3. Migratsiya tiplari va turlari. Migratsiya juda keng qamrovli va murakkab jarayon bo’lib, uning turli jihatlariga ko’ra: hududiy yo’nalishiga, muddatiga, tashkil etilgan yoki etilmaganiga, qonuniy yoki noqonuniyligiga qarab turlari mavjud.
Hududiy yo’nalishiga ko’ra migratsiya tashqi va ichki migratsiyaga bo’linadi.
Ichki migratsiya - biror bir mamlakat, viloyat yoki ma’muriy hududiy birlik ichida aholining bir joydan ikkinchi bir joyga ko’chishidir. Bu xil migratsiya ham o’z navbatida, to’rt yo’nalishga bo’linadi: shahardan-shaharga, shahardan-qishloqqa, qishloqdan-shaharga, qishloqdan-qishloqqa.
Tashqi migratsiya - aholining mamlakat tashqarisiga, jumladan, qo’shni mamlakatlar yoki chet elga ko’chib ketishi yoki u erdan ko’chib kelishidir. Tashqi migratsiyaning qit’alararo va qit’alar ichidagi turlarini ham ajratib ko’rsatish mumkin. Tashqi migratsiya to’g’risida gap ketar ekan emigratsiya, immigratsiya va reemigratsiya tushunchalariga qisqacha ta’rif berib o’tish lozim bo’ladi. «Immigratsiya - bu mamlakatga xorijiy fuqarolarning doimiy yashash yoki ishlash maqsadlarida kelishi bo’lsa, emmigratsiya esa bu jarayonning teskarisidir, ya’ni biror mamlakat fuqarolarining doimiy yashash yoki ishlash maqsadlarida xorijga chiqib ketishlaridir. Reemigratsiya va reimmigratsiya esa ko’chib kelgan yoki ko’chib ketganlarning kaytib kelishi va qaytib ketishidir. Immigratsiyada qatnashgan fuqarolar immigrantlar, emmigratsiya jarayonida ishtirok etuvchilar emmigrantlar, deb ataladi. shuni alohida qayd etish lozimki, “Emmigrant” va “Immigrant” tushunchalari uchun xalqaro yagona ta’rif mavjud emas. Bu tushunchalar bo’yicha har bir davlatning o’z mezonlari bor. Masalan, Bolgariyada “immigrant” shu davlatga joylashish maqsadida boshqa davlatdan kelganlar; “emmigrant” esa Bolgariyani butunlay tashlab boshqa davlatga yashash uchun ketganlar. Polshada oldin xorijda, ya’ni boshqa davlatda yashab, keyinchalik shu davlatga doimiy fuqarolik uchun kelganlar – “immigrantlar”, Polshani butunlay tashlab ketganlar esa “emmigrantlar”, deb ataladi. Rossiyada – Rossiyaga ishlash yoki o’qish maqsadida 1,5 yildan ko’p muhlatga kelganlar va ularning kuzatuvchilari “immigrantlar”, o’qish yoki ishlash uchun 1,5 oydan ko’p muhlatga boshqa davlatga ketganlar “emigrantlar”, deb ataladi. AQSH da qonuniy asosda boshqa davlatlardan doimiy yashash maqsadida AQSH ga kelganlar “immigrantlar”, deb ataladi. “Emmigrantlar” ga esa ta’rif berilmagan.»17
Muddatiga ko’ra – migratsiyaning doimiy vaqtincha (mavsumiy) va tebranuvchi (mayatniksimon) turlari ajratiladi.
Doimiy migratsiya- bu aholining ko’chib ketgan joyida butunlay qolib ketishi yoki uzoqroq muddat qaytib kelmasligidir. Kishilarning nisbatan qisqa muddatdan so’ng ko’chib ketgan joylariga qaytib kelishlari vaqtinchalik migratsiyadir. Vaqtingchalik migratsiyaning eng muhim yo’nalishi mavsumiy migratsiya bo’lib, kishilarning yilning muayyan bir faslida chetga chiqishi yoki kelishi jarayonidir. Mavsumiy migratsiya asosan mehnat migratsiyasiga xos jarayon bo’lib, aholi bandligida katta tebranishlar bo’ladigan va ishchi kuchiga talab katta bo’ladigan mavsumlarda kishilarning migratsion faolligi bir necha barobar ortib ketadi. Mavsumiy migratsiya ko’proq qishloq xo’jaligi, mehmonxona xo’jaligi singari ishchi kuchini ko’p talab etadigan va yuqori malaka talab etilmaydigan ishlar bilan bog’liq bo’ladi. Misol uchun yoz oylarida Turkiya, SHveysariya kabi davlatlarga xorijlik sayyohlarning ko’plab kelishi natijasida ishchi kuchiga bo’lgan talab keskin ortadi. Bu esa daromad topish darajasi nisbatan pastroq bo’lgan davlatlardan ko’plab ishchilarning oqib kelishiga sabab bo’ladi.18
Migratsiyaning yana bir turi tebranuvchi (mayatniksimon) migratsiya bo’lib, aholining bir aholi punktidan ikkinchi bir aholi puktiga o’qish, ishlash va boshqa sabablarga ko’ra har kunlik qatnashidir. Bu tur migratsiya ko’proq ichki migratsiyaga xos bo’lib, xalqaro migratsiya doirasida davlatlararo yaxshi qo’shnichilik aloqalari yo’lga qo’yilgan chegaraoldi hududlarigagina xosdir.
Migratsiya jarayoni tashkil etilish nuqtai - nazaridan tashkil etilgan va tashkil etilmagan turlarga ajratiladi. Tashkil etilmagan migratsiya aholining o’z hohish va ixtiyorlari bilan avvaldan rejalashtirilmasdan, stixiyali tarzda bo’lishi bo’lsa, tashkil etilgan migratsiya ijtimoiy zaruriyat tufayli davlat tomonidan rejalashtirilgan tarzda sodir bo’ladi. Misol uchun, hozirgi kunda juda ko’p O’zbekiston fuqarolari Janubiy Koreya Respublikasida tashkillashtirilgan holda mehnat qilmoqdalar.
So’nggi yillarda migratsiyada, xususan xalqaro migratsiya jarayonlarida qonuniy va noqonuniy migratsiya turlari alohida ajratib ko’rsatilmoqda.
Qonuniy migratsiya - bu kishilarning mavjud qonunchilikni chetlab o’tmagan holda, davlat organlari tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan va tegishli ruxsatnomalari bo’lgan holdagi ko’chishlaridir.
Noqonuniy migratsiya esa kishilarning mavjud qonunchilikni chetlab o’tgan va davlat organlari tomonidan ro’yxatga olinmagan holdagi hamda zaruriy xujjat va ruxsat bo’lmagan holdagi ko’chishidir.
Dunyoda va uning alohida hududlarida jamiyat taraqqiyotining ma’lum bir tarixiy davrlarida va turli ijtimoiy guruhlardagi migratsion harakatni o’rganishda migratsiya ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Ayniqsa migratsiya jarayonini demografik nuqtai nazardan o’rganilganda uning ko’rsatkichlari atroflicha tahlil etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |