Tog‘ay Murod qissalari
Adabiyotimizning kenja avlodiga mansub vakillari orasida Tog‘ay Murod alohida o‘rin tutadi. Dastlabki hikoyalari, ayniqsa, «YUlduzlar mangu yonadi» qissasi bilan kitobxonlar e’tiborini qozonib, munaqqidlar nazariga tushdi. Ikkinchi qissasi «Ot kishnagan oqshom» chop etilishi bilanoq qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Nihoyat, «Oydinda yurgan odamlar», «Qo‘shiq» qissalari kitobxonlar hukmiga havola qilindi. SHu munosabat bilan adabiy tanqidchilikda Tog‘ay Murod qissalari haqida iliq gaplar ham, tanqidiy fikrlar ham bildirildi. N.Xudoyberganov, O.SHarafiddinov, Tohir Malik, Mahmud Sa’diy kabi adib va munaqqidlar maqolalarida Tog‘ay Murod qissalari odil bahosini oldi.
O‘z avlodiga mansub tengqurlari ijodi bilan muqoyasa qilganda Tog‘ay Murod ijodi takrorlanmas xususiyatlarga ega. G‘arbning buyuk allomalaridan V.Gyugo «Buyuklikka eng yaqini halollikdir» - degan edi. Tog‘ay Murod adabiyotimizda surxon vohasining ana shunday halol, oqko‘ngil, tanti odamlarini, to‘yu-tomoshalarini shoirona pafos bilan baxshiyona uslubda olib kirdi. E’tirof etish kerak, Tog‘ay Murod qissalari orasida «Ot kishnagan oqshom» alohida o‘rin tutadi. Xo‘sh, bu qissa qaysi jihatlari bilan e’tiboringizni jalb etadi. Qissa qahramoni Ziyodilla siz va biz bilgan, biroq o‘zimizni bilmaganga olib yurgan, e’tibor bermagan odamlarimiz toifasidan. Bir qarashda Ziyodilla chapanitabiat, to‘pori qiyofasida gavdalansa, biroq qalb qiyofasi bilan kitobxonni o‘ziga tortadi.
Ziyodilla bir qarashda «Iste’fo» dagi Elomonovga, «Galatepaga qaytish»dagi G‘aybarovga, «Javob»dagi Elchievga, «Oydinda yurgan odam»dagi Qoplonga o‘xshab ketsada, asar mutolaasi jarayonida Ziyodilla ularga nisbatan ancha faol qahramon ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Bir inson uchun lozim bo‘lgan barcha sifatlar Ziyodillada mujassam. U - halol, mard, tanti odam. U engil-elpi yashashni istamaydi. Ziyodilla hayotdagi har bir haqsizlikka qarshi isyon ko‘taradi. Kaltaklangan Rahmonni himoya qiladi; ko‘pkarilarda bakovullarning nohaqligiga qarshi chiqadi, qishloqdagi chavandozlarni or-nomusdan himoya qiladi.
Ziyodillaning qalbi mehr-muhabbatga, orzu-armonlarga to‘la. O‘sha orzu-armonlar Ziyodilla qalbidan qo‘shiq bo‘lib quyuladi. Ziyodilla Momosuluvga ko‘ngil qo‘yadi. «Birodarlar, siz so‘ramang, men aytmayin... oti Momosuluv emish. YUzlari kulchadaymi? Suluvchi? Ko‘zlari qorami yo zig‘irning gulidaymi? Qoshlari quyuqmi? Quyuq bo‘lsa qayrilmami?...». Momosuluv Ziyodillaning «kallasi kal» deb sovchilarni qaytardi. Biroq Ziyodilla niyatidan qaytmaydi. Momosuluvga uylanadi. Ziyodilla dastlab o‘zining jismoniy kamsitilganiga o‘ksinadi, oxir oqibat «Ziyodilla kal»ga ko‘nikadi. Hatto «Ziyodilla kal» demagan pochtachi bilan urishadi. «Har to‘kisda bir ayb» deganlaridek, Ziyodilla xarakterida ziddiyatli tomonlar ham bor. U bir oz arazchi, biroq arazi o‘ziga yarashgan. Eng muhimi, u ishonuvchan. Hammani o‘zi singari deb biladi. Nihoyat buning azobini ham tortadi. Akademik A.Saxarov «Jamiyatni faqat ma’naviy zaminlarga suyanib yuksaltirish mumkin» degandi. Birovning shodligi bilan quvonib, kulfati bilan qayg‘u chekadigan Ziyodillaga o‘xshagan ma’naviyati boy kishilar kamayib borayapti. Ayniqsa, Ziyodillaning Tarlonga bo‘lgan munosabatida insonning hayvonot olamiga muhabbati oshkora tasvirlanadi. Ziyodilla uchun «oyoqlari ikkov, kiyimlariyam bor... odamga mengzab gapiradigan»lardan oti Tarlon afzal, jumladan, bizga ham.
Ot hamisha insonning eng yaqin hamrohi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, «Alpomish» xalq eposida, Go‘ro‘g‘li turkumidagi xalq dostonlarida ot afsonaviy jonzot sifatida ulug‘langan. YOzma adabiyotda bu mavzu Tog‘ay Murodgacha ham mavjud edi. CH. Aymatovning «Alvido Gulsari» qissasini eslang. S.Ahmadning «Jimjitlik» romanidagi Erali chavandozning urush ko‘rgan oti fikrimizning isboti bo‘ladi. Biroq Tog‘ay Murod qissada otning yigirmadan ortiq turi haqida ma’lumot beradi. Ot haqida turli afsona, rivoyatlar keltiradi. YOzuvchi P.Qodirov «Oydinda yurgan odamlar» kitobiga yozgan so‘zboshisida: «Ot kishnagan oqshom» qissasi «Alpomish» dostoni an’analarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sug‘orilgan» 1 - degan edi. Bu gap haqiqatga to‘g‘ri keladi. Nega deganda Tog‘ay Murodning qaysi asarini o‘qimang nasr emas, she’r o‘qiganday bo‘lasiz, baxshi bo‘lib qo‘shiq kuylayotganday his qilasiz. Bu Tog‘ay Murod ijodining xalq dahosi bilan hamohangligida.
YOzuvchining «Oydinda yurgan odamlar» qissasi «YUlduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom» singari badiiy kashfiyot bo‘lmasa-da, oldingi qissalar ta’sirida bo‘lgan kitobxon asarni qiziqib o‘qiydi.
Qissa farzandsizlik dog‘ida kuygan Qoplon va Oymomo haqida. Voqea qissanavis tilidan hikoya qilinadi. Qoplon ham Oymomo ham siz va biz bilgan odamlar. Biroq bu odamlarning bag‘ri butun emas. Ko‘ngli yarim, yaxshi gap, mehr - shafqatga muhtoj. Lekin biz mehrga tashna odamlarga o‘z vaqtida mehribonlik ko‘rsatmadik, Qimmat momo tilidan go‘yo ularga «hamdard bo‘lib» qalbini o‘rtadik. YOzuvchi tili bilan aytganda «Qimmat momolar topib, qopib gapiradi - gapirgandayam ustalik bilan, hayotbaxsh kayfiyat bilan gapiradi. So‘zlari go‘yo bizning zafarlarimizni kuylayotgan odam yuziday shod, ham mehribon bo‘ladi. Ko‘zlari o‘z suyukli odamiga tikilayotgan odam ko‘zlariday porlaydi. Biz ham beixtiyor shunday kayfiyat qabul qilib mulozamat yuzasidan bosh irg‘aymiz. SHunda ular qalbidan qop-qora o‘qini otadi». Oqibatda biz qoplonlar va oymomolarni yolg‘izlatib qo‘ydik. YOlg‘izlik inson uchun fojea. Oqibat shunday bo‘ldi ham. Qimmat momolar tilidan aytilgan zaharli «o‘qlar» farzandsizlik dog‘ida kuygan ikki qalbni halokat yoqasiga olib keldi. Mening tasavvurimda oydinda yurgan odamlar pokdomon, diyonatli imoni but odamlar. Ular uchun qorong‘ulik begona.
Nihoyat Tog‘ay Murodning to‘rtinchi qissasi - «Qo‘shiq». Qishloqdan chiqqan «buyuk san’atkor» Orzu Tursunning hayoti qissaga asos qilib olingan. Qissada iste’dodsiz, layoqatsiz san’atkorlar tanqid qilinadi. Bu mavzuning nodir namunasini A.Qahhor yaratib ketgan edi. Biroq, ochig‘ini aytganda, «Qo‘shiq» ilk qissalar singari badiiy kashfiyot darajasiga ko‘tarila olmadi. Munaqqid Norboy Xudoyberganov «Ikki karra ikki - besh» (O‘.Hoshimov), «Qo‘shiq» (T.Murod) qissalari haqida fikr yuritib shunday xulosaga keladi. «... Har ikkala asar qahramonlar hayotining aniq, muhim, dolzarb g‘oyaviy-badiiy maqsadga muvofiq yoritib, yuragimizni «jizzillatadigan», aqlimizni hayratda qoldiradigan, kashf etuvchi san’atkor yozuvchi emas, balki qanday voqealar qalamga olinsa, barchasini izohlab, ta’riflab, tavsiflab beruvchi jurnalist - publitsist yozganday taassurot qoldiradi»1. «Oydinda yurgan odamlar»da ham bu holni uchratamiz. YOzuvchi «jurnalist-publitsist» bo‘lmasligi lozim. Muallif kitobxonga aytmoqchi bo‘lgan fikrini personajlar nutqida, hatti harakatida, ruhiyat tasvirida berishi kerak.
Eng muhimi, Tog‘ay Murod qahramonlari hayotda bor bo‘lgan, bizga zamondosh kishilar. Ularning aksariyati adolat va ezgulik karvoniga sarbon - oq ko‘ngil odamlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |