Jadidchilik harakati - milliy mustaqillik uchun kurashning jadidlar olg’a surgan madaniy– ma’rifiy yo’nalishi bo’lib, bu yo’lning fidoiylari ishni “usuli jadid” maktablari ochish, ularga mos darslik va o’quv qo’llanmalar tayyorlab nashr etish, “darsxonai ibrat” hisoblangan milliy teatr va milliy dramaturgiyani shakllantirishdan boshlab, asta-sekin keng ko’lamli siyosiy va iqtisodiy mustaqillik uchun kurash (“Turkiston muxtoriyati”), milliy ma’naviy merosdan ajralmagan holda yangi davr saviyasiga muvofiq ilm-fan asoslarini ishlab chiqish, ilg’or jahon ilmi darajasida fikrlovchi milliy ziyolilar qatlamini tarbiyalab etkazish vazifalarini barcha to’sqinliklar va qarshiliklarga qaramay dadillik va izchillik bilan amalga oshirib borishga erishdilar va ushbu sobitqadam intilishga butun borliqlarini baxsh etdilar. Ularning urinishlari behuda ketmadi, sho’rolar davrida ham millat fidoiylari qaramlik sharoitining butun murakkabliklariga qaramay, ushbu yo’lni imkon darajasida rivojlantirib bordilar, mustaqillik davriga kelib esa bu ulug’ an’analar bor bo’yi bilan qad rostlab, jahoniy miqyos kasb etdi.
Lutfulla Olimiy, Abdurrauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifat fidoiylari maydonga kirib keldi. Yangicha tizimdagi maktablar uchun Ismoilbekning «Xo’jayi sibyon» (Bolalar muallimi) asaridan ibrat olib, Saidrasul Saidaziziy «Ustodi avval», Munavvarqori
«Adibi avval», Abdulla Avloniy «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» kabi o’quv qo’llanmalarini yaratdilar. Behbudiy, Fitrat, Ashurali Zohidiylar hisob, jug’rofiya, adabiyot, tarix fanlaridan darsliklar yoza boshladilar.
1906 yildan «Taraqqiy», «Xurshid», 1914 yildan «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg’ona» va boshqa qator gazetalar, 1913 yildan muntazam ravishda Behbudiy muharrirligida «Oyina» jurnali nashr etila boshladi. Yangi ma’rifatchilar tomonidan Buxoroda 1908 yilda «Tarbiyat ul-atfol», Toshkentda 1911 yilda «Turon» jamiyati tuzildi. Shu yili yangicha tafakkurli islom ulamosi, mufti Behbudiy yangi davr o’zbek
adabiyoti tarixida birinchi bo’lib «Padarkush yoxud o’qimagan bolaning holi» milliy fojiasini yaratdi va 1914 yilda Samarqand va Toshkentda bu ibratli tomosha sahna yuzini ko’rdi. Teatr tomoshasi yangi davr ma’rifatchilari tomonidan xalq ma’rifatini yuksaltirishning eng samarali usuli – ibrat maktabi sifatida hayotga keng joriy etila boshladi. 1914-1916 yillar orasida o’ndan oshiq dramatik asarlar Samarqand, Toshkent, Qo’qon shaharlaridagi teatr truppalari tomonidan sahnaga qo’yildi va xalq orasida shuhrat qozondi. Xoji Muin, Abdulla Badriy, Hamza, Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy kabi yangi-yangi dramaturglar bu ishga bosh qo’shdilar.
Turkistonda Milliy Uyg’onish harakatining ulug’ etakchisi va bayroqdori bo’lgan Mahmudxo’ja Behbudiy faqat birinchi dramaturg bo’libgina qolmay, milliy teatr san’ati nazariyasining ham ilk asoschilaridan hisoblanadi. U o’z vaqtida Saidahmad Vasliy, Fazlulvahhob qori kabi teatr san’atini shar’an harom deb isbot qilmoqchi bo’lgan eski ulamolarning chiqishlariga javoban islomiy manbalar va mantiqiy dalillarga tayanib, teatr san’atining «darsxonai ibrat» va shar’an savob ekanligini isbot qilib berdi.
Rossiya imperatori Nikolay IIning mustamlaka o’lkalar mahalliy aholisini mardikorlikka jalb qilish haqidagi 1916 yil 25 iyunda chiqargan farmoni butun
174
o’lkada istibdodga qarshi umumxalq qo’zg’oloni boshlanib ketishiga sabab bo’ldi. Tosh, tayoq, ketmon, panshaha kabi qo’liga tushgan narsa bilan yurt qonini so’rib yotganlarga qarshi g’alayonga ko’tarilgan aholi juda og’ir qurbonlar berdi. Podshoh amri bilan 3 mingdan oshiq kishi sudga berilib, 347 kishi osib o’ldirishga hukm qilindi.
Jadidlar ushbu stixiyali harakatga boshlanishidan qarshi bo’ldilar, ular g’alayonlarga yo’l qo’ymaslik, qurolsiz aholining qo’lida zamonaviy qurol-yarog’ bilan yuqori harbiy tayyorgarlikka ega bo’lgan mustamlakachi jazo qo’shinlariga ro’baro’ bo’lmasligi uchun butun imkoniyatlarini ishga solib urindilar. Chunki ularning aqidasiga ko’ra mavjud sharoitda jaholat, isyon yo’li bilan millat o’z maqsadlariga erisha olishi mumkin emas, faqat tinch islohotlar va ma’rifat bilan ijobiy natijalarni qo’lga kiritish mumkin edi. Jadidlar dushmanning makkor o’yinlarini chuqur tushunar edilar. Fitrat yozadi: «Zotan qurol kuchi bilan bir millatni yo’q etmak qulay, bor etmak mumkin emasdir. Qurol kuchi bilan hech bir jamoatni madaniyat sari jo’natib bo’lmaydi.»118
1916 yilgacha asosan ma’rifatchilik yo’nalishida faoliyat ko’rsatgan jadidlar, 1916-1922 yillarda zamon talabidan kelib chiqib, siyosiy hayotda ham etakchi maqomga ko’tarildilar. Turkiston muxtoriyatini oyoqqa qo’yish yo’lidagi urinishlarda ular oldingi qatorlarda bo’ldilar. Proletar diktaturasini zo’ravonlik bilan joriy qilishga uringan «qizil» shovinistlarning nayranglari-yu, fitnalariga qaramay, ularning barcha tazyiqlariga dosh berib, to 30 yillargacha xalq ma’rifatini yuksaltirish, uning ma’naviy dunyosini takomil toptirish uchun butun kuch-g’ayratlarini sarf etdilar. Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho’lpon, So’fizoda, Hamza Hakimzoda va boshqalar yaratgan ajoyib asarlar xalqimizning boqiy mulkiga aylangan bo’lsa, Munavvarqori, G’ozi Yunus, Salimxon Tillaxonov, Ubaydulla Asadullaxo’jaev, Zaki Validiy To’g’on, Nosirxon To’ra, Sadriddin Maxsum, To’raqul Jonuzoqovlarning siyosiy-ma’rifiy faoliyatlari Vatan mustaqilligi va xalq ma’rifati yo’lidagi fidokorlik timsoli bo’lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |