! Mushkul vaziyatlarda, ayniqsa, birovning boshiga tashvish tushganda o‘sha zahoti ularni qidirib qolamiz: beg‘araz, beminnat, ishonchli. Ba’zilar haftalab ishxonada ko‘rinmasligi mumkin, ammo u bir soat bo‘lmasa, darrov bilinadi-qo‘yadi – o‘rni bor, o‘rni! Kamtarin, kampisand, lekin boshqa odam bosolmaydigan, boshqa odamga yarashmaydigan o‘rni!”
Nuriddin Elchiev “paqir kishi panada” qabilida umrguzaronlik kechiradi. Hamma qatori ertalab ishga borib, kechqurun ishdan qaytadi. Ba’zan jo‘ralari, hamkasabalari bilan ulfatchilik qiladi. Topganiga shukr qilib, qanoat qilib yashaydi. Turmushidan nolimaydi. O‘ta kamsuqumligi, o‘ta kamtarligi bois mansab martabaga o‘tishni ham o‘ylamaydi. Qishloqdosh do‘sti Haydar (Haydar Samadovich)dan farqi o‘laroq hayot va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishga imkon bo‘lgan vaqtda ham rad etadi. Unga shunday hayot yoqardi. Unda yoshlikdagi navqironlik, shijoat yolqinlari allaqachon so‘nib ulgurgan edi. Nihoyat har qanday buyuk qoyani to‘lqinlar emirgani singari Elchievning qalbida ham kuchli bir tug‘yon alanga olib kelmoqda edi. YOzuvchi qahramoni ongida tug‘ilib kelayotgan isyonni paydo qilayotgan omillarni ishonarli tasvirlab beradi. Elchievning yuragida paydo bo‘lgan tosh uni muqarrar halokatga sudraydi. O‘z joniga qasd qiladi. Ammo tasodif tufayli omon qoladi. SHifoxonada yotar ekan hayotiga nazar tashlaydi. Umrini sarhisob qiladi. Ha, odamlarning umr yo‘llari mangu savollardan iborat ekan. Odamzodning burchi ana shu savollarga munosib javob qaytarmoq. Qissadan qissa shuki insonga hayot bir marta beriladi. Inson shu lahzalik umrini jo‘ngina umrguzaronlik, oddiy qumursqaga xos tirikchilik g‘ami bilan yashamasdan Ko‘ngil to‘qligiga ham erishmog‘i lozim. Ko‘ngil esa shoir yozganidek, hamisha yangilik qidiradi.
“Bayramdan boshqa kunlar” qissasi qahramoni Bakir – yoshlikdan yuksak orzular qanotida yashab, uchuvchi bo‘lmoq niyat qilib nihoyat avtobus shofyori bo‘ladi. Muhabbat bobida ham omadi chopmaydi. O‘zi bilmagan holatda Bargida ismli san’atshunos qizni yoqtirib qoladi, unga uylanadi. Bargida, Barnosha, Basira, CHinnibeklar olamiga tushadi. Har kungi bazmu jamshidlar, bayramlar oxir oqibat joniga tegadi. Ammo bu muhitdan chiqib ketish yo‘lini topolmaydi. Nuriddin Elchievdagi qo‘rqoqlik, ko‘nikuvchanlik ruhi Bakirning boshiga ham ko‘p savdolarni soladi, oilasi omonatga qurilganligini, hayotda adashgan, aldanganligi oxir oqibat tushunib etadi. Insonning hayot yo‘llari ma’lum bir bekatlardan iborat. Eng muhimi, ana shu bekatlarda to‘xtab, o‘tgan kunlaringga nazar tashlab xulosa chiqarasan.
“Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasini labingizda tabassum bilan o‘qiysiz, hatto ba’zi o‘rinlarda xandon otib kulasiz. YOzuvchi pakanalik bo‘y va mo‘y o‘stirish haqida shunday bir yorqin xarakter yaratganki, hayratlanmay ilojingiz yo‘q. Pakana – adabiyotimizda takrorlanmas o‘ziga xos nodir xarakter. Pakananing yoshligi, pakana va rassomlik, pakananing uylanishi, pakananing oshiq bo‘lishi bilan bog‘liq sarguzashtlar jarayonida uning xarakter qirralari ochiladi. YOzuvchi ta’kidlaganidek “Pakana ham – odam. Faqat qo‘l oyog‘i ixchamroq-da xolos. Sizda bor yurak unda ham bor, (agar kattaroq bo‘lmasa), sizda bor miya, unda ham bor, (agar zo‘rroq, o‘tkirroq bo‘lmasa)!”. Pakana bo‘y o‘stirishning tabobatda mavjud barcha usullarini qo‘lladi. Xatto qo‘l bola usullaridan ham foydalandi. Natija chiqmadi. Oxir Ko‘ngilga murojaat etdi. “Ko‘ngil – podsho, Ko‘ngil – xazina, Ko‘ngil– balo”. Ko‘ngilning ko‘chasiga kirgan Pakana oshiqlik dardiga mubtalo bo‘ladi. Bu dard uni adoyi tamom qiladi. Rassomning orzusi armonga aylanadi.
“SHoirning to‘yi”, “CHapaklar yoki chalpaklar mamlakati” qissalarida nohaq qatag‘onga uchragan adiblarimiz siymosi, shuningdek, sobiq totalitar tuzumning inson erki, shaxsiga nisbatan bir yoqlama munosabati afsonaviy bir mamlakat timsolida aks ettirilgan. Ushbu qissalarning qahramon lari hatto o‘z nomiga ham ega emas. CHunki “nom” nomusga aloqador”. Muallif quruq chapakvozlik, va’dayu shiorbozliklarga asoslangan quruq jamiyat muqarrar inqirozga uchrashini istehzo bilan, piching, kinoya bilan ezop tilida ifodalab bergan.
2007 yilda yozuvchining “Jannat o‘zi qaydadir” kitobi nashr qilindi. Kitob Davlat mukofotiga tavsiya etildi. Ayniqsa, kitobdan o‘rin olgan “YOzuvchi” hikoyasi adabiyotimizda alohida hodisa sifatida e’tirof etildi.
Keyingi yillada adibimiz kinoqissa va dramaturgiya sahasida ham barakali qalam tebratib, betakror xarakterlar galereyasini yaratdi. Berdiboy (“Piyoda”), Bolta Mardon (“Suv yoqalab”), Zabarjad (“Zabarjad”), Domla (“Jannat o‘zi qaydadir”) obrazlari o‘z xarakter-xususiyatlari, shakli shamoyili, milliy turmushimizga hamohangligi bilan yashovchan va barhayot timsollardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |