5-fasl. «Sovet davri» o’zbek ziyolilari tomonidan yaratilgan ma’naviy merosga munosabat.
50-yillar ikkinchi yarmi, 60-yillar boshlarida Stalin shaxsi fosh qilinishi munosabati bilan yana biroz «teshik-tuynuklar» ochilib, ziyo ahliga ozgina bo’lsa ham erkinroq nafas olish imkoni tug’ildi. Albatta, «sovet sotsialistik g’oyalari»
178
chegarasida, ammo nisbatan halolroq, samimiyroq so’zlovchi iqtidorli yoshlar adabiyot sohasiga kirib keldilar, o’tmish merosimizni o’rganishga ham e’tibor kuchaydi. 40 - 50-yillarda Sharq fakultetini bitirgan kichik, ammo iqtidorli guruh, eski ta’limdan bahramand bo’lgan va tasodifiy sabablarga ko’ra 30-yillar qatag’on mashinasi changalidan tirik qutulib qolgan sanoqli ikkinchi qatlam ziyo egalariga tayanib, e’tiborga sazovor ishlarni imkon doirasida amalga oshira boshladilar. Ba’zi rahbarlik lavozimidagi kishilar, Habib Muhamedov kabi fidoiylar «sovet sotsialistik mafkurasi»ga samimiy ishongan holda millat manfaati uchun qayg’urib, milliy ma’naviyat unsurlarini imkon doirasida yosh avlod ongiga etkazishga urindilar, buning uchun harakat qilayotgan haqiqiy ilm egalari, ziyolilarga faoliyat maydonini erkin qo’yib berdilar. «Xamsa»ning to’liq matni, «Xazoyin ul - maoniy», «Boburnoma», «Qutadg’u bilig» matnlari shunday sharoitda nashr etildi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi shunday imkoniyat doirasida tashkil topdi. Ammo baribir, tez-tez ko’rib ko’rmaslikka solishga, bilib bilmaslikka olishga, Navoiyni, Jomiyni, Ulug’bekni, Nodirani yaxshi deyish uchun tarixiy voqelikka xilof ravishda Attorni, Xo’ja Ahrorni, Amir Temurni, Umarxonni yomonotliq qilib qoralashga majbur bo’lindi. Amiriy devonini, «Zafarnoma» matnini e’lon qilishga jur’at etgan olimlar do’q-po’pisa eshitdilar. Eng yomoni ajdodlarimiz merosi asli holicha emas, «kesilgan», «qirqilgan», hokim mafkura ruhiga moslab talqin qilingan holda yosh avlodga etkazildi. Shu sababli asl matnni o’qiy olmaydigan, e’tibor qilishga vaqt topmagan, o’sha allomalar yashab ijod etgan ma’naviy muhitni to’g’ri idrok etish imkoniga ega bo’lmagan avlod ko’plab tarixiy haqiqatga zid «fikr» va «xulosalar»ni hanuz chippa-chin qabul qilib, shu asosda mulohaza yuritmokda, hatto bu gumrohlik zaminida ilmiy tadqiqotlar olib borishga urinishlar mavjud.
Qisqasi, inson erkin bo’lishi uchun, uning ma’naviyati mustaqil va erkin shakllanishi uchun birinchi shart millat va mamlakat mustaqilligidir.
Biz bu mustaqillikka 1991 yil 1 sentyabrdan erishdik.
Ajab hodisaki, mustaqillik yomon odamni ham yaxshilik sari undar ekan. Sababi, inson bolasi tabiiy sharoitda tabiiylik sari intiladi, tabiiylik esa hamisha yaxshilik, ezgulikdir. Yomonlikni notabiiy sharoit paydo qiladi, milliy qaramlik vaziyati shunday notabiiy sharoitni vujudga keltirgan edi. Shu asosdan kelib chiqib, biz bugun hech kimni kechagi ayblari uchun gunohkor etmaganimiz ma’qul, faqat niyatlar farq qiladi, turli insonlarning imkoniyatlari bir-biridan o’zgacha ekanligi tabiiy holdir.
Biz yaqin o’tmishimiz, anig’i, «sovet davri»da yuzaga keltirilgan ma’naviy merosdan aslo voz kechishimiz, unga mensimay qarashimiz mumkin emas. Hamza va Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjon va G’ofur G’ulom, Oybek va Abdulla Qahhor adabiy merosi o’zbek xalqining ma’naviyat xazinasidan munosib joy olgandir. Albatta, ular ijodida zamonasozlik ham, badiiy meyorga etmagan ba’zi asarlar ham bo’lishi mumkin. Ammo ularning badiiy salohiyati, o’zbek xalqi va Vatanga mehri, xalq ma’naviy kamoloti uchun qo’shgan hissasi benazir ekanini faxr bilan tan olsak arziydi. «Sovet davri» deb atalgan 70 yillik murakkab tarixiy jarayon davomida milliy ziyolilarimiz har biri tashqi imkon va ichki salohiyat darajasida xalq ko’nglini o’stirib, ma’naviy olamini boyitib keldilar, biz buni e’tirof etishimiz
179
va minnatdorchilik bilan ular izzatini joyiga qo’yib, asarlarini yangicha nuqtai- nazar bilan yangidan ko’rib chiqishimiz lozim. Umuman, bolьsheviklar odatini takrorlab, bu - mutaraqqiy, narigi - mutaassib yoki reaktsion deb tamg’a bosish insofdan ham emas, ilmga ham muvofiq emas. Har to’kisda bir ayb. Biz fazilatni ko’ra bilaylik.
Mustaqillik ma’naviyati xalqimizning necha ming yillik mustaqil ma’naviy kamolot yo’liga tayanadi, milliy ma’naviyatimiz takomil bosqichlarini eng umumiy sathda bir qur ko’zdan kechirib chiqishni lozim topganligimizning boisi ham ana shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |