XV bob. HUQUQNI TATBIQ ETISh VA QO’LLASh
1-§. Huquqni tatbiq etish
Huquq normalari hayotga tatbiq etilsagina, u mazmun kasb etadi va jamiyat uchun
ahamiyatga ega bo’ladi. Agarda huquq tatbiq etilmas ekan, oxir-oqibatda u o’zining
mohiyatini butunlay yo’qotadi. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga
solishning samarasi ko’p jihatdan huquq normalarini to’g’ri tatbiq etishga bog’liq.
Darhaqiqat, mavjud huquq normalarini amalda qo’llamasdan turib, davlat ijtimoiy
munosabatlarni o’z maqsadi yo’lida tartibga sololmaydi. Eng umumiy va keng ma’noda
olganda, huquq normalarini tatbiq etish - huquqiy normalar yordamida ijtimoiy
munosabatlarga ta’sir etishdir.
Huquq normalarining asosiy vazifasi shundan iboratki, ular huquqiy munosabat
sub’yektlari huquqlarining mazmunini belgilashga va shu bilan birga huquqning tatbiq
etilishiga yordam beradi.
Huquqni tatbiq etish - davlat tomonidan yuridik jihatdan mustahkamlangan va
kafolatlangan imkoniyatlarning amalga oshirilishi hamda ularni kishilar va ularning
tashkilotlari faoliyatida hayotga tatbiq etishdir.
Ba’zi yuridik adabiyotlarda «huquqni tatbiq etish», «huquqiy normalarni tatbiq
etish», «huquqiy normani amalga oshirish», «huquqiy normani qo’llanish» kabi
tushunchalar yuzasidan munozarali fikrlar mavjud.
Ko’pchilik nazariyotchi olimlarning fikrlaricha, huquqiy normalarni tatbiq etish -
huquqiy normalarni amalga oshirish demaqdir.
«Tatbiq etish» ma’nosini bildiradigan «realizatsiya» atamasi lotinchadan olingan
bo’lib, «realis»- moddiy yoki moddiylashtirish degan ma’noni anglatadi. Hozirgi kunda bu
so’z ko’proq u yoki bu rejani, dastur va loyihalarni, maqsadlar va hokazolarni hayotda
amalga oshirish yoki ularni tatbiq etish ma’nosida qo’llaniladi. «Huquqni tatbiq etish»
atamasi yuqoridagi mazmunga mos keladi. Darhaqiqat, huquq nomoddiy ko’rinishga ega
bo’lsa ham, u kishilarning faoliyatlarida, faol xulqi va yurish-turishlarida, ularning moddiy
va ma’naviy qadriyatlardan foydalanganlarida tatbiq etilib moddiylashadi.
Huquqni tatbiq etish murakkab jarayon bo’lib, u ma’lum muddat mobaynida amalga
oshiriladi. Bu jarayonda nafaqat sub’yektiv huquq va majburiyatlar egalari (shaxslar), balki
davlat ham o’zining organlari, ya’ni huquqni ijod qiluvchi, huquqni ijro qiluvchi, huquqni
qo’llovchi organlari orqali ishtirok etadi.
Huquqni tatbiq etish jarayoni huquqni tatbiq etish shakllarini va uni amalga
oshirishning yuridik mexanizmini o’z ichiga oladi.
Ko’pgana yuridik adabiyotlarda huquqni tatbiq etishning shakllari turlicha
ko’rinipsharda bo’lib, ularni umumlashtirgan holda quyidagicha tasniflash mumkin.
Huquqni tatbiq etishning, normativ hujjatlarda ko’rsatilgan qoidalarni qo’llanish
darajasiga ko’ra, uch xil shak-lini ko’rsatish mumkin:
a) huquqiy faoliyat amalga oshiriladigan umumiy vazifalari va tamoyillar o’z ifodasini
topgan qonunlar hamda moddalarning muqaddimalarida ko’zda tutilgan umumiy
ko’rsatmalarni tatbiq etish;
b) huquq sub’yektlarining huquqiy maqomini hamda vako-latlar doirasini o’rnatuvchi
umumiy normalarni tatbiq etish;
v) muayyan huquqiy munosabatlarda tegishli huquqiy nor-malarni tatbiq etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |