§ 10. Issiqlik almashuvi apparatlari va quvurlarga xizmat ko‘rsatish
279. Issiqlik almashuvi apparatlarini navbatdagi shahodatlash muddati tugagandan keyin yoki ishonchli va xavfsiz ishlashiga xavf soluvchi nuqsonlar aniqlanganda, ularning himoya elementlari va sath rostlagichlari mavjud bo‘lmasa va nosoz bo‘lganda ularni ekspluatatsiya qilish man etiladi, hamda man etish sabablarini ko‘rsatib, issiqlik almashuvi apparatlarining pasportida bu haqda yozib qo‘yilishi kerak.
280. Barcha quvurlar va issiqlik almashuvi apparatlari yuqori nuqtalarida havoni chiqaruvchi, pastki nuqtalarida va turib qolgan zonalarida — bevosita havo bilan birlashtirilgan, drenaj qurilmasiga ega bo‘lishi kerak.
281. Issiqlik almashuvi apparatlari ishlab turganda bosim ostida bo‘lgan, apparatning ayrim elementlari biriktirmalarining nozikliklarini bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni yoki ta’mirlashni o‘tqazish man etiladi, bundan mazkur Qoidalarning 11 - ilovasining 8-bandida qayd etilgan vaziyatlar istisno.
282. Issiqlik almashuvi apparatlarining saqlagich klapanlari, manometrlari va boshqa armaturalari sozligini issiqlik almashuvi apparatlariga xizmat ko‘rsatish yo‘riqnomasiga muvofiq xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tekshirishi kerak.
283. Bug‘-suvli traktlarda teshiklar aniqlanganda, sexning smena boshlig‘i zudlik bilan xavfli zonasini aniqlashi, u yerda barcha ishlarini to‘xtatish, u yerdan barcha xodimlarni olib chiqishi, shu zonani to‘sib qo‘yishi va “O‘tish man etiladi”, “Ehtiyot bo‘ling! Xavfli zona” xavfsizlik belgilarini osib qo‘yishi shart.
Ko‘rilgan choralar to‘g‘risida yuqori turgan navbatchiga xabar berilishi kerak.
284. Ta’mirlashnishi kerak bo‘lgan issiqlik almashuvi apparati yoki quvurning uchastkasi, unga bug‘ yoki issiq suv kelib tushishining oldini olish uchun yondosh quvurlar va uskunalar, drenaj va aylanib o‘tuvchi liniyalar tomonidan uzib qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Atmosfera bilan bevosita ulanadigan drenaj liniyalari va havoni chiqarib tashlagichlar ochiq bo‘lishi kerak.
285. Bug‘ quvurlarini puflash montaj, ta’mirlash yoki ishga tushiruvchi-sozlovchi tashkilot (uchastka) rahbariyati tomonidan tasdiqlangan va korxona (sex) rahbariyati bilan kelishilgan maxsus dastur bo‘yicha amalga oshirilishi kerak.
Bug‘ quvurlarini puflash uchun ishlatiladigan vaqtinchalik puflash quvurlari, issiqlikdan uzayishini hisobga olib, yopmalar va boshqa konstruksiyalarga hisoblanmagan kuchlarni bermasdan erkin holda joylashtirilishi kerak va yonishni oldini olish maqsadida ular yog‘och konstruksiyalariga tegishi mumkin emas.
Xizmat ko‘rsatish joylarida vaqtinchalik quvur izolatsiya bilan qoplangan bo‘lishi kerak. Bino chegarasidan chiqadigan quvurlarning uchidagi qismi uchun o‘rnatilgan tayanch ishonchli mustahkamlangan bo‘lishi kerak. Bug‘ni chiqarib yuborish joyi shunday tanlanishi kerakki, ushbu xavfli zonada xodimlar, mexanizmlar va uskunalar bo‘lmasligi kerak.
Puflashni rostlash uchun bug‘ quvurining puflanayotgan uchastkasi boshida bug‘li surilma qopqoq o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Puflashni boshlashga qadar barcha puflanayotgan quvur issiqlik izolatsiyasi bilan qoplangan va qo‘zg‘almas tayanchlar tortib qo‘yilishining sifati tekshirilgan bo‘lishi kerak. Bug‘ quvuri oldidagi havozalar va to‘shamalar qismlariga ajratib qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Bevosita puflashdan oldin, ifloslanishni oldini olish uchun drenajlar yopiq bo‘lishi shart. Bug‘ zadvijkasini asta sekin ochish kerak.
Gidravlik urish alomatlari paydo bo‘lganda bug‘ quvuriga bug‘ berilishi zudlik bilan to‘xtatilishi va barcha drenajlar to‘liq ochilishi shart.
Bug‘ quvurlarining puflashda ishtirok etuvchi xodimlar bug‘ quvuri uning quo‘g‘aluvchi tayanchlari va osmalari holatini nazorat qilib turishlari shart.
Vaqtinchalik puflash quvurining chiqarish quvuri chiqqan joyidagi hudud to‘silgan bo‘lishi va uning chegaralari bo‘yicha kuzatuvchilar qo‘yilishi shart.
Puflashda ishtirok etuvchi xodimlar shovqinga qarshi naushnik yoki tiqinlar bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
286. Issiqlik almashuvi apparatlari va quvurlarga xizmat ko‘rsatish mazkur Qoidalarning 10-ilovasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi shart.