Hayrat ul-Abror (II- qism)
Alisher Navoiy
20
http://ziyonet.uz/
Ganja quyoshi bayroq koʻtarib, soʻz mamlakatini bir hukmronlik ostiga birlashtirganida,
bu ham koʻz tikmagan, qoʻshin tortmagan mamlakat qplmadi. Qaysi bir mayni ichib, u
kayf qilgan boʻlsa, bu ham oʻsha mayni ichib mast boʻldi. U qaysi maskanga yoʻl olgan
boʻlsa, bu ham oʻsha yerda bazm qurdi. Borgan yerini u «Maxzan ul-asror» bilan bezagan
boʻlsa, u yerni bu «Matla’ ul-anvor» bilan yoritdi. U masnaviy yoʻlini oʻziga
boʻysundirgan boʻlsa, bu ham unga ergashdi, unga monand ish tutdi.
Koʻp kishilar ularga oʻxshatmalar yozishni havas qilishdi, biroq ular sarv bilan gul
qarshisiga xas keltirishdi. Ulardan faqat bir kishi bundan mustasnoki, bunday odamni
koʻhna falak shuncha aylangani bilan boshqa yarata olmadi.
XIII
Yuksaklikning uzun soyasi, shodlik jomining sof sipqoruvchisi mavlono Nuriddin
Abdurahmon Jomiy vasfikim, vasfga sigʻmas, ta’rifikim, ta’rifga toʻgʻri kelmas va ul
xazrat iltifoti quyoshi qora kunga kolgan men ojizning ahvoliga nur sochganining bayoni,
ul quyosh tarbiyasidan bu tuproqda oq gullar, oq gullargina emas, rang-barang rayhonlar
nishon bergani va «Tuhfat ul-ahror» tuhfasi mutolaasidan gʻamgin koʻngulning
xursandchilik topgani va «Hayrat ul-abror»ning la’l va javharlarini nazm ipiga
tizmoqning sababi
U bugungi kunda soʻfiylik maslagining dahosi, haqiqat sirlarining kashf etuvchisidir.
Uning koʻksi - haqiqat durlarining xazinasi, koʻngli esa ma’no yuzlariga oina.
Uning oʻrni yetti qavat osmondan ham yuqorida: yetti osmonning mushkul ishlari esa -
uning oldida xal. Uning maskani - soflik madrasasi; uning uchun eng tinch joy - doʻstlar
xonaqohidir. Uning jilva qilib qarab turadigan joyi yuksak osmon gulshani; suv ichadigan
chashmasi esa aniqlik manbaidir.
U qurgan soʻz qasri shu qadar balandga koʻtarilganki, unga hatto osmon ham sirtmoq
sola olmaydi. Bu qasrda shaytonlarning xas-xashagi ilinib qolishi imkoni yoʻq, chunki
unda farishtalar toʻdasi qanot qoqib yuradi.
Goʻyo jahon osmon gumbazi ostiga yashiringanday, u oʻz hujrasining gumbazi ostida
yashirinib oʻltiradi; uni sen jahon ham dema, katta olam deb ata, Allohi taoloning
qudratidan nishona deb bil. Uning ustidagi darveshlik xirqasi oddiy kalta toʻn boʻlib, bu
toʻn uning tani, jismi esa uning jonidir. Xirqa oʻrniga bunday toʻn kiyishining sababi, oʻz
tanini riyokorlik libosidan xalos etishdir.
U boshini oʻychan quyi solib, dildan Xudoga yuzlanganida, ravshan koʻngil bilan
chaqmoqday sayr etadi. Bu sayrda u falakni xijolatga soladi, yer yuzini esa xat varaqlari
aylanganday aylanib chiqadi.
U xat yozar ekan, uning siyoxi vaqt quyoshini qora parda bilan bulutdek toʻsib
qoʻyayotganday boʻladi. Bu pardani u yashirin xolatlarni berkitish uchun yasagan;
Do'stlaringiz bilan baham: |