Nazorat savollari:
1. Chaqaloqlarda nafas buzilish sindromiga qaysi sabablar olib keladi
2. Nafas buzilish sindromining klinik shakllari.
3. Nafas buzilish sindromining asoratlar
4. Nafas buzilish sindromining tashqislash usullari
5. Nafas buzilish sindromining davolash usullari.
6. Nafas buzilish sindromining profilaktik chora-tadbirlari
7. Nafas buzilish sindromida hamshiralik jarayoni.
8. Nafas buzilish sindromida hamshiralik muammosi.
16.2. Chаqаlоqlаr pnеvmоniyasidа hamshiralik jаrаyoni
Chaqaloqlar pnevmoniyasi homila ichi (tug’ma) va postnatal (orttirilgan) turlariga bo’linadi. Orttirilgan yoki postnatal pnevmoniya o’z navbatida kasalxonadan tashqari va kasalxona ichi pnevmoniyasiga ajratiladi. Bundan tashqari pnevmoniya birlamchi va ikkilamchi (misol, sepsisda) turlariga bo’linadi. Chaqaloqlik davrida pnevmoniyaning ko’p uchrashi nafas olish a’zolarining anatomik-fiziologik xususiyatlariga, organizmning infeksiyalarga bo’lgan qarshiligi kuchsizligiga, atelektazning tez rivojlanishiga, tug’ruq vaqtida qog’anoq oldi suvi aspirasiyasiga, emizish vaqtida ko’krak suti aspirasiyasiga, nafas markazlarining yaxshi yetilmaganligiga va boshqa omillarga bog’liqdir. Pnevmoniyani bakteriyalar, mikroblar, viruslar, zamburug’lar, oddiy mikroblar qo’zg’atadi.
O’choqli bronxopnevmoniya ko’pincha kataral holatlar bilan boshlanadi; asta-sekin bola ahvoli og’irlashadi, so’rish aktivligi va tana vazniga qo’shilishi pasayadi, burun qanotlari kerilishi, hansirash kuzatiladi, og’iz-burun atrofi sianozi, og’izdan ko’pik ajralishi, nafas ritmining buzilishi, apnoe; temperatura reaksiyasi bilinar-bilinmasligi aniqlanadi. Auskultasiyada o’pkada dag’al nafas fonida nam xirillashlar eshitiladi. Agar pnevmoniyani adenovirusli infeksiyalar chaqirgan bo’lsa, kasallik klinikasi o’tkir, yaqqol kechadi (ko’krak qafasi shishgan, mayda pufakchali nam xirillashlar eshitiladi, yurak tonlari bo’g’iq, tana vazni pasaygan, to’qimalar turgori pasaygan) klinik mansarasi namoyon bo’ladi.
O’tkir interstisial pnevmoniyani virusli infeksiyalar chaqiradi.
Simptomlari. Yuqori bezgak, lanjlik bilan almashinovchi bezovtalik, ko’krakdan bosh tortish, qayd qilish, qusish kuzatiladi. Meningial sindromlar (katta liqildoq ko’tarilishi, talvasa, ensa mushaklari tarangligi) aniqlanadi. Kataral belgilar kam rivojlanadi yoki umuman kuzatilmaydi. Nafas olishi shovqinli, aritmik, apnoe, burun qanotlari kerilishi; nafas olish soni bir minutda 80-100 marta, sianoz kuzatiladi.
Ko’krak qafasi shishgan, dag’al nafas eshitiladi, xirillashlar ko’p eshitilmaydi. Yurak tonlari bo’g’iq, embriokardiya ko’rinishida bo’lishi mumkin. Jigar kattalashadi.Terisida bichilishlar, og’iz shilliq qavatlarida og’izning oqarishi (molochnisa) aniqlanadi. Pnevmoniyaning kechishi 3-4 haftagacha bo’lsa, cho’ziluvchan pnevmoniya deyiladi, ba'zida l,5-2 oygacha cho’ziladi. Kasallik qaytalanishi otit, piodermiya, plevrit bilan asoratlanishi mumkin.
Oqibati. Kasallikni o’z vaqtida tashhislab, davolansa oqibati yaxshi tugaydi.
Septik pnevmoniyani ko’pincha stafilokokk infeksiyasi chaqiradi. Birlamchi pnevmoniyani stafilokokklar chaqiradi va ikkilamchi pnevmoniya sepsis bilan asoratlanadi.
Simptomlari. Septik pnevmoniya chaqaloqlik pnevmoniyasining og’ir shakllaridan biri bo’lib, ba'zida o’ta o’tkir kechib, letal oqibat bilan tugaydi. Anamnezida stafilokokk o’choqlari (piodermiya, onasida mastit va boshqalar aniqlanadi). Kasallik o’tkir, tez, toksikoz bilan rivojlanadi. O’pkada destruktiv o’zgarishlar xarakterli:
-bullez emfizema rivojlanadi
-mayda va yirik bo’shliqli abssesslar, turli lokalizasiyada joylashadi, ba'zida
piopnevmotoraks va empiemaga sabab bo’ladi.
Homila ichi pnevmoniyasi homiladorlik vaqtida onaning kasalligi natijasida homilaning zararlanishi yoki tug’ruq vaqtida qog’anoq oldi suvi aspirasiyasi natijasida zararlanishidan kelib chiqadi.
Simptomlari. Bola tug’ilgandan keyin hayotining birinchi soatlarida ahvoli o’ta og’ir: hansirash, sianoz, asfiksiya xurujlari, tana haroratining ko’tarilishi; auskultasiyada o’pkada dag’al nafas fonida quruq va nam xirillashlar eshitiladi.
Atelektazli pnevmoniya ko’pincha chala tug’ilganlar va kuchsiz chaqaloqlarda rivojlanadi, chunki ularda o’pka atelektazi tez rivojlanadi, bu esa o’pka ventilyasiyasining buzilishiga va dimlanishga olib keladi. Kasallik simptomlari har doim ham yaqqol bilinmaydi. Chaqaloqning ahvoli yomonlashadi, asfiksiya, hansirash, sianoz, nafas yetishmovchiligi rivojlanadi. Atelektazli sohalarda perkutor tovush qisqaradi. Bola yig’laganda va chuqur nafas olganda nam xirillashlar eshitiladi.
Kasallik uzoq, davriy xurujlar bilan kechadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |