www.ziyouz.com kutubxonasi
222
vatanga qaytadigan yo‘llarini yana bekitishadi. Bobur esa hozir butun vujudi bilan
vataniga qaytishni istaydi. Bu istagi yo‘lida tog‘ kelsa kemirib, suv kelsa simirib
o‘tmoqchi bo‘ladi.
Bobur elchiga muloyim ko‘z tashlab:
— Shoh Ismoil hazratlarining in’omlari biz uchun behad aziz, — dedi va barkashdagi
sallaga qo‘l cho‘zmoqchi bo‘ldi.
Shunda Qosimbek og‘zini uning qulog‘iga yaqinlashtirib, xavotir bilan shivirladi:
— Hazratim, zinhor boshingizga kiymang! Zinhor!
Bu so‘zlar elchiga ham eshitildi va uni ranjitgani avzoyi o‘zgarib ketganidan sezildi.
Suv quyganday jimjitlikda Bobur Muhammadjon eshik og‘asiga mayin kulimsirab qaradi:
— Oliy mehmonimiz imomiya* mazhabidanlar, shundaymi?
Elchi tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Bobur yana o‘shanday muloyimlik bilan so‘zida
davom etdi:
— Imomiyalar ham Muhammad alayhissalomning ummatlarimi?
— Alhamdulillo! — deb elchi darhol kalima keltirdi.
Shundan keyin Bobur Qosimbek tomonga o‘girildi.
— Siz ham Muhammad ummatimisiz, janobi amirul umaro?
Qosimbek ham kalima keltirdi-yu, oxirida:
— Hazratim, sizni iloho chohoryori bosafolar qo‘llab-quvvatlasinlar! — deb qo‘shib
qo‘ydi.
Choryorlar tilga olinishi bilan elchining rangi o‘chib labi asabiy pirpiradi.
— Janob Muhammadjon eshik og‘asi! — dedi Bobur tez.
— Qur’oni sharifda aytilganki, «qulli muslimina ixvatun». Ya’ni, barcha musulmonlar
og‘a-inilardir. Biz hammamiz bir dindamiz. Demak, hammamiz og‘a-inilardek yaqin
bo‘lmog‘imiz kerak. Biz sizning musulmonlik e’tiqodlaringizni hurmat qilganimiz kabi, siz
ham bizning, — deb Bobur ikki qo‘lini yoyib, barcha bek va mulozimlarini ko‘rsatdi, —
musulmonlik e’tiqodlarimizni hurmat qilursiz, deb ishonamiz!
Elchi endi bir oz yumshab, ustma-ust bosh irg‘adi:
— Ushbu muqaddas armug‘on ham bizni sizlara buyuk ehtiromimiz alomatidir!
Bobur endi Qosimbekka yuzlandi:
— Hazrati Alini sizu biz hamisha boshimiz ustida olib yuribmiz, shundoqmi?
Qosimbek — sallasidagi to‘rt o‘ramning biri — Hazrati Alining ruhiga makon ekanini
o‘ylab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Shundoq, hazratim.
— Muhammad alayhissalomning yagona farzandlari bo‘lgan Bibi Fotima biz uchun ham
muqaddas volidadirlar, shundoqmi?
— Shundoq, hazratim.
— Shundoq bo‘lsa, Hazrati Ali bilan Bibi Fotimaning aziz avlodlari bo‘lgan imomlarni biz
ham e’zozlasak musulmonlikka to‘g‘ri kelurmi, yo‘qmi?
Boya Boburga jon kuydirib haligi gapni uning qulog‘iga shivirlagan Qosimbek podshoni
niyatidan qaytarolmasligini, shohning bu maxsus sovg‘asini Bobur qabul qilmay iloji
yo‘qligini endi sezdi. U ko‘pchilikning oldida Boburga tan berganday bo‘lib, aslida uni
yoqlagisi kelib bosh egdi:
— Podshoh hazratlari, siz haqsiz, qulingizni gus-toxligim uchun avf eting!
Bobur Qosimbekka mamnun ko‘z tashlab:
— Ma’zursiz, — dedi. So‘ng dastor solingan og‘ir barkashni tutib turaverib qo‘llari tolib
ketgan qizilbosh bek tomonga o‘girildi. Bobur dastorni dadil bir harakat bilan ikki qo‘llab
barkashdan olganda uning o‘nlab bek va mulozimlari vahima bilan: «o!» deb yuborishdi.
Bobur dastorni qo‘lida tutgan holda:
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |