Depozitar tilxatlar– nominal qiymatga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘oz bo‘lib, u taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning muayyan soniga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlaydi va uning egasining ushbu qimmatli qog‘oz emitenti2dan depozitar tilxat o‘rniga taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarning tegishli sonini olishini hamda taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlar bilan mustahkamlangan huquqlarning depozitar tilxat egasi tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilish huquqini mustahkamlaydi.
Depozit sertifikati– bankka qo‘yilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog‘oz.
Obligatsiya– obligatsiya saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qat’iy belgilangan foizni olishga bo‘lgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz. Opsion – emissiyaviy qimmatli qog‘oz bo‘lib, u o‘z emitentining muayyan miqdordagi qimmatli qog‘ozlarini unda nazarda tutilgan muddatda, qat’iy belgilangan narx bo‘yicha sotib olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydi. Davlat qimmatli qog‘ozlari– O‘zbekiston Respublikasining g‘azna majburiyatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organ tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari. O‘zbekiston Respublikasining g‘azna majburiyatlari – emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar egalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga pul mablag‘lari kiritganligini tasdiqlovchi va bu qimmatli qog‘ozlarga egalik qilishning butun muddati mobaynida qat’iy belgilangan daromad olish huquqini beruvchi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar. Qimmatli qog‘ozlarga doir fyuchers– qimmatli qog‘oz bo‘lib, u o‘zida nazarda tutilgan muddatda qimmatli qog‘ozlarning muayyan sonini qat’iy belgilangan narxda sotib olish yoki sotish majburiyatini tasdiqlaydi.
Chek – chek beruvchining chekda ko‘rsatilgan summani chek saqlovchiga to‘lash haqida bankka hech qanday shart qo‘yilmagan topshirig‘i mavjud bo‘lgan qimmatli qog‘oz. Chek bo‘yicha pul chek beruvchining mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Qonunda qimmatli qog‘ozlar jumlasiga boshqa hujjatlar ham kiritilgan (omonat daftarchasi – fuqaro bilan bank omonati shartnomasini tuzish rasmiylashtirilgan hamda uning hisobvarag‘ida omonat bo‘yicha pul mablag‘lari harakatini tasdiqlaydigan hujjat; konosament – yukni tashishga qabul qilinganligi va tashuvchining yukni oluvchiga yetkazish majburiyatini tasdiqlovchi hosilaviy qimmatli qog‘oz).