XX asr so’ngida yuzaga kelgan asosiy yo’nalishlar
Yer qurrasida XX asrning boshlarida aholi migratsiyasi tarkibida qochoqlar, majburiy migrantlar(milliy to’qnashuvlar, siyosiy kurashlar, ochlik va h.k tufayli) salmog’i ham ahamiyatlidir. Qochoqlarning ichki va tashqi oqimi Osiyo (Afg’oniston, Eron, Livan, Hindiston) Lotin Amerikasi (Chili, Nikaragua, Kuba) Afrika (Efiopiya, Sudan, Gad) davlatlarida, shuningdek Rossiyada ham kuzatilmoqda.
O’zbekiston hududida ham aholining migratsion harakati uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy holati ta’sirida juda qadimdan boshlab mavjud bo’lgan. Uzoq o’tmishda ko’chmanchi qabilalarning yurishi, podsholiklar, xonliklar davrlaridagi urushlar, Buyuk Ipak yo’li bo’ylab savdo karvonlarining harakatlari, O’zbekiston hududida Samarqand, Buxoro kabi diniy, ilmiy markazlarning faoliyat ko’rsatishi o’lkada tashqi va ichki migratsiyaning muntazam davom etishiga omil bo’lgan.
Ayniqsa, XIX asr Turkiston o’lkasining Rossiya koloniyasiga aylanishi davri, aholi migratsiyasini kuchaygan davri hisoblangan. Ko’plab oilalar Rossiyadan O’zbekiston hududiga ko’chib kela boshladi. Dastlabki rus posyolkalari Sirdaryo viloyati hududida tashkil topdi. 1890 yilda Sirdaryoda 20 ta rus posyolkalari, 1300 ta oila yashaganligi manbalarda qayd etilgan 7.
XIX asr boshida Turkistonda 74 rus posyolkakalari bo’lib, ular asosan Sirdaryo va Toshkent shaharlarida joylashganlar. Keyinchalik Farg’ona, Samarqand viloyatlariga ham Rossiyadan kelgan immigrantlar joylasha boshladilar. Toshkent, Samarqand, Qo’qon, Farg’ona va boshqa shaharlarda zavod fabrikalar qurilib, ularning ishchilari tarkibida ham Rossiyadan kelganlar salmog’i yuqori edi. 1911 yilda Toshkent shahar aholisining 25 foizi eski Marg’ilon aholisining 30 foizi, Samarqand aholisining 20 foizi va Andijonda 15 foiz aholini ruslar tashkil etgan. Umuman XX asr boshlarida Turkistonda 702 ta korxona faoliyat ko’rsatgan bo’lib, korxona ishchilarining 25 foizini Rossiyadan kelgan migrantlar tashkil etgan.8
Sobiq Ittifoq davrida ham O’zbekistonda aholi migratsiyasi faol davom etadi. Bir qancha korxonalar-tekstil, qog’oz fabrikalari, o’z ishchilari mutaxassislari bilan birga O’zbekistonga ko’chirilgan. 1926 yil Respublikada o’tkazilgan aholi ro’yxati ma’lumotlarida o’lka aholisini 8,3 foizini boshva hududlardan kelgan migrantlar tashkil etganligi qayd etiladi. XX asrning dastlabki 30-40 yillarida O’zbekistonda tashqi va ichki migratsion jarayonlar jadallashdi. Tashqi migratsiya bilan bir qatorda qishloqdan shaharlarga tomon (Qarshi, Kogon, Termez, Urganch, Chimboy, Xujayli, Samarqand, Toshkent, Farg’ona, Andijon shaharlariga) ko’plab yoshlarning ishlash, o’qish maqsadida kelishi ichki migratsiyaga sabab bo’ldi. Shuningdek, O’zbekistondan Rossiya va Ukraina shaharlariga o’qish, malaka oshirish maqsadida minglab yoshlar ketganlar.
Ikkinchi jahon urushi davrida Respublikada tashqi mirasiya yana ham jadallashdi. O’zbekistonga Rossiyadan va Sobiq SSSRning boshqa Yevropa hududlaridan millionga yaqin aholi, 90 ta zavod (V.P.Chkalov, Sredazkabel, Chirchiqselmash, Uzbekselmash, Tashtekstilmash, Podyomnik va boshqalar) ishchi kadrlari bilan evaukuasiya etilgan. Urushdan keyingi yillarda ham O’zbekiston aholisining migratsiya hisobiga ko’payib borishi ancha yuqori bo’lgan, Respublikaning migratsion aloqalari geografiyasi kengaygan. O’zbekistonga Rossiya, Ukraina bilan bir qatorda Boltiqbo’yi, Kavkaz, O’rta Osiyo, Qozog’iston, Belorussiya, Moldava hududlaridan aholi turli maqsadlarda kela boshlaganlar. 1961-1975 yillarda Respublikaga 1798,3 aholi kelgan bo’lsa 56,6 foizi Rossiyadan, 16,8 foizi O’rta Osiyo Respublikalaridan, 16,2 foizi Qozog’istondan, qolgan 10,4 foiziini yuqorida qayd etilgan davlatlardan kelganlar tashkil etgan.9 O’lka aholisi migratsiya hisobiga 391, 4 ming kishi hisobiga ko’paygan.
O’zbekistonga migrantlarning ommaviy kelishiga Toshkent zilzilasi (1966y) ham sabab bo’lgan. Zilzila oqibatlarini bartaraf etishga yordam berish maqsadida Rossiya va boshqa hududlardan minglab quruvchilar, arxitektorlar, malakali mutaxasislar kelganlar va ularning bir qismi O’zbekistonda qolib ketganlar.
XX asrning 1970-1989 yillarida O’zbekistonda umumiy migratsion jarayonda respublikalararo tashqi migratsiya salmog’i kamayib ichki migratsion harakatlar salmog’i asta-sekin oshib bordi. 1970 yilda Respublikada ichki migratsiya jami migratsiyaning 49,9 foizini, 1975 yilda 53,2 foiz, 1980 yilda 62,5 foiz,1988 yilda 65,3 foizni tashkil etgan. Tashqi migratsiya esa ushbu davrlarda mos ravishda 50,1 foiz; 46,8foiz; 37,5 foiz va 34,7 foiz bo’lgan.
1985-1990 yillarda sobiq SSSRdagi siyosiy ahvolning o’zgarishi, ushbu davlatning parchalanishi jarayoni shakllana boshladi. Natijada O’zbekistonda mahalliy bo’lmagan qator halqlar o’z ona vatanlariga ketish harakatida bo’ldilar. O’zbekistondagi umumiy migratsiya jarayonida yana tashqi migratsiya salmog’i osha boshladi. 1988 yilda O’zbekistonda migratsiyada ishtirok etgan jami aholi tarkibida tashqi migratsiya salmog’i 42,5 foizni, ichki migratsiya esa 57,5 foiz bo’lgan.
1980 yillarga qadar O’zbekistonda tashqi migratsiya musbat xususiyatga ega edi, ya’ni Respublikadan ketganlar soniga nisbatan kelganlar soni ko’p bo’lgan. 1970 yilda Respublikaga 154,6 ming kishi boshqa respublikalardan kelgan va 122,3 ming kishi esa boshqa Respublikalarga ketgan. Migratsiya saldosi (154,6-122,3) 32,3 ming kishiga teng bo’lgan, yoki respublika aholisi tashqi migratsiya hisobiga 32,3 ming kishiga ko’paygan. Shuningdek migratsiya saldosi 1975 yilda 24,8 kishini tashkil etgan. Lekin 1980 yilda O’zbekistonda migratsiya saldosi -5,9 ming kishini, 1988 yilda -48,5 kishini, 1990 yilda esa -139,9 ming kishini tashkil etgan.10
XX asrning oxirigi yillariga kelib sobiq SSSRning parchalanishi va uning tarkibidagi qator davlatlarni, jumladan O’zbekistonning ham mustaqil taraqqiyot yo’lini tutishi aholining migratsion harakatida keskin o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Respublikaning yangi iqtisodiy, siyosiy sharoitga o’tishi, ishlab chiqarishda yuzaga kelgan muammolar, inflyasiya jarayonining rivojlanishi, o’lkadaga ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli O’zbekistonda yashab kelayotgan ko’plab mahalliy bo’lmagan xalqlar o’z ona yurtlariga keta boshladilar. 1989-1991 yillarda 375 ming yuqorida qayd etilgan xalq vakillari O’zbekistondan ketdilar. Ushbu yillarda har yili Respublikadan o’rtacha 125 ming kishi ketganligi qayd etilgan.
Mustaqilllikning dastlabki 5 yilligida Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy holat bir muncha stabillashib bordi. Natijada O’zbekistondan boshva davlatlarga ketish jarayoni 2 barobarga qisqardi. O’zbekistondagi 1989-1997 yillardagi migratsiya jarayoni etnik xarakterga ega edi. Respublikadan asosan ruslar, ukrainlar, beloruslar, armanlar, tatarlar kabi rusiy zobon xalqlar keta boshlagan. Shuningdek yahudiylar, nemslar ham emigratsiyada ishtirok etgan xalqlardandir.
XXI asrning dastlabki yillarida O’zbekistonda aholining migratsion harakati bir muncha sustlashgan bo’lsada hamon migratsiya saldosi manfiy xususiyat kasb etmoqda. 1990 yilda O’zbekistonda migratsiya saldosi -139,9 ming kishini, 2004 yilda-96,1 ming kishini, 2007 yilda esa -63,1 ming kishini tashkil etgan.
Hozirgi davrda O’zbekistonning migratsion aloqalari Rossiya va boshqa MDH davlatlari, G’arbiy Yevropa, Amerika va uzoq sharq davlatlari bilan qayd etilmovda. 2007 yilda Respublikadan 66,2 ming kishi ketgan bo’lsa, undan 98 foizi MDH va Boltiq davlatlariga, 2,0 foizi esa boshqa xorijiy davlatlarga ketganlar. Bugungi kunda O’zbekistondaga emigratsiya jarayoniga asosan mehnat migratsiyasi sabab bo’lmoqda.
O’zbekistonda hozirgi davrda ichki migratsiyada qishloqdan shaharga, kichik shaharlardan yirik shaharlarga bo’lgan oqim xarakterlidir. Respublikada ishlash, o’qish maqsadida aholining ayniqsa mehnat yoshidagi aholining katta shaharlarga va ularning atrofiga kelishga bo’lgan harakatlari hozirda ham davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |