3. Tuproq unumdorligi
V.R.Vilyams (1939) bо‘yicha unumdorlik deganda tuproqning о‘simliklarni suv va oziq elementlar bilan bir vaqtning о‘zida, uzluksiz ta’minlab tura olish qobiliyati tushuniladi.
Unumdorlik tuproqning juda murakkab xossasi sifatida tuproqda kechadigan kо‘plab kimyoviy, fizik va biologik jarayonlarga bog‘liq. Unumdor tuproq о‘simliklarni zarur oziq moddalar, suv, havo, issiqlik bilan ta’min eta olishi, mо‘tadil reaksiyaga ega bо‘lishi, har xil zararli moddalar saqlashi zarur. Buning uchun tuproqning suv-fizik xossalari va tartiblari, ozuqa va tuz tartiblari, tuproqda kechadigan biokimyoviy, oksidlanish jarayonlari qulay bо‘lishi kerak.
Insonlar yerdan uzoq muddat foydalanganda tuproqda kechadigan tabiiy jarayonlar, jumladan tuproqning qator xossalari va tartiblari о‘zgarib, yangi madaniy tuproqlar paydo bо‘ladi.
Tuproq unumdorligini doim yaxshi va yuqori holatda saqlab turish maqsadida, insonlar tomonidan tuproqning tabiiy xossalarini о‘zgartirish jarayonlariga tuproqni madaniylashtirilishi deyiladi.
Tuproqlarni madaniylashtirishga qaratilgan majmuali tadbirlar tizimi, ekinlardan barqaror va muttasil yuqori hosil olishni ta’minlovchi tuproq xossalarini yaxshilash imkonini beradi. Tuproqlarni madaniylashtirishda biologik, kimyoviy va fizikaviy usullardan foydalaniladi.
Biologik usul tuproqda gumus va azotning kо‘proq tо‘planishiga imkon beradigan tadbirlarni о‘z ichiga oladi. Shu maqsadda kо‘p yillik о‘tlar ekiladi va mahalliy organik о‘g‘itlardan foydalaniladi.
Kimyoviy usul yerga mineral о‘g‘itlar solish yо‘li bilan tuproqda о‘simliklar uchun zarur va tez о‘tadigan oziq elementlari miqdorini kо‘paytirish hamda tuproqning kimyoviy xossalarini yaxshilashga qaratiladi.
Fizikaviy usullarga fizik-mexanikaviy va meliorativ tadbirlarni qо‘llash, ya’ni yerni ishlash, haydalma qatlamda agronomik jihatdan qimmatli tuzilma yaratish, tuproqning suv-fizik, issiqlik xossalari va tartiblarini yaxshilash singari tadbirlar kiradi.
Yо‘naltirilgan holda madaniy tuproqlarning yaratilish jarayonlari о‘z navbatida tuproq unumdorligining muayyan darajasi (modeli)ni yuzaga keltirish imkonini beradi. Tuproq unumdorligi modeli deganda, ekinlardan ma’lum darajadagi hosilni olish uchun zarur shart-sharoitlarga javob beradigan va agronomik nuqtai nazardan ahamiyatga ega bо‘lgan tuproq xossalari yig‘indisi tushuniladi.
Tuproq xossalarining optimal parametrlari asosida unumdorlik modellari tuziladi. Mexanik tarkibi va gumus miqdori tuproqning barcha muhim agronomik xossalari va tartibiga ta’sir etadi.
Tuproqning samarali unumdorligini oshirish usullari xilma-xildir. Tuproqqa maqbul darajada ishlov berish, о‘g‘itlar va turli meliorativ tadbirlardan foydalanish, almashlab ekish, yerdan foydalanishni ilmiy asosda tashkil etish, tuproqning ekologik holatini yaxshilash singari tadbirlar tuproq unumdorligining samaradorligini keskin oshirish imkonini beradi.
Tuproqqa ishlov berishning asosiy maqsadi, uning suv-havo va ozuqa tartiblarini muvofiqlashtirishga qaratilgan. Ishlov berishning maqbul turlardan foydalanishda tuproqning gumusli qatlami qalinligi, tuproqni haydalma osti qatlamlarining xususiyatlari, mexanik tarkibi, har xil tuz saqlaydigan qatlamning joylashuv chuqurligi va boshqa xususiyatlarga e’tibor beriladi. Tuproqdagi о‘simlikka о‘tuvchi, harakatchan shakldagi oziq moddalar miqdoriga kо‘ra mineral о‘g‘itlar meyorlari aniqlanadi. Organik о‘g‘itlardan foydalanilayotganda ham tuproqning gumusli holati xossalari e’tiborga olinadi.
Ma’lumki, har yili bir tonna paxta hosili olish uchun 300-400 kg miqdorda gumus sarflanadi. Buning о‘rnini qoplash uchun esa gektariga 20 tonna gо‘ng yoki boshqa organik о‘g‘itlar solish kerak bо‘ladi.
Markaziy Osiyoning bо‘z va о‘tloq tuproqlarning 0,4 m li qatlamida unumdorligi yuqori tuproqlarda 70 t/ga dan kо‘p, о‘rtacha unumdor tuproqlarda 50-60 t/ga, kam unumdor tuproqlarda 40 t/ga dan oz gumus bо‘ladi.
Tuproq bonitetini bir darajaga oshirish uchun gumusning umumiy miqdorini gektariga 10-15 tonnaga kо‘paytirish talab qilinadi, buning uchun esa gektariga 200-300 t gо‘ng yoki 150-200 t boshqa organik о‘g‘itlar kerak bо‘ladi. Beda almashlab ekishni joriy qilmasdan bu vazifani amalda hal qilib bо‘lmaydi.
Gumus qoramtir tusi bilan ajralib turadi va tuproqning eng muhim qismi hisoblanadi. Tuproqning unumdorligi gumusga bog‘liqdir.
Gumus borlig‘idan tuproqning ustki qavati qoramtirroq bо‘lib, pastki qavatlardan ancha yaqqol ajralib turadi. Tuproqning ustki qavati tashqi kо‘rinishi jihatidangina emas, kimyoviy tarkibi va о‘zida tarmoq otgan о‘simlik ildizlarining kо‘pligi bilan ham farq qiladi. Tuproqning gumusli ustki qavatini tuproqning chirindili qatlami deyiladi.
Tuproqning chuqurroq qavatida gumus aytarlik kо‘p bо‘lmaydi, biroq bu qavatda eruvchan moddalarning yuvilib ketganini kо‘rsatuvchi belgilar bir qadar yaqqol kо‘rinadi. Tuproqning ana shu qavatini yuvilish qatlami deyiladi.
Tuproqning yanada chuqurroq qavati – uchinchi qatlami shu bilan ajraladiki, unda birinchi va ikkinchi qatlamlardan yuvilib tushgan moddalar tо‘planadi, shuning uchun uchinchi qatlamni yuvindilarning tо‘planish qatlami deb atasa bо‘ladi.
Uchinchi qatlamning ostida ona jins yoki tub jins bо‘ladi, uni tuproq osti qavati (podpochva) deb ham ataydilar. Hatto bir tipdagi tuproqda ham uchchala gorizontdan har birining qalinligi turlicha bо‘la oladi. Qatlamlarning qalinligi odatda santimetr bilan о‘lchanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |