Namangan davlat unuversiteti ingliz tili va adabiyoti kafedrasi


II BOB. ABDULLA QODIRIYNING “ OʻTKAN KUNLAR” VA CHOʻLPONNING “KECHA VA KUNDUZ” ROMANLARI QAHRAMONLARI



Download 150,54 Kb.
bet5/6
Sana22.07.2022
Hajmi150,54 Kb.
#839665
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
dissertatsiya eng oxirgi varianti Alhamdulillah ТАХРИРЛАНГАН

II BOB. ABDULLA QODIRIYNING “ OʻTKAN KUNLAR” VA CHOʻLPONNING “KECHA VA KUNDUZ” ROMANLARI QAHRAMONLARI
2.1. Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani qahramonlari tahlili
Choʻlpon XX asr oʻzbek adabiyotining eng mashhur namoyandalaridandir. Uning hayoti va ijodiy faoliyati adabiyotimizning eng yorqin sahifalaridan birini tashkil qiladi. U badiiy ijodning deyarli hamma turi bilan faol shugʻullandi. Sheʼr, hikoya, roman, drama, tanqid, tarjima — hammasida ijod etdi.
Choʻlpon adabiyot sahnasida koʻrinishi bilanoq koʻzga tashlangan ijodkorlardan. Binobarin, choʻlponshunoslik uning ijodi bilan birga boshlangan desak, mubolagʻa boʻlmas. Uning matbuotda eʼlon kilingan birinchi asari esa, mutaxassislarimizning aniqlashlariga qaraganda, «Sadoyi Turkiston»ning 1914 yil 18 aprel sonida «Abdulhamid Sulaymoniy» imzosi bilan bosilgan «Turkistonli qardoshlarimizga» sheʼridir. Garchi «Abdulhamid Sulaymoniy» nomi 10-yillardagi matbuot sahifalarida tez-tez uchrab tursa-da, u haqdagi dastlabki maqolalar
20-yillarning boshlarida paydo boʻldi. Va bularning birinchisi tatar yozuvchisi Zarif Bashiriy (1888-1962)ning 1923 yil 4 mayda «Turkiston» gazetasida shoirning ilk toʻplami «Uygʻonish»ga yozilgan taqrizi edi. Shu yili mazkur gazetaning 10 dekabr sonida munaqqid Vadud Mahmud(1897— 1976)ning shoirning ikkinchi sheʼriy toʻplami haqidagi «Choʻlponning «Buloqlar»i» nomli taqrizi bosilib chiqdi. 1924 yilda tatar adabiyotshunosi Abdurahmon Saʼdiy (1889—1956), 1925 yilda mashhur Abdulla Qodiriy u haqda yozdilar.
1927 yilda tanqidchi Olim Sharafiddinov(1903—1943)ning «Oʻzbek shoirlari. (Choʻlpon)» («Qizil Oʻzbekiston» gazetasi, 14 fevral) maqolasi bilan matbuotda shoir ijodi haqida katta bahs ochildi. O.Sharafiddinov Choʻlpon ijodini ilmda endigina shakllanib kelayotgan markscha metodologiya asosida tekshiradi va uning asarlariga sinfiy yondashib, «Choʻlpon boylar, millatchi ziyolilarning mafkurachisidir, shularning shoiridir», «Choʻlponning asarlari bosdirilar ekan, uni qattiq tahlil qilib, kuchli tsenzuradan oʻtkazib, muvofiklarini bosish kerak» degan xulosani beradi. Unga javobni yosh Oybek berdi. «Choʻlpon shoirni qanday tekshirish kerak?» degan maqola bilan chiqib, uning sheʼrlarini mafkura emas, sanʼat qonunlari asosida tekshirish lozimligini uqdirdi va ruslarning Pushkinga munosabatini ibrat qilib keltirdi. Bahsga jurnalist, partiya va davlat xodimlaridan Usmonxon Eshonxoʻjayev (1898—1938) aralashadi. «Munaqqidning munaq-qidi» («Qizil Oʻzbekiston» g., 22, 23, 27 iyun) maqolasini yozib, Oybekning fikrlarini rad etadi. Shoirga «dunyoqarashi yoʻq», «tanazzulparvar», «xayolparast» degan ayblarni yopishtiradi. Ulardan «choʻlponizm»ni keltirib chiqaradi va buning yoshlar uchun gʻoyat za-rarli ekanligini tushuntirishga tushib ketadi. Oybek «Munaqqidning munaqqidi» maqolasining egasiga» javob (mazkur gazeta, 23 avgust) bilan chiqadi. Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov Respublika madaniyat xodimlarining shu yil 4—5 oktyabrda boʻlib oʻtgan 2-qurultoyidagi «Mafkuraviy jabhadagi kurash va madaniyat xodimlarining vazifalari» nomli maʼruzasida bahsga yakun yasaydi. O. Sharafiddinov va Usmonxon fikrlarini qoʻllash bilan cheklanmay, «Choʻlponni qayta tarbiyalash mumkinligi» masalasini ham «bahsli» hisoblaydi. Shu tariqa, uning ijodi ustidan «zararli!» degan hukm chiqariladi. Choʻlpon qurultoy hayʼatiga arznoma bilan murojaat qiladi, keyingi sheʼrlarida qisman «millatparastlik» kayfiyatlari boʻlganligini tan olgan holda oʻziga qoʻyilayotgan barcha siyosiy ayblarni rad etadi. Unga quloq solmaydilar va qurultoydan quvib chiqaradilar. Mashhur adabiyotshunos Ozod Sharafildinov ushbu 1927 yil mojarosini «Adabiyotshunoslik va tanqidning manqurtga aylanishi» degan koʻp yillik va koʻp pardalik fojianing birinchi pardasi» deb ataydi.
Shundan keyingi oʻn yil Choʻlpon va choʻlponchilikka qarshi kurash bilan oʻtdi. Shoʻrolar hukumati uni «fosh qilish»ga oʻz davrining deyarli barcha ijodkor ziyolilarini jalb qilishga muvaffaq boʻldi. U haqda Moskvada oʻqib kelgan yosh Otajon Hoshimdan tajribali, dunyo koʻrgan Miyonbuzruk Solihovgacha, yoʻqsulparvar tanqidchi Anqaboy Xudoybaxtovdan yozuvchi M. Sheverdingacha yozdilar. Abdurahmon Saʼdiy 20-yillardagi qarashlaridan chekinib, Choʻlponni «ashaddiy millatchi» qilib koʻrsatdi. «Kim oʻzar»lik musobaqasi shu darajaga yetdiki, uning hali nashr qilinmagan kitoblari haqida «fosh etuvchi» soʻz aytib, sovrin talashdilar. Yozuvchi Tuygʻunning Choʻlpon qamalishidan ozgina oldin 1937 yil 22 mayda «Yosh leninchi» gazetasida eʼlon qilgan maqolasi shoirning bosilmasdan izsiz yoʻqolgan «Joʻr» nomli sheʼriy toʻplami haqida edi.
Shu tariqa, bu mashʼum fojianing «ikkinchi pardasi» (O. Sha-rafiddinov) Choʻlponning hibsga olinib, qatl qilinishi bilan yakunlandi.
Nihoyat, zamon aylanib, shoʻro tizimining temir murvatlari bir oz darz ketib, 1956 yil shabadalari 30-yillar qatagʻonlarini yumshatgandek boʻldi. Choʻlpon oqlandi. Tezkorlik bilan uning ijodiy merosini oʻrganuvchi besh kishilik (Bahrom Rahmonov -Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi — rais; aʼzolar: Uygʻun, Mirzakalon Ismoiliy, Gʻulom Karimov, Ozod Sharafiddinov) eʼtiborli hayʼat tuzildi. Lekin ish siljimadi. 60-yillarning oʻrtalarida «Oʻzbek tili va adabiyoti» jurnalida shoirning uch-toʻrt sheʼri bilan «Shoʻro hukumati va sanoyi nafisa» degan maqolasi chiqdi-yu, yana hamma narsa taqa-taq toʻxtab qoldi. Aksincha, u hakdagi fikr va baho deyarli oldingiday davom eta-verdi. Hatto bu boradagi xatti-harakatlar jazolana boshladi. Masalan, 1968 yilda tuzilgan «Tirik satrlar» antologiyasi, birinchi navbatda, Choʻlpon sheʼrlaridan namunalar kiritilgani uchun bosmaxonadan chiqmay, qatagʻon qilindi. Noshir va muharrir Markazqoʻm maqomida muhokama qilindi. 70-yillarning oxirida esa, Choʻlpon va uning zamonasi tadqiqiga qoʻl urgan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti boshida kaltak sindi. Va bu hol qayta qurish va oshkoralik zamonigacha davom etdi. Nihoyat, 1988 yilda «Kecha va kunduz» romani Ozod Sharafiddinov soʻzboshisi bilan «Sharq yulduzi» jurnalida eʼlon qilindi. Bir yil oʻtar-oʻtmas, «Yulduzcha» nashriyoti shoirning «Bahorni sogʻindim» nomi bilan moʻjazgina sheʼriy toʻplamini chop etdi. 1991 yilda Gʻafur Gʻulom nashriyoti adibning «Yana oldim sozimni» nomi bilan salmoqli kitobini bosib chiqardi. Mustaqillik Choʻlpon ijodini xalqqa tanitishni yangi asoslarga koʻchirdi. «Xazina» ilmiy-ijodiy birlashmasi 1993 yildan uning uch tomlik asarlari nashrini boshladi va shundan ikkitasi 1994 yilda nashrdan chiqdi. «Maʼnaviyat» nashriyoti shoir tavalludining 100 yilligiga uning «Goʻzal Turkiston» nomli bir sheʼriy toʻplamini eʼlon qildi. Ayni paytda, u hakda keng koʻlamda tadqiqotlar ham maydonga kela boshladi. Dastlabkilari istiqlolimiz bilan izma-iz maydonga keldi. Bular Ozod Sharafiddinovning «Choʻlpon. Shoir haqidagi rivoyatlar va haqiqatlar»4, Naim Karimovning «Choʻlpon» risolalari edi. Shu yili 3. Eshonova «Choʻlpon poeziyasining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladi. Bir yil oʻtgach, D. Kuro-nov «Choʻlponning «Kecha va kunduz» romanida xarakter psixologizmi» nomida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1998 yilda ushbu muallifning «Choʻlpon nasri poetikasi» mavzuidagi doktorlik ishi yokdandi. Shuningdek, uning adabiy-estetik qarashlari, milliy-poetik tafakkuri, publitsistik mahorati bilan bogʻliq qator dissertatsiyalar yozildi va yozilmoqda. Ayni paytda bir qator risolalar, kitoblar ham nashr qilindi. Tadqiqotchilar orasida Choʻlponning hassos va fidoyi muxlisi Ozod Sharafiddinovning xizmatlarini alohida taʼkidlash kerak. Olimning 1991 yilda nashr etgan «Choʻlpon» risolasi u haqda qilinayotgan ishlarning mazmun va yoʻnalishini belgilab bergan kitob boʻldi. «Choʻlponni anglash» esa, mohiyatan choʻlponshunoslik tarixining bugungi kun talqinidir. Yoshlardan Choʻlpon nasri boʻyicha D. Quronov samarali ishlamoqda.
2003 yilda N. Karimovning «Choʻlpon» maʼrifiy romani «Sharq» nashriyotida bosilib chiqdi.
Adibning hayoti va ijodini atroflicha oʻrganish va har tomonlama baholash, xususan, yangi oʻzbek adabiyotining shakllanishi va taraqqiyotidagi oʻrnini ilmiy asoslab berish ishlari endi boshlanmoqda.
Choʻlpon bizga qoldirgan adabiy merosining umumiy koʻlami bir qadar maʼlum boʻlsa-da, ular hali bir joyga toʻplanishi u yoqda tursin, ayrimlari aniqlanish bosqichida turibdi. Shunga qaramasdan, shoir asarlari uch tomligining nashr qilinishi va bulardan ikkitasining oʻquvchilar qoʻliga tekkanligi muhim hodisa boʻlib, muallif ijodi haqida fikr yuritishga bemalol imkoniyat beradi. Jumladan, 1-jildidan shoirning «Oʻzbek yosh shoirlari» (1922) toʻplamiga kirgan 14 sheʼri va «Uygʻonish» (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) va turli davr matbuotida eʼlon qilingan sheʼrlar, jami — 252 sheʼr oʻrin olgan. Bu shoir sheʼrlarining tugal nashri emas, albatta. Masalan, B. Doʻstqorayev bosmaga tayyorlagan «Goʻzal Turkiston» (1997) toʻplamida yuqoridagi nashrga kirmay qolgan sheʼrlari bor, izohlar bilan chop etdi. Goh-goh matbuotda yangi topilgan sheʼrlari eʼlon qilinib turibdi. Bu, tabiiy hol, albatta.
Choʻlpon nosir sifatida ham adabiyotimizda salmoqli oʻrin tutadi. Adib uch jiddligining 2-jildiga uning mashhur «Kecha va kunduz» romani bilan birgaliqda turli davrlarda yozilib chop etilgan 13 hikoyasi kiritilgan. Ular orasida 1914 yilda eʼlon qilingan ilk hikoyalari «Qurboni jaholat» va «Doʻxtur Muhammadyor»dan sovet davrida bosilgan «Kileoʻpatra» (1923) gacha bor.
«Qurboni jaholat»da Eshmurod degan yigitning fojiali taqdiri hikoya qilinadi. Eshmurod — oʻqimishli yigit, lekin atrof zimiston. Hammayoqda jaholat. Hatto oʻz otasi uni gazeta oʻqigani uchun masxara qiladi. Maktab, ilm-fan, ibrat olish degan gaplarga millatning toqati yoʻq — Eshmurodga mana shu tashvishlar tinchlik bermaydi. Uning ustiga bir voqea yuz beradi-yu Eshmurodning hayoti ostin-ustin boʻlib ketadi. Eshmurodlarnikiga uning yoshlikdagi tanishlaridan Moʻminjon kelgan edi. Koʻzini shamgʻalat qilib, otasining soatini oʻmarib ketibdi. Otasiga esa yaqin doʻsti Nazarali soʻfi hadya qilgan edi. Moʻminjon ketishi bilan izma-iz ular kirib keladilar. Gap aylanib soatga kelib taqaladi-yu, uning yoʻqolgani maʼlum boʻlib qoladi. Izza boʻlgan ota oʻgʻliga dashnom berish bilan kifoyalanmaydi, kaltaklaydi. Esh-murod nomus kuchidan yotib qoladi. Bir oycha yotib, bir oz tuzalgach, qoʻshnisi mingboshining bogʻchasiga chiqib, gazeta varaqlab oʻtirganda yana shunday voqea yuz beradi. Mingboshi uni gazeta oʻqitish uchun mehmonxonasiga taklif qiladi. Oʻyinqaroq yoshlardan biri kelib, bu gal mingboshining qoziqqa osib qoʻyilgan tilla soatini oʻgʻirlaydi va uning tuhmati Eshmurodga tushadi. Hech bir gap-soʻz yoʻq, mirshablar bostirib kelib, uni qamamoqchi boʻladilar. Bularga chiday olmagan Eshmurod oʻzini otib, nobud qiladi. Bir-ikki kundan keyin taftishlar chogʻida oʻgʻri aniqla-nadi, lekin vaqt kech edi. Shu tariqa u jaholat qurboni boʻladi.
20-yillarda nashr etilgan hikoyalari, xususan, oʻzbek ayollari takdiridan soʻz ochgan «Qor qoʻynida lola», «Oydin kechalarda», «Nonushta», «Gavharoy» kabi hikoyalari badiiy saviyasi bilan 10-yillardagi asarlaridan keskin ajralib turadi.26
Choʻlponning eng mashhur nasriy asari, shubhasiz, «Kecha va kunduz» romanidir.
Choʻlpon teatrchilik bilan ham shugʻullandi. Ayniqsa, Buxoro va Moskvada ekanligida. Bir qator dramalar yozdi. Mutaxassislar uning «Boy» (1914), «Xalil farang» (1917), «Yorqinoy» (1920), «Choʻpon sevgisi», «Choʻrining isyoni», «Mushtumzoʻr», «Oʻrtoq Qarshiboyev», «Hujum» (V.Yan bilan hamkorlikda) kabi sahna asarlari yozganligi haqida maʼlumotlar beradilar. Lekin, afsuski, ularning aksariyati matni yoʻq, taqdiri nomaʼlum. Ayrimlarininggina mazmuni va yoʻnalishi haqida qaydlar bor. Masalan, Zaki Validiy «Choʻrining isyoni», «Mushtumzoʻr», «Oʻrtoq Karshiboyev» oʻzbek inqilobiy harakati tarixidan olingandir», deb yozadi. «Hujum» nomidan koʻrinib turganidek, xotin-qizlar ozodligi mavzuiga bagʻishlangan.
Choʻlpon uch jildligining 2-jildiga 1923 yilda chop etilgan «Gunoh» nomli ixcham bir «kulgu tomosha»si bilan «Yorqinoy» kiritilgan. Demak, yuqorida nomlari keltirilgan 8 asarning 2 tasininggina matni bor.
«Yorqinoy»ning 3 jildlikdagi nashri 1926 yilgi Moskva bosmasi asosida amalga oshirilgan. O.Sharafiddinovning aniqlashicha, oʻzbek dramteatri repertuarida eng uzoq, salkam oʻn yil saqlangan asarlardan. Asarning markazida Yorqinoy obrazi turadi. U xonning sarkardasi Oʻlmas botirning yakka-yu yagona qizi. Oʻlmas botir qizini oʻgʻilday tarbiya qilgan, yoshlikdan qilich-bozlik hunarini oʻrgatgan. Kiz otasining bogʻboni Poʻlatni se-vadi. Poʻlatning ham unda koʻngli bor. Oʻlmas botir esa qizini xonning oʻgʻliga bermoqchi. Bu orada Nishabsoy hokimi ham odam qoʻygan. Muallif asar voqealariga ijtimoiy (oq-qora) boʻyoq beradi. Masalaga shu davrda shitob bilan adabiyotga ham kirib kelayotgan faqirparvarlik maslagidan yondashadi. Chunonchi, qizning otasi bilan Poʻlat oʻrtasida oʻtib boʻlmas choh bor. Poʻlatning barcha qarindoshlari xon va uning sarkardasi Oʻlmas botir tomonidan oʻldirilib, oʻzi xizmatkorlikka olingan. Xonlik saltanati bilan xalq oʻrtasidagi nizo avjda. Xalq junbushga kelib, koʻtarilgan. Poʻlat xalq ishonchini Yorqinoyga muhabbatidan ustun qoʻyib, ular bilan togʻlarga chiqib ketadi va Oʻlmas botir qoʻshiniga qarshi urushga kiradi. «Urush orqasida»gi voqealar ham shiddatli kechadi. Nishabsoy hokimi vaziyatdan foydalanib, makr-hiyla bilan Poʻlatning nomini oʻrtaga qoʻyib, qizni qoʻlga tushiradi. Yorqinoy tadbirkorlik bilan Nishabsoy hokimi qoʻlidan oʻzini qutqaradi. Bugina emas, xalq bilan xon orasidagi urushni yarashga aylantiradi. Poʻlat xon koʻtariladi, adolat qaror topadi.
O. Sharafiddinov Choʻlponning Yorqinoy obrazini yaratishida «Oloy malikasi» nomini olgan Qurbonjon dodxoh (1811— 1907) ni koʻzda tutgan boʻlishi ehtimolini qayd etadi. Bizga ham bu ancha mantiqli koʻrinadi. Bunga shuni qoʻshimcha qilish mumkinki, 1875 yilda Xudoyorxon qochib, Nasriddinbek taxtga chiqqanida xalq gʻalayonlari avj olib, bir muddat Andijonning Boʻtaqora qishlogʻidan Poʻlatxon xon koʻtarilgan edi. Choʻlponning oʻz qahramonini yaratishida bu voqea ham turtki boʻlgan boʻlishi mumkin.
Choʻlponning adabiy-tanqidiy merosi va tarjimalaridan ham namunalar chop etilgan. Masalan, 1994 yilda uning adabiy-tanqidiy maqolalaridan bir dastasi «Adabiyot nadir?» nomi ostida «Choʻlpon» nashriyoti tomonidan chop etildi. I.S.Turgenev, N.V.Go-gol, L.Andreevdan qilingan ayrim tarjimalari 3 jildlik asarlarining 2-jildida bosildi. Umuman olganda, ziyolilar shoir tarjimalaridan sobiq shoʻro davrida ham xabardor edilar. Masalan, I. A. Krilovning:
Daraxtning boʻshini qurt yeydi doim Tarihda misollar juda koʻp bunga… — satrlari bilan boshlanadigan mashhur «Boʻri bilan qoʻzichoq» ma-salini bilmaydigan yoʻq. Yoki necha oʻn yillar davomida Hamza teatri sahnasidan tushmay kelgan «Hamlet»ni oling. Bu tarjimalar allaqachon xalq mulkiga aylangan edi, faqat ularning tarjimoni koʻrsatilmas edi. Shuningdek, adibning adabiy-tanqidiy asarlari ham estetik tafakkurimiz rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi.27
Choʻlponing «Kecha va kunduz» romani Choʻlponni bugun oʻzbek xalqi yaxshi biladi. U nafaqat oʻz yurtida, balki butun turkiy olamda ham mashhurdir. Shuning uchun ham uning 1897 yili Andijonda, Sulaymon bazzoz oilasida dunyoga kelganini aytish shart emas. Uning ota-bobosi Oʻsh viloyatiga qarashli Yorqishloqda yashaganini ham, otasining Rasvo taxallusi bilan baʼzan-baʼzan hajviy gʻazallar bitib yurganini ham, oʻzining dastlabki maʼlumotini madrasada olganini ham hamma biladi. Uning shu madrasada tahsil koʻrgan kezlarida Turkiyadan kelgan va turkiy xalklarni birlashtirish gʻoyalarini tarqatish uchun Sharqiy Turkistonga borayotgan bir yigit bilan tanishganligi hamda shu yigit taʼsirida adabiy va siyosiy faoliyatga qiziqa boshlaganligini ham aytishga hojat yoʻq. Choʻlpon hayotining bu sahifasini bilgan kitobxon uning mu-darrislik istiqboliga loqayd qaragani va koʻngliga tushgan jadidchilik uchqunining alangalana boshlagani orqasida 1913—1914 yillarda Toshkentga katta niyatlar bilan kelganidan ham xabardor, albatta. Ijodini xuddi shu yerda va shu yillarda boshlagani ham hech kimga sir emas. Faqat shu yerda, ehtimol, baʼzi bir muxlislar eʼtiboriga tushmagan bir Abdulhamid Choʻlpon. Bu shundan iborat-ki, Choʻlpon qoʻliga endigina qalam olgan kezlarda Tur-kiyadagi tahsil yillaridan keyin oʻz vataniga qaytgan Fitrat zamonaviy turk adabiyoti va uning zabardast vakillari taʼsirida yangi ijtimoiy gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan va anʼanaviy oʻzbek sheʼriyatiga yangi nafas olib kirayotgan asarlari bilan Choʻlpon singari yoshlarning dunyoqarashida inqilobiy oʻzgarishlar sodir eta-yotgan edi. Boyagi turk yigitdan soʻng Fitrat asarlari bilan gʻoyibona uchrashuv Choʻlponning — yosh yozuvchining basirat koʻzlarini ochib yubordi. Choʻlpon keyinchalik Moskvada, rus birodari V.Yan bilan suhbatda oʻz hayotining ana shu kezlarini eslab, bunday degan: «Oʻshanda biz, yosh oʻzbek yozuvchilarining hammasi Fitrat taʼsirida edik, u oʻzbek sheʼr tuzilishining islohotchisi sifatida eski arabiy-forsiy shakllar va shablonlardan xoli boʻlib, jonli, real xalq tilida yoza boshlagan edi». Ehtimol, V.Yan Choʻlpon soʻzlarini oʻz kundaliklarida qayd etar ekan, ularni ozmi-koʻpmi joʻnlantirgan va, ilgʻay olmaganligi orqasida, uning ayrim muhim fikrlarini tushirib qoldirgandir. Zero, Fitratning taʼsiri, yuqorida aytib oʻtilganidan koʻra, anchagina teran va katta boʻlgan. Oʻzbek jadidchilik harakatining maʼlum maʼnoda dasturi boʻlgan «Munozara» va «Sayyohi hindi» asarlari bilan Fitrat Choʻlpon singari yoshlar ongini toʻlqinlantirib yubordi. Shu paytgacha xalq va jamiyat hayotidan uzoquzoqlarda suzib borayotgan adabiyot kemasi Fitrat tufay-li «qadrdon qirgʻoqlar» sari yaqinlasha boshladi; bu hol — xalq va jamiyat hayotining real muammolariga yaqinlashish adabiyotning tili va shakliy qurilishi-ni mutlaqo yangilashni taqozo etdi. Fitrat boshlab bergan ana shu jarayon yosh ijodkorlarni oʻz «girdobi»ga tortar ekan, kishilarga va jamiyat hayotini oʻzgartirish lozim ekanligini tushungan Choʻlpon «Qurboni jaholat» va «Doʻxtur Muhammadyor» singari hikoyalarini yozdi. Agar bu hikoyalarning birinchisida u 10-yillardagi Oʻzbekistonni milliy jaholat avj olgan voqelik sifatida koʻrsatgan boʻlsa, ikkinchisida Oʻzbekistondagi milliy uygʻonish qaldirgʻochlari obrazini adabiyotimizga, Fitratdan keyin, ikkinchi boʻlib olib kirdi. Hozirgina oʻqib chiqqaningiz «Kecha va kunduz» romanida xalqning gʻaflat uyqusida yotgan bir holati Razzoq soʻfi, Qurvonbibi va, albatta, Zebi obrazlari orqali yorqin tasvir etilgan. Bu — oʻzbek jadidlari harakat Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz (roman) 268 eta boshlagan davrdagi manzara. Jadidlar ana shu noxush manzarani oʻzgartirish, Zebi fojiasining boshqa takrorlanmasligi uchun uning, Razzoq soʻfilarning koʻzini tirnab boʻlsa-da ochishni oʻzlariga vazifa qilib qoʻydilar. Jadid maktablari paydo boʻldi. Jadid matbuoti, jadid adabiyoti va jadid teatri vujudga keldi. Turli-tuman yoʻllar bilan kishilar ongini oʻzgartirishga, xalqning basirat koʻzlarini ochishga kirishildi. Ana shunday qutlugʻ va xayrli ishlar Choʻlponning faol ishtirokisiz kechmadi. U oʻzining vatan va millatga bagʻishlangan nurli isteʼdodi bilan Oʻzbekistondagi va umuman turkiy olamdagi milliy uygʻonish ishiga ulkan ulush qoʻshdi. Choʻlpon, oʻz tabiatiga koʻra, muloyim, kamtarin, olijanob, oʻzgalar dardi bilan yashovchi inson edi. Uning bunday goʻzal insoniy fazilatlari sheʼrlari-da ham, hikoyalarida ham balqib koʻrinadi. Ammo Choʻlpon singari kishilarning eng muhim fazilati shundaki, ular xalqning bir zarrasi sifatida omma ichiga singib ketmay, uni — tarixning bepoyon oʻrmonlarida tentirab yurgan xalqni qaerga va qaysi yoʻllar bilan olib borishni avvaldan his eta va koʻra bila-dilar. Agar Choʻlponning 20- yillargacha yozgan, hatto 20-yillarda ham uning qalamidan toʻkilgan asarlarga nazar tashlasak, yozuvchining aniq-tayin gʻoyaviy maqsadi, oʻz xalqini yetaklab bormoqchi boʻlgan manzili mana men» deb koʻrinib turadi. Bu, xalqni mustamlakachilik kishanlaridan ozod etib, uning ruhiga erkinlik baxsh etish, Tenglik, Milliy Mustaqillik va Taraqqiyot bayroqlari hilpirab turgan manzillar sari eltishdir. Choʻlpon, dastavval, shoirdir. Uning «Goʻzal», «Binafsha», «Sirlardan», «Koʻngil», «Amalning oʻlimi» singari sheʼrlaridagi goʻzal insoniy tuygʻu va kechinmalar tasviri oʻziga xos va porloqdir. Ammo Choʻlpon mustamlaka xalqining shoiri edi. Shuning uchun ham uning sozidan taralgan kuylar qafasdagi bulbul xo-nishini koʻproq eslatadi. U oʻz xalqining oyoqlaridagi kishanlarni parchalab tashlashni orzu qildi. Ammo bu kishanlarni uning oʻzidan boshqa hech kimning parchalashi mumkin emas. Shuning uchun ham «Buzilgan oʻlkaga», «Xalq», «Vijdon erki» singari sheʼrlarida undagi allaqachon soʻnib ulgurgan kurash tuygʻusiga yangi hayot nafasini purkamoqchi boʻldi. Shu maqsadda yana talaygina hikoyalar yozib, uning qay ahvolda yashayotganini, xuddi koʻzgudagidek, koʻrsatishga urindi. «Oydin kechalarda», «Qor qoʻynida lola», «Novvoy Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz (roman) www.ziyouz.com kutubxonasi 269 qiz» singari hikoyalarida haqqoniy tasvirlangan voqealar oʻsha «Qurboni jaholat»da ilk bor qalamga olingan mavzuning yangi-yangi qirralaridir. Bu «qirralar» bilan izchil tanishgan kitobxon oʻzbek xalqi yashayotgan sharoitnigina emas, ayni paytda uning ongini ham oʻzgartirish lozim, degan hukmga kelishi tayin edi. «Kecha va kunduz» romani ana shu hikoyalardan oʻsib-unib chiqdi. Bu asar qogʻozga tusha boshlagan kezlarda oʻzbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning ikki romanidan boʻlak yirik badiiy asar boʻlmagan. Dastlabki oʻzbek romanlari boʻlmish «Oʻtgan kunlar» va «Mehrobdan chayon»ni yaratishda esa Abdulla Qodiriy Sharq romannavisligi tajribasidan, avvalo, Joʻrji Zaydon asarlaridan badiiy saboq oldi. Choʻlpon qalamkash doʻstidan farqli oʻlaroq nafaqat Sharq, balki Gʻarb romannavisligi maktabidan ham yaxshi xabardor va bu paytga qadar hozircha ismi nomaʼlum boʻlib qolayotgan ingliz yozuvchisining «Rasuliy» («Magʻoralar sultoni»), N. Gogolning «Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oʻrtasidagi nizolar hikoyati», L. Andreevning «Osilgan yetti kishining hikoyasi» degan qissalarini, I. Turgenev, A. Chexov, M. Gorkiy hikoyalarini oʻzbek tiliga oʻgirgan edi. Gʻarb adabiyoti, chunonchi, romannavisligi bilan tanishish Choʻlpon qarshisida badiiy ijodning yangi ufqlarini ochdi. «Kecha»da ikki badiiy chiziq voqealarni oʻzaro guruhlashtirib turadi. Agar birinchi chiziqni Zebi — Qurbonbibi — Razzoq soʻfi — Eshon bobo obrazlarining harakati bilan bogʻliq voqealar tashkil etsa, ikkinchi chiziqning markazida Miryoqub obrazi turadi. U oʻz navbatida bu syujet chizigʻiga Akbarali mingboshi — noyib — Mariya (Maryam) obrazlarini tortadi. Asar soʻngida esa bu bir-biriga zid, musbat va manfiy qimmatlarga ega har ikkala chiziq (sim)ning Zebi va Akbarali mingboshi bilan tugallangan uchi qisqa muddatga tutashib, muqarrar halokat yuz beradi: mingboshi katta xotinlari Zebi uchun qazigan «choh»ga tushibgina qolmay, Zebini ham oʻz ortidan tortadi. Shu tarzda ikki syujet chizigʻi turli joylarda elektr tokiga ulangan ikki simday, asar voqealari osha tortila borib, pirovardida oʻzaro, kutilmaganda, uchrashishi bilan portlash yuz beradi. Lekin bu portlash natijasida har ikkala chiziq baravar talofat koʻrmaydi. Agar Akbaralining mingboshilik lavozimini noyibning xotinboz xizmatkori Zunnun egallasa, erlik haq- Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz (roman) 270 huquqiga esa boshqalar allaqachon daʼvogar edilar. Lekin Zebi boshiga tushgan falokat tufay-li u mansub boʻlgan chiziqning barcha nuqtalari — Qurvonbibi ham, Razzoq soʻfi ham, eshon bobo ham yonib, kul boʻladi. Choʻlpon Oktyabr oʻzgarishi arafasida Oʻzbekistonda vujudga kelgan tarixiy sharoit va «sinf»lar nisbatini shu ikki syujet chizigʻining tasviri orqali koʻrsatib bergan. Maishiy voqealar silsilasi bilan boshlangan roman, pirovardida, XX asrning 10-yillarida yashayotgan Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy manzaralarini yaqqol mujassamlantiruvchi asar darajasiga koʻtarilgan. Ushbu romanning dastlabki boblari 1935 yilda «Sovet adabiyoti» jurnalining 1-sonida eʼlon qilindi. Bu faktga asoslanib, biz asarni 1934 yilda yozib tugallangan, deb qatʼiy ayta olamiz. Adabiy tanqidning «zambaraklar»i oʻzini nishonga olib turganini bilgan Choʻlpon roman qoʻlyozmasining Yozuvchilar uyushmasida muhokama qilinishini qanchalik istamasin, rasmiy adabiy jamoatchilik bu ishga bosh qoʻshmadi. Muhokama uchun roman oʻqiladigan boʻlganda, bor-yoʻgʻi 11 kishi qatnashdi. Ikkinchi safar ulardan atigi 7 tasi ishtirok etdi. Uchinchi qismning oʻqilishiga esa 4—5 kishidan boshqasi kelmadi. Hatto uyushma rahbarlari ham Choʻlponning romani bilan qiziqmadilar. Qalamkash hamkasblar va munaqqidlar ham ulugʻ safdoshlariga qiyo boqishni istamadilar. Roman 1936 yilning oxirida, katta qiyinchiliklardan keyin, nashr etildi. Lekin u kitob doʻkonlarida turib qolmadi. Shunga qaramay, 1937 yilning avgustiga, Choʻlpon hibsga olingunga qadar, matbuot bu asar haqida ogʻiz ochmadi. Choʻlponning badiiy niyatiga koʻra, aytib oʻtilganidek, romanning ikkinchi qismi «Kunduz» deb atalishi lozim edi. Lekin bu qismning taqdiri toʻgʻrisida aniq maʼlumot yoʻq. Ayrim kishilar bergan xabarlarga koʻra, muallif bu qismni yozib tugatgan, hatto u hibsga olingan paytda asar grankasi (bosma varaqalari) tayyor boʻlgan. Roman 1987 yilda «Sharq yulduzi» tahririyati tomonidan chop etilayotgan kezlarda, shu grankaning Samarqandda istiqomat qiluvchi qandaydir bir kishining qoʻlida saqlanayotgani haqida «mish-mish»lar tarqaldi. Abdulla Oripov esa Xitoy safaridan qaytganidan keyin urumchilik Yolqin Abdushukurning «Kunduz»ni oʻqiganligi va bu asarning ayrim lavhalari hozir ham uning xotirasida omon saqlanayotganligi haqida darak berdi. Lekin na uning oʻzi, Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz (roman) www.ziyouz.com kutubxonasi 271 na boshqa biror kimsa Yolqin Abdushukur bilan uchrashib, «Kunduz»ning keyingi takdiri bilan qiziqmadi. Bizning ham bu boradagi harakatlarimiz oxiriga yetmadi. Ammo, bordi-yu Choʻlpon «Kunduz»ni yozgan taqdirda, unda kimlar va qanday tasvirlangan boʻlardi? Bizning-cha, asarning bu qismida yozuvchining, birinchidan, yetti yilga Sibirga surgun qilingan Zebi, ikkinchidan, Qrimda rus xotini Mariya bilan istirohat qilayotgan Miryoqub obrazlari va ular bilan bogʻliq yangi syujet chiziqlarini davom ettirmasdan iloji yoʻq. Har holda «Sibir maktabi»da chiniqqan va ehtimol, yangi oila qurgan Zebining, bir tomondan, Sharafiddin Xoʻjaev, ikkinchi tomondan, Qrimda «Tarjumon»ning muharriri «Ismoil boboy» taʼsirida maʼrifatlashgan, jadidlashgan, xalq manfaatiga qayisha boshlagan Miryoqubning «Kunduz» sahifalariga yangi qiyofada kirib kelishi tabiiydir. Hakimjonning Miryoqub toʻgʻrisidagi soʻzlarini eslang: «U agar haq yoʻlni topsa bormi, noyob odam boʻladi!» degan edi u. Bu soʻzlar diologiyaning ikkinchi qismidagi Miryoqub obraziga ochqich boʻlib xizmat etishi mumkin. Agar Miryoqub obrazining ana shu mantigʻidan kelib chiqsak, poezdda Sharafiddin Xoʻjaev bilan uchrashuvdan keyin Miryoqubda boshlangan «noyoblashish» jarayoni Qrimda, Ismoil Gasprinskiy bilan uchrashuv tufayli davom etishi va Mariyaning ham bu jarayonga hissa qoʻshishi hech gap emas. Sirasini aytganda, Choʻlponning Miryoqub bilan Ma-riyani Qrimga «etaklab borishi»ning sababi ham ularni Ismoil Gasprinskiy bilan uchrashtirishdir. Xullas, ana shu ikki asosiy qahramonning keyingi hayoti va faoliyati tasviri «Kunduz»ning markazida turishi mumkin va lozim edi. Lekin bu fikrlar, albatta, bizning taxminimiz. Aslida esa bizning qoʻlimizda romanning dastlabki qismigina bor, xolos! Agar shu qismda tasvir etilgan badiiy voqelikdan kelib chiqsak, unda Choʻlpon aytmoq-chi boʻlgan yaxlit fikr, katta gʻoya bor va bu gʻoya asarda oʻzining yorqin badiiy ifodasini topgan. Romanda nafaqat rus imperiyasining, balki shu imperiya tufayli yashashda davom etgan feodal tuzumning ham inqiroz holatida ekanligi tasvir etilgan. Razzoq soʻfiki yolgʻiz qizini baxti qaro qilish hisobiga koʻzini ochgan va sigʻingani eshon boboga qarshi qoʻl koʻtargan ekan, demak, bu chirigan hayot tarzini, ijtimoiy tuzumni tag-tomiri bilan Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz (roman) www.ziyouz.com kutubxonasi 272 oʻzgartirish lozim. Ana shu fikr-gʻoya asarda tasvirlangan dahshatli voqealar sil-silasi osha yorqin yulduz oʻlaroq nur sochib turadi. Choʻlponning — Tong yulduzining bunday hayotbaxsh gʻoyani olgʻa surishi tasodifiy emas. Zero, u chin maʼnoda Tong yulduzidir.28
Romandan parcha dastlab 1935 yilda «Sovet adabiyoti» jurnalida eʼlon qilingan edi. 1936 yilda u alohida kitob boʻlib bosilib chiqdi. Asar, nomlanishidan maʼlum boʻlganidek, yaqin oʻtmishni mavzu qilib olgan. Muallif xalqimiz tarixining kechasi va kunduzini koʻrsatmoqni niyat qilgan edi. Tarix va zamon muqoyasasi XX asr shoʻro adabiyotining sevimli mavzularidan edi. Ayniqsa, 30-yillarda bu avjiga chiqqan edi. Choʻlpon 27-yildagi mashʼum zarbadan, 30-yillarning boshida yetilib kelayotgan qatagonlar hididan soʻng shoʻro adabiyoti tomon yuz burish majburiyati ostida qoldi. «Soz» sheʼriy toʻplami bunga dalil. Ushbu romanning sarlavhalanishi ham muallifning majburiy murosasiga kishini ishontiradi. Lekin biz mazkur romanning birinchi — oʻtmish (kecha) qismiga egamiz. Uning ikkinchi — shoʻro zamoni (kunduz) yetib kelgan emas. Tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, u nashriyotga topshirilgan, hatto korrekturasi ham chiqib kelgan, biroq tergov jarayonida yoʻqolgan.
«Kecha va kunduz» mavzu va yoʻnalishiga, muallifiningunga yondashishiga koʻra, aytish mumkinki, Abdulla Qodiriy «Oʻttan kunlar»ining davomidir. Asarda XX asr boshidagy Turkiston hayoti, turgʻunlik va tutqunliqda mudragan oʻlkadagi uygʻonish lavhalari qalamga olinadi. Romanning bosh gʻoyasi, asosan, maishiy turmush manzaralari, anʼanaviy kundoshlik mojarolari va yangi davrga xos boʻlgan xususiyatlar, chunonchi, «kapitalistik munosabatlar» va «burjua axloqi» deb atalgan, islomiy turmush tarzidan uzoq feʼl-odatlar tasviri yordamida ifodalanadi.
Zebi va uning fojiali taqdiri asarning markazida turadi. Zebi — 15 ga kirgan shaxarlik kambagʻal bir qiz. Ota-onasining yolgʻizi. Koʻzga yaqin, dutorni sayratadi, ashulasi eshitganni mah-liyo qiladi. Ogasi Razzoq soʻfi badqovoq, uning ustiga oʻltuday taqvodor, eshonbobosining gapidan bir qadam chiqmaydigan, jo-hil bir kishi. Onasi Kurvonbibi — mushtipar ayol.
Asar Zebining bahor kunlaridan birida dugonasi Saltanat bilan qishloqqa oʻynab kelishga ketishi voqealaridan boshlanadi. Oydinkoʻldagi Xalfa eshonning kichik qizlari nomini oʻrtaga qoʻyib, bir amallab, otasidan ruxsat olib, qishloqqa borgan Zebi, oʻzi bilmagan hodda, mingboshi Akbaralining tuzogʻiga tushib qoladi. Akbarali dong taratgan amaldorlardan, badavlat. Lekin xunuklikda ham, qoʻpollikda ham hech kim uning oldiga tusha olmaydi. Na savod bor, na ilm. Hamma ishni uning yordamchisi Miryoqub qiladi. U savlat, xolos. Uch xotini bor. Ulargacha xam uylangan — oʻlgan. Kattasining oti — Xadicha, oʻrtanchasi — Poshshaxon. Kenjasi — Sultonxon, 19 yoshda. Hamma kundoshlar kabi mingboshining katta xotinlari oʻzaro inoq, chunki davron ulardan oʻttan, kenjasiga boqkan. Ular uchun Sultonxondan katta dushman yoʻq. Zebixonning bu tomonlarga kelishi kundoshlar koʻnglidagi qora niyatning amalga oshishiga imkon beradi. Akbaralining birgina fazilati bor edi, ashulani yaxshi koʻrardi. Xullas, bir qator mojarolardan soʻng Zebini unga olib berishga muvaffaq boʻladilar. Qiz taqdirga tan beradi. Ikki katta kundosh shu tariqa oʻz nafsoniyatlarini qondirgan boʻladilar. Biroq koʻp oʻtmay, yangi dard — meros dardi boshlanadi. Mingboshining oʻgʻli yoʻq. Xadichadan koʻrgan birgina Fazilat degan qizi bor, u — birovning omonati. Yosh xotin mingboshini oʻziga bogʻlab olgan, meros egasi ham shu boʻladi. Yoʻlini qilish kerak. Mana shunday oʻylar Poshshaxonga tinchlik bermaydi, chunki u oʻynashiga davlat bilan borishi kerak. Nihoyat, u mashʼum bir karorga keladi. Payt poylab, Zebining duo solingan irimsuvini toʻkib, oʻrniga zahar solib qoʻyadi. Bu bilan u ham Zebidan, ham Sultonxondan qutulmoqchi edi. Chunki, ish bitganida, shubha unga emas, Sultonxonga tushardi. Lekin voqealar oqimi boshqacha kechdi. Choynak «suv»i Zebiga emas, mingboshiga nasib qildi va begunoh Zebi yetti yilga Sibirga surgun qilinadi.
Asar Zebilar xonadonining fojiali yakuni bilan tugaydi. Taqvodor ota oʻz eshonbobosiga isyon qilib, uni oʻldirish darajasigacha yetadi. Baxtsiz ona telba boʻlib qoladi.
Zebi taqdiri bilan bogʻlangan personajlardan biri Oʻlmas-jon. U qizlarni qishloqqa olib borib kelgan aravakash, yosh yigit. Ikki yosh oʻsha safardan buyon bir-birlarini unuta olmaydilar. Ikkalalari ham uzoq vaqt bir-birlarining xayoli bilan yashaydilar. Zebining mingboshiga mayl bildirishi gʻoyat qiyin kechadi. Biroq bu syujet chizigʻi uzoq davom etmaydi.
Romanda muhim oʻrinni Miryoqub chizigʻi tashkil qiladi Miryoqub — alohida bir tip. U gʻoyat epchil, ishbilarmon. U aralashmasa, hech bir ish bitmaydi. Shuning uchun uni «Miryoqub epaqa» deydilar. U Akbarali mingboshining oʻng qoʻli. U ozgina muddat yoʻq boʻlsa, tamom, mingboshi nima qilarini bilmay qoladi. Aslida, uning savodi ham haminqadar, bilimi ham unchalik zoʻr emas. Lekin ziyrak, murosa-madorani oʻrniga qoʻyadigan, chinakam korchalon. Foydasini biladi, tantiligi ham yoʻq emas, endigina shakllanib kelayotgan yangi tipdagi mulkdor. Tabiatan ancha murakkab. Uning Mariya bilan uchrashuvi fikr-qarashlariga taʼsir koʻrsatadi. Yoʻddan adashgan bu juvonga yordam berishga qaror qiladi. Uning hujjatlarini oʻzgartirib, fohishaxonaning iflos muhitidan olib chiqib ketadi. Moskvadagi noʻgʻoylar machitida musulmonlikka oʻtkazib, Bibi Maryam Oysha qizi nomi bilan nikoh oʻqitadi. Miryoqub qarashlarida chinakam inqilob yasagan voqea uning poyezdda Shara-fiddin Xoʻjayev degan kishi bilan uchrashuvi boʻladi- Sharafiddin Xoʻjayev Finlyandiyaga borayottan toshkentlik savdogar, oʻzini «jadid» deydi. Boy-badavlat, dunyo koʻrgan, koʻp narsadan xabardor, til biladi, avlod tarbiyasi haqida gapiradi, «millat» deydi. Ilgari Miryoqub jadidlar haqida boshqacha fikrda edi, ularni «kofirning ashaddiysi» deb oʻylardi. Toʻgʻrirogʻi, unga shunday tushuntirgan edilar. Bu tamom boshqa. El-yurtni oʻylaydi, uning doʻsti-dushmanlari haqida soʻzlaydi. Har bir millat farzandining oʻz tilida savod chiqarishi lozimligi, aks holda tarbiyaga putur yetishi, boylarning yer-suvi, zavodchilarning zavodlari yalangoyoqlarga olib beriladi, degan gaplarni sotsialistlar chiqarishganini, jadidlar, aksincha, «Boy boʻl! Zavod sol! Fabrika och! Besh minglab, oʻn minglab rabochi ishlat! Milliy sanoatni rivojlantir!» deyishlarini aytadi. Xullas, toʻrt kun uning hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Lekin, mutaxassislar toʻgʻri qayd etganlaridek, Miryoqub — Mariya syujet chizigʻi oxiriga yetgan emas. Ehtimol, chindan ham uni «Kunduz»da dayum etgirish moʻljallangandir. Ehtimol, jadid talqini masalasi oʻrtaga tushgandir, har holda, buning maʼlum sabablari boʻlishi kerak. Lekin bu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlash kerak. 1935 yilda, shoʻrolar taxtn salta-natni toʻla egallab, milliy mafkura kdtagonining hal qilishi bosqichiga qadam qoʻygan bir paytda jadid va jadidchilikka bunday munosabatning berilishi favqulodda jasorat edi.
Romanning juda koʻp sahifalari chorizmning maʼnaviy-axloqiy tanazzuli tahliliga bagʻishlangan. Uning vakily noyibtoʻra, aslida pixini yorgan, quv kishi. Oʻzini mahalliy xalqqa yaqin tutgandek koʻrsatadi, oʻzbek, fors tillarini suvday biladi. Shoir Ado sheʼrlarini egalaridan yaxshiroq tushuntirib bera oladi. Nodir kitoblar yigʻadi, mahalliy ziyolilarimiz ham yaxshi qoʻrinay deb tashib keltiraveradilar. (Buning millatga xiyonat ekanligini Miryoqub soʻngroq Sharafiddin Xoʻjayev bilan uchrashganidan keyin anglab yetadi.) Ikkinchidan, har narsaga qizishmaydi, shoshmaydi. Aslida uni mahalliy xalqning ahvoli zarracha qiziqtirmaydi. Iloji boʻlsa, bir-biriga qairab qoʻysa-yu, oʻzi davrini surib yuraversa. Lekin u davru davron surishni biladi. Maishatdan boʻshamaydi. Oʻynashlari koʻp. Xotin ham shunga yarasha. Xizmatkori Zunnun bilan don olishadi. Lekin xotinning gagsh — gap. Noyib toʻra undan bir qadam chiqa olmaydi. Uni esa, oʻynashi boshqaradi. Masalan, Akbarali mingboshi oʻlgach, oʻrniga Zunnunboy tayinlanadi. Ellikboshidan tortib aminu mingboshigacha qulluq qilib istiq-boliga egiladigan noyib toʻraning ahvoli — shu.
Birgina noyib toʻraning emas. Bu «kasallik» mahalliy amaldorlarga ham oʻta boshladi. Akbarali mingboshining xotini Poshshaxon Miryoqubni oʻynash tutgan. Sultonxon mingboshining mirzasi Hakimjonni yoʻldan urgan…
Romanda davr manzaralari haqqoniy va taʼsirchan tasvirlangan. Jadid — qadim bahslari, Birinchi Jahon urushi va mardikorlik voqealari, «Tarjimon», «Vaqt» gazetalari bilan bogʻliq maʼlumotlar, Orenburgdagi mashhur «Husayniya» madrasasi tafsilotlari asar toʻqimasiga mahorat bilan singdirib yuborilgan.
«Kecha va kunduz» oʻzbek romanchiligi taraqqiyotida muhim voqea boʻldi. U «Oʻtkan kunlar» boshlab bergan yoʻlni muvaffaqiyat bilan davom ettirdi. Tariximizning gʻoyat murakkab va masuliyatli bir davrini, milliy uygʻonish tariximiz manzaralarini haqqoniy yoritib berdi. Esda qoladigan bir qator obrazlar yaratib, oʻzbek romanchiligini yangi, yuksak pogonaga olib chiqdi.
Xulosa qilganda,Choʻlponning oʻquvchilarimizga qaytarilishi haqiqatning tiklanishidan tashqari adabiyotimizning XX asrdagi qaddi-bastini keng koʻlamda koʻrish imkonini berdi. Xususan, milliy poetik tafakkurning qaynoq bir bulogʻini qayta kashf etish va undan bahramand boʻlish baxtiga erishtirdi. Eng muhimi, adabiyotimizning hamisha xalq dardi bilan yashaganligiga, eng ogʻir zamonlarda u bilan yonma-yon borganligiga bizni ishontirdi. Ayni paytda, sheʼriyatimizda bir tomondan, mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi anʼanalari yangi davr masalalari bilan bogʻlangan holda muvaffaqiyat bilan davom ettirilganligi, ikkinchi yoqdan, Gʻarb poeziyasining mukammal namunalaridan samarali foydalanilgani maʼlum boʻldi.29
2.2. Abdulla Qodiriy ilk oʻzbek romanchiligi asoschisi sifatida
“Oʻtkan kunlar” romani qahramonlari

XX asr xalqimiz tarixida oʻzlikni anglash, milliy uygʻonish davri bilan boshlandi. Jadidchilik harakati nomi bilan tarixga kirgan bu jarayon xalqimiz maʼnaviy hayotining hamma jabhalarini qamrab oldi, badiiy adabiyotda ham tom maʼnoda yangila-nish jarayoni kechdi. Abdulla Qodiriy «Oʻtgan kunlar» romaniga yozgan kichik muqaddimasida oʻsha davr ijodkorlarining adabiyotga qoʻygan talablarini toʻla ifodalagan edi: «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydik, bas, biz har bir yoʻsinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchilik, roʻmonchilik va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhro»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhodshirin» va «Bahromgoʻr»lari bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz».
Oʻtgan asrning 10-yillarida Mahmudxoʻja Behbudiyning «Pa-darkush» dramasi, Abdurauf Fitratning «Munozara», «Bayonoti sayyohi hindi» asarlari badiiy adabiyotda buyuk oʻzgarish yasagan edi. A. Qodiriy mana shunday badiiy ijodda tub sifat oʻzgarishlar kechayotgan bir davrda adabiyotga kirib keldi.
Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻildi. Uning otasi Qodirmuhammad (1821-1924) uzoq vaqt savdogarchilik bilan, 1870 yillardan umrining oxirigacha Sa-marqand darvozada anchagina katta — 1300 sarjin (yarim gektar -500 m2 dan koʻproq — U. D.) bogʻda bogʻdorchilik bilan oila tebratar edi. Uning onasi Josiyat bibi uy bekasi boʻlgan. Abdulla yoshligidan oʻtkir zehni, serfikrligi bilan ajralib turgan. Dastlab u «usuli qadim» maktabida, Abulqosim madrasasida, keyin rus-tuzem maktabida oʻqishni ancha muvaffaqiyat bilan davom ettirdi. 1912 yilda u kattagina savdogar Rasulmuhammadboy qoʻlida pri-kazchik (ish yurituvchi) boʻlib xizmat qila boshlaydi. Rasulmuhammad ancha eʼtiborli, ochiqkoʻngil, diyonatli boylardan boʻlib, oʻz davri ziyolilari bilan yaqin aloqada boʻlgan. Shuning uchun ham Abdullaning yoshligi asosan boylar, ziyolilar davrasida kechdi, bu hol uning jadid mutafakkirlari, ularning «Sadoyi Turkiston», «Oyna», «Samarqand», «Turon» kabi gazeta va jurnallari bilan aloqani mustahkamlashiga olib keldi. 1914 yilda Abdulla Rasulmuhammadboyning katta qizi Rahbaroyga uylanadi. Ular Nafisa, Habibullo, Adiba, Masʼud ismli ikki qiz va ikki oʻgʻil koʻradilar.
Abdulla Qodiriyning ilk adabiy faoliyati mana shu davrdan boshlandi, bu haqda u keyinchalik tarjimai holida shunday yozadi: «Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadurgʻon gazetalarni oʻqub, dunyoda gazeta degan gap borligʻiga imon keltirdim. 1913 yilda oʻzbekcha «Sadoyi Turkiston», «Samarqand», «Oyna» gazetalari chiqa boshlagʻach, menda shularga gap yozib yuborish fikri uygʻondi». Darhaqiqat, uning «Yangi masjid va maktab» nomli ilk maqolasi «Sadoyi Turkiston» gazetasining 1914 yil 1 aprel sonida «Abdulla Qodiriy» imzosi bilan eʼlon qilindi.
A. Qodiriy ijodkor sifatida oʻz adabiy faoliyatini sheʼriyatdan boshladi, uning «Millatimga», «Ahvolimiz» kabi sheʼrlari shu davr mahsulidir. Qodiriy sheʼrlarida Millat va Va-tanga xizmat qilish, uni gʻaflat, jaholat uyqusidan uygʻotishga daʼvat yaqqol koʻzga tashlanadi. Ularda Avloniy, Tavallo, Hamza kabi jadid shoirlariga xos xususiyatlar oʻz ifodasini topgan:
Koʻr biz(n)ing ahvolimiz, gʻaflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chogʻida vijdonni pulga sotamiz.
Oʻgʻlimizga na adab, na fan, na yaxshi soʻylamoq,
Na Xudoni buyrugʻi boʻlgan ulum oʻrgotamiz.
Korimiz shundan iborat boʻldi ushbu chogʻda,
Oʻntadan bedona boqib, yozu qish sayrotamiz.
Hamda har kun takyalarda nasha, koʻknori chakib,
Bachchaga kokil solib, oh-voh bilan oʻynotamiz.
Kelingiz, yoshlar, ziyolilar, bu kun gʻayrat qiling,
Uxlaganlarni agar Qodir esak uygʻotamiz.
Oradan koʻp oʻtmay, A Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz», «Uloqda» hikoyalari kitobxonlar qoʻliga borib tegdi. Yozuvchining «Juvonboz» hikoyasi va «Baxtsiz kuyov» dramasi Mah-mudxoʻja Behbudiyning «Padarkush» dramasining bevosita taʼsirida yaratilgan. «Baxtsiz kuyov» mazmunan Behbudiy dramasidan farq qilsa-da, jadidchilik gʻoyasi yetakchilik qiladi. Ammo «Juvonboz» hikoyasi syujeti «Padarqush»ga juda yaqin turadi. Hikoyaning bosh qahramoni — katta savdogar Raufboyning oʻgʻli Saʼdulla. U oʻqish, ilm olish oʻrniga iflos, fahsh yoʻllarga kirib, otasining butun mol-dunyosini sovuradi, oxir-oqibatda odam oʻldirib, oʻz umrini ham barbod qiladi. Yozuvchi Oybekning 1936 yilda yozgan «Abdulla Qodiriyning ijod yoʻli» asarida har ikkala asarga xos kamchiliklar: voqea-hodisalarning ijtimoiy ildizi toʻlaroq ochib be-rilmaganligi, timsollar tilining sunʼiyligi, xalq jonli ti-lidan uzoqligi koʻrsatib oʻtilgan. Shu bilan birga, Oybek taʼkidlaganidek, «Jadid adabiyoti uchun xarakterli alomat, yaʼni sanʼatkorning oʻrnini voiz egallashi, nasihatgoʻylik, «oqartiruvchilik» va boshqalar «Baxtsiz kuyov»da yaqqol koʻrinadi».
Xuddi shu davrda yaratilgan «Uloqda» hikoyasida ham avvalgi asarlaridagi kabi jadid adabiyotiga xos mavzu — taraqqiyotga toʻgʻa-noq boʻlayotgan eski urf-odatlar va ularning qobigʻida qolgan olo-mon ruhiyati qalamga olingan. Millionlab, oʻn millionlab xalqlar jahon urushi girdobiga tortilgan, ularning taqdiri hal qili-nayotgan bir paytda qora xalq uloq, koʻpkari kabi odatlar bilan ovora, shulardangina zavq oladi. Shu darajada «sodda», taraqqi-yotdan yiroq xalqning qismati kishini tashvishga soladi. Yozuvchi oldingi asarlariga nisbatan ancha ilgarilab ketgan: u voqealarni shunchaki bayon qilmaydi, har bir timsolning oʻziga xos surati va siyratini kitobxon koʻzi oʻngida namoyon qiladi. «Uloqda» asari nafaqat Abdulla Qodiriyning, balki oʻzbek hikoyachiligining 1910 yillardagi katta yutugʻi deb baholaydi Oybek. Bu yozuvchining hikoyachilikda realizm tomon ishonch bilan katta qadam tashlaganini koʻrsatadi.
1914 yil oʻrtalarida Rusiyaning Birinchi Jahon urushi girdobiga tortilishi mustamlaka Turkiston oʻlkasi xalqlari boshiga turli-tuman fojialarni olib keldi. Ayniqsa, mustamlaka oʻlkadan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan 250 ming ishchi-mardikor olish haqidagi Nikolay II ning farmoni xalqning norozilik harakatlariga turtki boʻldi. «Mardikorlik qoʻzgʻoloni» nomi bilan tarixga kirgan xalq ozodlik harakati butun Turkiston oʻlkasini qamrab oldi. Butun Rusiya imperiyasini larzaga solgan 1917 yil Fevral inqilobi 300 yillik Romanovlar taxtini barbod qildi. Bu tarixiy voqealar Abdulla Qodiriy dunyoqarashi takomilida muhim omil boʻldi. Bu haqda u keyinroq: «Nikolayning taxtdan yiqilib, hurriyat boʻlgʻoniga xursandligim, albatta, dunyoga sigʻmas edi. Ayniqsa, 1916 yil rabochiy olish masalasidan keyin umuman Turkiston ishchilarida uygʻongan istibdodga naf-rat menda ham kuchlik edi», — deb yozadi.
A. Qodiriy 1917 yil Fevral inqilobidan keyin xalq milidiyasida, 1918 yildan Sultonxoʻja Qosimxoʻjayev rahbarlik qilgan Oziq qoʻmitasida sarkotib hamda 1919 yildan shu qoʻmita organi «Oziq ishlari» gazetasida muharrir boʻlib ishlaydi. Bu davrda u «Inqilob» va «Kommunist yoʻldoshi» jurnallarida masʼul kotib, jurnalist-publitsist sifatida katta faoliyat koʻrsatadi. 1923 yilda «Mushtum» jurnalining tashkil etilishi ham bevosita Abdulla Qodiriy va Gʻozi Yunus (Yunusov Gʻozi Olim — 1893-1939) faoliyati bilan uzviy bogʻlandi. Bu haqda Qodiriy quyidagilarni yozadi: «23-yilning fevral oyida, shekilli, «Turkiston» gazetasiga oʻrtoq Abdulhay Toji muharrir belgilandi va shu oʻrtoq bir kulki jurnali chiqaringiz, deb men bilan Gʻozini chaqirdi. (Bu vaqtda Gʻozi gazetaning muharriri edi.) Biz ikkovimiz ishga kirishdik-da, natijada sakkiz soncha «Mushtum» chiqdi».30
Abdulla Qodiriy 1924 yilning yozida Moskvaga ketadi va Valeriy Bryusov nomidagi Jurnalistlar institutida oʻqiydi, ammo respublika matbuoti, xususan, «Mushtum» jurnali bilan aloqani uzmaydi. 1920-1925 yillarda uning matbuotda uch yuzdan ortiq turli mavzularda hajviyalari, maqolalari, feletonlari Qodiriy, Julqunboy, Ovsar, Dumbul, Shigʻoy, Kalvak Maxzum kabi imzolarda bosilib chiqadi. Yozuvchining bunday faoliyati haqida Habibullo Qodiriy (yozuvchining katta oʻgʻli — U. D.) quyidagilarni yozadi: «Mushtum» jurnalining 1924 yil sonlaridan birida dadamning suratini oʻrtoqlik hazili tariqasida masxaralab bosishgan va tagiga shu soʻzlarni yozib qoʻyishgan edi: «Feletonlar qiroli Julqunboy: yigʻlatib kuldiradi, kuldirib yigʻlatadi». «Fargʻona» gazetasining muharriri Lutfulla Olimiy A. Qodi-riyning «Mushtum» jurnalidagi faoliyati haqida yozadi: «Mushtum»ning topgan eʼtibori va koʻp tarqalishi Julqunboyning oʻtkir qalami bilan».
Abdulla Qodiriyning «Moskvadan» turkumi ostida bir qancha hajviy maqolalari eʼlon qilindi. 1925 yilda yozuvchining «Mush-tum» nomli ancha jildiy tanqidiy maqolasi «Qizil Oʻzbekiston» gazetasida bosildi. Maqolada jurnalning oʻsha kezlardagi faoliyati, istiqboli ancha chuqur tahlil qilingan. Bu maqola atrofida kuchli munozara kechdi. Davr taraqqiyotiga toʻgʻanoq boʻlayotgan kuchlarga qarshi kurashda «Mushtum»ni yanada faolroq boʻlishga daʼvat etuvchi, hajviy jurnalning qiyofasini belgilovchi ushbu maqolani gʻarazgoʻylik deb qabul qiluvchilar ham boʻldi. Bu hol jurnalning muharriri Gʻozi Olimning «Tanqidmi, tosh otish?!» javob maqolasida koʻzga tashlanadi.
1920 yillarning oʻrtalaridan shoʻrolar siyosatida tub oʻzgarish, nosogʻlom muhit,«non orasidan kir izlash» (A. Fitrat) avjga chiqa boshladi. «Oʻtgan kunlar» qoʻldan-qoʻlga oʻtib oʻqilayotgan, Abdulla Qodiriy yangi ijodiy rejalar ogʻushida yashayotgan vaqtda uning boshiga kulfat toshlari yogʻila boshladi. 1926 yilda «Mushtum» jurnalida bosilgan «Yigʻindi gaplar» hajviy-mutoyi-ba maqolasi bunga bahona boʻldi. Mazkur maqolada respublikadagi ayrim tadbirlar, hukumat va kompartiya rahbarlari «Ovsar» tilidan yengil hazil-mutoyiba qilingan edi. Qodiriydan alamzada boʻlib yurganlar uchun bu maqola yozuvchiga boʻhton toshlarini yogʻdirish uchun bir dastak boʻldi. Ular maqolani respublikada olib borilayotgan muhim tadbirlar ustidan kulish, masxara qilish, shoʻro hukumati va partiya rahbarlarini obroʻsizlantirish, hatto aksilinqilobiy maqsadlarni amalga oshirish niyati bilan yozilgan deyishgacha bordilar va muallifga siyosiy ayb qoʻydilar. Yozuvchi 1926 yil 8 martda aksilinqilobchi degan ayblov bilan qamoqqa olinadi, ammo uzoq davom etgan qamoq azoblaridan soʻng unga taqalgan ayblarning, guvohlar bergan koʻrsatmalarning soxtaligi ayon boʻladi.
A. Qodiriy oʻzini tuban odamlardan mardonavor himoya qildi, maslagiga xiyonat qilmadi. U ozodlikka chiqdi, ammo bunday nohaqliklarga imkon yaratib bergan totalitar shoʻrolar tuzumiga nisbatan ishonchlari sarobga aylandi. Agar chuqurroq eʼtibor berilsa, yozuvchining keyingi asarlarida bu hol oʻz ifodasini topganligini koʻrish mumkin.
1923—1926 yillar davomida «Mushtum» jurnalining qiyofasini belgilovchi, hajviy qissa janrining yetuk namunalari boʻlmish «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpoʻlat tajang nima deydi?» kabi asarlari bosildi. «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan» qissasida haqiqiy hayotdan butunlay uzilgan, xurofotdan boshqa narsani koʻra olmaydigan mahalla masjidi imomi Kalvakning kulgili sarguzashtlari, tugʻilishidan boshlab boshdan kechirgan voqea-hodisalar hikoya qilinadi. Kalvak maxzum — taraqqiyot dushmani. Har qanday ijobiy oʻzgarishlarga qarshi bir odam. Uni jamiyat allaqachon chiqindi sifatida uloqtirib tashlagan. U shu darajada mutaassibki, ruhoniy bilimlarni ham yolchitib oʻrgangan emas. U shu darajada taraqqiyotdan orqada qolib ketganki, shoʻrolar maktabida oʻqiyotgan yosh qizchalarning maktabga ochiq borishi-yu ularning kiyinishi unga buzuqlik, gʻayri sharʼiy koʻrinadi. U oʻz soʻzlari, savollari bilan oʻz ruhiy olamini ham namoyish qiladi. Bu olam gʻoyat kir va qop-qora zimistondan iborat. Bu uning qiroatxonada oʻzini tutishida, 12—13 yoshli oʻquvchi qizchaga bergan savollarida, umuman fikrlashida koʻzga yaqqol tashlanadi.
A. Qodiriy Kalvak maxzum obrazini yaratishda uning butun dunyoga buzuq niyat bilan boquvchi qorayurak bir kishi ekanligidan kelib chiqqan holda soʻzlar, iboralar tanlaydi, yaʼni xarak-terini nutqi vositasida gavdalantiradi. Uning qiroatxonadagi holatini yozuvchi shunday ifodalaydi:
« — Mullo Mahkam qori shu yerdamilar?
Yigit borliq ishorasini berib, faqirni ilgariga boshladi. Bordim, nima koʻray, burchakda ajab bir nozanin qiz. Kursi berdi, oʻltirib fotiha oʻqudim, bildimki, bu nozanin boybachchaning oʻynashi erkan. Ikki oshiq xilvat qilgʻon fursatda kamina kirib qolgʻon erkanman. Baʼdazon Mullo Mahkam qorini soʻradim… Boybachcha tabassum qilib: «Faqir Mahkam qori boʻlaman», — dedi. Bu yigitning boadab boʻlgʻonidan ham durust odam, deb oʻylagʻon edim. Ammo oʻynash qilishi boʻlsa oʻziga, chunki echki ham oʻz oyogʻidan, qoʻy ham oʻz oyogʻidan osilodir. Baʼdazon Mushafi Usmoniyni soʻradim. Bizda yoʻq, deb javob berdi. Mushafi Usmoniy mahkamai sharʼiya deganning qoʻlida erkan, poʻlod sandiqqa solub saqlar ekanlar».
Yozuvchining ulkan mahorati shundaki, u shoʻrolar davrida xalqni diniy qadriyatlardan butunlay mahrum etish jarayoni kechayotganligini roʻyirost qalamga oladi. Maxzumning qiroatxonadagi savol-javoblariga eʼtibor bering: u «Mushafi Usmoniy»ni soʻraydi — «yoʻq». «Sharhi viqoya», «Sharhi Mullo Jomiy», «Maslaki muttaqiyn», «Daloyili xayrot», «Kimyoyi saodat» kabi kitoblarni soʻraydi. Faqat «yoʻq» javobini oladi. Bunday diniy qadriyatlarga oid kitoblar xalqkoʻzidan ancha uzoqlashtirilgan, xalqdinsizlik, imonsizlik balosiga mubtalo boʻlmoqda edi. Hatto, vafot etgan «ulugʻlar»ga janoza oʻrniga marhumni ichkilikbozlik bilan koʻmishdek oʻta xunuk hollar yuz bermoqda edi. Muallif bunga, tabiiyki, taassuf bildiradi (albatta, Maxzum qarashlari orqali). Mansabdorlardan biri vafot etadi. Shoʻrolar taomiliga binoan mansabdorga janoza oʻqish mumkin emas. Ammo: «…ul odam arz qildi, marhum oʻzi oʻshal (nauzanbilloh) haqdin tongʻanlardan erdi, ammo botinda dini islomni doʻst tutub, kabzi ruh asnosinda vasiyat qilibdurlarkim, «agarchandki maxfiy boʻlsa ham faqirni janoza birlan dafn qilingiz», deb… Azbaroyi adovati vajhidin oʻshal mahallaning imomi ham xabar berilmagʻon ekan, tokim oʻzga ulugʻlarning qulogʻiga bu maʼnidin chizi xabar yetmasin, deb… Marhumning aka-ukalarining jabhasidin ulugʻlik va yana istarshin desatnaylik huvaydo erdi. Erta birlan oʻshal mansabdor partiynaylar tushub, munzakon birlan zakunska qilib, marhumni koʻmar ekanlar».
Bu urinda tanqid tigʻi Kalvakka emas, shoʻrolar davlati tomonidan millatning oʻzligini yoʻqotishga olib keluvchi «ulugʻ ogʻalar» urf-odatlarining (hozircha norasmiy, albatta) joriy qilinishiga qaratilganini sezish qiyin emas. Eʼtibor bering, bunday mashʼum voqealar uzoq vaqt — shoʻrolar saltanati barham topguncha davom etdi.
Abdulla Qodiriy Oktyabr toʻntarishining dastlabki yillaridanoq «Oʻtgan kunlar» tarixiy romani ustida ishlay boshlaydi. Romandan parchalar dastlab 1922 yilda «Inqilob» jur-nalida bosildi, 1925 yilda alohida-alohida boʻlimlar va 1926 yilda butun bir kitob holida bosmadan chiqdi. Bunday ulkan, shu bilan birga, «Evropa adabiyoti gazi bilan oʻlchaganda ham barkamol asar» (Abdulla Qahhor) yaratishga Abdulla Qodiriy qay darajada tayyor edi? Avvalambor, yozuvchi madrasada oʻqib yurgan vaqtlarida oʻzbek mumtoz adabiyotini, arab, fors, turk, tatar tillari bilan bir qatorda Sharq tarixini, maʼnaviyatini chuqur oʻrgangan. Turkiya, Qrim, Ufada chiqib turgan gazeta va jurnallar bilan muntazam tanishib borgan, turk yozuvchilarining tarixiy mavzudagi drama va romanlarini mutolaa qilgan. Husayn Jovid asarlaridan qattiq taʼsirlangan. Darvoqe, Husayn Jovidning bir toʻplami «Oʻtgan kunlar» deb nomlangan. Arab nosiri, 22 tarixiy roman muallifi Jirji Zaydon (1861-1914)ni Qodiriyning oʻzi uni roman yozishga ragʻbatlantirgan ustoz sifatida taʼriflaydi. Avvalo yozuvchi ijodiga oʻzbek mumtoz adabiyoti, keyin Jirji Zaydon asarlari va u orqali buyuk ingliz yozuvchisi Valter Skott ijodi kuchli taʼsir koʻrsatdi. Bu haqda nemis adabiyotshunos-olimasi P. Kirxnerning quyidagi soʻzlari eʼtiborga loyiq: «Qodiriy tarixiy materialni berishda hikoya qilishning sharqona usuli bilan Valter Skott maktabi uslubini sanʼatkorona omuxta qilgan. Roman bu taxlit asarlardan turmushni haqqoniy tasvirlash bilan, boʻyoqlar rang-barangligi, psixologik xarakteristikaning nozikligi, til ohangdorligi, ifodaviy-tasviriy vositalarning xilma-xilligi bilan farqlanadi».31
Yana shuni taʼkidlash kerak: Abdulla Qodiriy ijodiga XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Jazoirda yashab ijod etgan, arablar hayotidan oʻnga yaqin roman yaratgan frantsuz adibi Ferdinand Dyushen asarlarining taʼsiri sezilarli boʻlgan. F. Dyushenning «Tamilla», «Qamar» kabi sentimental romanlari 1920 yillarda Zarif Bashiriy, A. Qodiriy, Choʻlponlarning saʼy-harakatlari bilan oʻzbek tiliga tarjima qilindi va bu asarlar xalq oʻrtasida katta shuhrat qozondi.
Abdulla Qodiriyning yozuvchi sifatidagi kamolotida rus tilini ancha mukammal bilishi ham muhim omil boʻldi. U 1910 yillarda rus-tuzem maktabida, soʻng Rasulmuhammadboy qoʻlida ish yurituvchi boʻlib ishlab yurgan vaqtlarida rus tilini yaxshigina oʻrgangan, rus adabiyotini muntazam mutolaa qilgan. Rus tilini yaxshi biluvchi «Taraqqiy», «Sadoyi Turkiston» gazetalarining tashkilotchi va muharrirlari Ismoil Obidiy va Ubaydulla Xoʻja-evlar bilan yoshligidan yaxshi aloqada boʻlgan. Yozuvchining oʻgʻli Habibullo Qodiriyning taʼriflashicha: «Qodiriy rus asarlarini oʻz ona tilidagi kabi tez oʻqir, katta-katta kitoblarni ikki-uch kunda oʻqib tushiraverar, imlo-insholari ham yaxshi edi»1.
A. Qodiriy L. Tolstoy, Chexov, Turgenev kabi mashhur yozuvchilarning asarlari bilan nafaqat tanish, balki ular haqida te-ran mushohadaga ega boʻlgan. Bemalol aytish mumkinki, Qodiriy 1910 yillarning oxirida ulkan asar yaratish uchun maʼnaviy tayyor edi.
A. Qodiriy «Oʻtgan kunlar» romanini milliy uygʻonish harakati siyosiy kurashlar bosqichiga koʻtarilgan davrda yozishga kirishdi. Bu hol romandagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabatda ham koʻzga tashlanadi. Darhakiqat, u 1910 yillarda jadidchilikning faollaridan, bir qator safdoshlari singari istibdod, jaholat ildizlarini topish, xalqni taraqqiy etgan millatlar qatoriga olib chiqish haqida oʻylardi. Fevral va Oktyabr oʻzgarishlari unga quvonch bagʻishladi. Chunki Romanovlar taxtining qulashi istiqlol fidoyilari uchun 50 yillik mustamlaka iskanjasidan qutulish haqidagi orzulariga qanot bogʻlaganday boʻldi. Ammo Oktyabr toʻntarishining dastlabki oylaridayoq «imonlariga oʻrab saqlagan» (A. Fitrat) birinchi oʻzbek milliy hukumati — Turkiston Muxtoriyatining bolsheviklar tomonidan yanchib tashlanishi, mustamlaka zanjirlarining yanada qattiqroq tortilishi natijasida Qodiriy ishonchlariga darz ketdi. Fargʻona vodiysidagi oʻnlab qishloqlar kulining koʻkka sovurilishi, oʻn minglab begunoh kishilarning qirib tashlanishi, buning ustiga ocharchilikning avjga chiqishi A. Qodiriyni ham qattiq iztirobga soldi. Yangi tuzilgan shoʻrolar hukumati otani oʻgʻilga, akani ukaga dushman qilga-nini, birodarkushlik urushi avjga chiqayotganini koʻrdi. Bu tarixiy sharoit asar pafosini belgilashda muhim ahamiyatga ega. «Oʻtgan kunlar» romani xotimasidagi muallifning quyidagi soʻzlariga eʼtibor bering: «Yozgʻuchidan. Keyingi Margʻilon borishimda yakin oʻrtoqlardan Yodgorbek toʻgʻrisini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning oʻn toʻqquz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki oʻgʻul qolibdur. Oʻgʻullaridan bittasi bu kunda Margʻilonning masʼul ishchilaridan boʻlib, ikkinchisi Fargʻona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, oʻluktirigi maʼlum emas, deydilar».
Mana, Yusufbek hoji va Mirzakarim qutidor avlodining taqdiri, Otabekdek zukko va Kumushbibidek nazokatli insonlarning farzandi va nabiralarining shoʻrolar davridagi qis-mati.
Bir soʻz bilan aytganda, 1917—1918 yillar yozuvchi uchun quvonch, shu bilan birga, alam-iztiroblarga toʻla yillar boʻldi. Bu hol romanda aks sado bermasligi mumkin emas edi.
Yozuvchi asariga soʻnggi «xon zamonlari»ni — XIX asr oʻrtalarini, yanada aniqrogʻi 14 yoshli Xudoyorning birinchi bor taxtga oʻtirishi davrini mavzu qilib belgiladi (Xudoyor ibn Sheralixon 1845 yilda birinchi bor taxtga oʻtirib, 1875 yilga qadar xonlik martabasiga uch marta kelib ketgan — U. D.). Bu voqea bilan bogʻliq Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligi oʻrtasidagi qonli toʻqnashuvlar, ichki nizolar, urugʻlar oʻrtasidagi qirgʻin-barot urushlar va bularga Yusufbek hoji, Otabek kabi badiiy timsollarning, Xudoyorxon, Musulmonqul, Azizbek, Normuhammad kabi tarixiy shaxslarning munosabatlari asarda oʻz ifodasini topgan. Ikkinchi tomondan, yanada dahshatliroq, yanada makkorroq kuch — rus istibdodi oʻlkani ajdahoday oʻz komiga tortmoqda edi. Roman «1264-nchi hijriya, dalv oyining 17-nchisi, qishqi kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…» degan jumla bilan boshlanadi. Eʼtibor bering, yozuvchi «shom azoni»dan keyin xalqimiz boshiga tushadigan eng uzun, eng sovuq, eng qorongʻi tunlar haqida ogohlantirayotgandek. Yozuvchi romandagi voqealar bilan asar yozilayotgan davrdagi siyosiy vo-qealarda hamohanglikni koʻradi.
XIX asr oʻrtalaridagi parokandalik, XVI asrdan boshlab oʻlkaning jahon taraqqiyotidan butunlay uzilib qolganligi natijasi oʻlaroq Turkiston xalqi millat sifatida shakllanmadi, davlat tepasida oʻtirib olgan noshud, nodon, johil «rahbarlar» qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylanib qoldi, bunday olomonni xohlagan koʻyga solish mumkin. Kecha, Toshkent qamali arafasida Azizbek (Aziz bachcha) uchun Qoʻqon xonligi lashkarlariga qarshi soʻnggi tomchi qoni qolguncha kurashishga ont ichgan toshkentlik olomon bugun Azizbekni «oradan koʻtarish»ga bel bogʻlaydi. Oxir-oqibat bunday parokandalik, urugʻchilik va keyin bunga qoʻshilgan mahalliychilik «Temur Koʻragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulugʻbek va Ibn Sino kabi olimlarning» vatani Turkistonni istibdod, asorat va qullik botqogʻiga olib keldi. Yusufbek hojining katta mashvaratda Muham-mad Rajabbek qoʻrboshi, Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul ponsad kabi Toshkentning ashraf va aʼyonlariga qarata aytgan soʻzlariga eʼtibor bering: «Birodarlar! Oʻrus oʻz ichimizdan chiqadirgʻan fitna-fasodni ku-tib, darvozamiz tegida qoʻr toʻkib yotibdir. Shunday mahshar kabi bir kunda biz chin yovgʻa beradirgan kuchimizni oʻz qoʻlimiz bilan oʻldirsak, sen falon deb qirilishsak, holimiz nima boʻladir. Bu toʻgʻrisida ham fikr qilgʻuchimiz bormi? Kunimizning kofir qoʻligʻa qolishi toʻgʻrisida ham oʻylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik koʻrib qoʻygʻanmizmi?! Siz oʻz qipchogʻingiz uchun qabr qazigʻan fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich koʻtarganda, oʻrus bizga toʻp oʻqlaydir. Siz dunyoda oʻzingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni koʻrasiz, men boshqa yovni har za-mon oʻz yaqinimgʻa yetkan koʻraman!.. Bu fikringizdan qayting, birodarlar!»
Asarning bosh qahramoni Yusufbek hoji Vatan, xalq manfa-ati, uning istiqboli uchun qaygʻuradi, hatto oʻz jonini tahlikaga qoʻyib boʻlsa ham oʻzaro nizolar, mansab, shaxsiy manfaatlar uchun boʻlayotgan qonli toʻqnashuvlarning oldini olishda jonbozlik koʻrsatadi. Romanda u kelajakni chuqur idrok qiluvchi, xalqni buyuk maqsadlar sari yetaklovchi siyosiy arbob sifatida namo-yon boʻladi. Muallif asarni yaratish jarayonida Muhammad Solih Qorining «Tarixi jadidi Toshkand», Mirza Olim Mushrifning «Ansobus-salotin va tavorixul-xavoqin» («Qoʻqon xonligi tarixi»), Ishoqxon Ibratning «Tarixi Fargʻona», Mulla Olim Mahdum Hojining «Turkiston tarixi» asarlarini chuqur oʻrganganligi va ulardan istifoda qilganligi koʻzga tashlanadi. Bu solnomalar A. Qodiriyning har ikki romani uchun tarixiy manba vazifasini oʻtagan.
Yusufbek hojining yuqoridagi soʻzlariga quloq tutarkanmiz, romandagi voqealardan oldinroq xalqimiz tarixida yuz bergan mashʼum voqea — Buxoro amiri Nasrulloning 1842 yilda Qoʻqon xonligini bosib olishi va qatliom vujudga keltirishi, Nodi-radek ulugʻ shoira, mutafakkirlarni qatl qilishi voqealari koʻz oldimizda namoyon boʻladi. Ushbu voqeaning oldini olish uchun Amir Nasrulloning Abdusamad noib degan bir donishmand vaziri amirga murojaat qiladi: «Janobi oliylarigʻa maloli xotir boʻlmasa, bir kalima soʻz aytsam», deganida, amir: «Nima soʻzdur?» — degan ekan. Aytubdurki: «Holo Xoʻqand zabt oʻldi, Fargʻona kat-ta mamlakatdur, qancha askar va sipohu xazina sarf oʻlub olindi. Bul holda Rusiyani(ng) kelmagi mahalliy xavfdur, agarda xonni ont aqd berub (ont ichdirib — U. D.), tavba qildurub, Xoʻqandga qoʻyub, Buxorogʻa tobeʼ qilub, bir mulk bizlargʻa kelgan dushmanlargʻa bir qalqon boʻlur erdi», — deganida, soʻzi amirgʻa maʼqul boʻlmay, ogʻziga kafsh bilan urdurgon ekan».
Demak, xalqimiz tarixida rus istilosi xavfini ancha oldindan koʻra olgan va hukmdorlarni bunday xavfdan ogoh qilishni oʻzlarining muqaddas burchi deb bilgan Yusufbek hoji, Abdu-samad noib kabi siymolar boʻlgan. Ammo, afsus bilan aytish ke-rakki, amir Nasrullo kabi besh kunlik nashʼu namosi uchun yurtni parokanda, xalkni xonavayron qilishdan toymaydigan pod-shoxlarimiz ham boʻlgan. «Amir Umarxon kanizi» nomli roman yozishga taraddudlangan yozuvchi Abdulla Qodiriy, albatta, Qoʻqon tarixiga oid koʻplab qoʻlyozma va bosma manbalar qatori yuqorida tilga olingan moʻtabar asarlardan xabardor boʻlganiga shubhalanmasa ham boʻladi.
Xalq «Oʻtgan kunlar»ni katta mamnuniyat va samimiyat bilan kutib oldi, qisqa muddatda butun Oʻrta Osiyo xalqlarining se-vimli asariga aylanib ketdi. Hatto oʻsha kezlarda butun romanni yod bilganlar boʻlgan. Afsuski, mavjud shoʻrolar hukumati, kom-munistik mafkura uni noxush qabul qildi. Asar yaratila boshlagan davr bilan uning dunyo yuzini koʻrishi, yaʼni 1926 yil orasida shoʻro mafkurasida katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan edi. Yurt istiqloli gʻoyasi yangi mustabid hokimiyat andazalariga butunlay zid kelib, chor Rusiyasining mustamlakachilik siyosati haqida fikr aytish xavfli boʻlib qoldi.
«Oʻtgan kunlar» romani haqida birinchi tanqidiy maqolani rus yozuvchisi Mixail Sheverdin yozib, «Birinchi oʻzbek romani» nomi bilan «Za partiyu» jurnalining 1928 yil 3-sonida chiqargan va romanni «zararli» asar sifatida baholagan edi. Ushbu maqola roman va muallifiga koʻplab asossiz ayblar qoʻyishga za-min yaratgan. Albatta, Ilminskiy, Ostroumov kabi missionerlarning vorisi boʻlmish M. Sheverdinga rus boskiniga qarshi Yusufbek hoji tilidan yonib aytilgan soʻzlar yoqib tushmagan boʻlishi tabiiy.
Abdulla Qodiriy roman boshida taʼkidlaganidek, asarning markazida oʻtmishda yaratilgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Tohir va Zuhra» dostonlarida kuylangani kabi Otabek va Kumushbibi oʻrtasidagi abadiy yoniq muhabbat turadi. Shuning uchun ham muallif asar boshidayoq oʻktam yigit Otabekning xarakterini, ichki va tashqi dunyosini ochishga alohida eʼtibor beradi. Yozuvchi dastlab Otabek bilan kitobxonni Margʻilonda yosh savdogar Rahmat va uning togʻasi Homid bilan boʻlgan karvonsa-royda, keyin Ziyo shohichi hamda Mirzakarim qutidor kabi Margʻilonning dongdor boylari uyida boʻlgan suhbatlarda tanishtiradi. Ularda Otabek sajiyasiga xos chizgilar beriladi. Dastlab Rahmat va Homid bilan boʻlgan suhbatda uning asosan oila, muhabbat, uylanish masalalariga boʻlgan munosabati ancha asosli ochilgan boʻlsa, Margʻilonning katta boylari, savdogarlari bilan suhbatda esa xonlik tuzumining yaroqsizligi, uni tubdan isloh qilish kerakligi, xon va beklarning davlat boshqarishga qodir emasliklari haqidagi siyosiy qarashlari ifodalanadi. Otabeqda bunday fikrlar birdan paydo boʻlgan emas. U oʻz zamondoshlariga nisbatan ancha dunyo koʻrgan, xususan ruslarning davlat tizimini, madaniyatini birmuncha koʻrgan va oʻzimizdagi ahvol bilan solishtirgan, hatto ulardan oʻrnak oladigan jihatlari haqida maʼlum fikrga ham kelgan: «Shamayga bormasimdan ilgari oʻz hukumatdorligʻimizni koʻrib, boshqalar ham shundaydir, deb oʻylar edim, lekin Shamay manim bu fikrimni ost-ust qilib, oʻzimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men oʻrisning idora ishlarini koʻrib, oʻz idoramizning xuddi bir oʻyinchoq boʻlgʻanli-gʻini iqror etishga majbur boʻldim. Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa, holimizning nima boʻlishiga aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim boʻlsa, vatanimga uchsam, toʻgsha-toʻgʻri xon oʻrdasiga tushsam-da, oʻrisning hukumat qonunlarini birmabir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorligʻ yozib oʻrisning idora tartibini dasturul-amal etishka buyursa, men ham bir oy ichida oʻz elimni oʻrisniki bilan bir qatorda koʻrsam… Ammo oʻz elimga qaytib koʻrdimki, Shamayda oʻylagonlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda soʻzimni eshitkuchi birov ham boʻlmadi, boʻlsalar ham: «Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?» — deb meni maʼyus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam ham soʻngʻidan toʻgʻri soʻzni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayyya alal-falah» xi-tobini kim eshitar edi».
Otabek — sevgi borasida ham olijanob inson. Otabek bilan Kumush favqulodda bir-birlarini koʻrib qoladilar, bu koʻrish bir necha soniya davom etadi, ular bir-birlarini bilmaydilar ham. Bu koʻrish bir umrli muhabbatga debocha boʻladi. Otabek haqiqiy baxtga erishdi, oʻzini eng baxtiyor kishilardan hisobladi, hatto shu baxt tufayli uch marta oʻlimga tik qaradi, oʻlimdan gʻolib keldi. Homidning qabih igʻvolari-yu Musulmonqulning mudhish changali ham Otabek va Kumushlar muhabbatini mahv qila olmadi. Mana shu vaziyatda romanga yangi tugun, yangi ziddiyat kelib qoʻshiladi. Bu ziddiyat baxtli bir oilani tag-tugi bilan barbod etadi. Bu — ota-ona orzusi. Bu ziddiyat asosan Oʻzbek oyim xarak-teri bilan bogʻlanadi. Yozuvchi, ayniqsa, shu timsolni yaratishda ulkan mahorat namunasini koʻrsatdi. Oybek ham «Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli» asarida Oʻzbek oyim obrazini «eng jonli va realistik chizikdar bilan koʻrsatilgan shaxs» deb baholagan edi.
Badiiy adabiyotda ishontirish sanʼati degan katga muammo bor. Asar qahramonlari shunday harakat qilsinlarki, boshqacha hara-kat qilmasligiga kitobxon toʻla ishonsin. Bu — juda murakkab muammo. Oʻzbek oyim nihoyatda zukko, shu bilan birga, katta siyosiy ishlarning tepasida turgan Yusufbek hojini ham, oʻz davrining ilgʻor fikrli yigitlaridan, aql-idrokli, oilada qoʻsh xotinlikka keskin qarshi turgan Otabek (Rahmat, Homid va Otabeklar oʻrtasidagi suhbatni eslang)ni ham oʻz izmiga soladi. Bunga ishontirish yozuvchidan katta mahoratni talab qiladi. Buning asosiy boisini ijodkorning xalq ruhiyatini, urf-odatlarini -mentalitetini nihoyatda yuksak darajada bilishi va qadrlashidan qidirish kerak. Oʻzbek oyim — oʻzbek ayoli, ayol boʻlganda ham Toshkentning man-man degan ayollari uning soyasiga koʻrpacha yozadi. Otabek ota-onasining roziligisiz uylanadi, yana kimga, «bir andi»ga (Oʻzbek oyim soʻzi). Bu ularning, ayniqsa, onasining orzu-havasini chilparchin qildi, taʼbir joiz boʻlsa, bu ularning yuzini yerga qaratish bilan barobar edi. Oʻzbek oyim oʻgʻliga nisbatan «toʻnini teskari kiyib oldi», hatto Margʻilondan kelgan oʻgʻli bilan koʻrishmaydi, bir necha bor kelib-ketishiga eʼtibor ham bermaydi, eri Yusufbek hojiga dashnom soʻzlarini yogʻdiradi: «Oʻgʻul oʻsdi-rishni, oʻgʻul tiyishni bilmadingiz… endi ixtiyor menda: ul kel-guncha, bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan soʻng toʻyni ham joʻnatib yuborayliq!» Shunday qildi ham. Yusufbek hoji ikki oʻt orasida qoldi. Oʻgʻli har jihatdan haq. Yusufbeqdek odam qoʻshxo-tinlik odatining salbiy oqibatlarini juda yaxshi biladi. Har ota-ona oʻz farzandining bir suyukli xotin bilan baxtli-saodatli qoʻsha qarishini orzu qiladi. Hoji xotinining raʼyiga qarshi borolmaydi, na qilsinki, ona ham orzu-havaslarining ushalishini istaydi. Ammo Yusufbek hoji xotinining bu ishlariga bu-tunlay qarshi, Olim ponsad bilan unashib kelganda, Hoji «labini tishlab qoladi» va «Sanga sira aql bitmay ketar ekan-da», deydi. Endi faqat bir yoʻl qoldi: Otabekni koʻndirish, bundan ham nozik masala — bu qarorni qudalarga yetkazish.
Ota va oʻgʻil munosabatlari hamma vaqt, hamma xalqlar adabi-yotida asosiy masalalardan hisoblanib kelgan. Yusufbek hoji keng koʻlamli siyosiy arbob, oddiy oilaviy munosabatlarda, ota va oʻgʻil muomalalarida ham teran fikr yurituvchi dono oila bosh-ligʻi sifatida gavdalanadi. Shu maʼnoda yozuvchi Yusufbek hojiga Otabeqdan koʻra koʻproq masʼuliyatni yuklaydi, toʻgʻrirogʻi, u asarning bosh qahramoni maqomida turadi. Bu hol otaning oʻgʻil bilan boʻlgan muloqotlarida koʻzga yaqqol tashlanadi.
Asarda ota va oʻgʻil munosabatlari, muomalalari shu darajada nazokatliki, hozirda ham ota va voyaga yetgan oʻgʻil havas qilsa, ibrat olsa arziydi. Hatto Yusufbek hojiday teran fikrli, oʻta mulohazali ota ham oʻgʻlining chuqur mantiqli, shu bilan birga, nihoyatda beozor aytilgan javobidan oʻylanib qoladi, birmuncha vaqt gap topolmay yerga qaraydi, na qilsinki, Otabek haq edi. Otabek javoblarida yengiltaklik, lov etib yonish, biror oʻrinda axloq doirasidan chiqishlar yoʻq:
« — Oʻgʻlim, hali sen eshitdingmi, yoʻqmi, haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qoʻydiq…
Otabek, maʼlumki, ularning «qilib qoʻygʻan yoki qilmoqchi boʻlgʻan ishlarini» albatta bilar edi. Shundogʻ boʻlsa ham, bilmaganga solindi:
— Aqllik kishilarning oʻgʻullari ustidan qilgʻon ishlari al-batta nomaʼqul boʻlmas, — dedi.
Hoji oʻgʻlining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi. Istehzo aralash xotiniga qarab oldi…»32
Yusufbek hoji hayotning past-balandini yaxshi biladigan donishmand, oʻz oʻgʻliga taʼsir koʻrsata oladigan mehribon ota sifa-tida ham gavdalanadi.
Shu oʻrinda Yusufbek hojining yana bir ulugʻ fazilati namoyon boʻladi, uning Otabekka nasihat yuzasidan aytgan soʻzlari shunchalar kuchli mantiqqa asoslanganki, Otabek oʻyga toladi: «Oʻgʻlim, san onangning gagshga achchigʻlanma. U har narsa desa, faqat Mar-gʻilondan uylanganingga qarshiligʻidan aytadir. Ammo mendan soʻrasang, Margʻilondagʻi na qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda boʻlmoqqa eng muvofiq kishilar edi, balli oʻgʻlim, deyman. Saning tinib-tinchishing, oʻsib-unishing uchun quvonmagʻan ota-ona sogʻqa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi ishon. Ammo bizning hozirgi baʼzi bir raʼylarimiz sanga yotishib kelmas ekan, bunga haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qoʻyma. Oʻgʻlim, bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yoʻq. Dunyoda koʻrub oʻtaturgʻan barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolgʻon. Biz Xudoyi taologʻa minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik-hushlik boʻlding; kishilardek san bilan iftixor qilolmasak-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik. Ayniqsa, onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun onang saning oldinggʻa tiz choʻkib va onang koʻngli uchun men ham oragʻa tushib sandan soʻraymiz: san oʻz xohishing yoʻlida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak boʻlsin. Eslilik daʼvosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa boʻlmas. Shu bilan birga, saning sababi vujuding boʻlgʻan bir kishi oʻz hayoti ichida bolasi orqali bir orzu-havas kechirmakchi… Uning bu orzusiga haq berasanmi, yoʻqmi yana ixtiyor oʻzingda…»
«Oʻtgan kunlar» romanining kitobxonlar eʼtiborini rom qilgan yana bir fazilati shundaki, asarning har sahifasida, qahramonlar harakatida, nutqida milliy ruh ufurib turadi, unda zoʻra-kilik, yasamalik umuman yoʻq. «Qudalarni kutib olish» faslini koʻring. Oʻzbek oyimning Margʻilondagi kelini kelishi munosa-bati bilan qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ ayollar yigʻilgan, hammayoq yogʻ tomsa yalagudek tozalangan, qudalarning ziyofati uchun kerak boʻlgan hamma narsalar muhayyo, ularning oyogʻiga soʻyish uchun kat-ta gʻoʻnon qoʻy ham tayyor, oʻzbekning «Qudachilik — ming yilchilik» taomilicha hamma gina-kudurat oʻrnini mehr-oqibat egallagan. Oʻzbek oyimning yaqinlari oʻn chogʻlik xotin «sovutmachoq dasturxon» atrofida oʻtirishibdi. Qudalar bilan tanishtirishda ham biror sunʼiylik koʻrinmaydi. Qayinota Yusufbek hojining ke-lini Kumushbibi bilan birinchi bor koʻrishishiga eʼtibor bering: «Kumush uyalib zoʻrgʻagina salom berdi va Yusufbek hojining yaqiniga kelib boʻyin egdi. Hoji qoʻli bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayigʻa tekizib olgan oʻz qoʻlini oʻpdi»33. Asosiy mehmonlar kelguncha yaqin ayollarning odatda kichikroq muvaqqat dasturxon — «sovutmachoq dasturxon» atrofida oʻtirishi, otalarning boʻyi yetgan qizlari yoki kelinlari peshonasiga tekizgan oʻz qoʻllarini oʻpishi — bu hammasi oʻzbeklar hayotigagina xos nihoyatda nafis odatlardir.
Mana shu oʻrinda yozuvchi Zaynab portretini chizishga, Kumush bilan Zaynab munosabatlariga, ularning bir-birlarini zimdan taʼqib qilishlariga, hatto mayda detallarigacha eʼtibor beradi: «Zaynab zimdan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi boʻshashib, Oftob oyim ham ogʻir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgansimon bir-birlariga qarashib oldilar. Oʻzbek oyim oradan oʻtgan sirni payqadi». Yozuvchi bu bilan kitobxonni kundoshlar oʻrtasida boʻlajak katta ziddiyatlarga tayyorlayotgandek boʻladi.
Oʻzbek oyim ham Yusufbek hoji va Otabeklarday zaki insonlarni yetishtirgan muhitning vakili. U eri va farzandi qalbini larzaga solayotgan andishalarni, oʻta xatarli natijalarni vujudga keltirishi mumkin boʻlgan bu xatti-harakatlarni id-rok qilishdan oʻta yiroq. Kecha Zaynab atrofida girdikapalak boʻlgan Oʻzbek oyim bugun uning butunlay aksi, xuddi Kumush uni sehrlab qoʻyganday. Shu oʻrinda ham Zaynab ruhiyatini chuqur his qiluvchi Yusufbek hoji Oʻzbek oyimni achchiq kinoyalar bilan toʻgʻri yoʻlga soladi: «Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilgʻan koʻrinasiz, ayniqsa Zaynabning koʻngliga qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!.. Qayin-ona deganning adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu-havasimiz emasmidi?»34 Bu soʻzlar — er tomonidan xoʻrlangan ke-lin dardlarini teran his qiluvchi inson soʻzlari. Darhaqiqat, Zaynab — oʻta fojeiy obraz. Ehtimol, oʻzbek adabiyoti tarixida bunchalar ogʻir qismatli obraz boʻlmasa kerak. Kumush sevdi, sevildi, seviklisiga erishdi, hijron dardlariyu visol nashidasini surdi, hatto sevgilisidan farzand ham koʻrdi. Zaynab dunyoga kelib nima koʻrdi? U sevdi, ammo sevilmadi. Xalqimizda bir dono hikmat bor: «Er xoʻrladi — el xoʻrladi». U eridan xoʻrlik koʻrdi, qaynona orzu-havasi boʻla turib, undan ham xoʻrlik koʻrdi. Axir, Zaynab ham baxtli boʻlishga haqqi bor edi-ku! Yozuvchi hamma vaqt qahramonlarga nisbatan oʻz munosabatini sir saqlaydi, ammo Zaynabning oxirgi dard soʻzlarini yozganda, chiday olmaydi, faryod chekadi, uning dardlariga hamdardligini yashira olmaydi: «Menga sizning mizojingiz kerak emas… Oʻzingiz!.. — dedi va yigʻlab yolborgʻan holda Otabekning quchogʻiga oʻzini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borligini birinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni oʻpib quchoqlar va yolborar edi».
Bechora Zaynab bu foniy dunyoning soʻnggi neʼmati oʻlimdan ham mahrum edi: fojianing dahshatidan jinni boʻlib qoldi. Ammo shunda ham Otabekka boʻlgan muhabbat uni tark etmadi. U yillar davomida majnuna holda Xudo bergan kechasi Otabekni qabristonda ilhaq boʻlib kutadi. Axir, Otabek bir kunmas bir kun Kumush qabrini ziyorat qilish uchun keladi-ku! Mana, ular yana uchrashdilar:
«Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzogʻroqdan Qurʼon tovushi eshitilar edi… Qurʼon oyatlari qabriston ichiga ogʻir ohangda oqar edi. Qabr yonigʻa tiz choʻkkan yigitning koʻz yoshlari ham Qurʼon oyatlariga qoʻshilib oqar edi. Biror soatdan keyin tilovat toʻxtaldi. Otabek holsizlanib oyogʻ uzra turdi va orqasidagʻi yarim yalangʻoch koʻlagani koʻrib bir necha qadam qabr tomonga tislandi… Koʻlaga yalingʻansimon unga yaqin yurib keldi…
— Kim bu?
— Men Kumush!..
Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
— Ket mundan!
— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki, dunyodagʻi eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasigʻa qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi. Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yoniga tiz choʻkdi…»35
Bu soʻnggi uchrashuv edi… Darhaqiqat, Abdulla Qodiriy Zay-nab timsolini yaratishda buyuk mahorat koʻrsatdi. Axir, Zaynab muallif va kitobxonning muhabbatini birday qozongan goʻzal Kumushni oʻldirdi, shunday boʻlsa-da, yozuvchi Zaynabga nisbatan qalban hamdardligini yashira olmaydi.
«Oʻtgan kunlar» romanining pafosi koʻproq Yusufbek hoji harakatlarida, soʻzlarida namoyon boʻladi. Yurt birligi, millat taqdiri va ozodligi «Oʻtgan kunlar» romanini harakatga keltiruvchi pafosidir. Inqilob deb atalmish Oktyabr toʻntarishi millatning istiqlol haqidagi intilishlarini yanchib tashlashga ki-rishdi. Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilishi jadid mu-tafakkirlarini, shu jumladan, Abdulla Qodiriyni siyosiy voqealarga hushyor koʻz bilan qarashga yana bir bor majbur etdi. Romanda XIX asr oʻrtalari rus bosqini arafasidagi parokandalikni qalamga olish bilan yozuvchi sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq olib borilayotgan yanada dahshatliroq mustamlakachilik siyosati haqida ogohlantirayotgandek boʻladi. Bu holni Yusufbek hojining yurt mustaqilligi uchun yonib aytgan soʻzlarini amadda Otabek davom ettirib, Vatanni rus bosqinchilaridan himoya qshshb, janglarda qahramonlarcha shahid boʻlishida yanada yaqqolroq koʻrish mumkin.
«Oʻtgan kunlar» romani 1956 yil yozuvchi Abdulla Qodiriy oqlangandan keyin ham bir necha bor nashr qilindi. Ammo ro-manning asl mohiyatini belgilovchi baʼzi boblar olib tashlandi yoki «qaychilandi». Chunki Rusiyaning bosqinchilik siyosati buyuk millat shovinizmi tazyiqi ostida oq va qizil imperiya davrida birday «buyuk progressiv», «madaniylashtiruvchi» voqea sifatida talqin qilib kelindi. Shuning uchun ham Rusiya bosqiniga ba-gʻishlangan boblar shoʻrolar mafkurasiga butunlay zid edi. Faqat mustaqillikdan keyingina «Oʻtgan kunlar» romani yozuvchi nazoratida chiqqan asl nusxa asosida nashr qilindi. «Mehrobdan chayon» Yozuvchi Abdulla Qodiriyning ikkinchi, «Mehrobdan chayon» romani 1928 yilda yozib tugatildi va 1929 yilda bosmadan chiqdi. Bu ikki buyuk romanning yaratilishidagi oraliq u darajada uzoq emas, bor-yoʻgʻi 6 yil. Ammo bu oraliq bir-biridan keskin farq qilar, «Mehrobdan chayon» yaratilayotgan davrda kommunistik partiyaviy yakkahokimlik hamma sohaga, shu jumladan, badiiy adabiyotga ham oʻz tazyiqini oʻtkazishga astoydil kirishgan edi. Buning ustiga 1926 yilda yozuvchi boshiga tushgan tashvishlar, jadidchilik harakati keskin qoralanib, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli kabi uning rahbarlari va faollari taʼqib ostiga olinishi, «Oʻtgan kunlar» romani ustidagi mashmashalar «Mehrobdan chayon» romaniga oʻz taʼsirini koʻrsatmasligi mumkin emas edi. Bu hol uning obrazlar tizimida ham koʻzga tashlanadi.
Muallif bu roman uchun ham Qoʻqon xonligining Xudoyorxon hukmronligi davrini asos qilib oldi. Ammo Xudoyorxon hukmonligining bu davri — uning uchinchi marta taxtga kelishi davri oldingi hukmronlik davridan ancha farq qilar edi. Xudoyorxon ikki marta taxtdan olinib, uchinchi marta taxtga kelishi bilan ancha malaka orttirgan, «Oʻttan kunlar»dagi yosh bola Xudoyorxon emas edi. Ammo xonlikning katta hududi qoʻddan ketgan, nihoyatda makkor va dahshatli Rusiya imperiyasi hukmi — farmonida soʻnggi yillarini boshdan kechirmoqda edi. Xudoyorxon bunday dahshatli dushmanga qarshi borolmas, borganda ham jangarilik bilan ish bitmas edi. Shuning uchun ham tadbirkorlik bilan taxtni boshqarish kerak edi. Shu munosabat bilan «zolim boʻlsa ham maʼmuriyatparvar ekan» degan nom olish uchun ariqlar qazish, madrasalar, bogʻlar, saroylar, rasta va dahmalar barpo qilishga alohida eʼtibor berdi: «Xon ikki marta taxtdan haydalib, anchagina tajriba ortdirgʻan, uchunchi martaba taxtka oʻlturishi madaniyatlik oʻrus istibdodining Toshkandni olib, Xoʻjandga ham koʻl uzatqan sanalarga toʻgʻri kelgan edi. Bu kungi sharoit tajribalik xonni boshqacha siyosat ushlashka majbur etar edi. Nihoyatda qattigʻ qoʻlliq boʻlishi, yuqori tabaqa hisoblangʻan ulamoni, ashrofni oʻziga qaratish lozim va taxtiga ajdaho kabi ogʻiz ochib kelmakda boʻlgʻan oʻruslarga qarshi oʻz madaniyatini qurub, javob berishi kerak edi… Yangi oʻrda bino qilishi oʻz kayfigʻa qaraganda ham oʻruslargʻa jonliliq koʻrsatish, yaltirasin shaʼnu shavkat bilan Fargʻonani oʻz qoʻlida saqlab qolish uchun edi».36
Abdulla Qodiriy 1934 yilda zamonaviy mavzuda — qishloq ahli, dehqonlar hayoti haqida oʻziga xos «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Yozuvchi bu asarida oʻzigacha rus adabiyotida (masalan, M. Sholoxovning «Ochilgan qoʻriq» romani) kollektiv xoʻjalik hayotini, quloklar va batraklar oʻrtasidagi keskin kurashlarni aks ettiruvchi asarlardan andaza olmadi. Aksincha, oʻzbek dehqoni, ayniqsa, oʻrtahol dehqonlar ruhiyatini toʻlaqonli tasvirlovchi obrazlar yaratdi. Bu asarni 1930 yillar vulgar sotsiologizmi bilan qurollangan adabiy tanqidchilik mafkuraviy buzuq asar sifatida baholadi.
Hozirgi oʻzbek nasri mazmun va janrlar jihatidan nihoyatda yuksaklikka erishgan. Ayniqsa, tarixiy mavzuda Oybekdan keyin ham qator keng qamrovli romanlar yaratildi va yaratilmoqda. Bularning hammasida A. Qodiriy maktabining taʼsirini koʻrish mumkin.
Abdulla Qodiriy 1937 yilning soʻnggi kuni 31 dekabrida ikkinchi bor qamoqqa olindi. Bu gal qamoqqa olinganda Stalin qatagʻoni mashinasi butun kuch bilan tinimsiz ishlar, yangi-yangi qurbonlar talab qilar edi. Buyuk yozuvchiga ham «xalq dushmani», «millatchi», «aksil inqilobchi» degan ayblar qoʻyildi va 1938 yil 4 oktyabrda otib oʻldirildi. Bu bilan shoʻrolar hukumati kifoyalanmadi: A. Qodiriyni avlodlar xotirasidan butunlay sidirib tashlash uchun uning asarlarini ham qatagʻon qildi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Istiqlol tufayligina uning moʻtabar nomi, zavol bilmas asarlari toʻlaligicha xalq maʼnaviy mulkiga aylandi.37

III BOB. XX ASR ROMANLARI QAHRAMONLARINING RUHIY OLAMI “OʻTGAN KUNLAR” VA “KECHA VA KUNDUZ” ROMANLARI MISOLIDA. OʻLIM MOTIVI


3.1. XX asr romanlarida zamonaviy qahramonlarning ruhiy olami
“Oʻtgan kunlar” va “Kecha va Kunduz” romanlari misolida.
Milliy ruh tushunchasi

"Ruh" nima? Bu soʻz ona tilimizdagi eng purhikmat soʻzlardan biri boʻlib, ong oqimi, tafakkur yoʻnalishi, aql, hissiyot, kayfiyat, kechinma, marom, tamoyil, tabiat, jon va boshqa yana koʻplab maʼnolarni oʻzida mujassamlashtira oladi. Masalan, "Zamon ruhi" deymiz. Bundagi "ruh" soʻzida zamonga xos yetakchi tamoyil, xususiyatni anglaymiz. "Koʻtarinki ruh", "tushkun ruh", "ruhsiz" deyilganida u "kayfiyat" maʼnosida keladi. "Ruhshunoslik" atamasi yunoncha "psixologiya" atamasining oʻzbek tiliga tarjimasi boʻlib, bunda "ruh" "psixika", yaʼni, ichki qurilish, ichki tabiat, sezim, asab tizimi maʼnolarini anglatadi. "Ruhiy xasta" soʻz birikmasi rus tilidagi "dushevnobolnoy" qoʻshma soʻzining oʻzbek tiliga, aytish kerakki, birmuncha notoʻgʻriroq tarjimasi hisoblanadi. Jinni, telba, aqldan ozgan maʼnolarini anglatuvchi bu soʻz birikmasi aslida "joni xasta" boʻlishi kerak edi, chunki rus tilidagi "dusha" jon maʼnosini, "dux" esa, ruh maʼnosini anglatuvchi soʻzdir. Ona tilimizdagi "joni qattiq", "joni sabil" kabi soʻz birikmalari ham ruhga emas, jonga bogʻliq holda qoʻllanadi. Ruh esa, pok, boy, qashshoq, yuksak,tuban va boshqa soʻzlarda sifatlanishi mumkin, biroq unga biz tushungan maʼnodagi xastalik, tanaga xos bemorlik batamom begonadir. Shuning uchun ham, masalan, "Tani-joningiz sogʻmi?" deya hol-ahvol soʻraymiz, lekin "Ruhingiz sogʻmi?" demaymiz. Xullas, "ruhiy xasta" soʻz birikmasidagi "ruh" soʻzi jon va yo aql maʼnosida notoʻgʻri qoʻllanadi. "Ruhiy boylik" soʻz birikmasidagi "ruh" soʻzi maʼnaviy olam, ichki dunyo maʼnolarida keladi... Koʻrinib turibdiki, "ruh" soʻzi baayni olmosdek serqirra, kamalakdek serjilo, tuygʻulardek rangin...
Endi soʻzdan bevosita ruhning oʻziga oʻtsak, bu koʻzga koʻrinmas, qoʻl bilan ushlab boʻlmas, faqat koʻngil (dil, qalb, yurak) orqali his qilinib, tafakkur koʻzi bilan koʻriladigan moʻʼjizaviy hilqat xususida ne bir ruhoniylar va ruhshunoslar uzoq-uzoq bosh qotirmagan deysiz. Aksariyat hollarda ular ruhning mohiyatini anglashga inson aqli ojiz, tili lolligini afsus-nadomat bilan eʼtirof etganlar, shu bois birmuncha umumiy mulohazalar, muqoyasalar, taʼriflar bilangina cheklanganlar. Masalan, ham tabib, ham alloma-hakim, ham ruhoniy sifatida jahonda dovrugʻ qozonib, "shayhurrais" unvoniga musharraf boʻlgan Abu Ali Ibn Sino oʻzining "Urjuza (Tibbiy doston)" asarida "Qalb aro xush, toza narsa ruh atalur" deya taʼriflaydi. Ingliz ruhshunos olimlari zamonaviy ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlaridan unumli foydalangan holda odamning joni uzilganida tanasining ogʻirligi taxminan 0,02 miligrammga yengillashib qolishini aniqlaganlar va shunga asoslanib xulosaga kelganlarki, tanadan ajralib chiqqan ruhning ogʻirligi taxminan 0,02 milligramm, yaʼni, kapalakdan yengilroqdir. Shu ikki misoldanoq ayon koʻrinib turibdiki, ruhning aynan nimaligiyu uning qanday unsurlardan tarkib topgani, hatto vazni ham anchagina noaniq, oʻta taxminiydir. Bu borada taʼrif-tavsiflar tasavvurdagi kemtiklarni toʻldirolmaganida koʻpincha majoz yoʻli tutilib, ruh uchar qushga, chivinga, kapalakka va yo boshqa shular kabi jonzotlarga nisbat berilgan. Bunday nisbatalar ham odam bolasining ruh xususidagi intihosiz oʻy-kechinmalari, koʻngil mulki, ruhiy bisotini aks ettirishdan ojiz qolganida... "Mana mening ruhim, ruhiy bisotim!" deya uni adabiyot va sanʼat asarlarida ifodalash yoʻlini tutganlar. Bashariyat oʻz ruhini — oʻzligi, maʼnaviy dunyosi, botiniy olami, siyratini baayni sep qilib yozish bobida adabiyot va sanʼatdan, ayniqsa, sheʼriyatdan qulayroq hamda goʻzalroq vositani hali-xanuz yarata olgani yoʻq, yaratishi ham amrimahol!38
Binobarin, bashariyat ruhining aynan nimaligini avvalo jahon adabiyoti va sanʼati durdonalari orqali yaqqol his qilish mumkin. Xuddi shuningdek, har bir xalqning milliy ruhini avvalo uning milliy adabiyoti va sanʼatida aniq-ravshan koʻrsa boʻladi. Buyuk mutafakkirimiz Abdulhamid Choʻlpon "Adabiyot yashasa millat yashar" der ekan, millat hayotida milliy ruh va uning eng goʻzal ifodasi boʻlmish milliy adabiyot hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlagan edi. Zotan, har qanday jism, tana, moddiy borliq oʻtkinchi, arabcha istilohlar bilan aytganda, foniy va muvaqqat, ruh esa, oʻlmas, abadiy, umriboqiy. Binobarin, uni oʻzida inʼikos etuvchi adabiyot va sanʼat ham abadiyatga dahldor hodisadir. Muqoyasa orqali aytganda, tana baayni zamonaviy kompyuter, ruh esa, bashariyat zakosi boshqarayotgan ana oʻsha kompyuter harakatining mahsulidir. Tafakkur ham, tasavvur ham, xotira ham — hamma-hammasi ana oʻsha kompyuterdagi dasturlar tizimining ichidadir. Faqat ruhning har qanday sunʼiy qurilmalardan beqiyos darajadagi bir afzalligi borki, kompyuter va dasturlashga asoslangan turfa xil robotlarda his-tuygʻudan urvoq ham yoʻq. Ruh va uning goʻzal ifodasi boʻlmish badiiy adabiyot esa, insoniy his-tuygʻular, kechinmalar, kayfiyatlar, ehtiroslar, hayajonlar, xullas, turfa hil ruhiy holatlar ifodasi sifatida biz uchun gʻoyat qadrlidir. Kompyuter harakatini inson zakovatisiz tasavvur etib boʻlmaganidek, inson ruhini ham Oliy Ruh — Alloh Taolosiz tasavvur etib boʻlmaydi. Modomiki Oliy Ruh — Alloh Taolo, boshqacha aytganda, Parvardigor, Tangri, Yaratgan Egamning koʻpdan-koʻp nomlaridan biri "Hoziq Halloq" ekan va u oʻz bandalarinigina emas, xalqlarini, yaʼni, millatlarini ham Yaratgan ekan, insonni millatsiz, insoniy ruhni milliy ruhsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Milliy qiyofa, muayyan millatning "libosi mavzui"isiz yalangʻoch holdagi inson ruhi... aslida yoʻq narsa! Har qanday ruhni kaltabinlarcha inkor etgan va, ayni chogʻda, allaqanday "kommunistik ruh" xususida safsata sotgan xudosiz Shoʻro tuzumi siyosatdonlari oʻylab topgan uydirmalarga, sarobga oʻxshaydi u! Agar milliy qiyofasiz inson ruhi bor boʻlsa, u koʻngillarda hayrat va muhabbat emas, baayni tasqara, olaboʻji, alvasti va yo sharpadek nafrat va qoʻrquv tuygʻularini uygʻota oladi. Zotan, inson ruhi — botini, siyrati qanchalik yorqin milliy qiyofa kasb etgani sayin shunchalik umumbashariy ahamiyat va umriboqiy qadriyat kasb eta boradi. Gomer va Sofokl — yunon xalqining, Kalidasa va Tagor — hind xalqining, Shekspir — ingliz xalqining, Dante — italyan, Gyote — nemis, Tolstoy va Dostoevskiy — rus xalqining oʻlmas milliy ruhini namoyish etganidek, Navoiy va Bobur — oʻzbek xalqining beqiyos ruhi poki, goʻzal maʼnaviy olamini jahonga koʻz-koʻz qilib turibdi.
Buyuk Choʻlponning "Kecha va kunduz" romanida oʻzi yashab turgan mustamlaka tuzumining ichki qurilishi va mustamlakachi Noyib toʻraning feʼl-atvori xususida jiddiy oʻylarga tolar ekan, Miryoqub epaqa, yodingizda boʻlsa, jumladan, shunday xulosaga keladi: "Imperiyasi tagʻin ham botmasinmi! Necha ming, necha lak fuqaroning joni manavilarning qoʻlida, manavilarning joni esa, anavinaqa manjalaqilar qoʻlida... Demak, imperiyasi botishga tomon boradi".
Har bir inson ruhiyati shunday bir ehromki, unga qiyoslaganda Misr ehromlari qalovini topib terilgan shunchaki xarsanglar xirmonigina, xolos. Zero toshdek qattiq emas, guldek nozik inja koʻngil mulki, qalb gavhari, dil javhari, maʼnaviyat qasri, xullas, eng umumlashma soʻz birikmasi bilan aytganda, ruhiyat ehromining qirralari uchta-toʻrttagina emas, baayni olmos qirralaridek behisob, rang-barang, serjilva, maftunkor... Bir qirrasi — andisha, bir qirrasi — tavfiq, bir qirrasi — iymon, bir qirrasi — vijdon, bir qirrasi — diyonat... Tagʻin shunisi ham borki, andishani — fahm-farosatsiz, tavfiqni — halollik-pokliksiz, iymonni — ruhiy sogʻlomlik va butunliksiz, diyonatni dinsiz va ruhoniyatsiz tushunib boʻlmaydi. Bularni tushunishda esa, baayni shimoldan oʻz kaʼbasi — janubga tomon talpingan uchar qushlardek ruhiyat iqlimlarida erkin parvoz qiluvchi adabiyot va sanʼat bizga beminnat yordam qoʻlini choʻzadi. Chunonchi, "Oʻtkan kunlar" romanini oʻqib andishalilik va andishasizlikning nimaligini dil-dildan teran his qila olamiz. "Kecha va kunduz" romanini mutolaa qilganimizda betavfiqlar iskanjasidagi tavfiq sohibasining ona sutidek halol, paxtadek oppoq, bokira va inja koʻngli bizni oʻziga maftun-mahliyo etadi.
Sirasini aytganda, yangi oʻzbek nasrida ziyoli-ruhoniy zotlarning jonli qiyofalarini aniq-tiniq chizib koʻrsatish bobida "Diyonat"ga qadar ham muayyan tajribalar toʻplangan edi: Yusufbek hoji, Solih mahdum, Qori Ishkamba, Razzoq soʻfi... Lekin ular, xuddi "Eshonim deb eshagimdan ayrildim", "Toʻy toʻy boʻlmadi, xoʻja bilan shayx egallab oldi" qabilidagi istehzoli maqollarga jonli misoldek oʻtaketgan ziqna, ichi tor, maʼnaviy qashshoq kimsalarki, bu, albatta, ruhoniy zotlarni har bob bilan yomonotliq qilib olaboʻji koʻrsatishga ustasi farang Shoʻro tuzumi mafkurasining siyosiy talabi edi. Yuqoridagi dindorlar roʻyxatida birgina Yusufbek hoji maʼlum darajada istisno, lekin u ham "maʼlum darajada", xolos. Dini islomning beshala farzini bekami koʻst ado etgan, hojilik sharafiga ham noil boʻlgan, oʻzi aytganidek, butun umrini el-yurt qaygʻusida oʻtkazgan bu ruhoniy zotni ham tom maʼnodagi komil inson, oʻziga va oʻz ishiga pishiq-puxta deyishimiz qiyin. Aks holda u xotinining qutqusi bilan allaqanday "ota-ona orzusi"ni deb yolgʻiz oʻgʻlining baxtiga zomin boʻlmas edi, maʼnaviy barkamol donishmand ota sifatida oʻgʻlining ahvolini oʻz vaqtida teran his qilib, unga hamdard-hamnafas boʻlib, oʻz oilasidagi baxtsizliklarga oʻrin qoldirmas edi.
Zamonaviy oʻzbek nasrining ikki shoh asari — "Oʻtkan kunlar" bilan "Kecha va kunduz" romanlarini olib qarasak, bu asarlarda ham oʻzbek xalqining milliy xarakteriga xos musbat va manfiy jihatlar — oʻzbekona ruh, oʻzbek ruhi sanʼatkorona ifodalanganini ayon koʻramiz.
Eʼtibor bering, Otabek Kumush bilan, yuzaki qaraganda, tahorat, yaʼni, halollik-poklik sabab roʻy bergan bir baxtli tasodifning sharofati, aslida esa, Xudoning qudrati bilan sevib-sevilib turmush qurishdi. Hoh kutilmagan boʻlsin, hoh kutilgan, har qalay, bir insoniy baxt-saodat shunchalik boʻladi-da!
Ana endi jiddiyroq oʻylab qarang! Jahondagi har bir ota-onaning eng birlamchi orzusi oʻz oʻgʻil-qizlarini sevib-sevilib turmush qurgan, olamdagi eng oliy insoniy baxt-saodatga erishgan holda koʻrish emasmi? Ruhi komil va aqli butun ota-onaning bundan-da ulugʻroq qanday orzusi boʻlishi mumkin?!
Romanni oʻqigan oʻzbekdan boshqa xalqlar vakillari koʻnglida bu singari savollar oʻz-oʻzidan uygʻonadi. Lekin oʻzbek oʻquvchisi bunga mutlaqo ajablanmaydi, chunki u yaxshigina biladi va dil-dildan chuqur his qiladiki, har bir oʻzbekning ota-ona sifatidagi orzusi oʻz zuryodini baxtiyor koʻrish bilangina ushala qolmaydi, balki bundan ham koʻproq boshqalarga namoyish qilish, hattoki ichidan qirindi oʻtib yotgan boʻlsa-da, atrof-javonibdagi doʻst-dushmanlariga oʻzlarini bu olamdagi eng baxtiyor, bekami koʻst insonlar sifatida koʻrsatish, oʻz baxtini koʻz-koʻzlash, kerak boʻlsa, koʻzlarni kuydirib yashash, xullas, oiladek eng shaxsiy masalalarda ham oʻzlarini emas, boshqalarni deb yashash ishtiyoqi hamisha kuchliroqdir.
Ota-onadan oʻgʻilning ruhiy holatiga oʻtsak, yana-da antiqaroq manzarani koʻramiz. Otabekning oʻrnida, masalan, boshqa bir millat vakili boʻlganda ota-onasiga qarshilik bildirib Zaynabga uylanolmasligini aytgan boʻlar baki ammo Otabek bunday demaydi, deyolmaydi, chunki u oʻzbek, oʻzbekning butun fazilat va illatlarini oʻzida mujassamlashtirgan, jumladan, oʻzbekona andisha sohibi. Shu boisdan, masalan, "aqlli kishilarning oʻz oʻgʻillari ustidan qilgan ishlari nojoʻya boʻlmas" qabilidagi nazokatli ishoralar, lutflar, nari borsa, iltimoslar va oʻtinchlar qiladi, lekin zinhor ota-onasining yuziga oyoq qoʻyib, ular bilan haq-huquq talashmaydi, ularning ham yuksak ichki madaniyatiga, oʻzbekona farosatiga umid bogʻlaydi.
Umuman, "Oʻtkan kunlar" romanida, xususan, Otabek siymosida yozuvchi shaxs erki masalasini jiddiy qilib qoʻyadi. Shaxs oʻzining shaxsiy hayotini oʻzi hal qilolmasdan boshqa birovga (hattoki u oʻz ota- onasi boʻlsa ham) bosh-butun topshirib qoʻydimi, bas, uning baxtsizliklari va kulfatlari tobora oshib-toshaveradi, baayni burnidan ip oʻtkazilgan tuyadek achinarli alfozlarga oʻzi istamagan holda tushaveradi! Ayni shu taʼkid Abdulla Qodiriyning ikkinchi asari "Mehrobdan chayon"da oʻz baxti va oʻz erki uchun nisbatan dadilroq kurashuvchi Anvar va, ayniqsa, Raʼnoning jasorati tasvirida nisbatan yaqqolroq uqtiriladi. Har ikki asarda xalqni mustaqillikka olib keluvchi ruhiy asos — shaxs erki ekani insoniy qismatlar misolida sanʼatkorona koʻrsatiladi.
Shaxsning erksizligi qanday insoniy fojialarga olib kelishi mumkinligini "Oʻtkan kunlar" bilan "Mehrobdan chayon" romanlariga nisbatan yana-da kuchliroq, taʼsirchanroq koʻrsatib bergan asar, shubhasiz, "Kecha va kunduz" romanidir. Asarning bosh qahramoni Zebi(nisa) boshidan kechirgan koʻrgiliklarda hamma aybdor: bir tomonda — qahramonning oʻzi, uning erksizligi, huquqsizligi, nochor-notavonligi... ikkinchi tomonda — onasi Qurvonbibi fitnaning boʻsh-bayovligi, otasi Razzoq soʻfining kaltabinligi, Miryoqubning xudbinligi, Xadichaxonning makkorligi, Enaxonning nochorligi, Akbaralining noinsofligi, "Baliq boshidan chiriydi" deganlaridek, asarda koʻrsatilgan eng oliy ruhoniy zot — Hast Eshonning ham oʻz manfaati shaxsiyati yoʻlida haq yoʻlidan ozganligi... Qizigʻi shundaki, asarda hamma oʻz shaxsiy manfaatidan kelib chiqqan holda Zebining baxtsizligiga — shu goʻzal gulgʻunchaning ochilmay erta xazon boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Lekin ulardan birontasi, hattoki el-yurtning ruhiy suyanchiq, ruhiy madadkor, ruhoniy sifatida ishongani Hast Eshon ham "Hoy, musulmonlar, nima qilyapsanlar?! Bu bechora norasida goʻdakni odamga oʻxshab yaxshi yashagani qoʻyinglar-da endi!" deya Zebining atrofini qurshagan noinsoflarni insofga chaqirmaydi, chaqirolmaydi! Asarning "Kecha"ligi, yaʼni, unda koʻrsatilgan ruh osmonining qorongʻu kechadek tim qaro, yaʼni, zimistonligi mana shunda-da!
Nahotki Zebining eng birlamchi insoniy haqqi-huquqini ham himoya qiladigan aqalli bironta musulmoni komil bu "Musulmonobod Turkiston" deya ulugʻlanuvchi qadimiy bir oʻlkada topilmasa?! Asarni oʻqigan oʻzbekdan boshqa xalq vakili boʻlmish kitobxon shunday savollar ustida bosh qotirgan koʻyi hayrat barmogʻini tishlab, yoqasini ushlashi aniq. Lekin oʻzbek kitobxoni mutlaqo ajablanmaydi. Chunki biladi: bu xalq haqiqat yoʻlida oʻz vaqtida yeng shimarib dadil kurashishga nisbatan "Qani, koʻraylik-chi, nima qilar ekan, oxiri qaerga borib toʻxtar ekan" deya "arqonni uzun tashlab" kutishni, jimgina sukut saqlashni, tomoshabinlikni xush koʻradi. Har qanday zolimning ham kunlardan bir kuni insofga kelishidan umidini uzmay sabr-toqat bilan kutadi. Lekin pichoq borib suyakka qadalganida... shunaqangi portlaydiki, natijada, deylik, Choʻlponning "Kecha"sidek jamiyatni ham, ruhiyatni ham, mohiyatni ham larzaga keltira oladigan badiiy tafakkur moʻʼjizasini beixtiyor yaratib qoʻyadi.
Bunday moʻʼjizalar koʻzlarini oʻtdek kuydirgan chogʻida xalq ichidagi gʻalamis kimsalar ham favqulodda jumbushga kelib, "Oʻzing nega xotiningga kalish obermaysan?" deya afandini aybdor qilishga uringan oʻgʻridek, oʻsha moʻʼjiza sohiblarini har bob bilan yomonotliq qilishga urinadilar. Ayniqsa, oʻzbek xalqida bunday urinishlar kutilgan samaralarini beradi ham! Xususan, "Kecha va kunduz" romanidan keyin Abdulhamid Choʻlponni, deylik, bir hovuch shotut atrofida kurakka turmas bahonalar bilan yomonotliq qilishlar boshlanib ketgani bugungi kunda barchaga maʼlum.
Abdulhamid Choʻlpon va Abdulla Qodiriydek ulkan soʻz sanʼatkorlari, haqgoʻy adiblarimizga nohaq taqalgan ayblarning eng ommaviysi ularni xalq hayotini qora boʻyoqlarda koʻrsatish va xalq hayotidagi ijobiy hodisalarni koʻrolmaslikda ayblash boʻlgani mutlaqo bejiz emasdir. Gap hamisha mevali daraxtga tosh otilishidagina emas, balki har bir buyuk yozuvchining ijodiy faoliyatida bunday ayblovlar uchun asos hamisha etarli boʻlishidadir. "Doʻst achitib aytadi, dushman kuldirib", deydi xalqimiz. Buyuk adibning kuyib-yonib aytgan har bir sidqidil gapi achitish, achintirish, kuydirish-yondirish qudratiga egadir.
Oʻzbek badiiy nasrida soʻz vositasida goʻyoki jonli odam qiyofasini badiiy gavdalantirish, nasrda toʻlaqonli adabiy qahramon siymosini yaratish Abdulla Qodiriy ijodi, xususan, "Oʻtkan kunlar" romanidan boshlandi. Yana shunisi ham borki, oʻzbek romanchiligining asoschisi oʻzining "Oʻtkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlarida u yoki bu adabiy qahramonning insoniy qismati, boshidan kechirganlari, saʼy-harakatlari, tashqi qiyofalarini ipga tizilgan marjondek izchil va aniq-tiniq tasvirlab koʻrsatish, ayrim hollarda esa, taʼriflash yoʻlidan boradi. Garchi jahon romanchiligining yutuqlaridan yaxshigina xabardor boʻlsa-da, anʼanaviy dostonlar ruhida tarbiyalangan oʻzbek kitobxonining idrokini nazarda tutgan holda qahramonning muayyan ruhiy holati, oʻy-kechinmalari, ruhiy olamini mutlaqo tahlil etmaydi. Mohir rassom va yo rejisserdek ichki dunyoni tashqi qiyofada va hatti-harakatlarda berishni maʼqul koʻradi. Demoqchimizki, masalan, Abdulla Qodiriyning oʻrnida Fedor Dostoevskiy va yo Odil Yoqubov boʻlganida, deylik, sevimli xotini Kumushni sevmas xotini Zaynab zaharlab oʻldirganidan keyingi Otabekning ruhiy holatini — ayni shu ruhiy holatni butun boshli bir romanda atroflicha tahlil etishi ehtimol edi. Lekin Abdulla Qodiriy jahon romanchiligining bu boradagi yutuqlaridan xabardor boʻlgani holda, oʻzbek kitobxonining idrokini nazarda tutib, qahramonning muayyan ruhiy holatiga chuqur kirib boishdan oʻzini tiyadi, ruhiyatni tahlil etmaydi, balki uni tashqi qiyofada va hatti-harakatlarda koʻrsatadi.
Agar oʻzbek romanchiligiga Abdulla Qodiriy asos solgan boʻlsa, oʻzbek romanida ruhiy holat tahliliga asos solgan yozuvchi, shak-shubhasiz, Abdulhamid Choʻlpondir. "Kecha va kunduz" romanida atigi birgina oʻrinda ruhiy holat tahlili namunasini koʻramiz. Bu Bibi Maryam (Mariya Stepanovna Astrova)ni islovatxonadan olib chiqib, jismonan tozalanish va ruhan poklanish yoʻlini qidirib turgan Miryoqubning oʻz-oʻzini sud qilishi bilan bogʻliq iztiroblari qalamga olingan sahifalardir. Asardagi boshqa biron qahramon biron joyda oʻz-oʻziga aqalli birrovgina nazar tashlab, qalbiga quloq solmaydi. Deylik, Stendal qahramonlari singari ichki nutqqa, iztirobli oʻylarga berilmaydi. Aqalli biron marta "Nima qilyapman oʻzi?" deya oʻylab koʻrmaydi. Faqat pichoq borib suyakka qadalganida — bor-yoʻq bud-shudlari, koʻzlarining oqi-qorasi, yolgʻiz zuryodlari Zebi Sibirga surgun qilinganida munis-mushtipar ota-ona beixtiyor portlaydi: Qurvonbibi fitna aqldan ozadi, Razzoq soʻfi piri murshidi Hast Eshonning qotiliga aylanadi. Razzoq soʻfining Eshonga qarata aytgan gaplari "Kecha va kunduz" romanidagi nasriy soʻzning badiiy jihatdan eng yuksak choʻqqisi, chunki u oddiygina gap emas, dil soʻzlari, yurakdan aytilgan gap, nafaqat Eshon, balki jami tinglovchilar va oʻquvchilar oldiga koʻndalang qoʻyilgan jiddiy savollar, jon achchigʻida aytilgan achchiq va haq SOʻZ!.. Asar soʻnggida aqldan ozgan Qurvonbibi fitna tilidan Zebi taʼrifida keltirilgan sheʼriy satrlar esa, nafaqat munis-mushtipar onaning dil rozi, balki butun asarning avj pardasi, qahramon ruhiy holatini sheʼriy tahlil qilishning goʻzal namunasi hamdir.
Oʻzbek romanchiligi va undagi ruhiy holatlar tahlili sanʼatining tadrijiy takomilida betakror oʻrin tutuvchi bu ikki roman boshqa bir qator ibratli jihatlarga ham ega. Agar "Oʻtkan kunlar"da XIX asrning birinchi yarmi, "Mehrobdan chayon"da shu asrning ikkinchi yarmi, "Kecha va kunduz"da mazkur asrning soʻnggi oʻn yilligi, "Qutlugʻ qon" bilan "Sarob"da XX asr boshlari, "Navoiy"da esa, XV asrning ikkinchi yarmida yashagan oʻzbek xalqining hayoti va ruhiy holati haqqoniy aks ettirilgan boʻlsa, "Ulugʻbek xazinasi"da XV asr (qariyb bir asr!), "Diyonat"da esa, XX asr (asrning 10-yillaridan to 70-yillariga qadar) eslash, muqoyasa qilish, qayta idrok etish kabi ruhiy tahlil vositalari orqali loʻnda va haqqoniy tarzda badiiy gavdalantirib berildi. Agar bu har biri qariyb bir asrlik tarixni xronologik izchillikdagi tasvirda koʻrsatuvchi anʼanaviy yoʻlda yoritilganida bir necha oʻnlab jildlik asarlar ham kamlik qilishi ehtimol edi.
“Oʻtgan kunlar “ va “Kecha va Kunduz” romanlari va ulardan keyin dunyoga kelgan talaygina asarlarda ruhiy holat tahlili bobida toʻplangan boy tajribalar kelgusida ulkan tadqiqotlarga asos boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Qodiriy oʻzining "Oʻtkan kunlar" romanida yaratgan tom maʼnodagi nuroniy va ruhoniy zot Yusufbek hoji, garchi ruhoniy sifatida qori, mufti, shayx.emas, nihoyati hoji boʻlsa-da, adabiyotimizda oʻz qadrini ham, oʻzgalar qadrini ham, xalq va Halloq qadrini ham gʻoyat baland tutgan eng oliy tabaqa, oliyjanob, qadri baland, qadrshunos, qadrdon zotdir. "Bu dargohdan hech kimning norizo boʻlib ketmogʻi mumkin emas". Shu birgina gapda insonning oʻzini va oʻzgalarni nechogʻli yuksak qadrlashi bor! Oʻz xonadonini oddiygina boshpana emas, Haq Taoloning dargohi deb bilish bor. Tilga koʻchgan shu kabi har bir soʻzi, bosgan har bir qadamida Haqning yodi va andishasi bor, xullas, Qadr bor! Lekin "Mehrobdan chayon" romanidagi Solih Mahdumda, "Kecha va kunduz" romanidagi Razzoq Soʻfida vaHazrati Eshonda, qadrdan urvoq ham yoʻq. Binobarin, bu adabiy qahramonlar tom maʼnodagi ruhoniy zot emas, garchi ular "mahdum", "soʻfi", "eshon", deb atalsalar-da, bular qarib quyulmagan, oʻz koʻngillaridagi bebaho ruhiy qadriyatlardan mahrum boʻlib ruhan qashshoqlashgan tuban kimsalardir.
Xalqning ishongani, suyangani, ruhiy tayanchi — mahdum, soʻfi, eshon, oqsoqol, qori, mufti, shayxdek ruhoniy zotlarning ruhidan putur ketib, ular tubanlika yuz tutgan joyda ana oʻsha xalqning holiga voy! Masalan, "Kecha va kunduz " romanidagi norasida qizaloq Zebining boshiga bexos yogʻilgan jamiki koʻrgiliklarning tub ildizi Razzoq soʻfidek muridlarga toʻgʻri yoʻnalish bermagan va Akbarali mingboshidek haddidan oshgan amaldorlarni bir ogʻiz insofga chaqirolmaydigan, oʻzi ham qalbidagi insof va qadr kabi bebaho ganjinalardan mahrum boʻlib tubanlashgan Hazrat Eshonga borib taqaladi. Xalqimizning "Eshonim deb eshagimdan ayrildim" degan istehzoli maqoli ham Xoʻja Nasriddin afandidek eng soʻnggi bud-shudi, suyanchigʻi, kundalik tirikchilik tayanchidan ajragan odamning koʻnglidan beixtiyor otilib chiqqan oʻziga xos oh-faryoddir.
Oʻz qadrini naqadar baland tutishi oʻzbek xalqining nainki hikmatli gapida, shohbaytida, gʻazalida, dostonida...ham ayon koʻrinib turadi. Keyingi qariyb bir asrdan buyon u, ayniqsa, uch nasriy janr — hikoya, qissa va romanda ayon koʻrinmoqda.
Maʼlumki, birinchi oʻzbek romani "Oʻtkan kunlar" jahon adabiyotining peshqadam janri — romanning, oʻzbek tili va oʻzbek adabiyotining qadrini tushiradigan emas, aksincha oshiradigan, oshirganda ham, jahonshumul dovrugʻiga yangi dovrugʻ qoʻsha oladigan asar boʻlib chiqdi. Bunday har jihatdan barkamol asarning ilk roman sifatida paydo boʻlishini favqulodda hodisa, hattoki tasodifiy hol deb qarash anchagina keng tarqalgan. Xolbuki bu oʻrinda mutlaqo tasodif yoʻq, balki aksincha ulkan qonuniyat bordir. Hamisha oqqan ariqdan suv oqqanidek, oʻzbek xalqining xalq sifatidagi oʻzligini, oʻz qadr-qimmatini yana bir karra anglash va oʻzining nimalarga qodirligini jahonga yana bir karra koʻr satish imkoniyati, salohiyati bunda mujassamdir. Zotan, Abdulla Qodiriy XX asr boshlaridagi jahon romanchiligini, oʻziga ruhan yaqinroq hind, arab va turk romanchiligini, ayniqsa, Jurji Zaydonning tarixiy romanlari, Rashod Nuri Guntekinning "Choliqushi", Ismoilbek Gasprinskiyning "Dorulrohat musulmonlari" romanlarini, bu asarlarning badiiyat darajasini juda yaxshi bilar edi. Binobarin, oʻz oldida nafaqat birinchi oʻzbek romanini yaratish, balki uni, xuddi Alisher Navoiy oʻz "Hamsa"sini Nizomiy, Dehlaviy va Jomiy "Hamsa"laridan oshirganidek, Jurji Zaydon, Guntekin va Gasprinskiy romanlaridan oshirish vazifasi ham turganini, oʻzbek xalqining xalq sifatidagi shaʼni ham shuni taqozo etishini, oʻzi va oʻz xalqi bunga munosib va qodirligini juda yaxshi tushunar edi. Qodiriy bu har ikki vazifani sharaf bilan qoyilmaqom qilib ado etdi! Bu ulugʻ ustozning Choʻlpon, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovdek eng munosib shogirdlari ham, mustamlaka sharoitida aql bovar qilmas darajadagi mushkul vaziyatlarda ham oʻzbek romanchiligining olamshumul qadrini baland tutib keldilar. Shuni komil ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bugungi kunda jahon romanchilik maktablarining hech biridan qolishmaydigan, baʼzi bir jihatlardan, xususan, inson ruhiy dunyosiga chuqur kirib borish — teran ruhiy tahlil bobida anchagina oʻzib chiqqan qudratli oʻzbek romanchilik maktabi, buyuk Qodiriy oʻziga va oʻz xalqiga munosib tarzda asos solgan maktab havas qilsa arzigulik darajada ishlab turibdi. Lekin ochigʻini aytish kerak, jahondagi boshqa halqlarga nisbatan oʻzbek xalqida bu maktabning tugʻilishi, yashab ketishi va rivojlanishi beqiyos darajada ogʻir kechdi. Buning tub sabablarini mustamlaka tuzumning kirdikorlaridangina emas, oʻzbek xalqining xalq sifatidagi milliy mentalitetidan ham qidirish kerak boʻladi. Gap shundaki, oʻzbekning hinddan, arabdan, turk bilan tatardan, jahonning boshqa eng qadimiy va hozirda taraqqiy etgan xalqlaridan bir farqli jihati borki, deylik, butun hind xalqi yoppasiga oʻz yoʻlboshchisi Maxatma Gandiga yakdil, yaktan, yaknafas boʻlib birlashib ketganidek, bu xalq aksariyat hollarda bir yoʻlboshchining atrofida koʻngildagidek birlasholmaydi. Oʻziga xon, oʻziga bek, har bir vakili oʻzicha bir poshsho xalqqa hamisha qattiq pand beradigan eng oqsoq jihat ham shu!.
Mustamlaka tuzumlar, ayniqsa, mustabid Shoʻro tuzumi jonini jabborga berib ishlayotgan fidoyi zahmatkash va xalqni yangi yoʻlga boshlayotgan fidoyi yoʻlboshchini har bob bilan yomonotliq qilishga tayyor Yortiboy oqsoqoldek kaltabinlardan, uzoqni koʻrolmaydigan, baxil, boshi qovushmaydigan noahil, nazari past, tuban kimsalardan ustalik bilan foydalandi. Ukani akaga, jiyanni togʻaga, bolani otaga, nevarani boboga qarshi qayrab solib, odam bolasini oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida hammani va hamma muqaddas qadriyatlarni, hatto oʻz vijdonini ham arzimas choychaqaga sotib yuboradigan, xullas, oʻz insoniy qadrini mutlaqo bilmaydigan tuban kimsaga, ongsiz bir mahluqqa aylantirishga urindi. Tabiiyki, bunday gʻayriinsoniy holatlarga qarshi isyon koʻtarib, insof va qadr, diyonat va adolatga daʼvat etgan fidoyi zotlar bu tuzumning ashaddiy dushmanlari sifatida yana-da qattiqroq yomonotliq qilindi. Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat kabi fidoyi zotlarga otilgan malomat toshlarining qoq yarmi mustabid tuzumga, qoq yarmi ana oʻsha otasini ham sotadigan kimsalarga tegishli edi. Xolbuki bu xalqning "oʻzidan chiqqan balolar" mustamlaka sharoitidagina emas, mustaqillik sharoitida ham bir xalqqa etib ortgulik darajada edi. Mana shunday nohaq malomatlardan va xizmatga tuhmatlardan yuragi oʻrtangan buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy besh yarim asr muqaddam oʻzining eng purhikmat shohbaytlaridan birini ukasi Darvishaliga atab shunday bitgan edi: "Navosiz ulusning navobaxshi boʻl, Navoiy yomon boʻlsa, sen yaxshi boʻl". Qariyb toʻqqiz asr muqaddam avliyolar sarvari Ahmad Yassaviy hazratlari esa, bu xalqqa xos eng manfur illatlar oldida oʻzining nochor-noilojligini izhor qilib, shunday oʻta sodda, etti yoshdan etmish yoshgacha har bir oʻzbek oson tushuna oladigan hikmatli satrni bitgan edilar: "Yer ostiga qochib kirdim nodonlardin..." Shuning uchun ham xalqimizda yuzaki qaraganda yengil kulgu uchun, aslida achchiq istehzo bilan aytilgan bir hikmatli gap borki, "Botir botir emas, yomondan qochib qutulgan botir". Xullas, shunisi aniqki, har qanday yangilik ham, buyuklik ham, qahramonlik ham boshqa xalqlarga nisbatan oʻzbek xalqida bir necha baravar koʻproq qarshilikka uchrab, ming mashaqqat bilan oʻziga yoʻl ochadi. Tabiiyki, yoʻl boshidayoq yo oʻrtasiga ham etib borolmay jon taslim qilganlar yana-da koʻproq... Ahmad Yassaviy hazratlarining yana bir hikmatli satri ham shundan dalolatdir: "Bu yoʻllarda jon bermasdan imkoni yoʻq".
Nima boʻlganda ham chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaganiday, ezgulik yoʻlida sobit qadrshunos yoʻlchi malomatlardan qoʻrqib bu yoʻldan ozmaydi. Ulugʻ xalqning ulugʻ farzandlari har xil shamoyillardagi yomonotliq qilishlarga achchiqma-achchiq eng oliy murod-maqsad manzillari tomon intilaveradilar; koʻngillarga yaxshilik, ezgulik, olijanoblik, shaʼn-shavkat, qadr-qimmat urugʻlarini ekaveradilar.Ular inson qadri, xalq qadri, Vatan qadrini pasaytirish emas, yuksaltirish, uni umuminsoniy yuksakliklarga koʻtarish yoʻlida baholi qudrat xizmat qilganlar, xizmat qilmoqdalar va albatta xizmat qilaveradilar. Ayniqsa, Shoʻro tuzumi, deylik, Abdulla Qodiriydan to Mirtemirga qadar ne bir fidoyi zotlarni hamisha moddiy muhtojlikda saqlab turish, tarjima, tahrir, tanqid, taqriz va boshqa xil, chinakam soʻz sanʼatkori uchun ikkinchi va uchinchi darajali, hattoki isteʼdodsiz yozgʻuvchining nochorgina qoralamasini "epaqaga keltirish" singari "qora ishlar" bilan muttasil band qilib turish, xuddi qoʻyning taqdirini boʻrining qoʻliga topshirgandek, isteʼdodning bosh ustiga isteʼdodsiz qalamkashni rahbar va qorovul qilib qoʻyish singari behisob "hiylai shaʼriy usul"larni qoʻllashda ustasi farang edi, toki chinakam isteʼdod bosh koʻtarib, oʻz qadri, oʻz xalqining qadri, muqaddas Vatanining qadri xususida "doʻppini boshdan olib" jiddiyroq oʻylashga holi qolmasin.
Oʻzbek romanchiligining ikki sarbaland choʻqqisi — "Oʻtkan kunlar" bilan "Kecha va kunduz" asarlarini olib qarasak, ularning birinchisida xalq taqdiriga qaygʻurgan fidoyi zotlar (Ota — Yusufbek hoji va otaga munosib oʻgʻil — Otabek) ning insoniy qismatlari misolida, ikkinchisida esa, faqatgina oʻz shaxsiy manfaatini oʻylab, qornining qaygʻusini chekib, huzur-halovatini koʻzlab yashovchi xudbin kimsalar qurshovida xor-zor boʻlgan begunoh jon — Zebining koʻrgiliklari misolida butun boshli bir davrdagi butun boshli bir xalq — XIX asrning ikkinchi yarmidagi oʻzbekning ahvol-ruhiyasi, milliy ruh atroflicha ochib koʻrsatiladi.
Sohir qoʻshiq, mumtoz katta ashula, "epos" desa degudek ulugʻvor doston kamdan-kam, bitta-ikkita boʻlgani kabi, har jihatdan barkamol hikoya, qissa va yo roman ham noyob hodisalar xisoblanadi. Ularning har biri oʻz xalqining betakror ruhiy qadriyati va milliy boyligidir.
Lekin qadrda ham qadr, boylikda ham boylik, qadriyatda ham qadriyat bor! Oʻzining insoniy qadr-qimmatini bilmaydigan, qadrini baland tutishga intilmaydigan, aksincha, oʻzini oʻzi qadrsizlantiradigan nazari past adabiy qahramon, har qancha mahorat bilan badiiy gavdalantirilib, yorqin boʻyoqlarda chizib koʻsatilmasin, oʻquvchida muhabbat, havas, hurmat kabi ijobiy tuygʻular emas, aksincha, nafrat, jirkanish, ijirgʻanish kabi salbiy hissiyotlar uygʻotib, koʻp hollarda kitobxonning taʼbini kir, koʻnglini xira, dilini xufton qilishga yaraydi. Bunday asar nari borsa koʻngillarda achinish tuygʻusini uygʻotadi, xolos. Diqqat qiling: "Oʻtkan kunlar" romanining har bir qahramonida, hattoki "Alpomish" dostonidagi Qultoyni eslatuvchi oʻziga xos qul — oilaviy xizmatkor Hasanalida ham, aytish mumkinki, ilohiy bir ulugʻvorlik, otaliq salobati, viqor, oʻz qadrini baland tutish, qadrni bilish bor. Menimcha, asarning eng birlamchi joziba kuchi, ohangrabosi, oʻquvchini oʻziga maftun etuvchi mehrigiyosi mana shudir. Afsuski, "Kecha va kunduz" romani dastlab dunyoga kelganida ham, ellik uch yillik tanaffusdan keyin 1988 yilda qayta yorugʻlik koʻrganida ham "Oʻtkan kunlar" romanidek xalqimiz tomonidan qoʻlma-qoʻl boʻlib va qoʻldan qoʻymay oʻqilmadi. Buning eng birlamchi sababi ham, menimcha, shundaki, garchi asar badiiy mahorat va jahon romanchiligi tajribalaridan yana-da puxtaroq foydalanish nuqtai nazaridan "Oʻtkan kunlar"ga nisbatan balandroq tursa-da, qahramonlarning oʻz qadrini mutlaqo bilmasliklari, yarmi iflos va faxshga botgan, yarmining xor va abgorligi... asarning jozibasi, ohangrabosi, oʻziga tortish qudratining qariyb qoq yarmini yoʻqqa chiqaradi. Aksariyat qahramonlar, hattoki Qurvonbibi, Saltanat, Enaxon, Oʻlmasjon, Xolmat kabi ijobiy deb xisoblanuvchi qahramonlar ham koʻngillarda xayrixohlik va mehr-muhabbat emas, nafrat, achinish, ijirgʻanish singari noxush tuygʻular uygʻotadi. Bosh qaharmon Zebining bolalarcha soddadilligi, oqkoʻngilligi, qalbi begʻuborligi havas qilgulik boʻlsa-da, oʻtaketgan omi, gʻofil, oq-qorani tanimaydigan, oʻz qadrini mutlaqo bilmaydigan nochor-notavon bir kimsaligi... oʻquvchini achintiradi, afsuslantiradi, qahramonga va uni yaratgan yozuvchiga kitobxonning ixlosini susaytiradi. Chunki odam bolasining tabiati shundayki, u zamondan orqada qolgan odamga emas, aksincha, oʻz zamonidan oʻzib ketgan, aqalli zamonga hamqadam-hamnafas boʻlib yashayotgan odamgagina havas, ixlos, mehr-muhabbat singari yuksak insoniy tuygʻular ogʻushida qaraydi. "Zamon senga boqmasa sen zamonga boq" deydi xalqimiz. Zamonga xos yetakchi xususiyatlar ifodasini hamisha ana oʻsha zamondan orqada, gʻaflatda "almisoqdan" qolgan kimsada emas, aksincha, eng ilgʻor qarashli zamondoshda, zamondan oʻzib yashayotgan oʻz zamonining tom maʼnodagi qahramonlarida yaqqol koʻrishimiz tabiiydir. Zotan odam bolasining oʻz qadrini teran anglashi avvalo uning dunyoqarashi nechogʻli keng ekanligiga uzviy bogʻliqdir. Afsuski, mustaqillik davri oʻzbek romanlarida toʻlaqonli shaxs, buyuk bir xalqning vakili, mustaqil davlat fuqarosi sifatidagi oʻzligini, oʻz qadrini yaxshi biladigan dunyoqarashi keng adabiy qahramonni, ayniqsa, zamonaviy mavzudagi asarlarda qariyb uchratmaymiz.39
3.2. Roman qahramonlarining fojeasi. Oʻlim motivi
Maʼlumki, XX asr oʻzbek adabiyotida qahramon fojiasi – oʻlimi tasvirini ifoda etuvchi koʻplab asarlar yaratilgan. Ayrim oʻrinlarda oʻlim motivi milliy ozodlik yoʻlidagi ichki va tashqi kurashlarni aks ettirishda, muallif konsepsiyasini harakatlantirishda eng muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib xizmat qilgan. Masalan, Abdulla Qodiriyning “ Oʻtkan kunlar” romanidagi Kumushning fojiali oʻlimi, qolaversa Otabekning vafoti , “Kecha va kunduz”da Zebi, Mingboshining toʻrt xotinidan yagona farzandi, Miryoqubning yagona oʻgʻil zurriyoti, “Ikki eshik orasi”da Kimsan va Munavvarning oʻlimi kabilar . Bularning oʻziga xosligi bu qahramonlarning aksariyati yolgʻiz farzand ekanligi va koʻpchiligi fojiali tarzda vafot etgan. Shu oʻrinda, “yolgʻiz farzand” muammosi oʻzbek mumtoz adabiyoti, jumladan: “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” va xalq ogʻzaki ijodi namunalari (masalan, “Tohir va Zuhra”)da ham anʼanaviy motiv darajasiga koʻtarilganligini taʼkidlab oʻtish joiz. Bunday asarlarda bir qarashda oddiygina bir asar qahramonining fojeali taqdiri toʻgʻrisida hikoya qilinayotgandek tuyulsa, boshqa bir tarafdan muallifning ijtimoiy-siyosiy qarashlarini, siyosiy tuzumning oqibatlarini yashirin tarzda hikoya qilishning bir usuli desak toʻgʻri boʻladi.
Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov badiiy asarning aktual va tub estetik qatlamlari xususida toʻxtalib, aktual qatlam asarning ijtimoiy-siyosiy mohiyatini aks ettirib, u bevosita asar yaratilgan davrning ijtimoiy-siyosiy maqsadlariga qaratilishi, aktual qatlamning yuzadagisi “qizil koʻzoynakli” kitobxon uchun, tubandagisi xos oʻquvchi uchun moʻljallangan, degan fikrni aytgan. Demak, muayyan asarlardagi “yolgʻiz farzand” muammosi va uning halok yoki parokanda boʻlishi tasvirida aks etgan obrazli tafakkur tushunchasi aktual qatlamning tubandagisiga xos boʻlib, anʼanaviy kitobxonlar emas, balki maxsus auditoriya uchun moʻljallangandir.
Albatta, xorij olimlarining asosiy oʻrganish obʼyektlari hisoblangan: “Padarkush”, “Chin sevish”, “Hind ixtilochilari”, “Zaharli hayot”, “Baxtsiz kuyov”, “Oʻtkan kunlar”, “Doktor Muhammadiyor”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Tushda kechgan umrlar” kabi asarlarda oʻlim mavzusining anʼana darajasiga koʻtarilishi turli xil sabablarga asoslanadi. Shuningdek, badiiy asardagi barcha qahramonlar taqdiri oʻlim bilan yakun topsa-da, har bir asardagi oʻlimni keltirib chiqargan sabablar, uning oqibatlari, vaziyat-holatlar ifodasidan koʻzlangan estetik maqsad, qahramonlar maʼnaviy-ruhiy olami kabi faktorlarga koʻra, fojia sabablari (yoki sababchilari)ni ham turli xil nuqtai nazar bilan izohlash mumkin. Jumladan, Behbudiyning “Padarkush”, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Hamzaning “Zaharli xayot”, Choʻlponning “Doktor Muhammadiyor” drama va hikoyalarida maʼnaviy inqiroz, savodsizlik, aqidaparastlik oqibatida oʻlimga yuz tutgan qahramonlar taqdiri jamiyat va odamlarning muayyan kesimi misolida qalamga olingan. Umuman, XX asr oʻzbek adabiyoti, xususan, jadid adabiyotining ayrim namunalarida oʻlim motivining syujet markaziga koʻtarilishida oʻsha davr ijtimoiy-maʼnaviy inqirozining dahshatli oqibatlarini xalqqa vositali tarzda koʻrsatish orqali millat onggini uygʻotish, mustamlakachilikka qarshi kurash gʻoyasi yotadi. Bu asarlarda qahramonlarni ruhiy tahlil qilishdan koʻra, voqea bayoni ustuvorlik qiladi. Masalan, “Oʻtkan kunlar”ning soʻngida Otabekning oʻlimini olsak, “1277-yilning kuz kezlarida boʻlsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyootadan yozar edi.
“Oʻgʻlingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qoʻshunda edi. Olmaota ustidagi oʻrus bilan toʻqunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid boʻldi. Men oʻz qoʻlim bilan ikkisini dafn etdim…”
Yusufbek hoji xatmi qurʼon qilib yurtka osh berdi, Oʻzbek oyim qora kiyib taʼziya ochdi”.
Bu oʻrinda muallif yana voqeaning tasviriga eʼtibor qaratadi va na Otabekning va na yolgʻiz farzandidan ayrilgan ota onaning oʻy xayollari his –tuygʻulariga toʻxtalmaydi. Biroq bu holat asarning taʼsir kuchini aslo pasaytirgan emas va aksincha, uning tasirchanligini oshirgan. Agar muallif asardagi har bir obrazning ichki kechinmalarini ochil dasturxon kabi tayyor yozib qoʻyganda edi u asarning bu qadar goʻzalligini yoʻqolishiga sabab boʻlardi. Qolaversa, asarni oʻqigan inson bevosita har bir jumlani etibor bilan oʻqishga va undagi qandaydir jumboqni yechishga urinadi, muallif oʻquvchini mehnat qilishga undaydi. Masalan, yuqoridagi misolda farzandidan ajralga ota-ona hatto koʻz yosh toʻkishdi deyilgan oʻrin ham yoʻq, chunki muallif asardagi har bir gap har bir soʻzni oʻz oʻrnida qoʻllagan, biror bir ortiqcha elementni qoʻshmaganligini koʻrish qiyin emas. Farzandining bunday shahid ketishi hech bir ota- onani iztirobga solmasligi mumkin emas, shunday ekan ularning oydek ravshan boʻlib turgan ichki kechinmalari asarda ortiqchalik qilishi tabiiy.
Umuman olganda, ilk fojiaviy drama muallifi Behbudiydan tortib, Fitrat, Hamza, Qodiriy, Choʻlpongacha boʻlgan mualliflarning tragik mavzularda ijod qilishi mutlaqo tasodifiy emasdi. Mazkur asarlar oʻsha davr va jamiyat uchun juda muhim ijtimoiy-maʼrifiy ogohnoma edi. Mualliflarning ijtimoiy-estetik maqsad-muddaolari oʻz asarlari vositasida, insonning yuragiga yetib boradigan, koʻzini ochishga, oʻzligini anglashga, eng muhimi, yaqin kelajakda ularni kutayotgan iztirobli fojialarning dahshatli oqibatlarini koʻrsatib berishdan iborat boʻlgan. Obrazli qilib aytganda, biron-bir jiddiy fojia sabab boʻlmaguncha muayyan “qoʻrgʻon” ning mustahkam devori oʻpirilmaydi. Aslida, oʻsha fojia simptomlari ichki faktorlardan izlansa, mohiyatni oydinlashtirish oson kechadi. Shuning uchun ham jadid adabiyotining ayrim namunalari syujeti markazida ekstremal vaziyatlar tahlili, yaʼni, oʻlim turgan. Qolaversa, Aristotel qayd etganidek: “fojiaviy asar iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqea tasviridir”.
Qolaversa, mualliflar muayyan badiiy asardagi qahramon oʻlimi vositasida ziddiyatlarga toʻla hayot mohiyatini aks ettirish, “oʻlim” judolik, ayriliq va real xavfdan iborat yoqimsiz hodisa ekanligini namoyon etishni ham maqsad qilganlar. Bunga Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Qutlugʻ qon”, Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romanlarini misol qilish mumkin.
XX asr oʻzbek adabiyoti namunalarida aks etgan qahramon oʻlimi muammosi Roberta Mariya tadqiqotlarida yana bir oʻziga xos uslubda yechiladi. Adabiy qahramonning oʻz ajali bilan halok boʻlmasligi masalasiga diqqat qaratgan Roberta Mariya tadqiqotlarida fojia tasvirida jonli hayot kartinalarini koʻrishga moyillik kuzatiladi. Uning taʼkidlashicha: “badiiy asarlarda aks etgan obrazlarning oʻz ajali bilan halok boʻlmasliklari (yoki fojiaga yuz tutmasliklari)ni tasvirlashda jonli yoʻnalishlardan foydalanilgan va Markaziy Osiyodagi oilalarni majoziy yoʻl bilan tasvirlash orqali mualliflar oʻsha yillardagi oʻlim dahshatini ham badiiy asarlarga singdirib yuborgan.
Roberta Mariya Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotida ijtimoiy-badiiy maqsad aks etganiga diqqat qaratadi. Ramziy ifoda mohiyatida real fojia tasviri mujassam deb biladi. U adabiyot real hayotga tezkor amaliy taʼsir qiladi, deb hisoblaydi. Shu bois ham, davr fojialarining poetik ifodasi na hayot oʻzanini oʻzgartirdi, na mualliflarni qatagʻonlar changalidan asray oldi, demoqchi boʻladi. Biroq, uning adabiy qahramonlar fojiasiga sababchi boʻluvchi (“Oʻtkan kunlar” romanidagi Zaynab, Xushroʻybibi va “Boy ila xizmatchi” dramasidagi kundosh Poshshaoy kabi ) “katalizator obrazlar”ga diqqat qaratishi ahamiyatlidir. Chindan ham Sharq adabiyotida “raqib”, “kundosh”, “sadoqatli yor”, “fidoyi oshiq” kabi obrazlar vositasida fojiani tezlashtirish hollari mavjud. Biroq, ular muqarrar fojianing yagona omili sanalmaydi. Bunga “Oʻtkan kunlar” da Zaynabning Kumushni zahar berib oʻldirishini misol qilib keltirish mumkin. Yuzaki qaraganda Kumushning yagona qotili Zaynabdek koʻrinsa-da aslida Kumush oʻsha davr tuzumining , jaholat botqogʻiga botib borayotgan xalqning tor doiradagi fikrlarining qurboni boʻldi deyish mumkin. Yaʼni jamiyatning parokanda boʻlishi faqatgina mustamlakachilarning qilmishi tufayligina emas shu mustamlakaga zamin yaratib bergan ichki nizolar , bilimsizlik oqibati ekanligini muallif tushuntirishga urinadi.
Biroq, olimaning adabiy qahramon qismatini toʻgʻridan-toʻgʻri davr va ijodkor qismatiga bogʻlashi oʻzini toʻla oqlamaydi. Chunki badiiy matn hamisha ham oʻz ijodkori istagiga boʻysunmaydigan, ichki rivojlanish qonuniyatlariga ega hodisadir. Masalan, Abdulla Qodiriy Kumushni oʻldirishdan oʻzga chora topa olmagan, oʻzi ijod qilgan qahramon qismatiga achinib koʻz yosh toʻkishdan tiyila olmagan edi. Qolaversa, qatagʻon siyosati Markaziy Osiyo hududlaridan ancha chetga chiqadi. U hatto oʻz ijodkorlarini ham mahv etadi. Demak, adabiy vosita talqini muallif qismati yoxud muayyan davr gʻoyaviy intilishlari doirasidan kengroq miqyoslarda izohlashni talab etadi. Zotan, Kumush yoki Gʻofir fojiasini Behbudiy, Hamza, Fitrat, Qodiriy, Choʻlponlar ayanchli qismatiga bogʻlash oʻzini toʻla oqlamaydi. Bunday xulosa muallif va adabiy qahramon oʻrtasiga tenglik alomati qoʻyishdek bir tomonlama yondashuv oqibatida kelib chiqqan. Adabiyot tarixiga nazar solar ekanmiz davr siyosiy ijtimoiy tuzumining oʻzgarib borishi tufayli adabiyotda ham ayollar obrazi turli davrlarda turlicha talqin qilinganligining guvohi boʻlishimiz mumkin. Xususan Jadid adabiyoti namunalarini koʻrib chiqsak, ayol obrazi bu davr adabiyotida ancha kurashuvchan, mavjud tuzumga boʻysunmaydigan tarzda yoki aksincha mavjud tuzumning asosiy qurboni sifatida maydonga chiqishining guvohi boʻlishimiz mumkin. Masalan , Abdulla Qodiriyning “ Oʻtkan kunlar” asaridagi Kumush obraziga uning tashqi koʻrinishiga nazar tashlaydigan boʻlsak: “qora zulfi par yostiqning turlik tomonigʻa tartibsiz suratda toʻzgʻib, quyuq jinggila kiprak ostidagʻi timqora koʻzlari bir nuqtagʻa tikilgan-da, nimadir bir narsani koʻrgan kabi... qop-qora kamon, oʻtib ketkan nafis, qiyigʻ qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan choʻchigan kabi... toʻlgʻan oydek gʻuborsiz oq yuzi bir oz qizilliqgʻa aylangan-da, kimdandir uyalgʻan kabi... Shu vaqt koʻrpani qayirib ushlagan oq nozik qoʻllari bilan latif burnining oʻng tomonida, tabiʼatning nihoyatda usta qoʻli bilan qoʻndirilgʻan qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib oʻlturdi. Sariq rupoh atlas koʻynakning ustidan uning oʻrtacha koʻkragi bir oz koʻtarilib turmoq-da edi. Turib oʻlturgach boshini bir silkitdi-da, ijirgʻanib qoʻydi. Silkinish orqasida uning yuzini toʻzgʻigʻan soch tolalari oʻrab olib jonsoʻz bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida koʻringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi.”
Bu tasvirdan soʻng Kumush obrazi xuddi koʻz oʻngimizda turgandek gavdalanadi . Avvaliga bu obraz nozik, goʻzal boyning erka yakkayu yolgʻiz farzandi, bir zaifa sifatida gavdalansa, asar davomida chin muhabbat tufayli goʻyoki ilohiy bir jasoratga ega boʻlgan ayol obraziga aylanadi . Xususan, oʻz otasini va yorini oʻlimdan qutqarib qoladi. Ayni paytda Kumush ham Otabek singari “ota ona orzusining” qurboni boʻlganligini koʻrishimiz mumkin. Kumushdan farqli ravishda “Kecha va kunduz “ asari qahramoni Zebi obrazi ham ayni paytda goʻzal ammo ilojsiz , uning erki oʻz qoʻlida emas. Uning qalbi shu qadar tozaki, yomonlik birovga ziyon yetkazish haqida hatto oʻylamaydi ham , eng achinarlisi oʻziga nisbatan qilingan nohaqlikni ham kishilarning yovuzligini ham anglab yetolmaydi. Dunyodagi razolat, zulm kabi tushunchalarni emas faqat ezgulikni koʻra oladi va shu qadar begʻubor , koʻngli toza boʻlganligi tufayli ham ifloslik va razolatga toʻla dunyoga sigʻmaydi. U ketma ket baxtsizliklarga uchraydi lekin asarning boshidan oxirigacha oʻzgarmay qoladi. Asarni oʻqigan kitobxon Zebining bu qadar achchiq qismatiga achinadi. Zebidan farqli ravishda Kumush obrazi ancha baxtli , quvonchli kunlarni his qilganligini koʻrish mumkin. Kumush umri qisqa boʻlishiga qaramay sevdi va sevildi, oʻzining sevgan insoni bilan qisqa boʻlsa-da baxtli hayot kechirdi, farzand koʻrdi. Otani onasining hatto qaynona qaynotasining ham mehrini qozondi. Kumushni Zebi obrazi bilanbogʻlab turuvchi ikki narsa mavjud ulardan biri asarda yaqqol koʻrinib turgan kundoshlik balosi, boʻlsa ikkinchisi fojeaga sabab boʻlgan ijtimoiy tuzum , kishilarning eʼtiborsizligi , umuman olganda jaholatning qurboni boʻlganliklaridir.
Ayni paytda Zaynab obrazi ham xuddi shunday jaholat va etiborsizlik qurboni , u ham kundoshlikning achchiq taʼmini totgan va eng achinarlisi mehr muhabbat kabi tuygʻulardan mosuvo boʻldi baxt nima ekanligini ham his qilolmadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, amerikalik olimlar XX asr oʻzbek adabiyotidagi qahramon oʻlimi, uning fojiaga yuz tutishi bilan bogʻliq talqinlarida asosiy eʼtiborni gʻoya ifodasiga qaratadilar. Ammo, muayyan voqelik yoki tasvir usullarini yangicha yoʻllarda talqin qilishdagi izlanishlari, muayyan badiiy asardagi yashirin sanʼatni oshkor qilish imkoniyatini kengaytiradi. Oʻzbek soʻz sanʼati namunalarining milliy adabiyotshunosligimizda nisbatan kam tadbiq qilingan nazariyalar asosida tadqiq qilinishi, xorij tadqiqotlaridagi individual konsepsiyalar qiymatini belgilaydi.40

XULOSA
XIX asr oxiri — XX asr boshlariga kelib, Turkistonda millat taqdiriga tahdid soluvchi oʻta qaltis va ogʻir ichki tarixiy muhit paydo boʻldi. Bir tomondan, Rossiya imperiyasi musatamlakachiligi siyosiy jihatdan mustahkamlandi. Mustamalka va zoʻravonlikka mukkasidan ketgan rus bosqinchilari esa, endi oʻz mafkurasini singdirish orqali maʼnaviy ustunlikka ham ega boʻlishi uchun mahalliy xalqni ruslashtirish, uning gʻururini sindirish, oʻzligini yoʻqotishdek, oʻta razil shovinistik siyosatni kuchaytirdilar. Ikkinchi tomondan esa, millat va xalqimiz oʻz siyosiy, maʼnaviy huquqlari, erki va hohish-irodasini yoʻqotdi. Uchinchidan, umuman musulmon mutaassibligi (konservatizm va bidʼat) kuchaydi. Millatning ijtimoiysiyosiy va iqtisodiy ahvoli hamda maʼnaviyati tubanlashdi. Buning ustiga ustak, din peshvolari orasidagi mutaassiblarda yangilikka, dunyoviy maʼrifat va taraqqiyotga Jadid adabiyotida dramaturgiya yaʼni jadid dramasi eng sermahsul va ommabop janr sifatida alohida koʻzga tashlanadi. Jadid gʻoyalarining xalqqa yoyilishi, singishi va amaliy natijalar berishida dramaturgiya va teatr sanʼatining taʼsir koʻrsatishi kuchli boʻldi. Shuning uchun ham jadid adiblarining aksariyat yirik nomayondalari oʻz ijodiy-amaliy faoliyatini drama yozish va teatr bilan bogʻliq holda olib bordilarari har bitta oʻzbek xalqini majburan oʻziga tortqilardi. Oʻzbek xalqi oʻzining boy merosi, qadimiy madaniyati, milliy qadriyatlarini hech bir joyda ochiq – oydin gapirolmas, oʻz tuygʻularini yuragida sirligicha saqlab yashaydigan bir davr edi. Bunday paytda yurt taqdiri, farzand kelajagi, vatan ozodligi, inson qadr-qimmati toʻgʻrisida ogʻiz ochish, boshini dorga tikish bilan barobar edi.41
Albatta, Oʻzbekiston davlat mustaqilligi yillarida oʻzbek xalqidek buyuk bir xalqning olamshumul dovrugʻiga yangi dovrugʻ qoʻshadigan, xalq va Vatan qadri hamda obroʻsini yana-da oshira oladigan gʻoyaviy-badiiy jihatdan barkamol asarlar talaygina yaratildi. Har jihatdan havas qilsa, ibrat olsa va jahonga "Mana, Oʻzbek!" deya koʻz-koʻz qilsa arzigulik adabiy qahramonlar ham yaratildi va yaratilmoqda. Ayniqsa, Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Torobiy, Boborahim Mashrab singari koʻpdan-koʻp ulugʻ ajdodlarimiz haqidagi yangi tarixiy-biografik asarlar bilan har qancha faxrlanishga haqlimiz. Said Ahmadning "Oftob oyim" hikoyasi, Odil Yoqubovning "Qaydasan, Moriko?" qissasi, Muhammad Alining "Men koʻrgan Amerika" va "Abadiy sogʻinchlar" kitoblari, Xayriddin Sultonovning "Boburiynoma" maʼrifiy romani, Qamchibek Kenjaning "Hind sorigʻa" safarnomasi kabi xorijiy mamlakatlar hayoti bilan bogʻlik sara asarlar ham oʻzbek xalqining xalqaro hamjamiyatdagi qonuniy oʻrnini yana-da muqimlashtirish va qadr-qimmatini yana-da oshirishdek xayrli ishga munosib hissalar xisoblanadi. Mustamlaka sharoitida dunyoga kelgan Abdurauf Fitratning "Hind ixtilolchilari", Oybekning "Nur qidirib" va "Pokiston taassurotlari", Shuhratning "Jannat qidirganlar", Yoqubbek Yakvalxoʻjaevning "Qaytar dunyo" asarlarida qalamga olinib boshlangan bu mavzu endi, mustaqillik sharoitida yangi yuksakliklarga koʻtarilishi shubhasiz. Zamonamiz qahramonlarining ulkan bunyodkorlik ishlari, umumxalq qurilishlari, tadbirkorlar, fermerlar, siyosiy arboblar, jahon taniydigan olimlar va boshqa shular kabi ilgʻor dunyoqarashli zamondoshlarimizning har qancha ibrat olsa arzigulik ishlari xususidagi kitoblar, publitsistik maqolalar va ocherklar ham talaygina yaratilmoqda. Bular yaxshi. Lekin publitsistika oʻz nomi bilan publitsistika. "Ninachining ming urgani — Bosqonchining bir urgani" deganlaridek, mingta publitsistik asar bitta barkamol nasriy asar — hikoya, qissa va roman oʻrnini bosolmaydi. Binobarin, zamonaviy mavzudagi barkamol nasriy asarda oʻz qadrini yaxshi biladigan, oʻz xalqi, vatani, mamlakati bilan astoydil faxrlanadigan, qahramon desa arziydigan, oʻquvchi havas bilan qaraydigan dunyoqarashi keng, ruhiyati boy, maʼnaviyati yuksak, maʼrifatli, xullas, toʻlaqonli adabiy qahramonlar yaratish yozuvchilarimiz oldida turgan eng muqaddas va dolzarb vazifadir.
«Kecha va kunduz» romani qogʻozga tusha boshlagan kezlarda oʻzbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning ikki romanidan boʻlak yirik badiiy asar boʻlmagan. Dastlabki oʻzbek romanlari boʻlmish «Oʻtgan kunlar» va «Mehrobdan chayon»ni yaratishda esa Abdulla Qodiriy Sharq romannavisligi tajribasidan, avvalo, Joʻrji Zaydon asarlaridan badiiy saboq oldi. Choʻlpon qalamkash doʻstidan farqli oʻlaroq nafaqat Sharq, balki Gʻarb romannavisligi maktabidan ham yaxshi xabardor va bu paytga qadar hozircha ismi nomaʼlum boʻlib qolayotgan ingliz yozuvchisining «Rasuliy» («Magʻoralar sultoni»), N. Gogolning «Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oʻrtasidagi nizolar hikoyati», L. Andreevning «Osilgan yetti kishining hikoyasi» degan qissalarini, I. Turgenev, A. Chexov, M. Gorkiy hikoyalarini oʻzbek tiliga oʻgirgan edi. Gʻarb adabiyoti, chunonchi, romannavisligi bilan tanishish Choʻlpon qarshisida badiiy ijodning yangi ufqlarini ochdi. «Kecha»da ikki badiiy chiziq voqealarni oʻzaro guruhlashtirib turadi. Agar birinchi chiziqni Zebi — Qurbonbibi — Razzoq soʻfi — Eshon bobo obrazlarining harakati bilan bogʻliq voqealar tashkil etsa, ikkinchi chiziqning markazida Miryoqub obrazi turadi. U oʻz navbatida bu syujet chizigʻiga Akbarali mingboshi — noyib — Mariya (Maryam) obrazlarini tortadi. Asar soʻngida esa bu bir-biriga zid, musbat va manfiy qimmatlarga ega har ikkala chiziq (sim)ning Zebi va Akbarali mingboshi bilan tugallangan uchi qisqa muddatga tutashib, muqarrar halokat yuz beradi: mingboshi katta xotinlari Zebi uchun qazigan «choh»ga tushibgina qolmay, Zebini ham oʻz ortidan tortadi. Shu tarzda ikki syujet chizigʻi turli joylarda elektr tokiga ulangan ikki simday, asar voqealari osha tortila borib, pirovardida oʻzaro, kutilmaganda, uchrashishi bilan portlash yuz beradi. Lekin bu portlash natijasida har ikkala chiziq baravar talofat koʻrmaydi. Agar Akbaralining mingboshilik lavozimini noyibning xotinboz xizmatkori Zunnun egallasa, erlik haq huquqiga ega edi. Lekin Zebi boshiga tushgan falokat tufay-li u mansub boʻlgan chiziqning barcha nuqtalari — Qurvonbibi ham, Razzoq soʻfi ham, eshon bobo ham yonib, kul boʻladi.
“Oʻtkan kunlar” asari oʻzbek kitobxonlariga judayam maʼqul tushgan edi. Hatto siyohi qurimay turib, odamlar oʻqigani olishardi bu kitobni. Mahallalarda ataylab, choyxonalarda, kutubxonalarda shu odamlar toʻplanib, shu kitobni oʻqishgan ekan.
Izzat Sulton yozadi:
"Men Qodiriydan: "Oʻtkan kunlar" romaningiz voqeiy asarmi, deb soʻradim". "Yoʻq, — dedilar u kishi, — romandagi besh-oʻn foiz ayrim tarixiy voqealar, shaxslargina voqeiy. Qolganlari yozgʻuvchining mahorati..."
Bu javob mening "Oʻtkan kunlar"ga boʻlgan eʼtiqodimni juda susaytirdi. Toʻgʻrisi, shunday deb javob berganlari uchun xafa ham boʻldim. Chunki oʻsha choqqacha men "Oʻtkan kunlar"ni voqeiy asar deb yurardim..."
Habibullo Qodiriy: Dadamning: - Oʻzbek oyim — bu Josiyat bibing, Oftob oyim xonim bibing, Kumush esa — Oykumush opang, — deb kulganlarini xotirlayman.
Garchi Qodiriy bu soʻzlarni kulib aytgan boʻlsalar ham oʻylab turib, bunga ishongiz keladi. Chunki Qodiriy ishora qilgan shaxslar nazarimda xuddi roman qahramonlariga oʻxshar edi.
Josiyat bibim — dumbul, tabiatli, gapdon, bir uy xotinni oʻz ogʻziga qaratib oʻtiruvchi, uncha-munchani pisand qilmovchi, omi boʻlsa ham donolikda hatto dadamdan oʻzini yuqori tutuvchi, qiziq feʼlli ayol edi. Bibim hamma toʻylarga ham "kavshim koʻchada qolgan emas", deb boravermas, borsalar ham toʻy albatta u kishining raʼiga qarab joʻnashtirilar edi. Bibim bugʻdoyrang, quralaykoʻz, choʻziqa moyil kelishgan yuzli, baland, mutanosib qomatli edilar. U kishi, toʻy, mehmonlarga borsalar, qorami, moʻkmi dakana ustidan, dika roʻmol oʻrar, koʻzlariga surma qoʻyar, egnilariga xonatlas koʻylak, ustidan mursak, oyoqqa amirkon mahsi kavsh kiyar edilar. Movzin qomatlariga bu kiyimlar shunday yarashib tushardiki, chindan Oʻzbek oyimga aylanar edilar...
Xonim bibim — oyimning onasi, oʻrta boʻy, chiroyli oq yuzli, yumshoqtabiat, mayin soʻzli, mulohazali ayol edilar. Ular baʼzan biznikiga mehmon boʻlib kelsalar, uyimiz goʻyo toʻlib ketganday boʻlardi. Dadam bibini juda hurmat qilar, "oyi" deb atar edilar. 
Oykumush opam — qoʻngʻiroqdek tovushli, aql-idrok, husnda haqiqatdan Kumushni eslatuvchi edi. 
Eshonguzar mahallamizda mulla Alijon ismli dadamning domlasi boʻlardi. Qodiriy bu kishini "ham ustoz, ham yetuk inson" deb nihoyatda hurmat qilardilar. Domlaning yaxshi xislati shundaki, u oqkoʻngil, kibrsiz, taʼmagir emas, sabr-qanoatli, kamtar, mutolaasi zoʻr olim, der edilar otam. Domlaning ichki dunyosi ham nurga toʻlgan kabi edi. Gapni oʻylab, bosiq, sodda, yoqimli soʻzlardilar. Sozʼalrida mantiqsiz ortiqcha iboralar mutlaqo boʻlmas, tinglovchi goʻyo huzurlanar, yana-yana tinglasam der edi. Bunday otalar garchi koʻp uchrasa-da, negadir ayniqsa bu kishini Yusufbek hojiobraziga juda-juda oʻxshataman.42


Download 150,54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish