Anatoliya saljuqiylar davlatida markaziy va mahalliy boshqaruv, harbiy-siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tizim, qo‘shin va harb ishi
Alouddin Kayqubod I davrida saljuqiylar davlati Kichik Osiyo yarimorolining katta qismini egallagan edi. G‘arbda ularning davlati Kichik Osiyo yarimorolining aksar qismini, asosan Markaziy va Sharqiy Anatoliyani egallab Vizantiyaning Nikey davlati bilan Inebolu – Eskishehir – Kyutaxya – Denizli – Bodrum bilan chegaradosh edi. Shimolda Qora dengizning bir qism sohillari va ikkita bandar – Sinop va Samsun kirardi119. Shimoliy-sharqda saljuqiylar davlati unga tobe bo‘lgan Vizantiya Trabzon imperiyasi va Gruziya bilan, sharqda Arman davlatlari, janubiy-sharq va janubda kurd davlatchalari va Suriya arablari, Antakiya, tobe Kilikiya armanlari bilan chegaradosh bo‘lgan. Saljuqiylarga g‘arbda O‘rta yer dengizi bo‘ylaridan Antaliyagacha bo‘lgan yerlar, sharqda Silifkgacha bo‘lgan hudud tobe bo‘lgan120.
Aholining ko‘pchiligini turk(o‘g‘uz)lar tashkil qilgan. Malazgird jangidan 140 yil o‘tgach o‘g‘uzlar ketma-ket o‘z vatanlaridan Kichik Osiyoga ko‘chib borganlar. XI asrda o‘g‘uz yabg‘uligidagi 24 ta shaharda bir necha million o‘g‘uz yashagan bo‘lsa, XIII asrga kelib u yerda attigi 4 ta shahar qolib, aksar aholi Anatoliya va G‘arbiy Osiyo mamlakatlariga ko‘chib borishgani ma’lum bo‘lgan121.
O‘g‘uzlar ko‘p farzandli ekanlari bois ko‘chgan aholilari soni ham XIII asrga kelib bir necha karra oshib borgan. O‘g‘uzlar butun Kichik Osiyo hududlarini to‘ldirib mahalliy grek aholisini bu yerlardan siqib chiqaradilar.
Endi yana “o‘g‘uz” so‘zini (tor ma’noda) “turk” so‘ziga aylangani haqida. X asrning oxiriga kelib musulmon tarixchilari o‘g‘uzlrga nisbatan “turkman” (ya’ni turkka o‘xshagan, monand) terminini ishlatgan. Vaqt o‘tishi bilan haqiqatda ham turkman etnonimi o‘g‘uz etnonimini siqib chiqardi. Tushunmoq kerakki, bu ikkala nom o‘sha bir xalqni bildirgan va XI asrda har ikkala nomdan foydalanishgan122.
Muarrixlar Bayhaqiy va Gardiziy o‘g‘uz-saljuqiylarga nisbatan “turkman” so‘zini ishlatganlar. Arab olimlari To‘g‘rul lashkarini o‘g‘uz qo‘shinlari deb aytishgan123. Biroq Sanjar davrida muarrixlar o‘g‘uzlarni yana o‘g‘uz deyishgan.
XIII asrdan boshlab o‘g‘uzlarga nisbatan “turkman” va “turk” atamalaridan foydalanishgan. Faqat ko‘chmanchi o‘g‘uzlarni turkman, o‘troq qatlamini turk deb atashgan124.
Vaqt o‘tishi bilan Kichik Osiyodagi saljuqiylar davlatida yashayotgan o‘g‘uzlarni ham musulmon va ham nasroniylar olamida turk deb aytadigan bo‘ladilar.
Anatoliyada endi turklar yashayotganlari bois, Yevropa va G‘arbiy Osiyoda taxminan XIII asrning o‘rtalaridan boshlab saljuqiylar davlatiga nisbatan Turkiston yoki Turkiya degan so‘zlarni ishlata boshladilar125.
Saljuqiy turk (tyurk)lar islomning sunniy mazhabida bo‘lib, ularning davlatiga islom Erondan tarqalgan edi. Buyuk saljuqiylar saltanatida ham din va davlat arbolarining ko‘pchiligi eroniylardan bo‘lib, fors tilida so‘zlashardilar.
Saljuqiy turkiyaning ko‘pchilik aholisi qishloq joylarda yashab ham o‘troq va ham ko‘chmanchilik bilan kun ko‘rishgan. Mamlakatning g‘arbida hamda Janubiy va Janubi-sharqiy Anatoliyada ko‘proq ko‘chmanchi aholi yashagan. O‘troq aholi esa asosan Markaziy Anatoliyada bo‘lgan. Dehqonlar yana chorvachilik (qo‘ychilik), g‘allakorlik hamda bog‘dorchilik va uzumchilik bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat bilan to‘la ta’minlagan, buning ustiga chorvachilik mahsulotlarini grek va arab davlatlariga eksport ham qilishgan126.
Ibn Battuta bu davrdagi Konyadagi mevazorlar, bozorlarning to‘kin-sochinligi, arzonchilik haqida yozib turklarning Suriya va Misr bilan savdo olib borishlarini yozgan127.
Dehqonchilikka mos bo‘lgan barcha yerlar davlatga tegishli bo‘lgan. Shuning uchun ham yerda ishlayotgan o‘troq va ko‘chmanchi aholi davlatdan yerni ijoraga olgan toifaga kirardilir. Turkiyada saljuqiylar hamda usmonlilar davrida dehqonlarni raiya, ya’ni soliq to‘lanadigan, o‘z hukmdoriga itoat qiladigan aholi deb aytishgan.
Dehqonlardan olingan soliq davlat xazinasiga yoki davlat xizmatida bo‘lgan amaldor shaxs, harbiy xizmatchilarga maoshlari o‘rnida to‘lanardi. Yer cheklari, ularning hajmi, olinadigan soliq miqdori davlat tomonidan qat’iy belgilanib ro‘yxat(reestr)ga olingan.
Iqto uchun ajratilgan yerlardan tashqari saljuqiylar davlatida yana ikki xil yerga egalik shakli bo‘lgan: vaqf yerlari va xususiy yerlar (mulk). Mulk bu yer egasining xususiy mulki sanalib uni sotishi, meros qoldiriishi va hadiya etishi mumkin bo‘lgan. Alouddin Kayqubod o‘z sarkardasi Hisomiddin Cho‘ponga ko‘p yillik sadoqatli xizmati uchun shaxsiy mulk qilib Qastamonu shahrini hadiya qilgani ma’lum128.
Qishloq joylarda qonun va tartibni saqlash ustidan qishloq oqsoqoli – katxuda, ko‘y (ko‘cha, mahalla) kadxudasi (to‘g‘risi kadxudo) nazorat qilardi. Kadxudo qishloqda yoshi ulug‘ va hurmatli kishilardan bo‘lgan. Qishloq yoshlari ham tashkilotga (gençlik ocaği) birlashib u qishloq oqsoqoli tomonidan tayinlangan va unga tobe bo‘lgan yigitboshi tomonidan boshqarilgan. Yoshlar tashkiloti katta kuchga ega bo‘lib, kerak bo‘lgan vaqtda, masalan tartibsizliklarni bosish ishlariga jalb qilingan.
Shaharlarda hunarmandchilik rivojlangan bo‘lib, yaxshi tashkil qilingan va hunarmandlar aholining talabini, xorij, Sharq davlatlari va Xitoydan olib kelinadigan zaru zevar mahsulotlaridan tashqari qondirardilar129.
Ba’zi tovarlar saljuqiylar davlatidan eksport qilingan. Ibn Buttuta Oqsaroy shahrida gilamlarni ko‘rib ularning sifatidan hayratlangan. U bu gilamlar Suriya, Iroq, Hindiston va Xitoyga eksport qilinganini yozadi130.
Saljuqiylar davlatining ilk davrida. Ya’ni Kichik Osiyoga o‘g‘uzlar kelishlaridan oldin hunarmandchilik bilan asosan greklar va armanlar mashg‘ul bo‘lishgan. O‘g‘uzlar ularning qo‘llarida shogird bo‘lgan. Tez orda ular ham barcha hunarlarni o‘zlashtirib oldilar131.
Shahar jamiyatining ijtimoiy tizimida hunarmandlar maxsus o‘rin egallaganlar. Har bir shaharda turli kasb va korning egalari (nonvoylar, to‘quvchilar, etikchi, ko‘nchilar, qassob va h.) va hunar ahli bo‘lib aholining turli narsalarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirardilar.
Hunarmandlar va ustaxonalar alohida sexlarga birlashganlar. Har bir sex muayyan bir mahsulot ishlab chiqarishiga o‘z monopoliyasini o‘rnatgan edi. Bir sexga birlashgan hunarmandlarning soni juda ko‘p bo‘lgan. Ibn Buttuta ma’lumotiga qaraganda Antaliyada ko‘nchilar sexiga 200 usta a’zo ekan132.
Har bir ustaxonada bir nafar usta bo‘lib, qolganlari shogird sanalgan. Sexdagi eng hurmatli ustani “axi” (birodar) deyishgan. Axiylar haqidagi ma’lumotni ham birinchi marta Ibn Battuta keltiradi va bu atamaning ma’nosini beradi. Shaharda nechta hunarmandlar ustaxonasi bo‘lsa shuncha ularning boshliqlari – axilar bo‘lgan. Axiylarning ustidan axiy chalabiy nazorat qilgan. Axiylar nafaqat o‘z hunarmandlarini himoya qilishardi, balki ular shaharga kelgan ajnabiylar, sayyohlar, darvishlarni o‘z zoviyalarida qabul qilib ularni yashash joyi, oziq-ovqat, mablag‘ bilan ta’minlardilar va ularni bosqinchilardan himoya qilishardi133.
Axiyning farmoyishiga binoan ustaxonalarda ishlangan pullar hisobidan zoviya va takiyalar qurib, ularni jihoz va kerakli narsalar bilan ta’minlar edilar. Shu zoviyalarda mehmonlar, darvish va sayyohlar yashaganlar. Ularga shaharga kelgan kunlaridan boshlab ketib qolgunlaricha axiylar mezbonlik qilgan. Ularning mehmondorchiligidan bahramand bo‘lgan Ibn Battuta bunday e’zoz va hurmatni boshqa joylarda hech ko‘rmaganini yozgan134.
Axiylar hunarmandlarning jamoalariga rahbar bo‘lib, ishsiz va oila qurmagan yoshlarga ham moddiy yordam bergan holda ular orasida ham katta nufuzga ega bo‘lgan. Ular nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy hayotda ham katta ta’sirga ega edilar. Ibn Bibining yozishmalaridan ma’lum bo‘ladiki, sulton G‘iyosiddinni taxtdan tushirish maqsadida Konyani Rukniddin tomonidan to‘rt oy davomida qamal qilinganidan keyin, mudofaa natijasiz ekanini aytib ayni shu axiylar o‘rtaga tushib yarash matnini tayyorlaydilar. Ularning taklifi bilan bitimni ikkala tomon ham imzolaydilar135.
Natijada Rukniddin Sulaymonshoh yana sulton bo‘lib, G‘iyosiddin Kayxusrav surgunlikka yuz tutadi. Shahar aholisining keyingi ijtimoiy pog‘onasida shahar a’yonlari va igdishlar turgan. Igdishlar shahar tumanlari ustida turganlar bo‘lib, ularni shu tuman aholisi saylagan va shahar qozisi saylov natijasini tasdiqlagan136.
Igdishlar shahar hayotida katta rol uynagan. Jumladan, ular aholi diqqatiga yuqori amaldorlarning qarorlari va sultonning amru farmonlarini yetkazib turganlar. Tuman igdishlarning faoliyatini shahar igdishi (igdiboshi) nazorat qilgan. Shu ijtimoiy pog‘onada katta savdogarlar, tojirlar turishgan. Ijtimoiy munosabatlarda eng yuqori pog‘onanai siyosiy hokimiyat va katta mulklari bo‘lgan maliklar, amirlar va ularning oilalari egallagan137.
Davlatda mutlaq hokimiyat sultonga tegishli bo‘lgan. Mamlakatning ichki va tashqi hayotiga oid eng muhim qarorlarni uning o‘zi qabul qilgan. Sulton oldida maslahat hamda ijroiya organi sifatida devon yoki Ulug‘ devon turgan.
Ulug‘ Devon tarkibiga yuqori martabali amaldorlar, eng avvalo sulton yo‘qligida devon ishlarini boshqaradigan vazir kirgan. Vazir davlatda ikkinchi shaxs sanalib, sulton oldida uning amru farmonlarining bajarilishi va mamlakatdagi vaziyat haqida javob berardi. Vazir sultonning maxsus farmoni bilan tayinlangan. Rasmiy qabul vaqtida vazir boshida maxsus toj yoki kuloh kiygan. Vazir davlatining ramzi tilla siyohdon va qalamdon bo‘lgan. Devon majlislarida vazir yonida uning kotiblari va tarjimonlar o‘tirgan.
Vazirdan tashqari Ulug‘ Devon tarkibida vazir darajasiga yaqin turgan amaldor va mansabdorlar turgan. Ularning har birining itoatida ma’muriy devon, kichik devon bo‘lgan.
Vazir amalidan keyin oliy martabali amaldor noib (niyobati saltanat) bo‘lgan. Sulton bilan vazir bir vaqtning o‘zida poytaxtda bo‘lmaganlarida noib sulton oldida davlat ishlari bo‘yicha javobgar bo‘lgan. Uning davlatining ramzi oltin qilich bo‘lgan.
Mamlakatning moliyaviy ishlariga mustavfiy degan amaldor mas’ul edi138.
Ulug‘ devonda tug‘roiy ham yuqori darajadagi amaldor sanalgan. Uning itoatida devoni tug‘ro bo‘lgan. Bu devonning xodimlari sultonning rasmiy maktublari, amr va farmonlari, normativ aktlarini tayyorlardilar. Ularga sulton tug‘rosi-muhrini bosgani bilan qonun mohiyatiga ega bo‘lardi.
Iqto sifatida berilgan davlat yerlarini parvona unvonidagi amaldor ro‘yxatga olib, nazorat qilgan. Parvona yana iqto berish haqidagi farmon – yorliqni tayyorlardi.
Amiri oriz va uning ma’muriyati qo‘shin ta’minoti, muntazam qo‘shinning maoshi, shaxsiy tarkibning hisob-kitobini olib borardilar. Eng katta va harbiy strategik jihatdan muhim bo‘lgan viloyatlarda bu devonning bo‘limlari yoki namoyandalari bo‘lgan.
Ulug‘ devonning tarkibiga kirmagan muhim amallardan biri amiri dod (adolat amiri) bo‘lgan. Uning devonidagi ma’murlar jinoiy ishlar yuzasidan tekshirish olib borib, qamoqqa olish va tergov ishlarini olib borardilar. Tergov jarayoni vaqtida xizmat qiladigan tavkitxona () ham shu devonga qaragan.
Amiri dod barcha amal va mansabdagi shaxslarni hatto vazir va Ulug‘ devon a’zolarini ham tutib olishi mumkin bo‘lgan. Ibn Bibi bu devon faoliyatini Alouddin Kayqubodga qarshi suyiqasd uyushtirgan amaldorlarni fosh qilish jarayonida bayon qilgan. Gunohkorlar qatlidan keiyn ham sulton o‘ziga nisbatan bir nechta mansabdorlarning adovatini bilib amiri dod orqali ularning molu mulklarini musodara qilib o‘zlarini mamlakatdan haydab chiqaradi139.
Ulug‘ devon a’zolari hamda boshqa muhim vazifa egalariga xizmatlari evaziga iqto berilgan.
Ma’muriy-hududiy jihatdan saljuqiylar davlati bir qancha viloyatlardan iborat edi. Ularning nomi ko‘p holatda shu viloyat markazi bo‘lgan shahar nomi bilan bir xil edi (Qaysari, Arzinjon, Sivas viloyati va h.).
XIII asrning o‘rtalarida saljuqiylar davlatining tarkibiga 30 dan ortiq viloyatlar kirgan. Saljuqiylar davlatida uch tipdagi viloyatlar bo‘lgan. Birinchi turini, unga eng ko‘p viloyatlar mansub edi, suboshi (genarl-gubernator) boshqargan. U viloyat qo‘shinlarining qo‘mondoni sanalgan. Viloyat qo‘shinlari otliq askarlardan iborat bo‘lib ularning aniq miqdorini suboshi (iqto egasi sifatida) xizmatga olib, ularga ta’lim berib, kiyintirib va qurollantirishi zarur bo‘lgan. Viloyat markazlarida soliq omillari va xodimlari bo‘lib, davlatga tushadigan kirimlarni nazorat qilardilar. Viloyatlardan olingan soliqlar poytaxtga yuborilardi. Ular Ulug‘ devon va mustavfiy devoniga kelib tushardi. Soliqning bir qismi “rusumi urfie” (urfiy rasm) sifatida sulton xazinasiga tushib, uning shaxsiy daromadi sanalgan.
Viloyatlarning ikkinchi turida maliklar, ya’ni sultonning farzandlari va qarindoshlari hokim bo‘lishgan. Urush vaqtlarida maliklar ham o‘z qo‘shinlarini sulton xizmatiga yuborishlari shart bo‘lgan.
Viloyatlarning uchinchi turi chegaradagi viloyatlar bo‘lib, ularni uj deyishgan. Saljuqiylarda nasroniy davlatlar bilan chegaradosh viloyatlarni uj deb atashganidan ma’lum bo‘ladiki, bu viloyatlar faqat Vizantiya bilan chegaradosh bo‘lgan.
Bu chegara hududi Inebolu-Eskishehir-Kutaxya-Bodrum orqali o‘tgan. Bu chegara viloyatda asosan ko‘chmanchi o‘g‘uzlar yashagan va o‘zlarining uj-beylariga itoat qilganlar.
Bu chegara ikki uj-viloyatga (o‘ng va so‘l) bo‘lingan bo‘lib, ular o‘rtasidagi chegara Anqara-Eskishehir orqali o‘tgan. Har bir viloyatni beylarbey boshqarib, ularga ujbeylar tobe bo‘lgan.
Safarbarlik vaqtida har bir beylarbey ko‘chmanchi turkman-o‘g‘uzlardan iborat alohida qo‘shin tuzishlari lozim edi.
Viloyat va ularga teng hududlar saljuqiylar davlatining harbiy kuchlari uchun manba bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlanganidek har bir iqto egasi o‘zi kuch to‘plab, ularni harbiy ishga o‘rgatib, qurollantirib va kiyintirishi, maosh to‘lashi lozim bo‘lgan. Bunday otliq qo‘shinning soni iqto hajmiga bog‘liq bo‘lgan.
Ibn Bibi iqtoning hajmi, undan olingan soliq miqdori va shunga yarasha sulton qo‘shiniga qancha sarboz berishlari haqida ma’lumot beradi.
Masalan 1220 yilning boshlarida Alouddin Kayqubod Kamoliddin Komyorga 100 ming dirhamga teng daromadi bo‘lgan Zara viloyatini iqto sifatida beradi. Komyor buning evaziga 60 otliq sarbozni xizmatga olib, o‘rgatib, qurollantirishi lozim bo‘lgan140. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Alouddin Kayqubod davrida iqto egalari yiliga bir nafar otliq askar uchun 1670 dirham sarflagan.
Safarbarlik e’lon qilinganda iqto sohibi o‘zining otliq dastasi bilan suboshi xizmatiga kelishi talab qilingan. Suboshi esa barcha qo‘shini bilan sulton qarorgohiga yetib kelishi lozim edi. Urushga safarbarlik quyidagicha bo‘lgan: sulton lashkar yig‘ish bo‘yicha yozma farmon bergan. Ularga sultonning tug‘rosi – muhri bosilgan.
Choparlar ularni saljuqiylarning barcha viloyat va muzofotlariga olib borishgan. Harbiy ma’rakalarning muvaffaqiyati ko‘p holatlarda safarbarlik muddati bilan bog‘liq bo‘lgan. Kechiktirish yoki farmonni bajarmaslik vaqtida qattiq jazo berishardi
Gruziya bilan urush olib borish chog‘ida Rukniddin Sulaymon shunday farmon chiqarib uni barcha viloyatlarga, shu jamladan maliklar hokim bo‘lgan viloyatlarga yuborgani ma’lum.
Ibn Bibi ma’lumotiga qaraganda Elbistondan o‘z qo‘shini bilan sultonning ukasi malik G‘iyosiddin To‘g‘rulshoh birinchi bo‘lib hozir bo‘lgan. Keyin malik Faxriddin yetib kelgan. Arzirum maliki Alouddin Soltuq esa safarbarlikka kechikkan. Natijada sulton Alouddin Soltuqqa kechikkani uchun jazo berib, uning mulkini tortib olib Arzirum viloyatini G‘iyosiddin To‘g‘rulshohga berish haqida farmon chiqaradi141.
Aksincha, urushdan keyin qo‘lga kiritilgan g‘alabalari uchun sulton o‘z maliklarining yer mulklarini juda ham kam kengaytirishlariga amru farmon bergan.
Safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng 8-9 kunda qo‘shin sulton ko‘rsatgan joyga yetib kelsa bunday safarbarlik muvaffaqiyatli hisoblangan. Bundan shunday xulosa chiqadiki, viloyatdagi iqto egalarining qo‘shinlari doim harbiy jihatdan tayyor bo‘lishlari talab qilingan.
Iqto tizimi asosida tuzilgan lashkar butun saljuqiylar nizomiy kuchlarining asosini tashkil qilgan. Qo‘shinning bu qismini otliq sipohiy deyishgan.
Iqto qo‘shinidan tashqari saljuqiylar lashkarida professional qo‘shin bo‘lib ular xizmatlari evaziga maosh olishgan. Bu qo‘shin poytaxtda joylashgan bo‘lib to‘g‘ridan to‘g‘ri sultonga bo‘ysingan. Ular piyoda askarlar va otliqlar bo‘lgan. Saljuqiylar davlatiga mo‘g‘ullar birinchi hujum uyushtirganlarida ular Sivasgacha bostirib kirgan. Shunda sulton o‘zining bosh qo‘mondoniga ularni to‘xtatishni buyuradi. Shunda Kamoliddin Komyor ixtiyoriga doimiy qo‘shin beriladi. Ularning tarkibiga sultonning otliq va piyoda gvardiyasi kirgan142.
Doimiy qo‘shin turli elat va xalqlarga mansub bo‘lgan asirlar va qullar (g‘ulomlar) hisobidan tuzilgan edi. Biroq ularning harbiy tyyorgarlik tizimi bizga noma’lum. Faqat ularning ta’limi uzoq muddat davom etgani aniq.
Bu muddat ichida g‘ulomlar va asir tushganlar til o‘rganib, o‘g‘uzlarning rasm-rusum va udumlari bilan tanishardilar, harbiy bilmlarni mukammal o‘zlashtirardilar. Natijada asir tushgan va g‘ulomlar hisobidan sultonga sadoqatli bo‘lgan professional harbiy tuzilmalar shakllanardi. Sulton ularga o‘zining xavfsiziligini himoya qilish va murakkab, og‘ir harbiy vazifalarni bajarish kabi ishlarni ishonib topshirardi.
Asir va g‘ulomlar orasidan buyuk sarkardalar va davlat arboblari yetishib chiqqan. Ular ichida jumladan, Muboriziddin Ertoqush bo‘lgan. Uni G‘iyosiddin Kayxusrav I Antaliya suboshisi, keyin shahzoda Alouddin Kayqubodning otabegi etib tayinlagan edi. Bundan tashqari Jaloliddin Qoratoy, amir Shamsiddin Xoso‘g‘uz, Sayfiddin Torumtoy va b. ham bo‘lgan143.
Otliq sipohiy va muntazam doimiy lashkar bilan birga safarbarlik chog‘larida sulton qo‘shiniga vassal davlatlarning qo‘shinlari ham kelib qo‘shilishi talab qilingan. Masalan Arman shohi Levon bilan sulh tuzganda u Alouddin Kayqubodga har yili ming nafar otliq sipohiy va 500 nafar charkchi yoki zambarakchi yuborishi shart qilingan edi144.
Zarurat paydo bo‘lganida davlat xazinadan o‘g‘uz (turkman)lar va ajnabiylar hisobidan yollanma askarlarni xarid qilish uchun ham mablag‘ ajratgan.
Quruqlikdagi kuchlar tarkibida lahimchi (lag‘imchi) degan harbiy dasta bo‘lgan. Ular qamal jarayonida katta rol uynagan. Ular qal’a va istehkom devorlari ostidan lahm qazib ularni teshardilar yoki portlatib hujumga yo‘l ochardilar. Ayni shu lahm qazish yo‘li bilan Alouddin Kayqubod qo‘shinlari mustahkam bo‘lgan Chemishkezek qal’asini bosib olganlar145.
Bundan tashqari saljuqiylar qo‘shinida ko‘p miqdorda manjaniqlar bo‘lgan. Ularning yordamida qal’a devorlarini uzoqdan tosh otib buzib tashlangan. Manjaniqlar bilan yana dushman qal’alari va shaharlariga, dushman saflari orasiga yonayotgan neft to‘ldirilgan idishlarni otardilar. Bu esa dushmanni sarosimaga tushirardi.
Jang maydonida qo‘shin muayyan bir tartibga ega edi. U muqaddima, markaz, chap va o‘ng qanot hamda arergarddan (qo‘shinning orqadagi qismi) iborat bo‘lgan. Qo‘shinda razvedka bo‘linmasi ham bor edi.
Harbiy amaliyot o‘tkazish uchun qarorni sulton qarorgohida yozma shaklda qabul qilib, uning bajarilishiga kirishardilar.
O‘rta yer va Qora dengiz atrofidagi yerlarni bosib olgach saljuqiylarda harbiy flot paydo bo‘ladi. Biroq u Yevropa floti bilan raqobat qila olmasdi. Shunga qaramasdan Kolonoros qal’asini qamal qilganda Alouddin Kayqubod uni dengiz tarafidan floti yordamida ham qurshab olgan146.
Qora dengizda esa saljuqiylar avvallari Sinop va Samsun portlarida qo‘lga kiritilgan kemalar bilan flot tuzishgan.
Sulton Alouddin Kayqubod davrida Qrimning Qora dengizdagi sohilida joylashgan va savdo yo‘llari ustida nazorat qilishni ta’minlaydigan Sudak shahrini bosib olish uchun desant amaliyotini amalga oshiradi. “Tog‘ kabi”147 bo‘lgan kemalarda Sinopdan Qrimga otliq qo‘shin saljuqiylar armiyasining qo‘mondoni Hisomiddin Cho‘pon boshchiligida olib o‘tiladi148.
Shahar ostonasida qipchoqlar qo‘shini joylashganini razvedka ma’lum qiladi. Saljuqiylarning desant qo‘shinlari jangga kirishib ikki kun ichida qipchoqlarning qo‘shinini butunlay tormor etdilar. Shahar Ibn Bibi ma’lumotiga qaraganda qamalga tayyorgarlik ko‘rgan. Shahar devorlari mustahkam, qurol-yaroq va oziq-ovqat zaxira qilingan edi. Shaharda okoplar va boshqa mudofa inshootlari qurilgan edi.
Saljuqiylarning otliqlari shaharga yaqinlashganida ularning boshlariga tosh, o‘qlar, yonayotgan neft yomg‘irdek yog‘a boshladi. Keyin shahar darvozalari lang ochilib saljuqiylarga qipchoqlarning kavaleriyasi hujum qiladi. Saljuqiylar bu yerda ham o‘z taktikalaridan foydalanib avval orqaga chekinganday bo‘lib qochdilar va shahardan uzoqlashib dushmanni o‘zlari bilan olib ketdilar. Muayyan masofagacha yetib borib pistirmada turgan kuchlar bilan qipchoqlarning otliqlarini qirib tashlaydilar. Kechga borib saljuqlar Sudakka qaytib keldilar shahar yaqinida joylashib shahar aholisiga psixologik ta’sir o‘tkazish uchun tadbir o‘ylab chiqdilar. Ular bazm barpo qilib kechasi bilan musiqa va kuy chalib ziyofat uyushtirdilar. Ertalab shahar aholisi nomidan elchilar kelib omonlik tiladilar va sulton belgilagan miqdorda o‘lpon to‘lashni taklif qildilar149.
Sudakni zabt etgan saljuqiylar yana kemalarda Sinopga qaytib keldilar.
Yuqoridagilardan xulosa chiqarib saljuqiylar harbiy tashkilotlarini quyidagicha tavsif etsa bo‘ladi. Ularning harbiy kuchlari quruqlikdagi kuchlar, harbiy va harbiy-transport flotidan iborat bo‘lgan. Quruqlikdagi kuchlar qo‘shinning asosiy qismini tashkil etgan iqto kavaleriyasi – sipohiylar hamda son jihatdan kamroq bo‘lgan maosh olib xizmat qiladigan professional (muntazam) lashkardan iborat bo‘lgan. Muntazam qo‘shin poytaxtda joylashib, otliqlar va piyoda askarlardan iborat bo‘lgan. Bundan tashqari urush vaqtlarida tobe davlatlarning qo‘shini ham qurolli kuchlar tarkibiga kirgan.
Lashkarda eng oliy mansab bosh qo‘mondon – maliku-l-umaro bo‘lgan. Unga xizmati evaziga iqto (poytaxtdan uzoq bo‘lmagan viloyat) berilgan. Lashkar soni doimiy va oldindan belgilangan bo‘lmagan. Uning soni qo‘yilgan vazifani bajarishi bilan bog‘liq edi. Muntazam qo‘shinning sonigina domiy bo‘lib u 10 ming nafarga yetardi. Bu raqam shuni ko‘rsatadiki, saljuqiylarning qo‘shini ko‘p sonli bo‘lmagan150.
Masalan, Suriya bilan bo‘lgan urushda sulton Izzaddin Kaykovus I ning armiyasi 22 ming nafar bo‘lgan151. Yassichaman muhorabasida 100 minglik Jaloliddin qo‘shiniga Alouddin Kayqubod 40-45 minglik qo‘shini bilan qarshi turdi. 1234 y. saljuqiylar davlati hududlariga Suriya va Misr qo‘shinlari bostirib kirganda Kamoliddin Komyorning armiyasida eski va yangi sarbozlar, sipohiy va muntazam kuchlardan iborat 50 minglik qo‘shin bo‘lgan152.
Saljuqiylarning qo‘shinlari kam bo‘lishiga qarmay oldiga qo‘yilgan vazifani bajarish uddasidan chiqardi. Biroq saljuqiylar qo‘shini va uning boshliqlarining ustunlik jihatlaridan biri shu ediki, ular o‘zgaruvchan sharoitlarga, dushmanning qurol-yaroqlari, tashkiliy tuzulmasi va taktikasiga tezlik bilan moslashib ketishardi. Birinchi salib yurishi jarayonida son jihatdan ortiq va og‘ir otliqlarga ega bo‘lishlariga qaramay ular yevropolik risarlardan mag‘lub bo‘lgan edilar. Ikkinchi salib yurishi jarayonida esa yevrpaliklarga har doim afzallik beradigan og‘ir himoya vositalari va qurollari endi saljuqiylarga yordam bera boshladi. Shu yurishdan boshlab saljuqiylar biror-bir muhorabani boy bermaganlar. Saljuqiylar keyinchalik biror-bir marta mag‘lub bo‘lmay yengil qurollangan va tez harakatlanuvchi saljuqiy turkmanlar mamlakatning ichkarisiga chekinib temir bilan burkanib quyosh nuri ta’sirida hamda suvsizlik va ochlikdan holdan toygan lashkarga hujum qilib, salibchilar ustidan ham g‘olib chiqib, ularni Eskishehir oldida (oktabr 1147 y.) qirib tashladilar. Shunda salibchilar lashkaridan o‘ndan bir qismi tirik qoldi xolos153.
Bundan tashqari saljuqiylar salibchilar tajribasini o‘zlashtirib ular ham og‘ir qurol-yaroqdan foydalanadigan bo‘ldilar. Masalan yuqorida tilga olingan Yassichaman muhorabasida, Ibn Bibi ma’lumoti bo‘yicha saljuqiylarda temir sovutlar bo‘lgan154.
Saljuqiylar lashkarining yana bir afzalligi ularning urush olib borish taktikasida bo‘lgan. Bu yerda misol tariqasida Vizantiya imperatori Manuelni Qumdanli yaqinida mag‘lub etilishini keltirish mumkin. 1176 yili senyabrida 700 minglik Vizantiya armiyasi Qumdanliga yurish boshlaydi. Uni Qilich Arslon I saljuqiylar qo‘shini bilan kutib olib, urushga kirmay chekinib 10 minglik qo‘shin bilan Miriokefalon darasiga olib kirdi. Daradan chiqadigan tor joyda Qumdanlida imperator armiyasi kamsonli saljuqiylar qo‘shini tomonidan tor-mor etildi. 100 ming askari bilan imperator asirga tushdi155.
Saljuqiylar qo‘shini va uning qo‘mondonlarida katta tajriba va urush olib borishda qatiyatlik bo‘lgan. Kichik Osiyodagi saljuqiylar davlatining butun tarixida ularning lashkari turli sharoit va vaziyatlarda ketma-ket urush olib borganlar.
Bu holat, ya’ni taktikadagi ustunlik va harbiy amaliyotlardagi boy tajriba ularning g‘alaba qozonish sirlaridan biri bo‘lganini isbotlaydi. Saljuqiylar son jihatidan emas, balki aql bilan g‘olib chiqqanlar.
Shuni ta’kidlash lozimki, saljuqiylar qo‘shinining kamsonligi iqtisodiy va moliyaviy jihatlarga bog‘liq. Ularda ko‘psonli lashkarni tuzish imkoni bo‘lmagan. XIII asrning o‘rtalarida iqto tizimi orqali ko‘p sonli armiyani tuzish imkoni bo‘lmagan. Sababi iqto mulklarining hammasi ham ko‘p hosil beradigan yer va dehqonchilik vohalaridan iborat bo‘lmagan. Bundan tashqari davlat ham yangi samarador yerlarni bosib olish uchun zaiflik qilardi.
Saljuqiylar davlatining harbiy tizimining yana bir kamchiligi unda qo‘shinni boshqarishning tashkiliy tizimi, boshqaruvi yo‘qligida bo‘lgan. Bu esa qo‘shin idorasini murakkablashtirib qo‘ygan edi. Shuning uchun ham kamsonli qo‘shinni urush maydonida boshqarish ham qulay bo‘lgan156.
O‘rganilayotgan davrda bu kamchilik barcha sharq davltlaridagi qo‘shinlarga xos bo‘lgan. XIII asrning boshlarida faqat mo‘g‘ullar armiyasida aniq boshqaruv va tashkiliy tizim bo‘lgani va bu ular g‘alabalarining omili ekani barchaga ma’lum. Ularning qo‘shinida avvali birlik 10, ularning 10 tasidan 100 (sada), so‘ngra 1000 (hazora) tashkil topgan edi. Amiri hazora shu 1000lik dastani boshqargan. O‘nta minglik tumanni tashkil qilib uning qo‘mondoni amiri tuman yoki noyon deyilgan. Mo‘g‘ullarning qo‘shini 20 tuman, ya’ni 200 ming sarbozdan tashkil topgan edi. Mo‘g‘ullarning bunday harbiy tashkilotini usmonli turklar o‘z qo‘shinlarida joriy qilganlar157.
Do'stlaringiz bilan baham: |