Tragediya adabiyotning dramatik tur janrlaridan biri bo'lib, uning lug'aviy ma'nosi yunoncha tragos - echki, ode - qo'shiq; tragediya - echki qo'shig'i ma'nosini anglatadi. Echki qayoqda-yu, fojiali sahna asari qayoqda, deb o'ylashingiz mumkin. Aslida, yuqoridagi so'zlarning zamirida haqiqatga yaqin ma'no bor: qadim yunonlarda hosil xudosi Dionis sharafiga xalq bayramlari o'tkazilgan. Bu bayramlarda echkilar so'yilib dasturxonga qo'yilgan. Qiziqchilar esa echki terilarini yopinib yurishib, turli sahna tomoshalarini ko'rsatishgan. Bunday jaydari qiziqchilarni tragoslar deyishgan. Keyinchalik bu so'z oqibati fojia bilan tugaydigan sahna asarlariga nisbatan qo'llanila boshlagan. Tragik asar, ya'ni tragediyaning boshqa sahna asarlari (komediya, drama, monodrama, intermediya)dan farqi shundaki, u qahramonlar o'rtasidagi kuchli ziddiyatlar asosiga quriladi, qahramonlar taqdiri fojia bilan yakun topadi, ular o'rtasidagi konflikt (ziddiyat) shiddatli va keskin tus oladi. Fojeiy asar qahramonlar xarakterining yorqinligi, ichki kolliziya (qarama-qarshilik, to'qnashuv) kuchliligi, personajlar o'rtasidagi konfliktning o'ta kuchli ekanligi bilan farqlanadi. Tragediya murosasiz kurash, g'oyatda keskin ziddiyat zaminiga quriladi. Bunday asar asnosida kishilar qismati shiddatli, suronli siyosiy voqealar, turli ijtimoiy, shaxsiy qarashlar kurashi fonida ko'rsatiladi. Tragediya doimo hayotdagi eng muhim, dolzarb hayot-mamot masalalarini ko'tarib chiqadi. Ijobiy qahramon istagi, qarashlari bilan u yashagan muhit o'rtasidagi ziddiyat tragediyaning asosiy kolliziyasi (qarama-qarshiligi)ni keltirib chiqaradi va albatta ezgulikni e'zozlagan, haqiqat fidoyisi, yaxshi inson fojiasi uning o'limi bilan tugaydi. Biroq bu qayg'uli, faqat ko'zyosh oqizib tomosha qiladigan holat emas, balki dramaturg ko'zda tutgan ezgu g'oyalarning tantanasi, kelajakka katta ishonch bilan yo'g'rilgan ijtimoiy ruhning g'olib kelishidir. Ijobiy qahramonni mahv etgan qora kuchlar asar davomida o'zlarining kaltabinliklari, ma'naviy tubanliklari, taraqqiyot dushmanlari ekanlari kabi «xislatlari»ni fosh etadilar. Fojeiy sahna tomoshasi so'ngida qahramon halokati yovuz kuchlarning ham ma'naviy o'limi bilan tugaydi. Siz o'qib-o'rgangan «Mirzo Ulug'bek» fojiasidagi voqealarni esga olsak, bunga ishonch hosil qilamiz. Asar buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug'bekning o'limi bilan tugasa-da, undagi optimistik ruh kishiga dalda beradi. Ali Qushchining tragediya nihoyasidagi kelajakka ishonch, yaxshi kunlar umidi bilan yo'g'rilgan quyidagi so'zlari ftkrimizning dalilidir:
Koinotning chamaniga ochgan yo'limiz
Yo'lchilarsiz qolmas, biling, aziz muallim!
Orta borur yulduz soni jadvalingizda,
Qoningizdan o'sib chiqar shodlik gullari.
Tragediyaning paydo bo'lishi biz yuqorida eslatgan antik davr marosimlariga to'g'ri keladi. Yunonlarning hosil xudosi Dionis sharafiga echki so'yib bayram qilishlari, echki qo’shig’i degan lug'aviy ma'no o'sha davrga daxldordir. Haqiqiy tragik asarlar yaratish esa miloddan avvalgi beshinchi asrga kelib o'zining kamolot bosqichiga ko'tarildi. Esxilning «Zanjirban Prometey»,
«Oresteya», Sofoklning «Shoh Edip», «Antigona», Evripidning «Elektra», «Medeya», «Gerakl» kabi tragediyalari optimistik ruh, adolat va haqiqatning qaror topishi, yuksak insoniy tuyg'ularning maromiga yetkazib tarannum etilishi bilan ajralib turadi. Bu asarlar yunon sahna san'ati, xususan, tragediyasining dovrug'ini jahonga yoyilishiga sabab bo'ldi. Yevropada tragediya uyg'onish va undan keyingi davrlarda ham keng rivojlandi. Ispan dramaturglari Lope de Vega, Kalderon, ingliz yozuvchisi V. Shekspir, nemis dramaturglari Gyote, Shiller, rus shoiri A.S. Pushkin kabilar bu sohada samarali qalam tebratdilar. UIar yaratgan «Otello», «Gamlet», «Romeo va Julyetta», «Boris Godunov» kabi tragediyalar bugungi kunda jahon teatrlari sahnalarida qayta -qayta o'ynalmoqda. O'zbek adabiyotida tragediyaning go'zal namunalari Mahmudxo'ja Behbudiy - «Padarkush» (1911), Abdurauf Fitrat - «Abulfayzxon» (1926), Maqsud Shayxzoda - «Jaloliddin Manguberdi» (1944), «Mirzo Ulug'bek» (1961) tomonidan yaratildi. Ushbu asarlar o'zbek sahna madaniyatining haqiqiy durdonalariga aylandi.
USMON NOSIR
(1912-1944)
«1912-yilning 13-noyabrida Namangan shahrining «Chuqurko'cha» dahasida qorachadan kelgan bir bola tug'ildi. U tug'ilganida hech kim sevinmadi ham, hech kim xafa ham bo'lgani yo'q. To'shakda yotgan bemor ota esa bola go'dakligidayoq bu olamdan ko'z yumdi... Ammo otalik mehrini to'rt yashar Usmon Masodiq o'g'li Nosirhoji Xonadonidan topdi. IKkinchi ota oilasini Qo'qon shahriga ko'chirib olib keldi. Bola shu dargohda ulg'ayib, ko'p bolalar kabi internatda o'qib tarbiyalandi. O'rta maktabda va Samarqanddagi O'zbekiston dorulfununida o'qib yurgan yillardanoq u shoir Usmon Nosir bo'lib tanildi. Usmon Nosir!.. Bu nom yigirmanchi yillarning oxirlaxidayoq o'quvchiga tanila boshladi. O'ttizinchi yillarda esa u, asarlarini kitobxonlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi. Endi uni «tabiatan shoir», «tug'ma shoir» deb ta'rifladilar. Ana o'shanda Usmon Nosir 20 yoshlarda edi. «Bo'ladigan bola boshidan ma'lum» deganlaridek, Usmon Nosir ham mashhur siymolarimiz kabi juda yoshligidan ko'p ijobiy xislatlarga ega bo'lgan edi. U nihoyatda ziyrak, idrokli, keng mushohadali, o'ta qiziquvchan, uquvli, bilimga chanqoq, mehnatkash edi. Shuning uchun ham Usmon Nosir ijodda yoshligidanoq iste'dodli, «tug'ma shoir» sifatida tanildi. Bu tanilish yosh shoirning shoirona tabiatidan tashqari, uning ijodga jon-dili bilan berilishi, ijod sirini bilishga urinishi, bu yo'lda o'rganishi va izlanishi samarasi edi. «Geyne bilan o'rtoq tutindim, Lermontovdan ko'mak o'tindim» degan yosh shoir rus va jahon poeziyasining maftunkor fazilatlarini ijodiy talqin qilish bilan birga Sharq adabiyoti va og'zaki ijodining boyliklarini ham egallashga intildi... Usmon Nosir 18 yoshidan to 24 yoshigacha bo'lgan davrda ijod qildi. Shu qisqa 6-7 yil ichida u beshta she'rlar to'plami («Quyosh bilan suhbat”, «Safarbar satrlar», «Traktorobod», “Yurak», «Mehrim”) va ikki doston («Norbo'ta», «Naxshon”) hamda to'rt drama («Atlas», «Zafar», «So'nggi kun», «Dushman”) asarlarini yaratdi. Badiiy tarjima sohasida ham shoir o'ziga xos tarjimonlik madaniyatini va poetik didini namoyish qilgan edi. N.A.Dobrolyubovning «Haqiqiy kun qachon keladi?» degan mashhur asarini, V.I.Kirshonning «Ulug' kun» dramasini, A.S. Pushkinning «Bog'chasaroy fontani», M.Yu. Lermontovning “Iblis» nomli dostonlarini, Geyne, Gyote, Bayron ijodidan ko'pgina namunalarni o'zbek kitobxonlari Usmon Nosir tarjimasida o'qidi. Bu poetik tatjimalar o'zbek adabiyotining tarjima asarlar sahifasida shoh namunalar bo'lib qoldi. Usmon Nosir lirik shoir edi. Bu yangroq lirika o'zbek she'riyatidagi lirik oqimga hamohang bo'ldi, bu oqimga yangi sharshara bo'lib qo'shildi va bu unga yanada joziba baxsh etdi. Shoir ijodidagi bu xususiyatlar she'riyatda lirikaning yangi turini, badiiy soddalikning eng yaxshi namunasini namoyish qildi. Usmon she'rlarida jimjimadorlik, g'alizlik, zo'rma-zo'rakilik ko'rinmas, fikr-tuyg'u sodda, lekin lirik harorat bilan, jozibadorlik bilan, original tashbehlar bilan bayon qilinar edi:
She'rim! Yana o'zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan, .
Jonim kabi yashaysan manda.
(« Yana she'rimga»)
Bu she'riy parchada yana bir narsa, ya'ni shoir ijodining yetakchi mazmuni - she'riyat va hayot oshig'ligi namoyon bo'ladi.
...Shoir ijodiy faoliyatida biz ikki pog'ona borligini ko'ramiz. Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo'lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko'proq ko'zga tashlandi. Shuning uchun uning she'rlari shior va chaqiriq bo'lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko'rsatdi... Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo'lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo'lida izlanish davri edi... Usmon Nosir o'z ijodini, o'z she'rini:
Sen yuragimning chashma suvisan,
Sen ko'zlarimning gavhar nurlari.
Sening bahongni kim so'rasa, de:
«Bahom - umrning bahosiga teng»,
Do'stlaringiz bilan baham: |