1.2. Fiskal siyosatining nazariy asoslari
Hozirgi kungacha fiskal siyosati xususida turli qarashlar mavjud. Masalan, g`arb iqtisodchilaridan Stenli Fisher, Rudiger Dornbush va Richard Shmalenzilar moliyaviy siyosat tushunchasiga fiskal siyosati tushunchasi orqali yondoshadilar.”Fiskal siyosati esa davlatning o‘z xarajatlari va daromadlari o‘rtasida qaror qabul qilishi bo‘lib hisoblanadi”, - deb ta`kidlashadi7.
XX asrning 20 - 30 yillarida iqtisodiy nazariy konsepsiyalarni real iqtisodiy talablar orqali yanada atroflicha va yanada to‘laroq qarab chiqish zaruriyati tug’ildi.Davlat monopolistik kapitalizmining rivojlanishi oqibatida, 30 - 60 yillarga kelib fiskal ya`ni davlat g`aznachilik siyosat negizida asosan keynschilik va neokeynschilik oqim maktablarining iqtisodiy konseptsiyalari yuzaga keldi. Keynschilikning asoschisi D.M.Keynsning moliyaviy konseptsiyasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar ustuvorlikni egalladi8:
1. Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonining barcha muhim muammolarini resurslar taklifini o‘rganish bilan emas, balki resurslarni sotilishini ta’minlovchi talab nuqtai nazaridan qarab chiqish zarur;
2. Kapitalistik iqtisodiyot har doim ham o‘zini o‘zi tartibga solishga layoqatli emas. Shunday ekan, mehnat va kapital yuqori darajada umumlashgan sharoitda davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi muqarrardir. Bunda davlat tomonidan tartibga solishni iqtisodiyotni baholar yordamida tartiblash mexanizmi orqali to‘ldirib borish zarur;
3. Takror ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan ortiqcha ishlab chiqarish, iqtisodiy beqarorlik holatlarining, inqirozlarning sababi talabning yetishmasligidandir, shunday ekan iqtisodiyotdagi muvozanatlikni ta’minlash muammosini talab nuqtai nazaridan echish zarur. Buning uchun Keyns «samarali talab» terminini kiritadiki, u daromad va bandlik, iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatlikni o‘zida mujassamlashtiradi;
4.Davlatning iqtisodiyotni tartibga solishdagi muhim dastagi bu budjet-soliq siyosatidir. Davlat budjeti va moliyaviy siyosatning asosiy maqsadi ishchi kuchi va ishlab chiqarish uskunalarining bandligini ta’minlashdan iboratdir. Davlat tomonidan iqtisodiyotning siklik rivojlanishi va krizislarni bartaraf etishdagi asosiy dastagi bu - davlat xarajatlaridir. Keynsning fikricha, ularning shakllanishi, tuzilishi va o‘sishi, “samarali talab”ga erishishdagi muhim omildir. Shunday qilib, Keyns davlat monopolistik, kapitalistik iqtisodiyotni tartibga solishda yangi moliya nazariyasining ustuvor yo‘nalishini ishlab chiqdi. Fiskal siyosat Keyns izdoshlari tomonidan (Amerikada – R.Xarrod, A.Ouken, U.Xeller, Buyuk Britaniyada – J.Vaysman, Franstiyada – F.Perru, Yaponiyada – K.Emi, X.Itolar) amaliyotga joriy etildi. Bu 40 - 60 yillarda iqtisodiyotni tartibga solishda ijobiy natijalarni berdi. 70 - yillargacha ko‘pchilik yetakchi g’arb davlatlarining moliya nazariyasi va amaliyoti asosida Keyns nazariyasining qoidalari yotadi.
J.M.Keynsning izdoshlari Buyuk Britaniyadan – R.Xarrod, A.Ilersik, A.Pikok; Frantsiyadan – F.Perru; Germaniyadan – F.Neymark va boshqalar fiskal antitsiklik nazariyasining asoschilari hisoblanishadi. Bu nazariyaning mohiyati balanslashtirilgan iqtisodiy taraqqiyot maqsadlari uchun davlat daromadlari va xarajatlaridagi o‘zgarishlarga borib taqaladi.
Amerikalik mashhur olimlar K.R.Makkonnell va S.L.Bryular esa taklifga qaratilgan fiskal siyosatni tarafdorlari bo‘lganlar. Fiskal siyosat esa aslida jami talabga va soliqlarni foiz qiymatlarini o‘zgartirish orqali taklifga bilvosita ta`sir ko‘rsatadi. Budjetdan transfert to‘lovlari va soliq tizimi, ushbu olimlar fikricha, turli iqtisodiy vaziyatlarda talab qilingan muvozanatni ta`minlashi mumkin.
Budjet-soliq siyosati borasida A.Vahobov va T.Malikovlarning fikricha moliyaviy siyosatning eng asosiy qismi hisoblanadi. Besh yuz yildan ortiqroq vaqtdan ortiqroq muddat mobaynida zamonaviy moliya fani soliqlarga nisbatan munosabatini aniq belgilash imkoniga ega bo‘lgan. Bu munosabatlar quyidagilardan tashkil topadi9:
-soliqlarsiz davlatning faoliyat ko‘satishi mumkin emas;
-soliqli undirish qat`iy o‘sish tendensiyasiga ega;
-oqilona soliq ostonasidan o‘tilganidan so‘ng tabiiy takror ishlab chiqarish jarayoni buziladi – iqtisodiyotning o‘z-o‘zidan yemirilishi sodir bo‘ladi;
-tanazzul davrida soliqlar mumkin qadar minimal darajada o‘rnatilmog`i lozim. Buning natijasida mamlakatning iqtisodiy mexanizmi ichki investitsion salohiyatni safarbar etish hisobidan tiklanadi;
-soliqning yuqori ostonasi kapitalning chetga chiqib ketishiga olib keladi;
-iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish kerak, albatta. Biroq, summar o‘lchovlarda sof daromadning 30%dan ortiq qismining undirilishida mamlakatning iqtisodiy o‘sishi to‘xtaydi;
-soliq imtiyozlari ochiqlik xarakteriga ega bo‘lishi va barcha takror ishlab chiqarish sub`ektlari uchun teng bo‘lishi kerak;
-soliq tizimi konfiskatsion xarakterga ega bo‘lmasligi lozim.Faqat, jumladan, individual daromadlarning o‘sishida ifodalangan milliy boylikning o‘sishi soliqqa tortiladigan bazaning (asosning) barqaror o‘sishini ta`minlashi mumkin;
-qonunlar va qoidalarning barqarorligini davlat kafolatlagan iqtisodiy tizimda soliqlarning summar o‘lchovi barqaror o‘sish tendentsiyasiga ega bo‘ladi. Barqarorlik kafolati sifatida davlat o‘zining majburiyatlarini buzishni boshladimi, kapital xufyona iqtisodiyotga yoki xorijga o‘tishni boshlab, byudjetning daromadlar bazasini (asosini) qisqartiraveradi;
-soliq tizimi oddiy, ochiq va samarali bo‘lmog`i lozim. Soliqlar sonini, soliqqa tortish ob`ektlarini ko‘paytirish, ko‘p bosqichli soliqlarni joriy etish soliqlarni undirish bo‘yicha xarajatlarning ortishiga, boqimanda va jarimalarning o‘sishiga va pirovardida, mulkni qamoqqa olish, soliq to‘lovchini kasod deb e`lon qilish va h.k. yo‘llar orqali iqtisodiyotning yemirilishiga olib keladi; soliqqa tortish bilvosita tizimining ustuvorligi byudjet daromadlarini shakllantirish nuqtai-nazaridan qulay hisoblanadi. Lekin bu narsa, oxir oqibatda, mamlakat aholisi asosiy qismining qashshoqlanishiga olib keladi. Chunki bunday soliqlarning yuki tovarlar va xizmatlarning yakuniy iste`molchisi zimmasiga, ya`ni yashash minimumi darajasida yoki sotsial tirikchilik darajasida daromadga ega bo‘lgan aholining 80-90% qismiga yuklanadi. Bu paradoks daromadlarning turli darajalarida iste`molning nisbatan bir xil darajasiga asoslangan;
-bilvosita soliqlar tizimining xavfliligi shundaki, bu tizimda aholining asosiy
qismidan jamg`armalar olib qo‘yiladi va bu, o‘z navbatida, kredit tizimi va ikkilamchi moliyaviy bozor tizimining asoslarini buzadi. Bilvosita soliqlardan voz kechgan Yaponiya tajribasi bunga yaqqol tasdiqdir;
-bilvosita soliqlarni sog`liq uchun zararli bo‘lgan tovarlar, zebu-ziynat buyumlari, ayrim hollarda import qilinadigan tovarlar va xizmatlar va boshqa bir qancha o‘ziga xos bo‘lgan maxsus holatlarga nisbatan joriy etish zarur;
-daromad va mol-mulkdan olinadigan soliqlar soliq bazasining asosiysi bo‘lib hisoblanishi kerak. Ularni proportsional soliqqa tortish tamoyillariga asosan qurmoq lozim.
Iqtisodchilar M.Sharifxo‘jaev va A.O‘lmasovlarning fikrlaricha,-fiskal siyosat bu davlat budjetiga qaratilgan va uni to‘ldirishga moslashtirilgan chora-tadbirlar yig`indisidir. Bugungi kunda, respublikamizda budjet-soliq tizimi iqtisodiyotni barqaror iqtisodiy o‘sishini rag`batlantiruvchi va mustahkamlovchi asosiy yo‘llardan biri bu soliqlarni oshirish emas, balki soliq to‘lovchilar sonini ko‘paytirishga va ularning erkin daromad olishlariga imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishdir. Shuning uchun, soliqlarning tarkibiy funksiyalaridan biri bo‘lmish rag’batlantirish funksiyasini oshirib, xo‘jalik yurituvchi subyektlarini qo‘llab qo‘vvatlash, ko‘maklashish, ayniqsa, xususiy tadbirkor va kichik biznes subyektlariga keng ko‘lamda yo‘l ochib, ularning daromadlarini reinvestitsiyalash orqali xususiy kapitallarini ko‘paytirish zarurdir. Zero, bugungi kunda davlatga to‘lanmagan 1000 so‘m soliq agar tog’ri yo‘nalishlarda sarflansa, ertangi kunda ham davlatga, ham tadbirkorlarga 10000 so‘m bo‘lib qaytishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |