www.ziyouz.com kutubxonasi
219
— Nahotki Shoh Ismoil shunday jaholatga yo‘l bergan bo‘lsa?
— Mening bilishimcha, bu ishdan shoh bexabar qolgan. Hirotdagi mudhish ishlarga
shohning Xuroson bo‘yicha noibi Najmi soniy boshchilik qilgan.
— Ne bo‘lganda ham hazrati Jomiy ming marta haqlar: shia-sunniy nizolari ko‘ngilni
ozdiradigan darajada xunuk!.. Hayhot, dunyoning ishlari hamisha chigal!
Tug‘ishganlardan-ku, do‘st-yor topolmadim. Endi taqdir menga Shoh Ismoildek bir mard,
tanti, fozil do‘st berdi, deb suyunsam, buning ham ishkal ishlari bor ekan.
Mohim begim Boburning ko‘ngliga cho‘kkan g‘uborni tarqatgisi kelib, kulimsirab gapirdi:
— Gul tikansiz bo‘lmas ekan-da, hazratim!
Bobur xotinining jilmaygan yuziga tikilib qaradi-yu, o‘zining ham chehrasi ochila
boshladi. Shuncha ayriliqlardan keyin sevimli opasi bilan yana uchrashgani, bu
quvonchga Shoh Ismoil tufayli muyassar bo‘lgani takror esiga tushdi. Qunduzda
shayboniyzodalardan ixlosi qaytgan yigirma ming kishilik qo‘shin mo‘g‘ul beklari
boshchiligida Bobur huzuriga kelgani va uning xizmatiga o‘tgani yana yodiga tushdi-yu,
ko‘nglini yayratib o‘tdi.
Bobur ko‘zini Mohim begimdan olib opasiga qaradi:
— Endi hech bir gulning tikanidan qo‘rqmasmiz! Maqol borki, guli uchun tikani ham
noiloj sug‘orilur... Shoh Ismoil shunchalik odamgarchilik qilibdi! Mayli!
Bobur o‘rnidan turdi. U shohdan kelgan elchi bilan uchrashishi kerak edi. Mohim uni
eshik oldigacha kuzatib bordi. Bobur eshikdan chiqayotib, Xonzoda begimni qayerga
joylashtirish va qanday e’zozlash haqida xotiniga ko‘p gapirib o‘tirmadi-yu:
— Egachimni onam o‘rnida ko‘rgaysiz! — dedi. Shu bir og‘iz gapdan hamma narsani
anglagan Mohim ham:
— Jonim bilan! — deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. — Sizdan ham bir iltimos, hazratim.
— Xo‘sh!
— Biz tikan deb o‘ylagan narsalar og‘uli tig‘lar bo‘lib chiqmasin. Ehtiyot bo‘ling!
Bobur xotinining hamma narsaga fahmi yetadigan ziyrak bir do‘st ekanini hozir yana bir
marta sezdi-yu, unga mehri toblanib:
— Xotirjam bo‘ling! — dedi.
So‘ng qalbi uchrashuv quvonchiga, mehribon ayollar nafosatiga va ma’sum bolalar
zavqiga to‘lib, qo‘rg‘on hovlisiga chiqdi.
Devonxonaga yaqinlashganda elchilar bilan bo‘ladigan muomalani ko‘z oldiga keltirdi-yu:
«Molu dunyoni ayamaslik kerak» degan niyatni ko‘ngliga tugdi.
______________
* M u n a q q i d l i k — tanqidchilik.
* K o‘ h a k — hozirgi Zarafshon.
* Tarjimasi: Ey dunyoning yosh otashparasti, menga mayim jomini bergilki, sunniy va shia nizolaridan qusgim kelmoqda. Desalar: Jomiy, sen
qaysi mazhabdansen? Yuz shukrki, sunniyning iti-yu, shianing eshagi emasman!
3
Boburning buyrug‘i bilan Vali xazinachi bisotida bor eng qimmatbaho duru gavharlardan,
Badaxshon la’lilariyu oltin bezakli kiyimlardan, kamyob tig‘lar va buyumlardan shohga
alohida, uning elchisiga alohida in’omlar hozirladi. Saroy bovurchilari, bakovul va
yasovullar ikki kechayu ikki kunduz yugurib-yelib, Qunduzda hali misli ko‘rilmagan
shohona ziyofat va bazmga hozirlik ko‘rdilar. Ulkan ziyofat uchun hisoriy qo‘ylarning
o‘zidan yetmish-saksontasi so‘yildi. Tog‘lardan, o‘rmon va daryolardan ovlab kelingan
g‘ozlar, kakliklar, ohular soni bundan ko‘proq edi.
Shoh Ismoilning mehmondorchiliklarini ko‘p ko‘rgan odamlardan biri — Boburning
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |