(“She'rim»)
deb baholagan yildan boshlab uning ijodining yangi davri, yangi oqimi, yangi to'lqini, yangi toshqini boshlandi. Bu toshqin shoir ijodining kamolot bosqichi edi. Bu bosqichda u yetakchi shoirlar kabi falsafiy fikrlashni, teran mushohadani, voqeani poetik tasavvur qilishni o'rganib, bu xususiyatni o'z she'rlariga badiiy sodda ifodalarda singdirdi. Uning lirikasida siyosat va ijtimoiy turmush hayotiylik, originallik, chuqur hissiyot, poetik tuyg'u, intim kechinmalar bilan sug'orildi, yurak sadosi bo'lib yangradi va mehr o'ti bo'lib olovlandi. Shuning uchun ham shoir shu yillardagi she'riy majmualariga «Yurak» va «Mehrim» deb nom qo'ydi...
Usmon Nosir yosh ijodkorlarga murabbiylik qildi. O'rta maktabda o'qib yurgan chog'larida Qo'qondagi havaskor qalamkashlar, o'z davrining yosh shoirlari Amin Umariy, Nasrulla Davron, Ibrohim Nazir va shu satrlarning muallifi - kamina kabi shoirlar uning ko'magidan bahramand bo'ldi... Keyinchalik Usmon Nosir barcha katta-kichik shoirlar yuragiga kirib bordi va ularga o'rnak bo'lib qoldi.
...Usmon Nosirning adabiyotda paydo bo'lishi hammaning e'tiborini tortgan edi. Uning ijod maydoniga kirib kelishi, mislsiz kuchi bilan hammani o'ziga jalb qilgan notanish bir pahlavonning maydonga kirib kelishiga o'xshar edi. Ha, u ijod maydoniga yosh va kichkina jussasi bilan keldi-yu, juda katta yuk ko'tardi. «Usmon she'riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo'ronday! U shunday to'polon va to'lqin bilan keldiki, uncha-muncha she'riy uslub va ijodni to's-to's qilib yubordi. Uni o'zimizda «O'zbekning Lermontovi», Moskva gazetalarida «Sharqda Pushkin paydo bo'ldi», deb yozishdi», - deydi shoir Turob To’la.
...Usmon Nosir 1944-yil 23-martda 32 yoshida Uzoq Sharqda vafot etdi. Lekin, shoir o'zi aytganidek, uni Vatan, xalqimiz, adabiyot unutmadi!
Bargdek uzilib ketsam
Unutmas meni bog'im.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
She'rlarim yangrab qolur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog'im,
(<)
degan edi Usmon».
O'tkir Rashid, filologiya fanlari nomzodi, 1984-yil
YURAK
Yurak, sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo'r etding.
Ko'zimga oyni berkitding,
Yurak, sensan ishqibozim.
Senga tor keldi bu ko'krak,
Sevinching toshdi qirg'oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen ey, sen - o'ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To'lib qayna, toshib o'yna,
Tirikman, kuyla boringni.
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo'lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o'lsam!..
1933, Samarqand
Usmon Nosirning «Yurak» she'ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o'zida mujassam etgan she'rlar sirasiga kiradi. Ijodkor tarjimayi holidan o'rin olgan shoir Turob To'laning unga bergan ta'rifi Yodingizdami? «Yurak» she'ridan xuddi shu bo'ronday shiddatni, to'polonni, to'lqinni his qilmaymizmi? Shoir Yurak obrazini o'zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg'ulari, orzu-o'ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya'ni uning Yurakka murojaati, aslida, o'z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi. Qalbida ilhom bulog'i jo'sh urgan shoirgina
Senga tor keldi bu ko'krak,
Sevinching toshdi qirg'oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan, -
deyishi mumkin.
Qarang, Yurakning xuddi qaldirg'och jivir-jiviridek, bulbul chax-chaxidek kuyini, zavq-u shijoatini shoirning tili bor-yo'g'i tarjima qilishga zo'rg'a ulguradi. Chunki, ichingizda ozmi-ko'pmi she'r, hikoyalar yozishga ishtiyoqmand o'quvchilar bo'lsa guvohlik berishlari mumkinki, ilhom degan to'lqin hech bir ogohlantirishsiz, egasini qalam-qog'oz olishga-da ulgurtirmay, toshib keladi. Usmon Nosir bir she'rida aytganiday «Ilhomning vaqti yo'q, selday keladi...» Shoir fikricha, Yurakka faqat bir o'rinda buyruq bermoq, uni itoatga ko'niktirmoq, balki majburlamoq ham qiynamoq mumkin: agar undan “Vatan rozi emas bo'lsa...» Usmon Nosir ham ko'ziga oyni berkitib, u bilan ishqibozlik qilishiga-da yo'l qo'yib bergani Yurakdan avvalo Vatan rozi bo'lishini talab qiladi. Aks holda <
Do'stlaringiz bilan baham: |