§ 9. Yer ostidagi inshootlarda va rezervuarlarda ishlash
254. Barcha yer ostidagi inshootlarda ishlashga ruxsat berishdan oldin bevosita ish zonasidagi havoning tarkibida eng ko‘p bo‘lish ehtimoliga ega bo‘lgan zararli moddalarning borligi tekshirilishi shart.
Yer ostidagi gaz quvurlarining yaqinida (undan ikki tomonga 15 m gacha masofada) joylashgan yer ostidagi inshootlar uchun tekshirish muddatlari, ularga xizmat ko‘rsatish va ularga odamlarni tushirish tartibi korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnoma bilan belgilangan bo‘lishi shart.
Gaz quvuriga yondosh bo‘lgan inshootlarning birida gaz borligi aniqlansa, ularni shamollatish choralari ko‘rilishi shart. Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda, gaz quvuridan 50 m radius masofadagi yer ostidagi qolgan inshootlarda gaz mavjudligi tekshirilishi shart.
255. Yer ostidagi inshootlarda tez-tez uchrab turadigan portlash xavfi bo‘lgan va zararli gazlarning tavsiflari mazkur Qoidalarning 10-ilovasida keltirilgan.
256. Har bir sexda (rayonda, uchastkada) gaz xavfi bor yer osti inshootlarining ro‘yxati sex (rayon, uchastka) xodimlariga ma’lum qilinadi. Ro‘yxat sexda (rayonda, uchastkada) ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi shart.
Barcha yer ostidagi gaz xavfi bor inshootlar texnologik sxemada va marshrut kartasida belgilangan bo‘lishi shart. Gaz xavfi bor yer ostidagi inshootlarning lyuklari bo‘yalgan bo‘lishi shart (lyukning ikkinchi qopqog‘ini yoki uning silindrli qismini sariq rangga bo‘yash tavsiya etiladi).
257. Yer ostidagi inshootning yoki rezervuarning havosida eng ko‘p bo‘lishi ehtimoliga ega bo‘lgan zararli moddalar borligini gazoanalizator asbobi bilan aniqlash kerak. Havo namunasini yer ostidagi inshootga yoki rezervuarga tushiriladigan shlang yordamida olish kerak.
Yer ostidagi inshootning yoki rezervuarning havosida kislorod yetarligi ekanligini aniqlash uchun gazdan xavfsiz bo‘lgan benzinli LBVK lampasini qo‘llashga ruxsat etiladi. LBVK lampasi bilan ishlash zavod yo‘riqnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
258. Havo namunalarini yer ostidagi inshoot yoki rezervuarlarning eng yomon ventilatsiyalanadigan yuqori va pastki qismlaridan olish kerak. Namuna yuqori zonadan olinayotganda shlang uchini ichkariga 20—30 cm masofaga tushirish kerak. Bu holda havodan zichligi kam bo‘lgan zararli moddalar mavjudligini aniqlash mumkin. Havodan og‘ir bo‘lgan zararli moddalar mavjudligini aniqlash uchun yer ostidagi inshootning pastki zonasidan havo namunasini olish kerak, buning uchun shlangning uchi poldan (tuproqdan) dan ortiq bo‘lmagan masofaga tushirilishi kerak.
259. Havo namunasini olish uchun yer ostidagi inshootlar va rezervuarlarga tushish man etiladi.
260. Yer ostidagi inshootda va rezervuarda ish boshlashdan oldin va ish davomida ularni tabiiy va majburiy shamollatilishini ta’minlash shart.
Kameralar va kanallarni tabiiy shamollatish kamida ikkita lyukni ochish, hamda ularning oldida havo oqimini yo‘naltiruvchi maxsus to‘siqlarni o‘rnatish bilan tashkil qilinadi.
Yer ostidagi inshootda va rezervuarning havosida zararli moddalar mavjudligida yoki ulardagi havo harorati 33°S dan yuqori bo‘lganda, majburiy shamollatish amalga oshirilishi kerak.
Majburiy shamollatish ko‘chma ventilyator yoki kompressor bilan yer ostidagi inshoot va rezervuarlardagi havoni 10 — 15 min davomida to‘liq almashtirish yo‘li bilan ta’minlanishi mumkin. Yer ostidagi inshootga tushirilgan ventilyatorning shlangi pol sathigacha 25 — 30 cm ga etmasligi kerak.
Agar tabiiy va majburiy shamollatish zararli moddalarni to‘liq chiqarib tashlashni ta’minlamasa, yer ostidagi inshootga yoki rezervuarga faqat shlangli gaz niqobida tushishga ruxsat beriladi.
261. Yer ostidagi inshootni yoki rezervuarni kislorod bilan shamollatish man etiladi.
262. Transport yuradigan yo‘l qismida joylashgan yer ostidagi inshootlarning ochiq lyuklaridan kamida 10 — 15 m masofada transport harakat qiladigan ikkala tomonga ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shart. Aholi turadigan punktlardan tashqarida, ish o‘tkazilayotgan joydan 50 m dan kam bo‘lmagan masofada, transport harakat qilayotgan tomonda qo‘shimcha ogohlantiruvchi yo‘l belgisi o‘rnatiladi. Ish bajarilayotgan joy to‘sib qo‘yilgan bo‘lishi shart. Sutkaning qorong‘i vaqtida va ko‘rinish sharoiti yetarli bo‘lmaganda, ogohlantiruvchi yo‘l belgilari, shuningdek ish bajarilayotgan joy yonidagi to‘siqlar 42 Vdan yuqori bo‘lmagan kuchlanishli lampalar bilan yoritilgan bo‘lishi shart. To‘silgan zona qish vaqtida qordan va muzdan tozalangan hamda ustidan qum sepilgan bo‘lishi shart.
263. Yer ostidagi inshootlarda va rezervuarlarda ishlashga xodimlarga ruxsat berishdan oldin, ular orqali gaz, kislota va boshqa agressiv moddalar tushishi ehtimoli bor quvurlar uzilgan bo‘lishi shart va ularning flanetsli birikmalarida tiqinlar o‘rnatilishi, yopilgan berkituvchi armaturalarda esa “Ochilmasin — odamlar ishlamoqda” xavfsizlik belgilari osib qo‘yilishi kerak.
Yer ostidagi inshootni yoki rezervuarni, ular orqali suv, bug‘, mazut va hokazolar tushishi ehtimoli bor quvurlardan uzib qo‘yish mazkur Qoidalarning 11-ilovasini 1-bandiga muvofiq amalga oshirilishi shart.
264. Yer ostidagi inshootni yoki rezervuarning lyukini ochishda shamol tomonida (shamolga orqa tomon bilan) turish kerak.
265. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda bo‘lish vaqtini, shuningdek dam olish (undan chiqish) vaqti davomiyligini ish sharoiti va xarakteriga bog‘liq holda naryad beruvchi shaxs belgilaydi, buni naryadning “Alohida shartlar” qatorida ko‘rsatib qo‘yadi.
266. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda (yoqilg‘i va moylar saqlanishi uchun rezervuarlardan tashqari) havo harorati 33oS dan yuqori bo‘lganda alohida vaziyatlarda (avariyalarda, agar u odamlar hayotiga, uskunalarning buzilishiga va boshqalarga xatarli bo‘lsa), ish rahbari ruxsati bilan va uning bevosita rahbarligida xodimlarning kuyishini oldini olish uchun zarur choralar ko‘rilishi bilan ruxsat beriladi.
Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda havo harorati 33 °S dan yuqori bo‘lganda issiq maxsus kiyimda ishlash kerak. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda suyuq muhit mavjud bo‘lganda rezinali poyabzaldan foydalanish zarur.
267. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda suv sathi 200 mm dan yuqori bo‘lsa (pol sathidan), shuningdek suv harorati 45 °S dan yuqori bo‘lsa, ularda ishlash man etiladi.
268. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda ishlash uchun, shuningdek davriy ko‘rib chiqish uchun yo‘riqnoma olgan brigada tayinlangan bo‘lishi shart, uning tarkibida kamida 3 kishi bo‘lishi shart, ulardan ikki kishi lyuk oldida turishi va ishlayotganning holati va shlangli gaz niqobining havo oluvchi patrubkasini nazorat qilib turishlari shart. Begona shaxslarga ish joyiga yaqinlashish man etiladi.
269. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda odam bor bo‘lganda, kuzatib turuvchilar yer ostidagi inshoot yoki rezervuar lyuki oldidan ketib qolishga va boshqa ishlarga alaxsishga haqlari yo‘q.
Katta uzunlikka yoki chuqurlikka ega bo‘lgan yer ostidagi inshootda ishlayotganni ko‘z bilan kuzatib turishning iloji bo‘lmasa, u bilan qabul qilingan signallar (mazkur Qoidalarning 274-bandiga qarang) yoki telefon yordamida aloqa tashkil etilgan bo‘lishi shart.
Agar ishlab turgan odam o‘zini yomon his qilib qolgan bo‘lsa, u ishni to‘xtatishi va yuzaga chiqishi shart, bunda kuzatuvchi yaqinda turgan xodimlarni jalb qilib unga yordam berishi shart.
Agar jabrlanganning oldiga tushish zarur bo‘lsa, kuzatuvchilardan biri yuqorida qolgan boshqa kuzatuvchiga qutqarish arqonining bir uchini berish bilan gaz niqobini va qutqarish kamarini kiyishi shart.
270. Ishni boshlashdan oldin gaz niqobi va shlanglar sozligini tekshirish zarur.
Havoni majburiy beruvchi gaz niqobida, shuningdek havo puflagichi va ularning yuritmalari ishga yaroqligi tekshirilishi shart.
Gaz niqobi va shlangning germetikligi gaz niqobi kiyilgan holatda shlang uchini qo‘l bilan qisish yo‘li bilan tekshiriladi. Agar bu holatda nafas olishning ilojisi bo‘lmasa, dyemak gaz niqobi soz holda.
271. Yer ostidagi inshootga yoki rezervuarga tushishdan oldin, gaz niqobi maskasining nafas olish klapaniga havoni olib keluvchi gofrlangan shlang beldagi kamarga mustahkamlangan bo‘lishi shart.
Gaz niqobining havo oluvchi patrubkalari zararli moddalar chiqayotgan yoki chiqishi mumkin bo‘lgan joydan shamol kelayotgan tomonida joylashtirilgan bo‘lishi kerak va shunday mustahkamlangan bo‘lishi kerakki, unda tuproq yuzasidan chang so‘rilishi istisno bo‘lishi shart. Ventilyator yordamida havoni berish imkoniyati bo‘lmaganda, shlang uzunligi 15 m dan ortiq bo‘lmasligi shart. Shlang keskin egilishlarga ega bo‘lmasligi yoki biron-narsa bilan qisilmasligi shart.
272. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda havoni analiz qilish portlashdan himoyalangan turdagi gazanalizatorini qo‘llash bilan o‘tkazilishi shart, ular yo‘q bo‘lganda esa - havo namunasini olish va uni inshoot yoki rezervuardan tashqarida analiz qilish shart.
273. Yer ostidagi inshootlarda yoki rezervuar ichida ishlaganda qutqarish kamarlari va arqonlarini qo‘llash majburiydir.
Qutqarish kamarlarida orqa tomondan yelka kamarlari va ularning kesishishida qutqarish kamarini bog‘lash uchun halqa bo‘lishi shart. Kamar shunday moslanishi kerakki, bunda halqa odam kuragidan past bo‘lmagan joyda joylashsin. Elka kamarlarisiz bel kamarlarini qo‘llash man etiladi. Qutqarish arqonining boshqa uchi kuzatuvchining qo‘lida bo‘lishi shart.
274. Gaz xavfli yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda ishlayotgan va kuzatuvchi orasida aloqa bog‘lash uchun quyidagi signalizatsiya qo‘llaniladi:
inshootda ishlayotgan odam qutqarish arqonini bir marta tortib qo‘ysa bu “Shlang va arqonni tort” degani bo‘ladi. Bunda tortishni, kuzatuvchi tomonidan signal (bir tortib qo‘yish) berilganidan va yer ostidagi gaz xavfli inshoot yoki rezervuardan bir tortish javob olingandan so‘ng boshlash mumkin. Agar javob qaytib kelmasa, unda faqat shlang va arqonni emas, balki ishlab turgan odamni ham tortib chiqarishni boshlash kerak, chunki bir tortish u yiqilganida sodir bo‘lishi mumkin;
ikki marta tortish “Shlang va arqonni tushir” degan signalni bildiradi. Bunday signalni gazxavfli yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda ishlayotgan odam, unga joydan-joyga o‘tish zarur bo‘lganda beradi;
uch marta tortish “Hamma narsa joyida” deganni bildiradi.
Arqon va shlangni yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda turib ishlayotgan tortadi, shuning uchun kuzatuvchi arqon va shlangni joydan-joyga siljishiga xalaqit bermasligiga va tushib ketishga yo‘l qo‘ymasdan ushlab turishi shart. Ishlab turgan odam harakatni to‘xtatganda, u uch marta tortish bilan signal berishi kerak, bu “Hamma narsa joyida” deganni bildiradi. Kuzatib turuvchi arqon va shlang harakati to‘xtaganda signal olmagandan keyin, ishlab turgandan bir tortib qo‘yish bilan savol berishi kerak, bunga u arqonni uch marta tortilishi bilan javob olishi shart;
kuzatuvchi tomonidan qutqarish arqonini bir necha marta qayta tortilishi, gazxavfli yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda ishlayotgan odam lyuk oldiga kelishi yoki yuqoriga ko‘tarilishi kerakligini anglatadi. Rezervuar ichida ishlab turgan bergan xuddi shunday signallar uni tortib olishni talab qilayotganini belgilaydi.
275. Kuzatib turuvchilar shamol tomonida joylashishi, ishlab turgan ishchining ahvolidan vaqti-vaqti bilan xabar olib turishlari va uning signallari bo‘yicha qutqarish arqoni va shlangni tushirishi yoki tashqariga tortishlari shart.
276. Agar, shamollatishga qaramasdan, asbob zararli moddalar mavjudligini qayd etsa, unda zararli moddalar kelib turishi bartaraf etilishiga qadar va qayta tekshirish bilan ular yo‘qligini tasdiqlanishiga qadar yer osti inshootida ishlash man etiladi.
Kuchaytirilgan shamollatish bilan yer ostidagi inshootda zararli moddalar kelib turishini bartaraf etish mumkin bo‘lmasa, unga faqat shlangli gaz niqobida va mazkur Qoidalarning 104-bandi talablariga rioya qilgan holda tushish va ishlash lozim. Gaz xavfli ishlar O‘zbekiston Respublikasining gaz xo‘japigida xavfsizlik qoidalari talablariga muvofiq bajarilishi shart.
277. Yer osti lyuklarini bevosita qo‘llar bilan, gayka kalitlari va buning uchun mo‘ljallanmagan boshqa narsalar bilan ochish va yopish man etiladi; buning uchun uzunligi 500 mm dan kam bo‘lmagan maxsus ilgaklardan foydalanish shart.
278. Ish tugatilgandan keyin lyuklarni yopishdan oldin, ish rahbari va ish boshi yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda bexosdan ishchilardan kimdir yoki materiallar, asboblar va boshqa narsalar qolib ketmagani to‘g‘risida ishonch hosil qilishlari shart. Yer ostidagi inshootda yoki rezervuarda ish tugatilganidan keyin lyuklarni ochiq qoldirish man etiladi.