Umumiy mulkdan ulush ajratish va uni taqsimlash
Ulushli mulkdagi mol-mulkni taqsimlash deganda mazkur mol-mulk qismlarining sherik mulkdorlarni har birining egaligiga ularning umumiy mulk huquqidagi ulushlariga mutanosib ravishda oʻtishiga va ushbu mol-mulkka nisbatan umumiy ulushli mulkchilikning tugatilishiga aytiladi. Umumiy mulkdan ulush ajratish – ushbu mulkni bir qismining umumiy mulk ishtirokchisining mulkiga uning umumiy mulk huquqidagi ulushiga mutanosib ravishda oʻtishiga va bu shaxs uchun umumiy mulkdagi ulushga nisbatan huquqning bekor boʻlishiga aytiladi. Taqsimlash ham, ajratish ham umumiy ulushli mulk ishtirokchilarining oʻzaro kelishuvi boʻyicha amalga oshishi mumkin. Bunda ularni har birining oʻz ulushini ajratishni talab qilish huquqi boʻladi. Mazkur huquqni amalga oshirish uchun ulushli mulkni boshqa ishtirokchilarining roziligi talab etilmaydi.
Ulushli mulkchilikda boʻlgan mol-mulkning turi uni taqsimlash yoki undan ulush ajratishning tartibiga ta’sirini koʻrsatadi. Mol-mulk, basharti qonunda yoʻl qoʻyilsa va mol-mulkka nomutanosib zarar etmasa, natura shaklida taqsimlanishi mumkin. Xuddi shunday shart-sharoitda ulushni ham naturada ajratish imkoni boʻladi. Agar natura shaklida mol-mulkni taqsimlashga yoki ulush ajratishga yoʻl qoʻyilmasa, gap boshqa usullar ustida ham borishi mumkin, masalan, butun mol-mulkni sotib, tushum summasini ulushlar boʻyicha taqsimlash yoki ajralayotgan sherik mulkdorga uning ulushi qiymatini toʻlab berish. Boʻlinmas ashyo natura shaklida taqsimlanishi mumkin emas. Taqsimlash ashyoni sotish va umumiy mulkni har bir ishtirokchisiga uning umumiy mulk huquqidagi ulushiga mutanosib boʻlgan pul xissasini toʻlash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ulush sherik mulkdorlar tomonidan umumiy mulkning ajralib chiqayotgan ishtirokchisiga tegishli pul badalini xissasini toʻlash yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Natura shaklida umumiy mulkni taqsimlash (ulush ajratish)ning imkoni boʻlmaganda muqobil yoʻl sifatida mol-mulkka (undagi ulushga) mulk huquqini saqlab qolayotgan bir yoki bir necha sherik mulkdor tomonidan boshqa sherik mulkdor(lar)ga pul badalini toʻlash (bunda ular badal olganidan soʻng bu huquqni yoʻqotadilar) boʻlishi mumkin.
Bundan tashqari, pul yoki oʻzga turdagi badalni (xissani) toʻlash va mol-mulkni natura shaklida taqsimlashni yoki ulushni ajratishni toʻligʻicha oʻrnini bosmasdan, balki ular bilan birga kelishi mumkin, masalan, bunda naturada ajratilayotgan mol-mulkning ulushli mulk ishtirokchisining ideal miqdordagi ulushiga mutanosibligiga rioya qilishning imkoni boʻlmasa, qolgan qismi pul badali yoki ishtirokchi roziligi bilan boshqacha mol-mulk tarzida beriladi. Badalning miqdori taraflarning kelishuvi bilan, kelishuvga erishilmagan taqdirda, sud tomonidan belgilanadi, zarur boʻlsa, baholash faoliyati boʻyicha mutaxassislar jalb qilinadi, bunda taqsimlash paytida umumiy mulkning real qiymatidan kelib chiqilib, naturada taqsimlashni texnikaviy ta’minlash uchun sarflanadigan xarajatlar hamda bunday taqsimlash natijasida umumiy mulkning yomonlashish ehtimoli hisobga olinadi.
Basharti ulushli mulk ishtirokchilari taqsimlash va ajratishning usuli va shartlari toʻgʻrisida oʻzaro bir toʻxtamga kelmasalar, yuzaga kelgan nizo, fuqarolik huquqi toʻgʻrisidagi nizo sifatida sud tartibida hal etilmogʻi kerak. Bunda xissasi ajralib chiqayotgan sherik mulkdor umumiy qoida boʻyicha oʻzining ulushini aynan natura shaklida ajratilishini talab qilishga haqlidir. Qachonki bunday ajratishni ulushga nisbatan aniq bajarishni imkoni boʻlmasa, bu nomutanosiblik tegishli pul summasini toʻlash yoki oʻzga tartibda badal toʻlash usuli bilan bartaraf etiladi. Naturadagi ulush huquqidagi ulushdan ortib ketish-ketmasligiga bogʻliq ravishda kompensatsiyani toʻlash boʻyicha majburiyat ulushli mulkni boshqa ishtirokchilarining foydasiga ajralib chiqayotgan sherik mulkdor zimmasiga, yoki aksincha, ajralayotgan sherik mulkdor foydasiga boshqa sherik mulkdorlar zimmasiga yuklatiladi.
Sud amaliyotida arzimas ulushga ega sherik mulkdor uni ajratib berishni talab qiladigan holatlar koʻp uchrab turadi (masalan, uch xonali xonadonda 1/16 ulushga ega merosxoʻr uni ajratib berishni soʻraydi). Bu holda sud arzimagan ulushga ega mulkdorga, uning roziligisiz, kompensatsiya toʻlab berishni boshqa sherik mulkdorlar zimmasiga yuklashga haqli. Ulushning qanchalik darajada arzimasligini sud belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |