Fizikadan sinfdan tashqarida olib boriladigan ishlar
1) Sindan tashqari ishlar o’quvchilarda mustaqil fikrlash, ijodkorlik kabi xislatlarni shakllantirishga olib keladi.
2) Fizika to’garagi-o’quvchilarning sinfdan tashqari ishlarini asosiy shakli hisoblanadi. Fizika to’garagi 12-15tadan ortiq bo’lmagan o’quvchilar bilan uyushtiriladi.
3) Fizika va texnika to’garagi. Fizika to’garagi tajriba, atraksion, viktorina, suhbat hikoya, topishmoq va krossvord shaklida tashkil etilishi mumkin.
Fizika to’garagi va uning didaktik ahamiyati.
Fizika ta’limining samaradorligi ko’p jihatdan o’quvchilarning qiziqishiga bog’liq. yuqori saviyada olib borilgan fizika darsida o’quvchilar o’quv dasturidan tashqari mavzularni ham bilishga intiladi. O’quvchilarni fanga qiziqtirish yo’llaridan biri fizika to’garaklarini tashkil etish hisoblanadi. Fizika to’garagi o’quvchilarni fizik qonuniyatlar mazmunini kengroq tushunishga, mustaqil va ijodiy fikrlashga undaydi, amaliy ishlarga layoqatini yuzaga chiqaradi.
Fizika to’garagining mavzusi sifatida quyidagilar olinishi mumkin:
1) fizika tarixidan u yoki bu qonuniyatlarning kashf etilishi tarixi, olimlarning hayoti va ilmiy faoliyati mavzusida bo’lish mumkin. Ayniqsa Ona Vatanimizdan chiqqan buyuk allomalarimiz: al-Xorazmiy, al –Farg’oniy, Beruniy, Farobiy, Ibn Sino, Ulug’beklarning fizika-matematika sohasidagi ilmy merosini o’rganish muhim didaktik va tarbiyaviy ahamiyatga ega: ularda mustaqillik, ozodlik, milliy g’ururni va ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qiladi.
2) Fizika-texnika mavzusidagi to’garaglarda o’quvchilar nafaqat nazariy bilim olishadi, balkim ular fizik qonuniyatlarga asoslangan turli xildagi texnik asbob va uskunalar modelini yasashga o’rganishadi.
3) Namoyish uchun o’quv qurollarini yasashga qaratilgan fizika to’garagi. Uning maqsadi o’quv dasturiga kirmagan o’quv texnika vositalarini yaratish va borlarini takomillashtirishga qaratilgan.
4) Izlanuvchanlik ruhidagi to’garak. Bu turdagi fizika to’garagida o’quvchilar mustaqil tarzda ammo o’qituvchi rahbarligida ilmiy izlanishlar olib borishadi. Agar maktab sharoitida bunga imkoniyat bo’lmasa, ular mavjud laboratoriya ishlari negizida dasturga kiritilmagan fizik tajribalarni olib borishlari mumkin.
Fizika to’garagini tashkil etish. Fizika to’garagiga ko’ngilli o’quvchilar qabul qilinadi. To’garakga turli sinf o’quvchilari qabul qilinadi va ularning soni 12-15 tadan oshmasligi kerak. Fizika o’qituvchisi to’garak rahbari hisoblanadi va tugarak mavzusini, kerakli adabiyotlar va jurnallarni tavsiya etadi, o’quvchilarga maslahatlar va topshiriqlar beradi, ularning yutuq va kamchiliklarini e’tirof etib boradi.
Fizika kechasini uyushtirish. Fizika o’qituvchisi tugarak a’zolari va maktab o’quvchilari bilan ahyon-ahyonda maxsus fizika kechalari uyushtirib turadi. Ushbu kechalarda fizikadan qiziqarli hodisalar va suhbatlar tanlab olinadi. Tabiatdagi g’ayri-tabiiy hodisalar, tarixiy tajribalar, topishmoqlar va viktorinalar mavzu sifatida olinishi mumkin. Ayrim fizik olimlar, buyuk allomalarimizning hayoti va ilmiy merosi kecha mavzusi sifatida olinishi maqsadga muvofiqdir. Kechada ilmiy munozara va tajribalar bilan birgalikda, adabiy va badiiy chiqishlar ham kiritilishi mumkin, bu yoshlarni estetik tarbiyasiga, vatanparvarlik, istiqlol mafkurasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Iqtidorli va sust o’zlashtiruvchi o’quvchilar bilan olib boriladigan ishlar.
Umumta’lim, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida fizika darsining mazmuni odatda o’rtacha o’zlashtiruvchi o’quvchiga mo’ljallanadi, natijada o’quv materiali iqtidorli o’quvchi uchun zerikarli bo’lsa, past o’zlashtiruvchi o’quvchilarga tushunarli bo’lmay qolishi mumkin. Ta’lim jarayonidagi ushbu muamo keyingi yillarda ishlab chiqilgan «dasturli dars» usuli orqali qisman hal etildi. Ammo «dasturli dars» usuli universal usul emas, uni barcha dars turlariga qo’llash kutilgan natijani bermasligi mumkin. Masalan, laboratoriya, fizpraktikum kabi dars turlari uchun «dasturli dars» samarasiz ekanligi ayon bo’ldi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin ta’lim tizimi tubdan isloh qilina boshlandi. Ta’lim tizimiga «Yangi pedagogik texnologiya» (YaPT) ni joriy etish dasturi ishlab chiqildi. YaPT ning maqsadi o’qituvchi mahoratiga bog’liq bo’lmagan holda maxsus tuzilgan dastur asosida sifati kafolatlangan kadrlar tayorlashdan iborat. Ammo YaPT ni ta’lim jarayoniga keng miqyosda qo’llanilayapti deb ayta olmaymiz. Shu sababli iqtidorli va past o’zlashtiruvchi o’quvchilar bilan fizika o’qituvchisi maxsus shug’ullanishga to’g’ri keladi.
Iqtidorli o’quvchilar bilan olib boriladigan ishlar.
Har bir iqtidorli o’quvchining individual qobiliyatini e’tiborga olib unga boshqalarga nisbatan qiyinroq masalalarni yechishni, mustaqil fikrlashni talab etadigan laboratoriya ishlarini taklif etish, darsdan keyin turli darajadagi namoyish tajribalarini o’tkazishni taklif etish lozim.
Darsliklardan tashqari turli xil jurnallar va maqolalarni o’qib chiqib, fizikaning dolzarb mavzulari bo’yicha referatlar yozishni va uni darsdan tashqarida to’garaklar va konferensiyalarga ma’ruza bilan chiqishini uyushtirishi yaxshi natijalarni berishi mumkin.
Iqtidorli talabalar bilan fizikaning yangi ochilgan hodisalari haqida suhbatlar uyushtirish, ularga turli xildagi o’quv texnika vositalarini yasashni, turli xildagi namoyish plakatlari, jadvallar va grafiklarni tuzishni taklif etish mumkin.
Past o’zlashtiruvchi o’quvchilar bilan olib boriladigan ishlar.
Kundalik nazorat o’tkazish orqali past o’zlashtiruvchi o’quvchilar aniqlanib, ular bilan shug’ullanish fizika o’qituvchisining majburiyati hisoblanadi. Avvalo fizika o’qituvchisi past o’zlashtirish sababini aniqlashi va unga barham berish uchun chora va tadbirlar ishlab chiqishi kerak. O’quvchilarning o’quv mavzusini past o’zlashtirishiga turli xil sabablar bo’lishi mumkin. O’quvchi salomatligini yomonligi, oilaviy sharoiti, aqliy zaifligi, ruhiy kechinmalari, boshqa fanlarni yomon o’zlashtirishi (asosan matematika, ximiya) va hokazolar bo’lishi mumkin. Past o’zlashtiruvchi o’quvchi o’qituvchidan maxsus topshiriqlar olib o’zlashtira olmagan mavzularni o’zlashtirib boradi. Uning o’zlashtirishi dars paytida va darsdan keyin nazorat qilib boriladi. O’qituvchining o’quvchi bilan yakkama-yakka suhbati va yordami unga ijobiy ta’sir etadi va boshqalardan orqada qolmaslikka intiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |