ФИО автора:
Madaminova O’ktamxon A’zamjon qizi
FDU 2-bosqich magistri
Название публикации:
«MEHNAT MIGRATSIYASIDA AYOLLARNING
ISHTIROK ETISHIGA DOIR FIKR-MULOHAZALAR»
Annotatsiya
Ushbu maqolada mehnat migratsiyasida ayollar sonining ortib borishi, uning
salbiy oqibatlari, oila, farzand tarbiyasi bilan bog’liq yuzaga kelayotgan ijtimoiy
muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirilgan.
Tayanch
iboralar:
O’zbekiston,
migratsiya,
mehnat
migratsiyasi,
feminizatsiyalashuv, ayollar, odam savdosi, oqibat, oila, farzand, ota-ona, xavfsizlik,
tarbiya
Globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan zamonamizda migratsion
jarayonlar qamrovi va ko’lami kengayib bormoqda. Shu bilan birga migratsiya
integratsiya, aholining ko’chishi, xavfsizlik, chegarani qo'riqlash kabi sohalarda juda
muhim siyosiy va iqtisodiy muammoga aylanib qoldi. Migratsiyaning keng tarqalgan
turi mehnat migratsiyasi bo’lib, Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMgT) hisoboti
bo'yicha 2017-yilda dunyodagi mehnat migrantlarining soni 164 mln. nafarni yoki
xalqaro migrantlar umumiy sonining salkam uchdan ikki qismini tashkil qiladi. Mehnat
qiluvchi migrantlarning 96 mln. nafari erkaklar (58 foizi) bo’lib, ular taxminan 28
mln.ga ko’p, 68 mln. nafari esa ayollar (42 foizi)[1]. Shu o’rinda aytish joizki,
Markaziy Osiyodagi mehnat migratsiyasining miqyosi juda katta: 2,7 mln.dan 4,2
mln.gacha odam (iqtisodiy faol aholining 10 foizidan 16 foizigacha) chet elda: Rossiya
Federatsiyasi, Qozog’iston, Turkiya, Koreya Respublikasi va ko’plab boshqa
mamlakatlarda ishlaydi[2].
O’zbekiston ham Markaziy Osiyodagi mehnat migratsiyasi jarayonining faol
ishtirokchilaridan biri. O’zbekistonda yildan yilga migratsion jarayonlar
ishtirokchilarining jins va malaka tarkibi o’zgarmoqda. So’nggi o’n yilda
O’zbekistondan chiqib ketgan migrantlar tarkibida jins jihatdan ayollar ko’pchilikni
tashkil qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra 2019-yilda emmigrant ayollar 110752
875
(65,3 foiz), erkaklar esa 58795 (34,7 foiz) nafarni tashkil qilgan[3]. Bu ayollar
erkaklardan 51957 nafarga yoki 30,6 foizga ko’p demakdir. Migratsion jarayonlarda
ayollar ishtirokining ortib borishi ayollarning iqtisodiy sohada faollashuvi bilan
bog’liq. Lekin bu jarayonni to’liq ijobiy baholab bo’lmaydi. Chunki migratsion
jarayonlar feminizatsiyalashuvi qator muammolar va salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.
Odam savdosi migratsion jarayonlar keltirib chiqarayotgan eng xavfli va
miqyosi jihatidan keng tarqalgan jinoyatchilik shakllaridan biridir. Yildan yilga bu
illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo’layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud
va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga
jiddiy xavf tug’dirmoqda. Odam savdosidek og’ir jinoyat inson hayoti, erkinligi,
huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoqosti qiluvchi jirkanch
ko’rinishga ega.
BMTning hisob-kitoblariga ko’ra, odam savdosi qurbonlari soni yiliga 4 million
kishiga yetadi. Bugungi kunga kelib, odam savdosining avj olishiga, ya’ni oldi-sotdi
munosabatlarida “tovar” o’rnida ko’rilishiga bir qancha sabablar bor. Jumladan, odam
savdosi mashaqqatli mehnatlarsiz mo’may daromad topishni o’ziga kasb qilib olgan
“shaxs”larning safi ko’payayotganligi; shunday “shaxs”larning qarmog’iga
ilinayotgan shaxslarning soddaligi, o’zi va yaqinlarining taqdiriga befarqligi; odam
savdosi qurboni bo’lganlarning or-nomus qilib va yoki boshqa sabablar tufayli huquqni
muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmasligi, aksariyat bunday vaziyatlarda
noqonuniy chegarani kesib o’tish, davlat ro’yxatidan o’tmasdan nolegal mehnat
faoliyatini amalga oshirish natijasida javobgarlikdan qo’rqish shunday salbiy
oqibatlarga olib kelmoqda. Eng achinarli tarafi odam savdosi jinoyatidan
jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda. Migratsiya
jarayonida ayollar mehnatidan noqonuniy foyladanish, ularni kamsitish, haqorat qilish,
erkini cheklab qo’yish hollari qayd etilmoqda[4]. Qullik mehnatiga jalb
qilinganlarning 11 foizidan fohishabozlik va shahvoniy maqsadlarda foydalaniladi[5].
Bunday maqsadlar yo’lida qurbon bo’lganlar juda og’ir tahqirlash, xo’rlash va
zo’ravonlikdan so’ng chuqur depressiyani boshdan kechiradilar. Ayniqsa, bu jarayon
musulmon o’zbek ayoli tarafidan ikki karra og’ir kechishi begumon. Chunki o’zbek
876
ayollari uchun or-nomus va iffatni saqlash hayot-mamot masalasidir. Muammoning
shu jihatini hisobga olgan holda 2008-yil 17-aprelda qabul qilingan O’zbekiston
Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonunining yangi
tahririda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reobilitatsiya va identifikatsiya
qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi belgilangan.
Migratsion jarayonlarda ayollar ishtiroki ortib borishining yana bir salbiy oqibati
farzand tarbiyasi bilan bog’liq. Ayol, avvalo, ona degani. Farzand tarbiyasida onalar
otalardan ham ko’ra ko’proq rol o’ynaydi. Ota-onasi yoki ulardan biri chet elda bo’lgan
bolalar tarbiyasi xavf ostida qolmoqda. Uyda nazoratsiz qoldirilgan bolalar tarbiyasi
bilan bugun telefon “shug’ullanmoqda”. Oqibatda telefon va internetga mukkasidan
ketgan, hayotda maqsadsiz, huquqbuzarlikka moyil, alamzada, ma’naviy zaif avlod
shakllanmoqda. Bolalar ota yoki ona berishi kerak bo’lgan mehrni ko’chadan, begona
kimsalardan qidirmoqda. Bunday qulay vaziyatdan foydalanayotgan qora niyatli
kuchlar kam emas. Suriya va Iroq hududidagi ISHID harakati saflarida yurgan o’zbek
yigitlarining ma’lum qismini yuqoridagidek sharoitda voyaga yetganlar tashkil etishini
hech kim inkor etmasa kerak.
Bugungi kun ota-onalari farzand tarbiyasini ularni boqishdangina iborat deb
bilayotgandek. Ota-onalar farzandlarining “og’zidan chiqqanini” muhayyo qilish
uchun tinmay ishlaydi, pul topadi. Hatto ko’proq pul topish uchun chet elga borib
ishlashmoqda. Shu tariqa farzandlarini bekam-u ko’st ulg’aytirmoqdalar. Lekin
farzand tarbiyasi faqat boqishdan iborat emas. Ota-onaning farzand oldidagi eng katta
burchi – go’zal tarbiya berish. O’zim ta’lim sohasida faoliyat olib boraman. Aynan
onasi chet elda ishlaydigan barcha bolalar tarbiyasida muammolarga duch kelinadi.
Bolalar ko’proq onasi bilan vaqt o’tkazadi. Otaning o’rnini ma’lum ma’noda
sezdirmaslik mumkindir, lekin onaning o’rnini hech kim va hech narsa bilan qoplab
bo’lmaydi. Maktab davridagi adabiyotlarda yozuvchi va shoirlarning hayoti va ijodini
o’qiganimizda, ularning ko’pchiligida adabiyot va she’riyatga muhabbat bolalikda o’z
buvisi yoki onasi aytib bergan ertak, dostonlar ta’sirida uyg’onganligiga ko’p bor
guvoh bo’lganmiz. Demak, farzandlarda eng yaxshi xislatlarni bolalikdan
shakllantirish lozim. Ertak va doston aytguvchi onasi chet elda yurgan bolalarning
877
kelajakda yaxshi insonlar bo’lib kamol topishligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu
jihati bilan ayollar migratsiyasi yurtimiz kelajagiga xavf solib turibdi.
Farzandlarimiz tarbiyasining zaiflashuvi masalaning bir tomoni bo’lsa, uning
ikkinchi tomoni ham bor. Farzandlarini bobo va buvisi yoki boshqa qarindoshlarning
qaramog’ida qoldirish yoki o’zi bilan birga chet elga olib ketish, aksariyat hollarda,
ularning xavfsizligiga rahna solinishi bilan yakunlanmoqda. Natijada ayollarimiz,
nafaqat, o’zlari, balki, farzandlarining kelajagi barbod bo’lishiga ham sababchi
bo’lishmoqda. “… Mana shunday nozik masalalardan biri migrantlarning bolalari
Rossiyada duch keladigan zo’ravonlik bo’ladi. Ushbu videoni ko’rsangiz
(
https://fb.watch/52q1NEhPRe/
) qizini himoya qilaman, degan ona ham zo’ravonlik
qurboniga aylanganiga guvoh bo’lasiz. Rossiyaga kelib ishlaydigan ayollarning
aksariyati uy qilaman, deb keladi. Farzandlarini olib kelsa ham, tashlab kelsa ham
bolalar uchun zarar[6]. Migrantlarning bolalari himoyasi umuman yangi darajada,
xalqaro va mintaqaviy tartiblar asosida ko’rib chiqilishi kerak. Chunki bolalarga
nisbatan zo’ravonlik ularga eng yaqin bo’lganlar tarafidan sodir qilinadi. Tashlab kelib
ham, olib kelib ham muntazam nazorat va mehrsiz bolalarni asrab bo’lmaydi. Agar
farzandlaringizni Rossiyaga olib ketayotgan bo’lsangiz, iltimos, bolalarning ijtimoiy
hayoti, shaxsiy xavfsizligi choralarini ko’rib qo’ying. Biror yordam kerak bo’lsa,
bolalar manfaatlari uchun har qaysi huquqshunos va nodavlat yoki davlat tashkilotlari
yordam berishga tayyor. Yordam so’rang, hijolat bo’lmang. Bolalaringiz uchun eng
yaxshisi, eng xavfsizini ravo ko’ring.
“Farzandlarimizdan yana bir mehnat migrantlari avlodlari yetishmasin”, – deydi
huquqshunos Zarnigor Omonullayeva[6]. Bunday holatlar migrant ayollar bilan tez-tez
yuz beradi.
O’zbekiston odam savdosiga va xotin-qizlarni kamsitishning har qanday
shakllariga qarshi kurashishga doir xalqaro konvensiyalarga birinchilardan bo’lib
qo’shilgan hamda Respublikamizda bu sohada keng ko’lamli ishlar amalga
oshirilmoqda. Lekin migratsiyaning salbiy oqibatlariga qarshi har birimiz kurashsak
ijobiy natijalarga ko’proq erishamiz. Shu o’rinda odam savdosiga qarshi kurashishni
yanada rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman:
878
1. Har bir shahar va tumanlar kesimida mahalla fuqarolar yig’ini, QVP, QOP va
boshqa mutasaddi tashkilotlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, xorijdan qaytgan
migrantlar va odam savdosidan jabrlanganlar bilan ishlash tizimini yanada
takomillashtirish.
2. Mahalla fuqarolar yig’inlarida migratsiya masalalari va odam savdosi bilan
bog’liq mavzularda prokuratura, ichki ishlar, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan
hamkorlikda tushuntirish ishlarini muntazam yo’lga qo’yish.
3. Xorijdan ijtimoiy og’ir holatda qaytgan, odam savdosidan jabrlangan
migrantlar uchun moddiy yordam va kompensatsiya ajratish tartibini yo’lga qo’yish.
4. Yolg’iz ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy holati bilan muntazam shug’ullanish,
ularga ijtimoiy yordam ko’rsatish tartibini yanada takomillashtirish.
5. Ota-onasi yoki ulardan biri xorijda bo’lgan bolalar xulqi, o’qishi va
xavfsizligini doimiy nazoratga olish va ular bilan alohida ishlash tartibini yo’lga
qo’yish, bu masalada jamoatchilik kengashi nazoratini kuchaytirish.
Xulosa o’rnida aytishim mumkinki, ayol migrantlar odam savdosining eng ko’p
qurbonlari bo’lib, bu hodisa tarixda, qadim zamonlarda emas, balki bugun biz yashab
turgan davrda yuz berayotgan va har bir ayol duch kelishi mumkin bo’lgan jinoyatdir.
Odam savdosi, nafaqat, qurbonlar, balki uning ortida minglab oilalarning baxtsizligiga
sabab bo’lmoqda. Bunday jinoyat qurboniga aylanib qolmaslik uchun doimo ogoh
bo’lishimiz, yaqinlarimiz taqdiriga befarq qaramay, imkon qadar uzoqning
bug’doyidan yaqinning somoni afzalligini unutmaslik darkor.
O’zbekistonda so’nggi yigirma yil ichida “otalarsiz avlod” shakllandi. Agar
ayollarimizning migratsion jarayonlardagi ishtiroki shu taqlid davom etsa, “onalarsiz”
yoki “ota-onalarsiz avlod” ning ham shakllanishi shubhasizdir. Farzandlarimiz
kelajagiga mas’uliyat bilan yondashmoqlik har bir ota va onaning muqaddas burchidir.
Farzandlarimiz uchun eng to’g’ri tanlovni amalga oshiraylik, aziz o’zbegim ayoli. Toki
uchinchi Renessans asoschilari har biri oilada kamol topsin.
879
Do'stlaringiz bilan baham: |