38-modda. Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari
Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari ushbu Qonunga muvofiq jamiyatning ustavi bilan belgilanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning kuzatuv kengashi vakolatlari jumlasiga jamiyatning ijro etuvchi organlarini tuzish, ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan hollarda yirik bitimlar tuzish to‘g‘risidagi masalalarni hal qilish, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, uni chaqirish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish kiritilishi nazarda tutilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, uni chaqirish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish jamiyatning ustavi bilan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilgan bo‘lsa, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish va uning faoliyati tartibi, shuningdek jamiyat kuzatuv kengashi a’zolarining vakolatlarini va jamiyat kuzatuv kengashi raisining vakolatini tugatish tartibi jamiyatning ustavi bilan belgilanadi.
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining hamda kollegial ijro etuvchi organining, uning sho‘ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlarining a’zolari, jamiyat tomonidan tashkil etilgan unitar korxonaning rahbari hamda ayni shu sho‘ba, tobe xo‘jalik jamiyatlarida va unitar korxonada mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan shaxslar jamiyat kuzatuv kengashining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan jamiyat kuzatuv kengashining a’zolariga haq to‘lanishi va (yoki) ularning o‘z majburiyatlarini bajarishlari bilan bog‘liq xarajatlari qoplanishi mumkin. Haqlar va tovonlarning miqdorlari jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarori bilan belgilanadi.
Jamiyat kuzatuv kengashining a’zolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs va jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining jamiyatning ishtirokchilari bo‘lmagan a’zolari jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishlari mumkin.
Jamiyat kuzatuv kengashi a’zosining ovoz berish huquqini o‘zga shaxslarga, shu jumladan kuzatuv kengashining boshqa a’zolariga o‘tkazishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |