10-mavzu: Tilshunoslikning tabiiy fanlarga ta’siri
Reja:
1.Tilshunoslikning tabiiy fanlarga ta’siri
2. Ilmiy-texnik atamalarni tartibga solish muammosi
Tayanch tushunchalar: tilshunoslik, tabiiy fanlar, ilmiy-texnik atamalar, ilmiy-texnik atamalarni tartibga solish muammosi, A. Madvaliyev, ilmiy-texnik atamalar, R.Doniyorov, H.Jamolxonov.
Biz yuqorida ko'proq tilshunoslikning tabiiy fanlar erishgan yutuqlardan oziqlanishi haqida fikr yuritdik (bu o'rinda ijtimoiy-gumanitar fanlardan boshqa barcha fanlar nazarda tutiladi). Shuni ta'kidlash kerakki, fanlar sistemasida turli fanlar o'zaro munosabatda, aloqada ekan, bu aloqa hech qachon bir tomonlama bo'lmaydi. Ma'lum bir fan boshqa bir fanga ta'sir qilarkan, ayni paytda, u aks ta'sirga ham uchraydi. Tilshunoslikning tabiiy fanlar bilan munosabatida ham shuni kuzatish mumkin. Tilshunoslik tabiiy fanlar yutuqlaridan bahramand bo'lishi bilan birga, o'z navbatida, tilshunoslik ham mazkur fanlarga ma'lum ta'sirini ko'rsatadi. Ayniqsa, bu turli fanlar atamalarini me'yorlashtirish, atamalar lug'atini tuzish tamoyillarini belgilashda yorqin namoyon bo'ladi.
Tabiiy fanlar bo'yicha atamalarni me'yorlashtirish va bu fanlarga xos atamalar izohli lug'atini tuzishda tilshunoslar tabiiy fan vakillariga amaliy yordam bermoqdalar. Xususan, kimyo atamalari bo'yicha filologiya fanlari nomzodi Abduvahob Madvaliyev, ilmiy-texnik atamalar bo'yicha professor Renat Doniyorov, botanika atamalari bo'yicha filologiya fanlari nomzodi, dotsent Hasanboy Jamolxonov singari bir qator olimlar barakali mehnat qilmoqdalar.11
Ayniqsa, mustaqillik yillarida ilmiy-texnik atamalarni tartibga solish muammosi ko'tarildi. Umumiy texnik atamalarni tartibga solishning lingvistik asoslari bayon qilindi.12
Ilmiy-texnik atamalarni tartibga solish muammosi o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan yanada jiddiy tus oldi. Vazirlar Mahkamasi qoshida mazkur muammo bilan shug'ullanadigan atamaqo'm tashkil etildi. Shundan buyon atamaqo'm qoshida tabiiy fanlarning turli sohalari bo'yicha bir necha bo'linmalarda ilmiy-texnik atamalarni muvofiqlashtirish bo'yicha jiddiy ishlar olib borilmoqda. Bu ishlarning muvaffaqiyatli amalga oshishida, tabiiy ravishda, tilshunoslar ko'magiga suyanmoqdalar.
Tilshunoslar ilmiy-texnik atamalarni tartibga solishda tabiiy fan vakillariga qanday ko'mak berishlari mumkin?
Avvalo, yangi ilmiy-texnik tushunchalarni ifodalash uchun atamalar belgilashda tilshunoslik faniga suyanadi. Yangi tushunchalarga ikki xil yo'l bilan atamalar belgilanadi: 1) o'zbek tilining o'z ichki imkoniyatlari asosida; 2) boshqa tillardan so'z olish asosida.
Har ikki holda ham tabiiy fanlar tilshunoslik yutuqlariga tayanadi. O'zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida atamalar tanlashda o'zbek tilining leksikografiyasi, dialektologiyasi erishgan yutuqlarga suyaniladi.
Boshqa tillardan so'z olish muammosi bo'yicha esa o'zbek tilshunosligining fonetika, leksikologiya, etimologiya bo'limlari erishgan yutuqlar asosida ish ko'riladi.
Masalan, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi arafasida matbuotimizda atamalarni izga solish bo'yicha Ovrupo tillaridan olingan atamalarni chiqarib tashlab, o'rniga arabiy va forsiy atamalarni yoki atama variantlarini qo'llash tavsiya etuvchi maqolalar paydo bo'ldi. Masalan, samolyot o'rniga tayyora, institut o'rniga oliygoh kabi. Fors-tojik tilida goh «o'rin», «joy» ma'nosi bildirishi, shuning uchun u oliy sifatini ololmasligi, ya'ni «oliy joy (o'rin)» ma'nosi «ilm oladigan joy» ma'nosini bermasligi, shuning uchun institut o'rniga tavsiya etilgan oliygoh atamasi noto'g'ri ekani tilshunoslar tomonidan to'g'ri ko'rsatib berildi.
Ayrim lotincha ilmiy-texnik atamalar asrimiz boshlarida o'zbek tiliga rus tili orqali qabul qilindi. Shuning uchun rus tiliga lotin va yunon tillaridagi atamalar qaysi fonetik qiyofada o'zlashtirilgan bo'lsa, shundayligicha qabul qilindi. Masalan, geografiya, algebra kabi. Shuni ta'kidlash kerakki, lotin va yunon tillaridan ilmiy terminlar asrimiz boshlarigacha ham o'zbek tiliga o'zlashgan edi. Lekin bunday terminlarning ko'pchiligi arab tili orqali o'tgani uchun arab tilining fonetik xususiyatiga moslashtirilgan variantda qabul qilingan edi. Masalan, jug'rofiya, aljabr. Chunki arab tilida g fonemasi bo'lmagani uchun mazkur fonemani j fonemasiga almashtiradi. Arab tilining bunday xususiyatini Zahiriddin Muhammad Bobur ham «Boburnoma» asarida ta'kidlagan edi. Alloma bu haqda quyidagilarni yozadi: «Arablar norgilni muarrab (arab tiliga moslashtirib) qilib norjil derlar».13
Ayrim tabiatshunos olimlar rus tili orqali kirib kelgan atamalarni o'tmishda arab tili orqali kirib kelgan atamalar bilan almashtirishni taklif etdilar. Jumladan, geografiyani jug'rofiyaga almashtirsak, tarixiylik tiklangan bo'ladi degan g'oyani olg'a surdilar.
Lekin hozirgi kunda geo bilan hosil bo'lgan bir qator atamalar tizimi borki, ularda g fonemasini j fonemasiga almashtirib bo'lmaydi. Masalan, geologiyani julogiya, geodeziyani judeziya, geometriyani jumetriya deb bo'lmaydi. Geo qismi bugungi o'zbek tilida bir qancha atamalar tarkibida kelib, bir uya (paradigma)ni tashkil etarkan, demak, geografiyaning ham o'zi qolgani lingvistik asosga ega.
Ko'rinadiki, ilmiy-texnik atamalarni tartibga solishda ana shunday lingvistik qonuniyatlar asos rolini o'ynaydi.
Boshqa tillardan birikmali atamalar ham olinishi mumkin. Bunday atamalarning ko'pchiligi asrimiz boshlarida rus tili orqali kirib keldi.
Birikmali atamalarning katta qismi tarkibiga ko'ra aniqlovchili birikmalar sanaladi. Aniqlovchili birikmalarning tobe qismi hokim qismga rus tilida xilma-xil shakllar yordamida bog'lanadi: 1) -(i) cheskiy (-oye, aya-, -skiy (-re, -aya): borovskoy radius, matematicheskiy analiz; 2) -nыy (-oye, -aya): konturnaya karta; 3) -ыy (-oye, -aya): kolsevoye soyedineniye kabi.
Bu tushunchalarning o’zbek tilida ifodalanishi turlicha: 1) har ikki qismni tarjima qilish: kolsevoye soyedineniye – doirasimon ulanish; 2) birinchi qismning grammatik shaklini o'zbek tiliga moslashtirish. Grammatik shaklni moslashtirish bo'iicha o'zbek tilshunosligida 70-yillar boshlarida ikki xil oqim maydonga keldi. Ularning birinchisi (Ayub G'ulom boshchiligidagi tilshunoslar) ruscha grammatik shaklni olib tashlash yoki qisqartirish yo'li bilan o'zbekchalashtirish g'oyasini olg'a tashladilar. Masalan:
Borovskiy radius – Bor radiusi
Konturnaya karta – Kontur karta
Korrelyasionnыy integral – Korrelyasion integral
Akkumulyatornыy sosud – Akkumulyator idishi
Kontaktnoye gnezdo – Kontakt joyi
Rentgenovskiye luchi – Rentgen nurlari
Assillograficheskiy integrator – Assillografik integrator
Boshqa bir guruh tilshunoslar esa (Olim Usmon) aniqlovchi qismiga izchillik bilan -iy, -viy qo'shimchalarini qo'shishni taklif qildilar. Masalan:
Texnicheskiye nauki – Texnikaviy fanlar (texnik fanlar emas)
Rentgenovskiye luchi – Rentgeniy nurlar
Tilshunoslikdagi mazkur ikki oqimning ta'siri tabiiy fanlar bo'yicha tuzilgan lug'atlarda ham o'z ifodasini topdi. Masalan, S.Z.Zaynobidinov va Ye.G.Zaugolnikovaning «Inglizcha-ruscha-o'zbekcha lug'at»ida ana shunday ta'sirni kuzatish mumkin. Masalan, korrelyasionnыy integral korrelyasion integral deb berilgani holda (175-bet), temperaturnыy skachok, magnitnoye soyedineniye kabi atamalar temperaturaviy sakrash, magnitoviy ulanish deb beriladi.
Ko’rinadiki, tilshunoslikning atamashunoslik bo’limi bo’yicha nazariy xulosalar barcha fan atamalarining izga solinishida asos bo'lib xizmat qiladi. Shuning uchun barcha fan sohalari bo'yicha atamalar lug'atini tuzishda mazkur fan sohasi vakillari bilan tilshunoslarning hamkorlik qilishlari katta samara beradi.
Bizni qurshab turgan olam uzvlari o'zaro uzviy aloqada, o'zaro shartlangan munosabatda bo'lganidek, ularni o'rganuvchi fanlar ham bir-biri bilan chambarchas aloqadadir.
Fanlar sistemasida biron-bir fan yo'qki, boshqa fanlar bilan munosabatda bo'lmagan, uning erishgan yutuqlaridan oziqlanmagan bo'lsin. Ma'lum bir fanda muvaffaqiyat qozongan tadqiqot usuli albatta boshqasiga ta'sir etmay qolmaydi.
Bir necha fanda bir-biriga yaqin tushunchalarning kelib chiqish ildizlarini ochishda bu fanlarning o'zaro munosabatini, bir-biriga ta'sirini o'rganish katta ahamiyatga ega.
Fanni sistema sifatida e'tirof etarkanmiz, har bir fanga fanlar sistemasining bir uzvi sifatida qarash va uni boshqa fan uzvlari bilan munosabatda o'rganish fandagi sistemaviylik tabiatini ochishga qulay imkoniyat yaratib beradi.
Tilshunoslikning fanlar sistemasidagi o'rnini belgilash, uning boshqa fanlar bilan munosabatini yoritish mazkur fanning fanlar sistemasidagi qimmatini belgilashda, tilshunoslikning bir qator tushunchalari kelib chiqish ildizlarini yoritishda, umuman, tilshunoslikning ko'pgina nazariy muammolariga oydinlik kiritishda muhim ahamiyatga ega.
Tilshunoslik fanlar sistemasidagi boshqa fanlar erishgan yutuqlar bilan oziqlanibgina qolmasdan, o'z navbatida, uning o'zi ham bir qancha fanlarda mavjud muammolarni ijobiy hal qilish uchun yordam beradi. Xususan, mantiq, psixologiya, tarix, etnografiya tilshunoslik yutuqlariga tayanadi. Shuningdek, tabiiy fanlarning atamalar tizimini shakllantirish va tartibga solishda ham tilshunoslik yordamga keladi.
Tilshunoslikning boshqa fanlar bilan bog'liqlik darajasi turlicha. Ayrim fanlar bilan tilshunoslikning ba'zi masalalarigina aloqadordir. Xususan, geografiya bilan lisoniy hodisalarning tarqalish hududlarini belgilashda, bu hududlarni kartalashtirishda; fizikaning akustika bo'limi bilan nutq tovushlarining fizik xossasini o'rganishda; tibbiyot bilan nutqiy afaziya masalalarini o'rganishda aloqadorlik seziladi. Boshqa fanlar bilan esa tilshunoslik o'ta zich munosabatdadir. Masalan, falsafa tilshunoslikning barcha masalalari bilan uzviy aloqada.Tilshunoslik qo'lga kiritgan yutuqlarni xalq xo'jaligining turli jabhalariga qo'llash natijasida tilshunoslikning amaliy tarmoqlari vujudga keldi. Masalan, avtomatik tarjima, telekommunikasiya, nutqiy faoliyat buzilishini davolash, ruhiy terapiya, yozuvi bo'lmagan xalqlarga alfavit yaratish va h.k.
Tilshunoslikning boshqa fanlar bilan munosabatini o'rganish natijasida hozirgi kunda fanlar sistemasida ikki fan oralig'idagi yo'nalishlar maydonga keldi, masalan, mentolingvistika (tilshunoslik va falsafa munosabati), etnolingvistika (etnografiya va tilshunoslik munosabati), psixolingvistika (psixologiya va tilshunoslik munosabati), paralingvistika (semiotika bilan tilshunoslik munosabati), neyrolingvistika (tibbiyot, fiziologiya bilan tilshunoslik).
Boshqa fanlar bilan qanchalik munosabatda bo'lmasin, tilshunoslik o'z tadqiqoti obyekti va tadqiqot chegarasiga ega bo'lgan mustaqil fan sifatida fanlar sistemasida qat'iy o'rniga ega.
Asosiy adabiyotlar:
1.Nurmonov A., Yo'ldoshev B. Tilshunoslik va tabiiy fanlar. – Toshkent: Sharq, 2002.
2.Nurmonov A. O'zbek tilshunosligi tarixi. – Toshkent: O'zbekiston , 2002.
3.Дониёров Р. Ўзбек тили техник терминологиясининг баъзи масалалари. – Тошкент, 1977.
4.Мадвалиев А. Химия терминологиясида дублетлик ва уни минимумга келтириш масаласи // Ўзбек терминологиясида лексик вариантлар. – Тошкент, 1979. – Б.80-103.
5.Зокиров К., Жамолхонов Ҳ. Ўзбек ботаника терминологияси. – Тошкент, 1966.
Do'stlaringiz bilan baham: |