Ommaviy mulk turlari
Oʻzbekiston Respublikasi FKning 214-moddasi birinchi qismida respublika mulki obyekti sifatida tasarruf etiladigan mulk obyektlarining roʻyxati keltirilgan. Bunda, yerning va tabiat zahiralarining maxsus rejimi oʻrnatilgan. Mazkur rejimning ayni holatdagi mohiyat mazmuni barcha yerlar hamda fuqarolarning va yuridik shaxslarning yoki munitsipal mulkning tarkibiga topshirilmagan barcha tabiiy zahiralar respublika mulki deb e’lon qilinganligida namoyon boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, yerga va boshqa tabiiy zahiralarga respublika mulki prezumpsiyasi oʻrnatilgan. Mazkur qoida tomonidan yerga va boshqa tabiiy zahiralarga, ularning faqat davlat tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri-yoʻl qoʻyilgan darajada xususiy va munitsipal mulk obyekti boʻlishlari mumkinligi mazmunida, xususiy mulk sifatida ma’lum cheklanishlar oʻrnatilgan. Yerdan tadbirkorlik faoliyatidagi koʻchmas mulk obyekti sifatida foydalanish, uning maqsadli vazifasi inobatgan olingan holda amalga oshirilishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq, yer va boshqa tabiiy zahiralardan oqilona foydalanish lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yer uchastkasi tushunchasi Yer kodeksida va 1998-yil 28-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida” gi Qonunida mujassamlangan. YKning 10-moddasiga muvofiq, yer uchastkasi yer munosabatlarining obyekti sifatida – belgilangan chegaralarga, maydonga, joylanish hududiga, huquqiy rejimiga va davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa tavsif belgilariga ega boʻlgan yerlar fondining bir qismini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentyabrdagi “Er osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, yer zamini - bu tuproq qatlamidan pastroqda joylashgan yer poʻstlogʻining bir qismi, uning mavjud boʻlmaganligi holida esa yer yuzasining yoki geologik oʻrganish va oʻzlashtirish imkoniyati chegarasida boʻlgan suv obyektlari tubining pastrogʻida joylashgan yer poʻstlogʻining qismidir. Yer zamini uchastkalari sotib olinish, sotish, xadya qilish, meros, omonat, garov obyektlari boʻlishi yoki boshqa koʻrinishda tortib olinishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida»gi Qonunining 31-bandiga muvofiq, yer mulkdorlari va yerdan foydalanuvchilar oʻzlariga berilgan yer uchastkalari hududi chegaralarida litsenziya olinmagan tarzda, qonunchilikda belgilangan shartlar asosida foydali qazilmalarning davlat balansi tomonidan zahiralari royʻxatga olinmagan, umumiy tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olish va oʻzlarining xoʻjalik va maishiy ehtiyojlari uchun portlash ishlarini qoʻllamay yer ostki inshootlarni qurilishini amalga oshirish huquqiga egadirlar. Boshqa xil foydali qazilmalardan foydalanishga nisbatan, qat’iy litsenliyalash tartibi joriy qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2001 yil 7 dekabrdagi №312-II sonli “Mahsulotning taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida” gi Qonuniga muvofiq, “chet ellik sarmoyadorga, toʻlov asosida va ma’lum muddatga shartnomada koʻrsatilgan yer uchastkasida foydali qazilmalaning konlari qidiruvi, tekshirilishi va qazib olinishiga va mazkur ishlarini olib borish uchun alohida huquq berilishi mumkin, sarmoyador esa, oʻz navbatida koʻrsatilgan ishlarni oʻz hisobidan va oʻzining tavakkal qilishi asosida amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi”. Respublika mulki tarkibida ma’lum shartlarda oʻzga shaxslarning mulkiga oʻtishi mumkin boʻlgan mulk ham mavjud. Mazkur toifaga, masalan, respublika budjeti mablagʻlarini, oltin zahirani, valyuta jamgʻarmasini va boshqa davlat jamgʻarmalarini, va shuningdek, korxonalarni hamda davlatning budjet yoki boshqa mablagʻlari hisobiga yaratilgan yoxud sotib olingan intellektual faoliyat natijalari bilan teng ravishda boshqa har xil mulk majmualarini kiritish lozim.
Respublika mulki huquqi vujudga kelishi asoslari orasida, oʻziga hos manba’larni, ya’ni soliqlar koʻrinishidagi yoki boshqa har xil majburiy toʻlov tushumlarining manba’larini (masalan, davlat budjetdan tashqari jamgʻarmalariga qilinadigan ajratmalarni) koʻrsatish darkor. Davlat budjeti, shuningdek, mol-mulkning musodara qilinishi, ya’ni huquqbuzarlik uchun jazo chorasi sifatida mol-mulkning majburiy toʻlovsiz davlat mulki tarkibiga olib qoʻyilishi hamda rekvizitsiya (ya’ni favqulodda vaziyatlarda mulkdordan rekvizitsiyalangan (olib qoʻyilgan) mol-mulkning qiymatining qoplanishi bilan, davlat va ijtimoiy manfaatlar uchun mulkdor mulkini majburan olib qoʻyish) vositalari hisobidan ham toʻldirilishi mumkin. Shunday tarzda, mulk respublika mulki tarkibiga nafaqat umumiy (umumfuqarolik) usullari orqali, balki xususiy mulkchilik munosabatlari uchun hos boʻlmagan maxsus usullarda, ya’ni soliqlar, tushumlar va boj toʻlovlari va shuningdek, rekvizitsiya, musodara hamda natsionalizatsiya yordamida ham mol-mulk tushishi mumkin. Ommaviy mulkni vujudga kelishining asosi sifatida turarjoylarni egasiz deb tan olinishi xizmat qilishi mumkin. Xususan, 2006-yil 21-yanvardagi 8-son bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Egasiz turarjoylarini aniqlash, roʻyxatga olish va davlat mulkiga aylatirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomi egasiz uy-joylarni davlat mulkiga aylantirish tartibini nazarda tutadi. Ommaviy huquqiy tuzilmalar mulk huquqining bekor qilinishi uchun maxsus asos ham, ya’ni xususiy mulk huquqi paydo boʻlishining alohida, mustaqil asosi boʻlgan xususiylashtirish mavjuddir. FK 214-moddasining beshinchi qismida respublika mulki tarkibidan chiqarish asosi ya’ni qonun tomonidan belgilangan tartibda ommaviy mulk toifasidan xususiy mulkka oʻtish imkoniyatiga ishora qilinadi. Mazkur holatlarning eng koʻp tarqalgan koʻrinishlaridan biri xususiylashtirishdir. Bunda, muomaladan chiqarilgan, davlatning alohida mol-mulkidan tashqari, maxsus qonun tomonidan belgilangan xususiylashtirish obyektiga har qanday koʻchmas mulk kiritilishi mumkin. Koʻchar mol-mulkning ommaviy huquqiy tuzilmalardan xususiy shaxslarga oʻtishi, qoida boʻyicha, mulkning tasarruf etish boʻyicha an’anaviy fuqarolik - huquqiy bitimlar tartibida, eng avvalo fuqarolik qonunchiligi qoidalariga muvofiq tuziladigan va rasmiylashtiriladigan oldi-sotdi shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Bu oʻrinda ommaviy huquqiy tuzilmalarga qarashli aksiyadorlik jamiyatlarning aksiyalari bundan mustasno boʻladi va ular fuqarolarning hamda yuridik shaxslarning mulkiga nafaqat fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan umumiy tartibda, balki xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik tomonidan belgilangan maxsus tartibda ham olinishlari mumkin. Ommaviy mulk toifasidan xususiy mulk tarkibiga korxonalar (mulkiy majmualar), turarjoy binolari, xonadonlar, yer uchastkalari kabi obyektlarning oʻtishi maxsus qonunlar tomonidan nazarda tutilgan. Mazkur qonunlar, shuningdek, mulk huquqining rasmiylashtirilishi bilan birga, shunday oʻtishning shartlari va tartibini ham belgilaydi. Shu sababdan, Oʻzbekiston Respublikasi FKning mulk huquqining qoʻlga kiritilishi va bekor qilinishi toʻgʻrisidagi umumiy qoidalari faqat xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikda maxsus koʻrsatmalar mavjud boʻlmaganligi shartidagina mazkur munosabatlarga taalluqli boʻladi. Aslida bu, maxsus qonun umumiy qonundan ustuvorligi toʻgʻrisidagi umumiy qoidaga muvofiq, xususiylashtirish munosabatlari Kodeks qoidalarining ta’siri doirasidan qisman chiqarilganligini bildiradi. FK 215-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki ular tomonidan vakolatlangan organlar munitsipal mulk huquqining subyektlari deb e’lon qilingan. Munitsipal mulk huquqining subyektlari, odatda, murakkab tizimli tuzilmalar boʻlib, oʻzining ma’muriy-boshqaruv, ijtimoiy-madaniy, tezkor-xoʻjalik kabi organlarining keng tarmogʻi orqali faoliyat yuritadilar, ammo faqat ular bilan cheklanib qolmaydilar. Bunda, munitsipal mulkning huquqiy rejimini vujudga kelishi mol-mulkni davlatdan ma’muriy-hududiy tuzilmalarga berishning qonun tomonidan tartibga solingan jarayoni doirasida sodir boʻladi. Bu holda Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yil 2-sentyabrdagi “Mahaliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” gi Qonunning 8-moddasi ikkinchi qismining normalariga tayanish lozim, unda quyidagicha koʻrsatilgan: “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining mol-mulki, budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari fondlarning va aniq maqsadga qaratilgan fondlarning mablagʻlari viloyat, tuman, shahar mulkidir. Viloyat, tuman, shahar ahamiyatiga ega boʻlgan muhandislik infrastrukturasi obyektlari va boshqa obyektlar, korxonalar va birlashmalar, xalq ta’limi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, fan va madaniyat muassasalari, viloyat, tuman, shahar mablagʻi hisobidan tashkil etilgan yoki sotib olingan, shuningdek, ulushbay asoslarda tashkil etilgan yoki sotib olingan yoxud xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashiga boshqa manbalardan bepul berilgan qimmatli qogʻozlar va moliya aktivlari viloyat, tuman, shahar mulki boʻlishi mumkin”.
Obyektlar respublika mulkidan keyinchalik munitsipal mulk qilib berilganda, shuningdek, mol-mulk mulkdorining barcha huquqlari va uning erkin xohish bildirishiga rioya qilingan holda oʻtkazishning tegishli huquqiy tartibiga rioya qilish zarur. Respublika mulkini munitsipal mulk tasarrufiga oʻtkazishning oldi-sotdi va boshqa sh.k. shakllari ham mavjud deb hisoblash mumkin. Ammo bu masalalar beistisno xususiy mulk bitimlarining fuqarolik - huquqiy konstruksiyalari doirasida hal qilinmasligini hisobga olish muhimdir. Ommaviy manfaatlarni hisobga olgan holda bunda mazkur ommaviy mulk obyektlarining maxsus huquqiy rejimi qoʻllanishi lozim. Shu sababdan mazkur munosabatlar maxsus huquqiy tartibot obyekti sifatida yuzaga chiqishi mumkin. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 9-avgustdagi 287-sonli “Toshkent shahar hokimligining munitsipal mulk obyektlarini sotish toʻgʻrisida” gi Qarorida Toshkent shahar hokimligiga tegishli mol-mulkni sotish tartibini nazarda tutadi. Umuman olganda, munitsipal mulk huquqining obyekti boʻlgan mol-mulk, respublika mulkini tashkil etuvchi mol-mulk qaysi guruhlarga boʻlinsa, xuddi shunday boʻlinadi:
– xoʻjalik yuritish va operativ boshqarish huquqida munitsipal korxona va muassasalarga biriktirilgan mol-mulk;
– munitsipal korxona va muassasalarga biriktirilmagan, munitsipal budjetni, munitsipal uy-joy fondini tashkil etuvchi mol-mulk va b.
Birinchi guruhdagi mol-mulk asosan ijtimoiy (ta’lim, tibbiyot, madaniyat) va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega. Ikkinchi guruhga kiradigan mol-mulk esa aholining tegishli ma’muriy-hududiy birlik hududida yashashi bilan bogʻliq ehtiyojlarini qondirishi, shuningdek, mahalliy oʻz-oʻzini boshqaruv organlarining faoliyatini moliyaviy va moddiy jihatdan ta’minlashi lozim.
Munitsipal mulk sirasiga kiradigan mol-mulk oʻzining tur, miqdor va narx holati boʻyicha, tabiiyki, respublika mulk huquqining obyekti boʻlgan mol-mulkka mos kelmaydi. Koʻrsatilgan parametrlar boʻyicha u anchayin cheklangan va oʻziga xosdir, chunki mahalliy ahamiyatga ega davlat vazifalarini hal etishga moʻljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |