Birinchi bosqich. Tijorat banklari faoliyatini rivojlantirish strategiyasining tarkibiy elementlarini bank faoliyatiga joriy etish boʻyicha maxsus ishchi guruhni shakllantirish. Ishchi guruh tarkibiga bank boshqaruvi va asosiy departament rahbarlari kiritiladi. Mazkur ishchi guruh zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilishi lozim:
bank faoliyatini rivojlantirish strategiyasining tarkibiy tuzilmasi va elementlarini iqtisodiy mohiyati va amaliy xususiyatlarini bankning unikal xususiyatlariga moslashtirish metodologiyasini ishlab chiqish. Bunda asosiy eʼtiborni bank faoliyatining tashqi va ichki muhitini tizimli tahlil etish orqali shakllantirishga qaratish maqsadga muvofiq;
bank strategiyasining tarkibiy elementlari boʻyicha nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash. Bugungi kunda banklarning kredit siyosati, hisob siyosati, likvidlilikni boshqarish siyosati va boshqa siyosatlarni ishlab chiqish yuzasidan belgilangan talablar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan alohida nizomlar koʻrinishida tasdiqlangan. Fikrimizcha, funksional strategiyalar va ular doirasida shakllantiriladigan funksional siyosatlar boʻyicha tegishli talablar ham Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi maqsadga muvofiq;
bank strategiyasini amalga oshirish jarayonini mutloq va sifat koʻrsatkichlari orqali monitoring qilish boʻyicha metodologik ishlanmani shakllantirish. Mazkur metodologik ishlanma banklarda qoʻllanilayotgan va faoliyatning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oluvchi IABT (integratsiyalangan avtomatlashtirilgan bank tizimi) yoki boshqa axborot-kommunikatsion tizimlarda yigʻilayotgan maʼlumotlarni guruhlash va tahlil qilish uchun kichik modulni shakllantirish va undan foydalanish tartibini belgilab berishi mumkin;
bank strategiyasini amalga oshirish va xodimlar faoliyatini ragʻbatlantirish tizimlari oʻrtasidagi aloqadorlikni taʼminlash uchun tegishli metodologik ishlanmani ishlab chiqish;
bank strategiyasi va uni amalga oshirish jarayonini yoritib beradigan hisobotlar tizimini ishlab chiqish. Bunda Buyuk Britaniyaning HSBC Holdings plc. faoliyatida qoʻllanilayotgan strategik hisobot shaklini asos sifatida olish mumkin. Shu oʻrinda alohida qayd etish zarurki, mazkur hisobot shakli internet tizimida muntazam ravishda eʼlon qilinadi va ulardan foydalanish yuzasidan qoʻshimcha moliyaviy xarajatlarni talab etmaydi;
bank strategiyasi va uning elementlarini shakllantirish bilan bogʻliq vaqt, moliyaviy va xodimlar boʻyicha xarajatlar miqdorini aniqlash.
Tijorat banklari faoliyatini rivojlantirish strategiyasini amaliyotga joriy etish jarayonining samaradorligini taʼminlash maqsadida ishchi guruh bilan bir vaqtda bank strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash vaqtida nazorat qilish komissiyasini shakllantirish maqsadga muvofiq. Mazkur komissiya tarkibiga bank Kengashi va taftish komissiyasi aʼzolari, ichki audit xizmati va xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi xodimlarini kiritish mumkin. Komissiyaning asosiy vazifalari:
ishchi guruh faoliyatini belgilangan vazifalarni tezkorlik bilan bajarishga yoʻnaltirish va faoliyat natijalarini koʻrib chiqish hamda metodologik yordam berish;
harakatlar strategiyasi, umummilliy strategiyalar, konsepsiyalar va dasturlarda banklar uchun belgilangan vazifalarni umumlashtirish va ishchi guruh eʼtiboriga yetkazish;
bank oldiga qoʻyilgan vazifalar hamda faoliyatning oʻziga xos boʻlgan xususiyatlarini inobatga olgan holda bank strategiyasining tarkibiy elementlariga (funksional strategiyalar va siyosatlarga) aniqlik kiritish;
ishlab chiqilgan bank strategiyasi va uning elementlarini dastlabki ekspertizasini amalga oshirishdan iborat boʻlishi maqsadga muvofiq.
Birinchi bosqichda nazarda tutilgan tadbirlar 1 oydan 3 oygacha boʻlgan muddatda amalga oshirilishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |