Xususiy mulk huquqi subyektlari va obyektlari
FKning 208-moddasiga muvofiq, fuqarolar oʻzlariga tegishli mol-mulkning xususiy mulkdorlaridir va shu sababli ular oʻzlariga qarashli mol-mulkka nisbatan oʻz xohishlariga koʻra qonunga va boshqa huquqiy hujjatlarga zid boʻlmayldigan har qanday harakatlarni sodir etishlari mumkin. Xususiy mulk subyekti sifatida har qaysi fuqaro, ham shaxsiy tarzda, ham umumiy ulushli mulk asoslarida xususiy mulk subyekti sifatida faoliyat koʻrsatishi mumkin. Fuqarolarning xususiy mulki ishlab chiqarishda ishtirok qilishdan olingan daromadlar, mehnat qilish huquqini boshqa xil tarzda tasarruf etish, tadbirkorlik faoliyati, oʻz xoʻjaligini yuritish va kredit muassasalariga, aksiyalarga va boshqa xil qimmatli qogʻozlarga sarmoya qilingan vositalardan olingan daromadlar, mulkni meros huquqi boʻyicha qoʻlga kiritish va qonunga xilof boʻlmagan boshqa asoslar hisobiga yaratiladi va koʻpaytiriladi. Amaldagi qonunchilik fuqarolarga, xususiy mulk huquqi asosida ularga tegishli har qanday mulkdan, ham shaxsiy iste’mol uchun, ham tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun foydalanish huquqini beradi, mazkur holat fuqarolar huquq layoqatining mazmunida tadbirkorlik faoliyati, shuningdek qonun tomonidan ta’qiqlanmaydigan har qanday faoliyat bilan shugʻullanish huquqi elementlarida oʻz mujassamini topgan. Fuqarolar tadbirkorlik bilan yakka tartibda yoki yuridik shaxs tashkil etgan holda shugʻullanishlari mumkin (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonunining 6-7-moddalari). Xususiy tadbirkorlik yakka tadbirkor tomonidan mustaqil tarzda, ishchilarni yollash huquqisiz, mulk huquqi boʻyicha oʻziga tegishli mol-mulk asosida va shuningdek, mol-mulkka egalik qilishga va undan foydalanishga yoʻl qoʻyadigan boshqa xil ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi. Fuqarolarning birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati, yuridik shaxsni tashkil qilmagan holda oila tadbirkorlik shaklida, oddiy shirkat yoki dehqon xoʻjaligi koʻrinishida amalga oshirilishi mumkin. Tadbirkorlik faoliyatining subyektlari oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotning (bajargan ishlarning xizmatlarning) va ularni sotishdan olinadigan daromadlarning (foydaning) mulkdorlaridir. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining, ishlab chiqarish sarf-xarajatlarining qoplanishidan, soliqlar, yigʻimlar va barcha majburiy toʻlovlar toʻlanishidan qolgan daromadlari (foydasi), sud tartibida majburiy tarzda qarzlarni undirish hollaridan tashqari, ularning oʻz xohishi bilan tasarruf etiladi (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonunining 20-moddasi). Fuqarolar xususiy mulki huquqining obyektlari deb yer uchastkalari, turar joy uylari, xonadonlar, dala hovlilar, garajlar, uy-roʻzgʻor ashyolari, shaxsiy iste’mol ashyolari, pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar va shuningdek, korxonalar hamda ishlab chiqarish uchun moʻljallangan boshqa xil mulkiy majmualar, binolar, inshootlar, transport vositalari, ishlab chiqarishning boshqa vositalari tan olinadi. Mol-mulkning miqdori va qiymati, agarda u mulk sifatida qonunga yoki shartnomaga muvofiq olingan boʻlsa, cheklanmaydi.
Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari va boshqa nodavlat yuridik shaxslar yuridik shaxslarning xususiy mulk huquqi subyektlari deb tan olinadi. Ishtirokchilar, ta’sischilarning ulushlari, xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar va boshqa qonun tomonidan yoʻl qoʻyilgan asoslar boʻyicha olingan mol-mulklar nodavlat yuridik shaxslar mol-mulki shakllanishining asoslaridir. Davlatga tegishli yuridik shaxslardan (unitar korxonalar, davlat korxonalari) farqli ravishda, mazkur yuridik shaxslarning mulki ularga xususiy mulk huquqi asosida tegishlidir.
Qonun tomonidan koʻzda tutilgan hollardan tashqari, yuridik shaxslarning xususiy mulki tasarrufida muomaladan chiqarilmagan har qanday koʻchmas va koʻchar ashyolar boʻlishi mumkin. Amaldagi fuqarolik qonunchiligi boʻyicha, barcha yuridik shaxslar, yuritayotgan faoliyatining maqsadiga bogʻliq holda tijorat va notijorat toifalarga boʻlinadi. Tijorat yuridik shaxs sifatida oʻz faoliyatining asosiy maqsadi sifatida foyda olishni koʻzlagan tashkilot tan olinadi, notijorat tashkilot deb esa shunday maqsad sifatida foyda olishni maqsad qilib qoʻymagan tashkilot hisoblanadi. Yuridik shaxslarning shakliga qarab, yuridik shaxsning mulkiga nisbatan ta’sischilar (ishtirokchilar) huquqlarining xususiyati ham farq qiladi. Xoʻjalik shirkatlarida va jamiyatlarida hamda kooperativ (shirkat)larda ta’sischilar (ishtirokchilar) yuridik shaxsning mulkiga nisbatan hech qanday ashyoviy huquqlarga ega emas va faqat majburiyat huquqlariga egadirlar. Ta’sischilar (ishtirokchilar)ning ulushlari hisobiga yaratilgan mulk, va shuningdek xoʻjalik shirkati tomonidan faoliyat yuritish jarayonida ishlab chiqarilgan va sotib olingan mol-mulk, mulk huquqi asosida unga tegishlidir. Barcha ustav fond bitta yagona jismoniy yoki yuridik shaxsga (masalan, 100%li davlat ishtirokidagi AJ yoki bitta shaxs tomonidan yaratilgan MChJ) tegishli boʻlishiga qaramay, tijoratchi yuridik shaxslarning mulki ta’sischilarga emas, balki mulk huquqi asosida faqat shu yuridik shaxslarga tegishli boʻladi. Ta’sischilarga mulk huquqi asosida faqat aksiyalar va tegishli yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlari tegishlidir. Fuqarolar va yuridik shaxslarning xususiy mulkida muomaladan chiqarilgan ashyolardan tashqari har qanday koʻchar va koʻchmas ashyolar boʻlishi mumkin. FKning 210-moddasiga koʻra, belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Bir yoki bir necha shaxslar tomonidan qurilayotgan uy-joy qurilishi tamom boʻlguncha va roʻyxatdan oʻtkazilguncha mahalliy hokimiyat organlarining ruxsatisiz boshqa shaxsga berilishi mumkin emas. Davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi. Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ a’zosi pay badallarini batamom toʻlab boʻlganidan keyin vujudga keladi.
Koʻp xonadonli (kvartirali) uydagi kvartira mulkdoriga oʻziga tegishli xonalar bilan birga uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk huquqi ham tegishlidir. FKning 211-moddasining birinchi qismiga koʻra koʻp kvartirali uyda umumiy mulk obyektlari boʻlib, ushbu uyning umumiy xonalari, jumladan ustun, toʻsin, devor konstruksiyalari, kvartiralararo zinapoyalar maydonchalari, zinalar, liftlar va boshqa shaxtalar, yoʻlaklar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi injenerlik va kommunikatsiyalar tarmoqlari, bino ichida yoki tashqarisida joylashgan, bir necha binolarga, kvartiralarga xizmat qiluvchi mexanik, elektr, texnik-sanitariya va boshqa qurilmalar va uskunalar hisoblanadi. Ushbu obyektlar koʻp kvartirali uylarga xizmat qilish vazifalarini bajarishga moʻljallangan boʻlib oʻziga xos tarzda yagona mol-mulk majmuasini tashkil etadi. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulk va ushbu umumiy mol-mulkning alohida qismlari mulk huquqining mustaqil obyektlari boʻlib hisoblanmaydi va begonalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻp xonadonli uydagi umumiy mulk yagona, boʻlinmas obyektni tashkil etishini va umumiy ulushli mulk tarkibida mavjud ekanligini ta’kidlash lozim. Koʻp xonadonli uydagi xonadon mulkdorida qonunga muvofiq, uydagi oʻzi sotib olgan xonadonga mulk huquqining paydo boʻlishi paytida umumiy mulk huquqidagi umumiy mulkning ulushli huquqi paydo boʻladi.
Koʻp xonadonli uyda umumiy mulk huquqidagi umumiy mulkning ulushli huquqi muhim ahamiyatga ega. FKning 211-moddasining ikkinchi qismidagi me’yorlar qaydlovchi xususiyatga egadir, chunki mazkur qismda uyning umumiy mulki tarkibida mulk huquqidagi mulkdorlarga tegishli ulushlarning miqdori va mulkdorlar oʻrtasida uyni tutish va mazkur mulkni saqlash boʻyicha sarf-xarajatlarni taqsimlash tartibi turarjoy qonunchiligi tomonidan belgilanishi aniq koʻrsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |